Ushbu fenomenga qiziqish bildirgan, uning psixologik mohiyatini ochgan olimlar keyinchalik uning ijtimoiy xulqni muvofiqlashtiriga qaratilgan “ispozitsiyalar” nuqtai nazaridan o‘rganganlar. Masalan, rus olimi V.A. Yadov insondagi turli ehtiyojlar va turli ijtimoiy vaziyatlarda namoyon bo‘lishi muqarrar bo‘lgan xulqqa oid bir necha jabhani o‘z ichiga olgan dispozitsion nazariyani ilgari surgan. Uning fikricha, shaxsning ijtimoiy ehtiyojlari va uni o‘rab turgan ijtimoiy borliqdagi faoliyati o‘zaro bog‘liq bo‘lib, ular quyidagi jabhalarda namoyon bo‘ladi.
Birinchi jabha – bevosita oilaviy sharoit bo‘lib, unda insonning asosiy oddiy ehtiyojlari ilk yoshlikdan qondiriladi.
Ikkinchi jabha – bevosita muloqot amalga oshiriladigan kontakt, kichik guruhlar bo‘lib, individ bu muhitda o‘zini namoyon etadi.
Uchinchi jabha individ hayot-faoliyatini amalga oshiradigan kengroq ijtimoiy borliq bo‘lib, unda u mehnat qiladi, dam oladi, maishiy muammolarini xal qiladi.
To‘rtinchi jabha shaxsni bevosita o‘rab turgan milliy-madaniy borliq, undagi mafkuraviy i madaniy qadriyatlarning o‘zlashtirilishi tufayli namoyon bo‘ladigan hatti-harakat aktlarini qamrab oladi. Bu konkret geografik xudud, Vatan, yurti va undagi qadriyatlardir.
Demak, yuqorida ajratilgan har bir jabhada inson o‘ziga yarasha alohida ehtiyojlarini qondiradi va u mos ravishda muayyan ish-harakatlarga tayyor bo‘ladi.
Yadov yuqoridagi jabhalarga mos keladigan konkret vaziyatlarni va ularning individga ta’sir ko‘rsatish darajalarini ham ajratadi. Masalan, birinchi, eng quyi bosqichdagi vaziyatlarda oddiy predmetli muloqot va tez o‘zgaruvchan ehtiyojlarga aloqador xolatlar namoyon bo‘ladi. Ikkinchisida ko‘proq guruh doirasidagi muloqot va undan orttirilgan tajriba nazarda tutiladi. Uchinchisida – nisbatan turg‘un bo‘lgan, xadeb o‘zgarvermaydigan ish faoliyat turlari, maishiy ehtiyojlar, profossional sohalarda ko‘zga tashlanadigan ijtimoiy xulq nazarda tutilgan. Nihoyat, to‘rtinchi vaziyatlar bosqichi muayyan ijtimoiy, iqtisodiy, mafkuraviy vaziyatlarda ko‘pchilikda shakllanadigan qadriyatlarning namoyon bo‘lishini taqozo etadi. Muallif yuqoridagi jabhalar, vaziyatlar va ularning shaxs individual va ijtimoiy tajribasida namoyon bo‘lishini tushuntirish uchun ularga mos dispozitsiyalarni farqlaydi:
1) Dispozitsiyalarning birinchi darajasi shaxsdagi elementar, oddiy ustanovkalarni tushuntirib beradi. Bu D. Uznadze sxemasiga mos keladigan predmetli vaziyatlarda namoyon bo‘ladigan oddiy qayd etiladigan ustanovkalardir;
2) dispozitsiyalarning ikkinchi darajasi murakkabroq bo‘lib, ular insonning bevosita kichik guruhlarda ro‘y beradigan muloqoti, muomalasidan paydo bo‘lgan ijtimoiy tajribasini tushuntiradi. Bu o‘sha amerikaliklar ta’kidlagan attityuddir;
3) dispozitsiyalarning uchinchi darajasi shaxs umumiy dunyoqarashi, qiziqishlari asosida hosil bo‘ladigan ijtimoiy faolligini o‘z ichiga oladi va uning professional yo‘nalishi, ish faoliyati, dam olishi, bo‘sh vaqtini qanday o‘tkazishlarida ko‘rinadigan asosli ustanovkalarida namoyon bo‘ldai;
4) dispozitsiyalarning to‘rtinchi yuqori darajasi shaxsdagi mavjud qadriyatlar tizimi, turmush tarzi, yurti va Vatani taqdiriga, yurtdoshlaridagi qadriyatlar to‘g‘risidagi tasavvurlarga yaqin bo‘lgan bilim, malaka va ko‘nikmalari bo‘lib, unda davrga, zamon va makonga aloqador tushunchalar aks etadi va ijtimoiy tajribaga asos bo‘ladi.
Shunday qilib, taklif etilgan dispozitsiyalar nazariyasi shaxsning turli vaziyatlardagi munosabatlar tizimining muvofiqlashtirish va uning sabablarini tushuntirishga imkon beradi. Ijtimoiy psixologiyada shu kabi turli darajadagi ijtimoiy ustanovkalarni o‘zgartirish muammosi muhim bo‘lib, bu masala maxsus tadqiqotlar va tarbiya vositalarining ishlab chiqilishini taqozo etadi.
3. Rahbarlik sifatlari
Yuqorida aytib o‘tilganidek, rahbarda tug‘ma qobiliyat bo‘ladi, deb ham aytib bo‘lmaydi, ikkinchi tomondan, rahbar vaziyatga qarab, stixiyali tarzda tarbiyalanib ketaveradi, deb ham bo‘lmaydi. Minglab shaxs sifatlari ichida ko‘plari rahbarlik uchun qulay va ma’quldir. A.V.Petrovskiy ana shunday ijobiy sifatlardan bir yarim mingini sanab chiqqan. Lekin ularning barchasini umumlashtiradigan, albatta, bo‘lishi lozim bo‘lgan ayrim sifat qobiliyatlar borki, o‘shalar haqida qisqacha to‘xtalib, o‘tmoq lozim.
Avvalo, har qanday rahbarda intellekt - aql-zakovatning ma’lum normasi bo‘lishi kerak. Bu norma yaxshi rahbar uchun o‘rtadan yuqori bo‘lmog‘i maqsadga muvofiqdir, chunki geniy darajasidagi intellektga ega bo‘lgan rahbar bilan ishlash xodimlari uchun qator noqulayliklarni keltirib chiqarishini, bunday aql-zakovat qolganlarning ijobiy rivojlanishiga psixologik to‘siq bo‘lishini amaliyot va hayot ko‘rsatdi. Rahbardagi o‘rtadan yuqori intellektni qoplab ketadigan boshqa yana muhim sifatlar borki, ular boshqarish ishining samarasiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Masalan, rahbarning mustaqil fikrlilik, topqirlik tashabbuskorlik sifatlari. Chunki ayrim hollarda xato qilsa ham, rahbar orginal fikrlar aytib, yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsata olishi, har bir aytilgan fikr, qilingan ishga mustaqil baho bera olishi zarur.