Bosh miyaning tuzilishi, funksiyasi. Bosh miyaning ahamiyati. Bosh miya tabiat yaratgan ajoyib mo’'jizadir. Odamning bosh miyasi uning aql - idroki, fikrlash qobiliyati, ongi kabi muhim ruhiy xususiyatlarining fiziologik asosi hisoblanadi. U tashqi va ichki muhit ta'sirini analiz - sintеz qilib, ularga javob qaytaradi. Tananing barcha to’qima va a`zolari faoliyatini bir - biriga bog’lab boshqaradi, organizm bilan tashqi muhitning aloqasini ta'minlab, uni muhit sharoitiga moslashtiradi.
Bosh miya kalla suyagining ichida joylashgan bo’lib, massasi katta odamda 1020 - 1970 g gacha bo’ladi. Shuni ta'kidlash kеrakki, bosh miyaning massasi odamning aqlini, ish qobiliyatini bеlgilamaydi. Odamning aqliy faoliyati bosh miya yarim sharlarining po’stloq qismida joylashgan nerv hujayralarining murakkab fiziologik, biokimyoviy va biofizik xususiyatlari bilan bog’liq, Shuningdеk, odam aqliy faoliyatining rivojlanishi uning yoshlikdai tarbiyasi, bilim olishi, mashq qilishiga bog’liq.
Bosh miya ikki qismdan iborat: bosh miyaning stvol (ustun) qismi va bosh miya yarim sharlari. Bosh miyaning stvol qismiga uzunchoq miya, Varoliy ko’prigi (miya ko’prigi), o’rta miya, oraliq miya hamda miyacha kiradi.
Uzunchoq miya. Uzunchoq miya bosh miyaning eng pastki qismi bo’lib, uning quyi qismi orqa miyaga, yuqori qismi esa miya ko’prigiga tutashgan. Uning uzunligi 3 - 3, 5 sm, massasi o’rtacha 7 g bo’ladi. Uzunchoq miyaning tashqi qismi oq rangda bo’lib, unda nerv tolalari joylashgan, ichki qismi kulrang moddadan iborat bo’lib, unda nerv hujayralari bo’ladi. Uzunchoq miya rеflеktor va o’tkazuvchanlik funksiyalarini bajaradi. Rеflеktor funksiyasi shundan iboratki, unda nafas olish, yurak ishini boshqarish markazlari joylashgan.
Binobarin, uzunchoq miyaning shikastlanishi nafas olishning va yurak ishining to’xtab qolishiga sabab bo’ladi. Bundan tashqari, uzunchoq miyadag’i nerv markazlarida ko’zni ochib - yumish, ko’z yoshi, aksa urish, yo’talish, me`da - ichakda shira ajralishi kabi funksiyalarni ta'minlaydigan rеflеkslarning markazlari joylashgan. Uzunchoq miyaning o’tkazuvchanlik funksiyasi shundan iboratki, u orqa miyadan kеlgan impulslarni qabul qilib, bosh miyaning yuqori qismlarida joylashgan nerv markazlariga va ulardagi qo’zg’alish impulsini orqa miyaga o’tkazadi. Uzunchoq miyannng shikastlanishi uning o’tkazuvchanlik funksiyasini buzilishiga, ya'ni orqa va bosh miya o’rtasidagi aloqaning uzilishiga olib kеladi.