1-mavzu. Tilshunoslikning fanlar tizimida tutgan o‘rni. Tilning
4. Tilshunoslikning ijtimoiy fanlar bilan munosabati Bizni qurshab turgan olam sistemaviy xususiyatga ega bo‘lganidek, olamning bir uzviy qismi bo‘lgan insoniyat olami ham sistemadir. Avvalo, insoniyat olami insonlar va ularning o‘zaro munosabatidan tashkil topadi. Demak, insoniyatni tashkil etgan inson o‘zi alohida yashay olmaydi. Inson boshqa inson bilan munosabatda yashaydi. Ana shu munosabat ijtimoiy, ya'ni insonlar munosabatidan tashkil topgan muayyan jamiyatga xos munosabatlar sanaladi.
Ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy, huquqiy munosabatlarni o‘rganuvchi fanlar ijtimoiy fanlar hisoblanadi. Shu bilan birgalikda ma'lum jamiyatga xos individlarning o‘ziga xos ruhiyati, badiiy-estetik olami, nutqiy xususiyati kabi jihatlari borki, bu tomonlar gumanitar fanlarning tekshirish ob'ekti sanaladi.
Ijtimoiy fanlar bilan gumanitar fanlar o‘rtasida katta to‘siq, chegara mavjud emas. Ayni bir fan ham ijtimoiy va ham gumanitar fanlarga aloqador bo‘lishi mumkin. Masalan, tilshunoslik tilning aloqa vositasi sifatidagi vazifasini, ijtimoiy mohiyatini ochish bilan ijtimoiylik xususiyatiga ega bo‘lsa, muayyan individ nutqining o‘ziga xos xususiyatlarini o‘rganish bilan gumanitarlik kasb etadi.
Shuningdek, psixologiya ham individual shaxslar psixologiyasini o‘rganish bilan birgalikda jamiyatga xos bo‘lgan umumiy psixologiyani o‘rganadi (etnopsixologiya). Bu esa ijtimoiy fanlar bilan gumanitar fanlar o‘rtasida o‘zaro zich aloqa mavjud ekanligini, ularni bir-biridan ajratib bo‘lmasligini ko‘rsatadi. Shu bois har ikki tarmoq umumiy holda ijtimoiy-gumanitar fanlar deb yuritiladi.
Ijtimoiy fanlar tarkibiga, falsafa, mantiq, iqtisodiy nazariya, pedagogika, psixologiya, tarix adabiyot kabi bir qancha fanlar kiradi. Tilshunoslik ijtimoiy fanlar sistemasiga mansub bo‘lib, bu sistema tarkibidagi barcha fanlar bilan muayyan munosabatdadir. Til o‘zi bilan bog‘liq bo‘lgan bir qancha hodisalar bilan qanchalik uzviy aloqada bo‘lmasin, u eng avvalo, ijtimoiy hodisadir. Chunki u jamiyatning aloqa-aralashuv ehtiyojini qondirish talabi bilan yuzaga kelgan va ana shu jamiyatning taqdiri, tarixiy taraqqiyoti, turmush tarzi, madaniyati va hokazolari bilan bog‘liq ravishda rivojlanadi.