Falsafaning fan va dunyoqarashga doir mohiyati



Yüklə 350,46 Kb.
Pdf görüntüsü
tarix20.11.2023
ölçüsü350,46 Kb.
#162904


FALSAFANING FAN VA DUNYOQARASHGA DOIR MOHIYATI 
REJA: 
 
1. Falsafa mavzusi va falsafiy bilimlar mohiyati. 
2. Dunyoqarash va uning tarixiy turlari. 
3. Falsafa fanining predmeti. 
4. Falsafaning asosiy funksiyalari. Falsafaning sohalari. 
5. Asosiy falsafiy yo‘nalishlar. 
6. Mustaqil O‘zbekistonda falsafa. 


1. Qadimgi davrda falsafa barcha nazariy fikrlarni, ma’naviy hayotning hamma 
tomonlarini qamrab oluvchi fikrlar tizimi sifatida Qadimgi YUnoniston va Rimda 
er.avv. VII-III asrlarda paydo bo‘lgan. Agar falsafa so‘zining kelib chiqishi 
(etimologiyasi)ga e’tibor bersak, falsafa Yunoncha «filio» - sevaman, «sofiya» - 
donolik so‘zlaridan olingan bo‘lib, donolik, donishmandlik bilan shug‘ullanish deb 
qaraladi. SHu ma’noda Donishmandlikning o‘zi nima? 
Qadimgi Yunon faylasufi Diogen (e.o. 400-325) dan donishmand kim? - deb 
so‘rashganda, u: «Haqiqiy donishmand xudodir, biz donishmandlikni 
sevguvchilarmiz» - degan. Demak, donishmandlikni sevguvchilar donolik 
tafakkuri bilan dunyoni, o‘zligini anglashga intiluvchilardir. 
Grek mutafakkiri Geraklit (520-460) shogirtlariga murojaat qilib, “Do‘stim, 
sen hali yoshsan, umringni bekor o‘tkazmay desang, falsafani o‘rgan”, deb 
uqtiradi. 
Sokrat (e.o. 470-399 y) o‘z – o‘zini erga urish tubanlashish, o‘zligini 
anglash, o‘zligini Yuqori tutish esa donishmandlikdir degan. 
Diogen Laertskiy (eramiz II asri oxiri - III asr boshlari) so‘zlariga qaraganda, 
o‘zini birinchi marta faylasuf deb atagan kishi – Yunon mutafakkiri va olimi 
Pifagordir. Faylasuflarning qanday ekanliklariga ta’rif berib, u shunday degan: 
«Hayot o‘yinga o‘xshaydi: ba’zilar unga musobaqalashgani kelsa, ayrimlar 
savdolashgani, eng baxtlilari esa tomosha qilgani keladilar; hayotda ham xuddi 
shunday, ba’zilar qullar kabi shuhrat va boylikka o‘ch bo‘lib dunyoga keladi, 
vaholanki faylasuflar - faqat haqiqat uchun keladi»1. 
Bugungi kunda haqiqatni izlash faqat falsafagina taalluqli degan fikrga qo‘shilib 
bo‘lmaydi. Faylasuf bo‘lmasdan ham fizika, tibbiyot, badiiy ijodda yoki kundalik 
hayotda bilim va haqiqatga intilish mumkin. Biroq haqiqatni ongli izlash aynan 
falsafadan boshlangan. 
1 Диоген Лаэртский. О жизни, учениях и изречениях знаменитых философов. М., 1979. 334-б. 


«Falsafa nima degani?» savolga javob izlash oson emas. Falsafaga tegishli 
bo‘lmagan narsani aniqlash osonroq. Agar fanlar, aytaylik, botanika yoki 
lingvistika ta’riflarini oladigan bo‘lsak, ulardagi mavjud farq, odatda, 
mashg‘ulotning asl mohiyatiga daxl qilmaydi. Hech bir botanik mutaxassisligi 
fanining mavzusi - o‘simlik olami ekanligiga e’tiroz bildirmaydi. Har qanday 
lingvist o‘z fanining mavzusi - til ekanligini tasdiqlaydi. Bir faylasufning ta’rifi 
boshqasinikidan farq qilishi mumkin. Falsafaning ta’rifi shu qadar ko‘p va turli-
tumanki, ko‘pchilikda «O‘zi bir fan to‘g‘risida gap ketyaptimikin yoki yo‘qmi?»2 
degan savol tug‘ilishi mumkin. 
Ba’zi falsafiy tizimlarda falsafa oliy bosh ibtido yoki birinchi sabab to‘g‘risidagi 
fan deb ta’riflanadi. Masalan, qadimgi Yunon faylasufi Arastu ta’limotida, u 
«barcha mavjudotning ibtidosi va sabablari to‘g‘risidagi fan» deyilgan bo‘lsa, o‘rta 
osiyolik mutafakkir Abu Ali Ibn Sino falsafani «mutlaq borliq to‘g‘risidagi oliy 
fan» deb ta’riflagan.
Ba’zi ta’limotlarda falsafa «to‘g‘ri fikrlash orqali erishilgan bilim» (T.Gobbs), 
umuman, «fanlarni ko‘rib muhokama qiluvchi» (G.V. Xegel) deb keng tasavvur 
qilinsa, boshqalarida tor ma’noda, masalan, «fikrning mantiqiy oydinlashuvi» 
(L.Vitgenshteyn) sifatida tushuniladi.
Umuman falsafani ifoda qilish mumkinmi? Nemis faylasufi G.V.Xegel (1770-
1831) muayyan falsafa yagona jahon falsafasining - tarixiy bosqichlari, uni 
shakllanish onlari va bir butun rivojlanishining mohiyatidir, deb hisoblagan.
Falsafaga berilgan eng oddiy va dastlabki ta’riflar: falsafa - bu dunyoqarash yoki 
boshqacha aytganda: falsafaning mavzusi - «dunyo - inson» tizimidir. 
2. Dunyoqarash nima? Hamma zamonlarda ham inson oldida uning atrof muhitga, 
boshqa odamlarga, o‘z-o‘ziga nisbatan munosabatini belgilovchi savollar 
ko‘ndalang turadi. Har birimiz unday yoki bunday tarzda ularga duch kelamiz. 
2 Қаранг: Ойзерман Т.И. Проблемы историко-философской науки (Тарихий-фалсафий фанларнинг 
муаммолари). М., 1982. 57-б. 


Bizni o‘rab turgan dunyo nimadan tashkil topgan? Uni bilib bo‘ladimi va agar 
bilish mumkin bo‘lsa, qay darajada? Insonni o‘zi nima? U qanday bo‘lishi kerak? 
O‘limdan so‘ng bizni nima kutadi? Dunyoni nima boshqaradi? Dunyoda yovuzlik 
muqarrarmi? Inson dunyoni o‘zgartira oladimi? 
Mana shunday savollarga javoblardan inson dunyoqarashi shakllanadi. 
Dunyoqarash - bu insonni o‘rab turgan dunyo va uning unda tutgan o‘rniga 
nisbatan qarashlar majmuidir. Dunyoqarashning asosiy masalasi - «Men» (sub’ekt 
dunyosi) va «Men - emas» (sub’ektga nisbatan tashqarida bo‘lgan dunyo) 
o‘rtasidagi munosabatdir. Dunyoqarash dunyo to‘g‘risidagi umumiy g‘oyalar, 
qarashlar, insonning dunyoda tutgan o‘rni, hayotiy yo‘nalishi, ishonch e’tiqodi, 
ideali, bilim tamoyillari, o‘zi va boshqalarning hayotdagi o‘rnini belgilab olishi, 
inson mohiyatini, o‘zligini anglashi haqidagi qarashlar tizimidir. 
Dunyoqarashning tuzilishi dunyoni sezish, dunyoni idrok etish va dunyoni 
tushunish kabi eng muhim elementlardan iborat. 
Dunyoni sezish – bu o‘zini qurshagan dunyoni sezgilar yordamida hissiy idrok 
etishdir. Bunda tuyg‘ular, kayfiyat dunyoni go‘yoki ranglarga bo‘yaydi, uning 
obrazini sub’ektiv, sof individual sezgilar orqali aks ettiradi. Masalan, bemor 
odamga haddan tashqari yorug‘ bo‘lib tuYulishi mumkin bo‘lgan nur, sog‘lom 
odam uchun normal bo‘ladi; daltonik ranglar gammasini, ko‘rish qobiliyati normal 
bo‘lgan odamga qaraganda butunlay boshqacha idrok etadi. Bundan dunyoni 
sezishning har xil, xususan optimistik, pessimistik, fojeaviy tiplari kelib chiqadi.
Dunyoni idrok etish – bu atrof borliqni ideal obrazlarda tasavvur qilishdir. 
Dunyoni idrok etish to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri bo‘lishi, ya’ni borliqqa mos kelmasligi 
mumkin. Bu holda borliq noto‘g‘ri tasavvur qilinadi yoki illYuziyalar, suv parilari, 
alvastilar, kentavrlar haqidagi tasavvurlarga o‘xshash fantaziyalar paydo bo‘ladi.
Dunyoni tushunish – insonning va uni qurshagan dunyoning mohiyatini 
aniqlash, shuningdek tabiatda Yuz beruvchi voqealar va jarayonlarning o‘zaro 
aloqalarini tushunishga qaratilgan aqliy-bilish faoliyatidir.


Dunyoni sezish va qisman (elementar shakllarda) dunyoni idrok etish 
nafaqat insonga, balki hayvonlarga ham xos bo‘lsa, dunyoni tushunish esa faqat 
odamlarga xos xususiyatdir. 
Har qanday dunyoqarash tarkibiga: bilim, baholash, e’tiqod va aqidalar kiradi. 
Dunyoqarash turli shaklda mavjud bo‘lishi mumkin: kundalik, mifologik, diniy, 
badiiy, falsafiy va ilmiy tusdagi tasavvurlar. Dunyoqarash shaxsiy ong va ijtimoiy 
ong dalili tarzida bo‘lishi mumkin. Masalan, afsonaviy dunyoqarash to‘g‘risida 
gapirganda biz muayyan shaxsning olam to‘g‘risidagi tasavvurlari emas, balki 
qadimgi zamon jamoasi tasavvurlari haqida fikr Yuritamiz. yohud biz xristianlar, 
musulmonlar, buddaviylar va boshqa diniy guruhlar dunyoqarashi to‘g‘risida 
gapiramiz. SHu bois dunyoqarash shaxs, ijtimoiy guruh (diniy, milliy, yoshga oid, 
jinsiy, kasbiy va b.), davlat, davlatdan tashqari tuzilmalar dunyoqarashi sifatida 
ham bo‘lishi mumkin.
Tarixiy taraqqiyot turlari jihatidan: 1) afsonaviy (mifologik), 2) diniy, 3) falsafiy 
qarashlardan va 4) fandan iborat. 
1) Mifologiya (Yunoncha – metos naql, rivoyat logos fikr ta’limot degani) - 
ibtidoiy ongda voqelikning xayoliy in’ikosidir. Mifologik dunyoqarashda olamning 
kelib chiqishi, tuzilishi, tabiat va jamiyatning turli hodisa va voqealarini 
umumlashtirib hayoliy shakllarda tasvirlanishidir. Mifologiya tabiat va ijtimoiy 
turmushning shunday shaklini o‘zida xalq xayolan g‘ayritabiiy ongsizlarcha badiiy 
qayta ishlab chiqqan. 
Masalan: Gomerning «Iliada», hind eposi «Romayana», o‘zbek xalq eposi 
«Alpomish» va boshqalar. Bulardan xalqning o‘tmishdagi ijtimoiy – iqtisodiy va 
ma’naviy – hayoti, madaniyati, urf-odatlari, an’analari, ahloqiy, diniy, siyosiy 
qarashlari va tasavvurlari o‘z ifodasini topgan. Bu rivoyat va afsonalarda ijtimoiy 
ong shakllari to‘la shakllanmagan vaqtda ularning elementlari haqidagi 
tasavvurlari shaklida o‘z ifodasini topgan. 


Mifologik dunyoqarash, birinchidan, muayyan xalqning yoki jamoaning qarashlari, 
ikkinchidan, unda jamiyatning ma’lum ma’naviy madaniy qadriyatlari 
mujassamlashgan. Uchinchidan, unda tabiat va jamiyat bir butun borliqning 
umumiy birligi, aloqadorligining dastlabki manzarasi o‘z ifodasini topgan. 
Mifologiyaga shu narsa xoski, unda hamma narsa bir, yaxlit, ajralmasdir; tabiat 
narsalari va hodisalari inson bilan ayni bir qonunlarga muvofiq yashaydi, inson 
bilan bir xil sezgilar, istaklar, mayllarga ega bo‘ladi.
2) Diniy dunyoqarash. Dunyoqarashning tarixan ikkinchi shakli dindir. Din so‘zi 
arabchadan tarjimada e’tiqod, ishonch, ishonmoq degan ma’nolarni anglatadi. Mif 
kabi, din zamirida ham e’tiqod, tuyg‘ular va emotsiyalar yotadi. Garchi din 
kurtaklari «aqlli odam» dunyoqarashi shakllanishining dastlabki bosqichlarida, 
ya’ni taxminan 40-60 ming yil muqaddam paydo bo‘lgan bo‘lsa-da, umuman 
olganda u dunyoqarashning mustaqil shakli sifatida keyinroq, jumladan mif 
ta’sirida insonning abstrakt fikrlash qobiliyati sezilarli darajada kuchaygan davrda 
vujudga kelgan.
Diniy dunyoqarash odamlarning g‘ayritabiiy narsalar (xudolar, «oliy aql», 
qandaydir absolYut va sh.k.)ga bo‘lgan e’tiqodiga asoslanuvchi tegishli xulq-atvori 
va o‘ziga xos harakatlaridir. Agar mifologiyada an’anaga, rivoyat qiluvchining, 
ya’ni oqsoqolning obro‘siga e’tiqod kuchli bo‘lsa, dinda g‘ayritabiiy narsalarga 
e’tiqod birinchi o‘rinda turadi, oliy kuchlar nomidan rivoyat qiluvchi ruhoniylar 
obro‘si esa ikkinchi darajali rol o‘ynaydi.
3) Falsafiy dunyoqarash dunyoni, borliqni aqliy jihatdan umumlashtirib 
tushuntiruvchi nazariy qarashlar tizimidir. U diniy dunyoqarashdan farqli ravishda 
insonning aqliy intellektual faoliyatiga ko‘proq e’tibor beradi. Falsafiy 
dunyoqarash - bu mantiqiy tahlil va umumlashtirishlar, mantiqiy muhokamalar va 
xulosa chiqarishlar, mantiqiy asboblar va raddiyalar asosida nazariy fikr dunyoni, 
borliqni tushunish, tushuntirish, baholash va izohlashdir. Falsafiy dunyoqarash 
ko‘r-ko‘rona e’tiqodlar, hayoliy obrazlar to‘g‘risidagi tasavvurlar va 


tushunchalarga emas, balki insonning borliqqa munosabati to‘g‘risidagi erkin, 
tanqidiy va ayni vaqtda umumiy aqliy mushohadalarga, nazariy umumlashmalariga 
asoslanadi. Falsafiy dunyo qarashda inson tabiatning bir qismi sifatidagina emas, 
balki alohida o‘ziga xos borliq sifatida qaraladi. 
Falsafiy dunyoqarash olamga, jamiyatga, insonga bo‘lgan eng umumiy qarashlar 
tizimidir. 
SHunday qilib, taxminan 2500 yil muqaddam dunyoqarashning uchinchi shakli – 
falsafa paydo bo‘lishi uchun zarur shart-sharoit Evropa va Osiyoda: Hindiston, 
Xitoy, Markaziy Osiyo va qadimgi YUnonistonda taxminan bir vaqtda avvalo 
dunyoni oqilona anglash usuli sifatida vujudga keldi. Dunyoqarashning avvalgi 
shakllari – mif va dindan farqli o‘laroq, falsafa dunyoni e’tiqod va tuyg‘ularga 
tayanib emas, balki aql va bilimlarga tayangan holda tushuntiradi.
4) Fan dunyoqarash shakli. Bilimlarning o‘sishiga qarab har xil muammolar va 
masalalar soni ham tinimsiz ko‘payib bordi. Bu jarayon fanning rivojlanish sur’ati 
yanada jadallashuviga va u falsafadan yanada ko‘proq ajralishiga sabab bo‘ldi. 
Biroq fan bilimning mustaqil sohasi, dunyoqarashning alohida shakli sifatida faqat 
XVII-XVIII asrlarda to‘la shakllandi. Muayyan darajada shartlilik bilan shuni 
aytish mumkinki, bu I.NYuton klassik mexanikaning asosiy qonunlarini ta’riflab, 
shu tariqa tabiatshunoslikning asosiy bo‘limi – asoslari asrlar mobaynida 
shakllangan, bosh tamoyillari esa bundan Yuz yilcha muqaddam, avvalo Galileo 
Galiley tomonidan ta’riflangan klassik mexanikaning shakllanishiga yakun 
yasaganidan keyin Yuz berdi. 
Falsafa va fanning umumiy jihatlari shundaki, ular: 1) avvalo aqlga tayanadi va 
oqilona bilimni yaratishga harakat qiladi; 2) o‘rganilayotgan ob’ektlar va 
hodisalarning qonunlari va qonuniyatlarini aniqlashga qarab mo‘ljal oladi; 3) 
kategoriyalar apparatini yaratadi, o‘zlari ilgari surgan qoidalarni asoslaydi, ularga 
dalil-isbot keltiradi va yaxlit tizimlarni yaratishga harakat qiladi. 


Falsafa va fan o‘rtasidagi farq shunda namoyon bo‘ladiki: 1) falsafa doim u yoki 
bu faylasuf nomi bilan bog‘lanadi, uning g‘oyalariga qo‘shilishi yoki qo‘shilmaslik 
masalalariga bog‘liq bo‘lishi mumkin. Fan esa, o‘z mohiyatga ko‘ra jamoa mehnati 
mahsulidir; 2) falsafada (muayyan fandan farqli o‘laroq) yagona til va yagona 
tizim mavjud emas. Bu erda fikrlar rang-barangligi me’yor sanaladi. Fanda esa 
monizm hukm suradi, chunki hech bo‘lmasa fanning u yoki bu muayyan 
sohasidagi asosiy tamoyillar, qonunlar va kategoriyalar tizimiga nisbatan 
yondashuvlar birligi mavjud bo‘ladi; 3) falsafa ilmiy bilimlar va dalillardan keng 
foydalanadi, biroq uning uzil-kesil xulosalari ishonchli deb hisoblanishi mumkin 
emas, asosan faylasuflarning sub’ektiv fikrlari va mulohazalariga asoslanadi. Fan 
esa mohiyat e’tibori bilan isbotlangan va sinalgan bilimlar olishga harakat qiladi; 
4) falsafiy bilimlarni tajribada sinash mumkin emas; 5) falsafa aniq prognoz bera 
olmaydi, ya’ni u ishonchli bilimlarni kelajakka tatbiq etishga qodir emas, zero 
unda bunday bilimlar yo‘q. Ayrim faylasuf falsafiy qarashlarning muayyan tizimi 
yordamida faqat bashorat qilishi mumkin, lekin u olim kabi prognoz qilish yoki 
modellashtirishga qodir emas. 
3. Falsafa – bu nafaqat u yoki bu odam dunyoqarashining shakli, balki ijtimoiy ong 
shakli, odamlar borlig‘i va bilishining umumiy tamoyillari, ularning dunyoga 
munosabati aks etuvchi, tabiat, jamiyat va tafakkurning eng umumiy qonunlari 
kashf etiluvchi va ta’riflanuvchi ma’naviy faoliyatdir. YA’ni bu dunyoga va 
insonning undagi o‘rniga nisbatan qarashlarning umumiy tizimidir.
Insonda bilishga qiziqish uyg‘otadigan, mifologiya, din yoki fan javoblaridan 
qoniqmagan insonning o‘ziga ma’lum bilimlar va tajribaga, muayyan e’tiqod, 
ishonch va intuitsiyaga tayangan holda oqilona asoslangan javoblar berishga 
harakat qiladigan, savollar tug‘diradigan har qanday ob’ektiv va sub’ektiv borliq 
falsafaning predmeti hisoblanadi.
Falsafaning mavzu sohasi «dunyo-inson» tizimi hisoblanadi: a) «dunyo» tizimi, b) 
«inson» tizimi va a) ular o‘rtasidagi o‘zaro munosabat tizimi. Bu tizimlarning o‘zi 
turli darajada tasavvur etilgan. «Dunyo» tushunchasida bir butun dunyo, uning 


tarkibiy qismlari (megadunyo, makrodunyo, mikrodunyo; anorganik dunyo, 
organik dunyo, ijtimoiy dunyo va hokazolar), ular o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik va 
o‘zaro munosabat tushuniladi. «Inson» tushunchasida alohida olingan shaxs, turli 
darajadagi ijtimoiy jamoalar, bir butun jamiyat tushuniladi. 
Falsafani «dunyo» va «inson» tizimidagi hamma narsa va «inson» ni «dunyo» ga 
bo‘lgan har qanday munosabati qiziqtiravermaydi. Falsafa eng avvalo 
umumiylikka, «dunyo-inson» tizimidagi universal munosabatlarga yo‘nalgan. 
Bularga ontologik (borliq haqida), gnoseologik (bilish haqida), aksiologik 
(qadriyatlar haqida) va praksiologik munosabatlar kiradi. Bu munosabatlarning 
umumiyligi ularning zarur tarzdaligini bildiradi. Insonlar qaerda va qanday davrda 
yashamasinlar, albatta mana shu munosabatlar orqali atrof muhit bilan 
bog‘liqdirlar: ular - shu dunyoning mahsuli, ular shu dunyoni o‘rganadilar, uni 
baholaydilar va o‘zgartiradilar. 
Qaysi falsafiy muammo - bosh, etakchi muammo ekanligi faylasuflarni hamisha 
qiziqtirib kelgan. Ayrim faylasuflar buni Xudoni bilish, boshqalari - insonni bilish, 
uchinchilari - dastlabki borliqni aniqlash, to‘rtinchilari - dunyoning qadriyatli 
o‘lchovi va hokazolarni bilishda deb bilganlar. Falsafaning asosiy muammolari 
mavjudmi, agar mavjud bo‘lsa, ular nimalardan iborat? 
Barcha falsafiy muammolarni uchta asosiy guruhga taqsimlash va quyidagi 
savollar bilan ifodalash mumkin: 
1. Dunyo nima? 
2. Inson nima? 
3. Dunyo bilan inson o‘rtasidagi munosabatlar nimadan iborat? 
Agar biz har qanday falsafiy muammoni oladigan bo‘lsak, u albatta mana shu 
uchta falsafiy masaladan bittasiga dahldordir. 
SHunday qilib, falsafaning markaziy masalasi bo‘lgan insonning dunyoga 
munosabati uning mavzusi hamda inson tabiatida mavjud bo‘lgan dunyoqarashidan 


kelib chiqadi. Bu erda, «dunyo-inson» tizimi to‘g‘risida gapirganda, «dunyo» va 
«inson» ni ularaning o‘zaro qarama-qarshi tomonlarini qayd etuvchi juda keng 
falsafiy tushuncha ekanligini nazarda tutish kerak. SHu bois mazkur kontekstda 
ular «Men» va «Men – emas», «sub’ekt» va «ob’ekt», «makrokosmos» va 
«mikrokosmos», «ichki dunyo» va «tashqi dunyo», «ruh» va «tabiat», «ong» va 
«materiya», «tafakkur» va «borliq», «g‘oyaviy» va «moddiy» kabi turli davr 
hamda har xil falsafiy tizimlarda insonning dunyoga nisbatan qarashlari aks 
ettirilgan bo‘lib, ular binar oppozitsiyalarga tengdir. 
«Dunyo» – inson» muammosining mazmuni markaziy falsafiy muammo sifatida u 
yoki bu tarixiy davrning etakchi yo‘nalishlari (tendensiyalari) mazmuni bilan 
bog‘liqdir. Jamiyatda ustuvor muammolar o‘zgarganida mazkur muammo 
mazmuniga nisbatan urg‘u, ta’kid ham o‘zgaradi. Bu urg‘ular u yoki bu tarixiy 
davr faylasuflarining diqqat markazi nimaga qaratilganligining ifodasi hisoblanadi. 
Boshqacha aytganda, «dunyo-inson» muammosi u yoki bu davr falsafiy tafakkuri 
yo‘nalishini (paradigma) ifodalaydigan o‘z tarixiy shakllariga ega. 
SHunday qilib, falsafa - bu ijtimoiy ongning o‘ziga xos shakli, nazariy 
dunyoqarash turidir. Bunda insonning dunyoga bo‘lgan universal munosabatlari 
(ontologik, gnoseologik, aksiologik va praksiologik) kategoriyalarning muayyan 
tizimi orqali umumiylashgan shaklda aks etadi va inson madaniyati Yutuqlari 
sintezlanadi. SHu bilan bir qatorda, falsafa umumnazariy, dunyoni yaxlitligi va bir 
butunligicha o‘rganadigan fandir. 
4. Falsafa bir necha funksiyalar (vazifalar) ni bajaradi. Ular orasida eng asosiylari: 
1. Dunyoqarashlik funksiyasi. Falsafiy bilimlarning asosiy xususiyati bo‘lib, 
insonni borliq, materiya, tabiat, jamiyat, inson, inson ongi va tafakkuri, insonni 
dunyoning bilish haqidagi eng umumiy qarashlari bilimi bilan qurollantiradi. 
2. Metodologik funksiyasi. Falsafa boshqa fanlardan farqli o‘laroq tabiat, 
jamiyat va inson tafakkurining eng umumiy qonunlari haqidagi fandir. Falsafa 
metodologiya sifatida tibbiyot ilmi taraqqiyotining konkret tarixiy sharoitlari bilan 


qonuniyatli aloqasini tushunishga, ilmiy kashfiyotlar va ularning tadbiq etilishini 
ijtimoiy qiymatini va umumiy istiqbolini chuqurroq a nglashga yordam beradi 
3. Gnoseologik funksiyasi. Falsafa dunyoni bilish asosida uni o‘zgarishida 
insonni faol faoliyat ko‘rsatishga undaydi. Falsafa amaliy va nazariy masalalarni 
hal qilishda katta rol o‘ynaydi. Bularning barchasida falsafaning gnoseologik 
funksiyasida namoyon bhladi. 
4. Ijtimoiy funksiyasi. Falsafa insonning ijtimoiy tabiatini va mohiyatini 
ochib berish bilan birga, u insonning tabiatga munosabatini, jamiyatning tabiat 
bilan uzviy bog‘liqligini ko‘rsatib beradi, shuningdek insonning tabiatga 
g‘amxo‘rlik bilan munosabatda bhlishini o‘rgatadi. 
5. Evristik funksiyasi (“evrika” grekcha so‘z bo‘lib, kashf etish, degan ma’noni 
anglatadi) gnoseologik vazifasi bilan bog‘liq bo‘lib, tabiat, jamiyat va inson 
tafakkuri 
rivojlanishining 
umumiy 
yangi 
qonuniyatlarini 
kashf 
etishni 
xarakterlaydi.
6. Praksiologik funksiyasi falsafiy g‘oya va nazariyaning ijtimoiy hayotga amaliy 
tatbiq etilishi bilan izohlanadi. 
7. Integrativ funksiyasi fan bilan chambarchas bog‘liq. Real borliqning yangi va 
yangi ob’ektlari va hodisalari inson nazariy tadqiqotlari sohasidan o‘rin olishi, 
shuningdek ilgari ma’lum darajada anglab etilgan narsalar va hodisalarni yanada 
chuqurroq o‘rganishga bo‘lgan ehtiyoj ilmiy bilim o‘z rivojlanishining dastlabki 
bosqichlaridayoq tabaqalanishiga turtki beradi.
8. Tarbiyaviy funksiyasi. Bu funksiyasi kishining aqliy jihatdan kamol 
topishida, nazariy tafakkurning qaror topishida, jamiyatning etuk kishisi bo‘lib 
etishishida Yuksak g‘oyaviy mustahkam e’tiqod ruhida tarbiyalashda, ilmiy 
dunyoqarashni qaror toptirishda muhim rol o‘ynaydi. Umuman falsafani o‘rganish 
va chuqur egallash har bir bo‘lg‘usi mutaxassisning tafakkur doirasini va faol 
hayotiy pozitsiyasini tarbiyalaydi. 


Falsafa tafakkur rivojining buYuk Yutug‘i va insoniyat ma’naviy 
Yuksalishining muhim omilidir. U kishilarning olamni bilishi, jamiyatning 
Yuksalishi, odamlarning mahoratini namoyon qilishi, inson qadriyatlarining 
Yuksaklikka ko‘tarilishi bilan bog‘liq. 
Hozirgi zamon falsafasi doirasida ko‘pincha quyidagi mustaqil sohalarni 
ajratishadi:
1. Ontologiya – (Yunoncha ontos-mohiyat, logos-tadqiqot, borliq uning 
mohiyati, shakllari, asosiy tamoyillari va eng umumiy kategoriyalari haqidagi 
ta’limot. 
2. Gnoseologiya – (epistemologiya) (gnozis-bilish, logos – ta’limot) bilish 
haqidagi, inson tafakkuri faoliyati qonunlarini o‘rganadi. 
3. Praksiologiya - (praksis-faoliyat, logos-ta’limot) inson amaliy faoliyati 
haqidagi ta’limot.
4. Aksiologiya – (aksios-qadriyat, logos-ta’limot) qadriyatlar inson faoliyati, 
uning yo‘nalishi, umumiy ahamiyati.
5. Falsafiy antropologiya - inson to‘g‘risidagi ta’limot 
6. Ijtimoiy falsafa – jamiyat to‘g‘risidagi ta’limot 
7. Futurologiya (futurum –kelajaki va logos –ma’limot) – keng ma’noda kelajak 
haqidagi ta’limot, tor ma’noda prognozlashtirish i prognostika so‘zlarining 
sinonimi sifatida ishlatiladi.
8. Teosofiya (thes — xudo i sopha — donishmandlik, bilim) xudoni bevosita 
bog‘lanish orqali bilish haqidagi ta’limot. 
9. Mantiq – tafakkur qonunlari va shakllari to‘g‘risidagi ta’limot 
10. Etika – axloq to‘g‘risidagi ta’limot 
11. Estetika – go‘zallik to‘g‘risidagi ta’limot 


12. Metodologiya - tafakkur usullari va metodlari haqidagi ta’limot.
SHuningdek tabiatshunoslik falsafasi, din falsafasi, huquq falsafasi, fan falsafasi, 
texnika falsafasi, tarix falsafasi, madaniyat falsafasi, siyosat falsafasi, global 
muammolar falsafasi kabi bugungi kunda mustaqil fan maqomini olish bilan 
birbutun yo‘nalishlarga ajralgan. Ulaning har birining o‘z tushunish apparati 
hamda muammoni hal qilishning o‘ziga xos usullari bor. 
U yoki bu falsafiy fanning rivojlanish darajasi turlichadir. Ulardan ba’zilari 
(masalan, ontologiya) falsafa ibtidosida vujudga kelgan bo‘lsa, boshqalari (global 
muammolar falsafasi yoki texnika falsafasi) XX asr mahsulidir. 
Falsafiy fanlarning mustaqilligi to‘g‘risida gapirganda, mustaqillikning o‘zini 
nisbiyligini nazarda tutish kerak. Falsafiy fanlar bir-biridan uzilib qolgan emas, 
ular o‘zaro yaqindan aloqada va o‘zaro bog‘liqdir. Ularning negiz mavzulari 
ko‘pincha bir-biri bilan yondosh keladi: mantiq va bilish, bilish va din, din va 
axloq, axloq va san’at va hakozo. Falsafiy fanlar ayniqsa, muayyan tizimlar va 
oqimlar doirasida o‘zaro aloqador va o‘zaro bog‘liq bo‘ladi. Masalan, Xegel 
tizimida dialektika yoki ruh fenomenologiyasini tushunmay turib, na uning 
mantig‘ini va na uning falsafa tarixini anglab bo‘ladi.
Falsafiy bilimlar tarkibida fanlarning ko‘p xilligi tabiiy tizimlilikka ega. SHuning 
uchun falsafa haqida tizim sifatida gapirish mumkin. Falsafaning bir butunligi va 
tizim xususiyatiga egaligi dunyoning bir butunligi va yaxlitligidan kelib chiqadi. 
Umuman inson bilimining tizim tarzidaligi, uning o‘z tashkiliy tuzilishiga 
yo‘nalganligi va falsafa predmetining tizimga xosligi shundan kelib chiqadi. Agar 
biz Yuqorida keltirilgan falsafiy fanlarning o‘ziga xos xususiyatlarini tahlil 
qiladigan bo‘lsak, unda ular orqali falsafa predmetining ko‘p qirraligi va naqadar 
boy ekanligining ifodalanishini ko‘ramiz. 
5. Turli falsafiy yo‘nalishlarni har xil asoslar: etakchi falsafiy muammolar (ibtido 
muammosi, dunyoni bilish muammosi va boshqalar)ga munosabat, usul, mavzu 
asosi, klassik meros va bashqalarga munosabat bo‘yicha guruhlashtirish mumkin. 


Falsafiy yo‘nalishlar dunyo ibtidosining tabiati to‘g‘risidagi masalada u moddiy 
yoki g‘oyaviy yagona substansiya – monizm, teng huquqli mustaqil (moddiy va 
ruhiy) – dualizm, ko‘pchilik substansiyalardan iborat plYuralizm deb e’tirof 
etiladiganlarga bo‘linadi. Falsafa tarixida dualizmning eng mashhur vakili fransuz 
faylasufi R.Dekart (1596-1650), plYuralizmniki nemis faylasufi G. Leybnits 
(1646-1716) bo‘lgan. 
Monizm falsafa tarixida ikki: materialistik va idealistik shaklda mavjud. 
Materializm ruhiy ibtidoga qadar ham va unga bog‘liq bo‘lmagan holda mavjud 
bo‘lgan 
tabiat, 
moddiy 
substansiya 
birlamchiligidan 
kelib 
chiqadi. 
Materializmning o‘zi turli xususiy tarixiy shakl va oqimlarga bo‘linadi: qadimgi, 
hamma narsa tabiiy «unsurlar»dan biri, ya’ni suv (Fales), havo (Anaksimen), olov 
(Geraklit) yoxud ularning qatori suv, havo, olov va tuproq (chorvaklarning 
qadimgi hind maktabi, Empedokl), suv, havo, olov, tuproq va metallga (qadimgi 
xitoy falsafasida) asoslangan deb tushunuvchi oddiy materializm; YAngi davr 
metafizik materializmi (Gobbs, Lokk); antropologik materializm (L. Feyerbax); 
dialektik materializm (K. Marks, F. Engels); ilmiy materializm (G. Feygl, J. 
Smart); emerjentistik materializm (J. Margolis, M.Bunge) va hokazolar. Izchil 
materializm (materialistik monizm), materializmning u yoki bu shaklda ilohiy 
turtki – deizm yoki tabiat bilan olloh aynan bir – panteizm degan g‘oyani ilgari 
suruvchi shakllar to‘g‘risida ham gapirish mumkin. 
Idealizm ruh va ong birlamchiligidan, shaxsiy ong (sub’ektiv idealizm) yoki 
shaxsdan tashqari ruhning mutlaq g‘oyaligi (ob’ektiv idealizm)dan kelib chiqadi. 
Xitoy faylasufi Van YAn-Min (1472-1528), ingliz episkopi D. Berkli (1685-1753), 
«esse-percipl» (lat. mavjud bo‘lmoq - demak idrok qilinadi) prinsipini ilgari surgan 
nemis faylasufi I.Fixte (1762-1814) sub’ektiv idealizmning yirik namoyandalari 
edilar. Empiriokrititsizm, neopozitivizm, neokantchilik va boshqa qator falsafiy 
maktablar sub’ektiv idealizm prinsiplariga asoslangan. Qadimgi hind falsafasidagi 
braxmanizm va vedantizm, Yunon faylasufi Aflotun (er.av.427-347 yillar), xitoy 
faylasufi CHju Si (1130-1200), nemis faylasuflari SHelling (1775-1854), Xegel 


(1770-1831), neotomizm kabilarning falsafiy tizimlari ob’ektiv idealizmga 
mansubdir. 
Agar dunyoni bilish mumkinligi to‘g‘risidagi masalani oladigan bo‘lsak, undagi 
faylasuflar haqiqiy bilimga erishish mumkinligini e’tirof etuvchi va uni inkor 
qiluvchilarga bo‘linadi. Uni inkor qiluvchilar yo‘nalishi agnostitsizm degan nom 
oldi va D.YUm (1711-1776) hamda I.Kant(1724-1804) bu yo‘nalishning taniqli 
vakillaridir. Agnostitsizm elementlari hozirgi tizimlar (neopozitivizm, kritik 
realizm) da ham uchraydi. Haqiqatga erishish mumkinligini e’tirof etuvchilar 
orasida bilish (sensualizm), idrok (ratsionalizm), diniy vahiy yoki so‘fiy his qilish 
(irratsionalizm) kabi yo‘nalishlarni ham ajratish mumkin. Sensualizm va ratsionali-
zmning ham materialistik, ham idealistik shakllari mavjud. 
Falsafiy yo‘nalishlarni bilish usullariga ko‘ra, empirizm, ratsionalizm va 
irratsionalizmga bo‘lish mumkin.
Dialektika (tafakkur metodini narsa va hodisalarni o‘zaro bog‘liqlikda va 
rivojlanishda deb qarovchi)yoki metafizika (tafakkur metodini narsa va hodisalar 
umumiy bog‘liqlikdan tashqarida, o‘z-o‘zidan sifat jihatidan rivojlanmaydi deb 
qarovchi) mavqeiga ega faylasuflar ham farqlanadi. 
Falsafiy yo‘nalishlar asosiy mavzusi bo‘yicha nisbatan tor ixtisoslashishga, 
masalan, gnoseologiya, antropologiya, aksiologiya, ontologiya muammolari 
kabilarga mo‘ljallangan oqim va maktablarga bo‘linadi. Masalan, «lingvistik 
falsafa» tabiiy tilni tahlil qilishga (J.Ostin, J.Uizdom, P.Stroson), «texnika 
falsafasi» hozirgi dunyodagi texnika fenomeniga (A.Xuning, F.Rapp), 
«istoritsizm» maktabi esa (V. Diltey, R. Kollingvud) tarixiy bilim muammolariga 
yo‘naltirilgan va hokazolar. 
Falsafiy yo‘nalishlar klassik merosga munosabat bo‘yicha ilgarigi klassik tizim 
g‘oyalarini tiklab, rivojlantirishga yo‘naltirilgan neoklassik oqim (neokantchilik, 
neotomizm, neoxegelchilik va boshqalar), ularni to‘liq qaytadan ko‘rib chiqish va 
ularni rad etishga asoslangan antiklassik oqim (pozitivizm, nitssheanchilik, 


tasavvuf) va tanqidni sintezlash va klassik meros an’analarini davom ettirishga 
yo‘naltirilgan neoklassik oqim (marksizm, ekzistensializm va boshqalar)ga 
bo‘linadi. 
6. O‘zbekistonning mustaqillikni qo‘lga kiritganligi, mamlakatda olib borilayotgan 
islohotlar faylasuflar oldiga zaruriy ravishda yangi muammolarni qo‘ymoqda. 
Milliy mustaqillik g‘oyasini va yangi mafkurani shakllantirish bilan bog‘liq 
ravishda O‘zbekiston faylasuflari oldida muhim vazifalar ko‘ndalang bo‘lmoqda. 
Jamiyatda mafkuraning tutgan o‘rni va mavqei, uning ma’naviy-axloqiy 
yangilanishi, yangi ijtimoiy eng Yuksak orzu va qadriyatlarning qaror topishi, 
uyg‘un barkamol avlod tarbiyasi haqidagi ijtimoiy ongni shakllantirish g‘oyasi o‘z 
aksini O‘zbekiston Respublika Prezidenti I.A.Karimovning asarlarida3, rasmiy 
nashrlarda4, olimlarning tadqiqotlarida, ijtimoiy-siyosiy masalalarga doir 
adabiyotlarda topmoqda.5 SHakllanayotgan milliy istiqlol mafkurasining 
«mustaqillik», «kelajagi buYuk davlat», «bozor», «huquqiy davlat», «demokratik 
jamiyat», «ma’rifatli jamiyat», «umuminsoniy qadriyatlar», «uyg‘onish», «davlat 
islohotchi sifatida» kabi tushunchalarimizni ochib berishga qaratilgan birinchi 
qadamlar qo‘yildi. 
O‘zbekiston taraqqiyotining hozirgi jihatlarini tadqiq qilishni davom ettirish 
hozirgi zamon talabidir. Falsafa O‘zbekistonda yashovchi xalqlarning milliy 
xususiyatlari va yashash tarzining o‘ziga xosligini, mintaqada vujudga kelgan 
muayyan-tarixiy sharoitni hisobga olgan holda umumiy tushunchalar, insoniyat 
taraqqiyotining umumiy mantig‘i, ijtimoiy-siyosiy guruhlar, u yoki bu siyosiy 
g‘oyalar va davlatlarning amaliy faoliyatlaridan kelib chiqib tanqidiy ravishda 
idrok etishi lozim. 
3 Кармиов И.А. Ўзбекистон ХХI аср бўсағасида: хавфсизликка таҳдид, барқарорлик шартлари ва 
тараққиёт кафолатлари. –Т.: Ўзбекистон, 1997 
4 Миллий истиқлол ғояси: асосий тушунчалар ва қоидалар. –Т., 2000. 
5 Ҳ.Пўлатов. Ўзбек мафкураси: ўзбек миллий уйғониш мафкураси ҳақида. Т., Мулоқот, 1991, №6,7. 
У.Абилов. Миллий ғоя: маънавий омиллар. –Т., Маънавият, 1999. 


Ijtimoiy borliqning hozirgi zamondagi tub masalalarini, jumladan: birlamchilik 
nuqtai nazaridan yangi qurilayotgan jamiyatda shaxs manfaatlari bilan davlat 
manfaatlarini o‘zaro munosabatini jiddiy nazariy tadqiq qilish kutilmoqda. An’ana 
va urf-odatlarni tiklash siyosati ularni to‘la yoki qisman faollashtirishni bildirishi 
lozimmi yoki Yuqmi va ularni tanlab olish qoidasi qanday bo‘lmog‘i lozim? 
An’analar va yangiliklarni, muhofazakorlik va harakatchanlikni, eski va yangi 
o‘rtasidagi tafovutni qanday muvofiqlashtirish mumkin? Qanday qoidalarga 
tayangan holda kam sonli aholi (irqiy, diniy va boshqa jihatlardan) huquq va 
manfaatlari muammolarini hal qilishning imkoni bormi? YAngi jamiyatda SHarq 
va G‘arb qadriyatlari qanday o‘zaro munosabatda bo‘ladilar? O‘tish davrida davlat 
nazorati bilan fuqarolik jamiyatini barpo qilish jarayonining nisbati qanday 
bo‘ladi? Haqiqiy va soxta ozodlik nimani bildiradi? Davrimizning bu va boshqa 
dolzarb masalalari oddiy xususiyatga ega bo‘lmasdan, o‘zining ahamiyati jihatidan 
mamlakatimiz faylasuflaridan kasbiy va fuqarolik mas’uliyatini talab qilib, 
mualliflar tarafidan noyob falsafiy qarashlarni vujudga keltirishni taqozo qiladi. 
Falsafiy tadqiqotlarning muammoviy maydonini yanada kengaytirish vazifasi 
ko‘ndalang 
turibdi. 
Hozircha 
respublikada 
qadriyatshunoslik, 
falsafiy 
antropologiya, din falsafasi, texnika falsafasi, komparativtika falsafasi va 
hokazolarga bag‘ishlangan jiddiy tadqiqottlar kam. Afsuski, hozirgacha 
respublikamizning dunyo falsafiy jamiyatidan ajralib qolganligi saqlanib, falsafiy 
aloqalar G‘arb mamlakatlari va sharq davlatlari olimlari orasida ham, Mustaqil 
Davlatlar hamdo‘stligi mamlakatlari bilan ham zaifdir. SHuningdek, mumtoz va 
zamonaviy falsafiy adabiyotni o‘zbek tiliga hamda vatanimizning eng yaxshi 
falsafiy tadqiqotlarini chet tillarga6 tarjima qilishning aniq maqsadga yo‘naltirilgan 
tizimini joriy etish muhimdir.
Mustaqillik yillarida respublikada «Ta’lim to‘g‘risidagi qonun» va «Kadrlar 
tayyorlash buyicha milliy dastur» doirasida oliy o‘quv Yurtlarida falsafiy fanlarni 
6 Қ.Хоназaров. Фалсафанинг ва бизнинг фалсафамизнинг йўли. «Правда Востока», 2001 


o‘qitishning mazmuni tubdan o‘zgardi. YAngi darslik adabiyotlar nashr 
etilmoqda7. 
Respublika olimlari jamiyatning ijtimoiy-siyosiy va ma’naviy taraqqiyotining 
hozirgi bosqichi talablariga muvofiq keladigan yangi avlod darsliklarini vujudga 
keltirishga kirishdilar. Biroq ko‘p hollarda falsafani o‘qitish ma’lum darajada 
soddalashtirilgan qoliplarda qolib ketmoqda. Zamon taqozosiga ko‘ra, falsafa 
o‘qituvchilarining kasbiy malakasini oshirish, o‘qitish uslub va vositalarini 
takomillashtirish yo‘li bilan asosiy maqsadga erishish, ya’ni jahon falsafiy 
tafakkurini barcha tub mohiyatini har bir talabaga etkazib, ularni mulohaza 
Yuritishga o‘rgatish imkoniyatini vujudga keltirishdir. Zamonamizning bu va 
boshqa dolzarb masalalari o‘zining ahamiyati jihatidan mamlakatimiz 
faylasuflaridan kasbiy va fuqarolik mas’uliyatini talab qiladi. 
7 «Основы философии». Т., 2004, Э.Юсупов. «Фалсафа». Т., 2005, «Фалсафа» Т., 2005 


A D A B I YO T L A R: 
Davronov Z., Shermuhamedova N., Qahharova M., Nurmatova M., Husanov B., 
Sultonova A. Falsafa. -Toshkent: TMU, 2019. 
SHermuxamedova N.A. Falsafa -Toshkent: Noshir, 2012. 
SHermuxamedova N.A. Falsafa. 2-nashr. Toshkent: Noshir, 2020.
Axmedova M. Falsafa. Tahriri ostida. - Toshkent.UFMJ, 2006. 
Mamashokirov S. va boshqalar. Falsafa. O‘quv qo‘llanma. O‘zbekiston, 2005. 
Tulenov J.,Tulenova G.,Tulenova K.Falsafa. Darslik. - Toshkent. Fan va 
texnologiya, 2016. 

Yüklə 350,46 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©www.azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin