Abdulla Qahhor. Anor (hikoya)
Uylar to‘la non, och-nahorim bolam,
Ariqlar to‘la suv, tashnai zorim bolam.
O’tmishdan
Turobjon eshikdan hovliqib kirar ekan, qalami yaktagining yengi zulfinga ilinib tirsakkacha
yirtildi. Uning shashti qaytdi. Jo‘xori tuyayotgan xotini uning qo‘lidagi tugunchani ko‘rib,
kelisopni kelining ustiga qo‘ya chopdi. Keli lapanglab ag‘anadi, chala tuyilgan jo‘xori yerga
to‘kildi. Turobjon tugunchani orqasiga bekitib, tegishdi:
— Akajon, degin!
— Akajon! Jo-on aka!..
— Nima berasan?
— Umrimning yarmini beraman!..
Turobjon tugunchani berdi. Xotini shu yerning o‘zida, eshik oldida o‘tirib tugunchani ochdi-da,
birdan bo‘shashib ketdi va sekin boshini ko‘tarib eriga qaradi. O’z qilmishiga gerdayib turgan
Turobjon uning ko‘zini jiqqa yosh ko‘rib:
— Nima ekanini bildingmi?—dedi.— Asalarining uyasi! Turgan-bitgani asal! Mana, mana,
siqsang asal oqadi. Bunisi oq mum, harom emas — shimsa ham bo‘ladi, chaynasa ham
bo‘ladi.
Xotin yengini tishlab bir nuqtaga qaraganicha qoldi.
— Yo, qudratingdan, ishonmaydi-ya!—dedi Turobjon
keltirgan matoini titkilab. — Mana, chaynab ko‘r! Ko‘rgin, bo‘lmasa innaykeyin degin...
Turobjon qizardi. U bir zamon betob o‘rtog‘ini yo‘qlab eltgan tarvuzini, bemaza chiqqan bo‘lsa
kerak, sigirning oxurida ko‘rib shunday xijolat bo‘lgan edi.
Hovli yuzida aylanib yurgan oqsoq mushuk to‘kilgan jo‘xorini iskab ko‘rdi, ma’qul bo‘lmadi
shekilli, Turobjonga qarab shikoyagomuz «myau» dedi.
— Tur, jo‘xoringga qara! Uni ko‘r, mushuk tegdi.
Xotin turayotib baralla yig‘lab yubordi.
— Bu yer yutkur qanday balo ekan!.. Odamlarday
gulutaga, tuzga, kesakka boshqorong‘i bo‘lsam-chi!
Turobjon do‘ppisini boshidan oldi va qoqmoqchi bo‘lganida ko‘zi yirtiq yengiga tushdi, yuragi
achidi: endi uch-to‘rt suv yuvilgan yangigina yaktak edi!
— Axir, boshqorong‘i bo‘l, evida bo‘l-da!—dedi do‘ppisini qoqmasdan boshiga kiyib. —
Anor, anor... Bir qadoq anor falon pul bo‘lsa! Saharimardondan suv tashib, o‘tin yorib, o‘t
yoqib bir oyda oladiganim o‘n sakkiz tanga pul. Akam bo‘lmasa, ukam bo‘lmasa...
Er-xotin tek qolishdi. Xotin jo‘xorini tuyib bo‘ldi, uni kelidan togorachaga solayotib to‘ng‘illadi:
— Havasga anor yeydi deysiz, shekilli...
— Bilaman... Axir, nima qilay? Xo‘jayinimni o‘ldirib pulini olaymi, o‘zimni hindiga garov
qo‘yaymi? G’alatimisan o‘zing?
Xotin ovqatga unnadi, erining «boshqorong‘i bo‘l, evida bo‘l-da», degani unga juda alam qildi,
xo‘rligi keldi, o‘pkasi to‘ldi.
Ovqat pishdi. Qozonning zangi chiqib qoraygan go‘jaga qatiq ham rang kirgizolmadi. Turobjon
ikki kosa ichdi, xotini esa hanuz bir kosani yarimlatolmas edi. Uning imillashini ko‘rib
Turobjonning ko‘ziga negadir oqsoq mushuk ko‘rindi. Mushuk yirtilgan yengini esiga tushirdi,
avzoyi buzildi. Uning avzoyidan «esiz jo‘xori, qatiq, o‘tin» degan ma’noni anglab xotin, ko‘ngli
1 / 3