Reja: An`anaviy geosiyosat va uning umumiy yo`nalishi



Yüklə 26,91 Kb.
tarix27.12.2023
ölçüsü26,91 Kb.
#199753
Geosiyosat. Geosiyosat, uning evalyutsiyasi va shakllanishi


www.arxiv.uz

Geosiyosat. Geosiyosat, uning evalyutsiyasi va shakllanishi

Reja:



1. An`anaviy geosiyosat va uning umumiy yo`nalishi.
2.Geosiyosatda g`arbparastlik (Yebropatsentrizm) mayllari va uning oqibatlari.
3. Ikkinchi jahon urushidan keyingi Geosiyosatning asosiy yo`nalishlari.
4. XX asr mag`lubiyatlar, muvaffaqiyatlar va yangi-yangi muammolar.

Insoniyat o`z taraqqiyotida turli tarixiy davrlarni bosib o`tdi. XX asrga kelganda, ayniqsa birinchi jahon urushidan keyin, olimlar odamzot ilgarigilardan tubdan farq qiladigan yangi - Noosfera (Aql sohasi) davriga qadam qo`ygani uchun hamma sohada – ilmiy-tadqiqot ishlarida ham, siyosiy konsepsiyalar ishlab chiqilayotganda ham bu holatga jiddiy e`tibor berish kerakligiga etiborni qaratdilar. Biroq, ilmiy-tadqiqotlar sohasida ham, siyosat va mafkurada ham tabiat o`z taraqqiyotining yangi bosqichi – Noosfera davriga qadam qo`yganligi munosabati bilan yangicha tafakkur tarzi, yangicha dunyoqarashni shakllantirishga qaratilgan jiddiy yondashuvlar bo`lmadi.


Jahon hamjamiyati va xalqaro munosabatlar mumammolari ko`pgina ijtimoiy-gumanitar fanlar, jumladan, siyosat tarixi, diplomatiya tarixi, sotsiologiya, geosiyosat doirasida ham o`rganib kelinadi. Endilikda ularni mafkuraning ham alohida qismi sifatida o`rganish zaruriyati paydo bo`lmoqda. Chunki geosiyosiy maqsadlar ko`proq mafkuraviy siyosat bilan uzviy bog`lanib ketmoqda. Bunda odamlar, xalqlar, davlatlarga mafkura orqali g`oyaviy ta`sir ko`rsatish geosiyosatning ta`sirchan vositasi bo`lib qolmoqdaki, Prezident I.A.Karimov ta`kidlaganidek, mafkuraviy poligonlar yadro poligonlariga qaraganda ham xavfliroq tus olmoqda.
“Geosiyosat” tushunchasidagi “Geo” – yer (shar), “siyosat” esa shu Kurpai zaminga doir siyosat yurgizish demakdir. YA`ni, u muayyan davlat yoki davlatlar guruhining geografik yohud makoniy – hududiy aspektda olib boradigan siyosati bo`lib qolmasdan, shu bilan birga, umuman jahon hamjamiyatining ham, ayrim davlatlar ittifoqlari, bloklarining umum-jahon miqyosida belgilaydigan parametrlari, o`lchovlari, fe`l-atvorlarini ham anglatadi. Geosiyosatga doir nazariy qarashlar XIX asr ikkinchi yarmidan boshlab G`arbiy Ovrupoda vujudga kelib, geografik muhit xalqlarning ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy va madaniy taraqqiyotida hal qiluvchi rol o`ynashi to`g`risidagi qarashlarni muqimlashtirishga harakat qiladi. Bunday qarashlar go`yoki yangicha yondashuvlar sifatida talqin etilsa-da, ammo ular qadimgi grek olimlarining asarlarida uchraydi. So`ngra, O`rta asr mutafakkiri ibn Haldun bunday g`oyalarni ilgari surgan edi.
XVIII asrga kelib fransuz faylasufi Sh.L.Monteskye taraqqiyot to`g`risidagi omillar o`rniga halqlarning ahloqi, urf-odatlari, ularning xo`jalik va siyosiy tuzumlarini yo`lga qo`yish to`g`risidagi g`oyalarni ilgari surdi. Biroq, geosiyosat to`g`risidagi nazariy qarashlar vujudga kelmay turib, ming yillar davomidagi siyosiy faoliyatda u yetakchi yo`nalish bo`lib kelganligi ma`lum. An`anaviy geosiyosat geografik muhit bilan bog`liq ekanligi ta`kidlanadi. Masalan, ingliz tadqiqotchisi Makinder “Tarix – geografik markazi”ni Markaziy Osiyoda ko`radi. Shu tufayli u Chingizxon o`zining otliq askarlari qudratiga tayanib, Osiyo va Ovruponing talay qismini egallashga muvaffaq bo`ldi, deb hisoblaydi. Buyuk geografik kashfiyotlar tufayli kuchlar nisbati okeanlar bilan qurshalgan Buyukbritaniya foydasiga hal bo`lgani, yangi transport vositalari (temir yo`l) paydo bo`lishi bilan kuchlar nisbati tekis yerli davlatlar foydasiga hal bo`lganini asoslashga intiladi Makinder. U kimki Sharqiy Ovruponi nazorat ostiga olsa, tarixning geografik markaziga ega bo`ladi, degan g`oyani ilgari surgan. Makinder jahon bozorida erkin raqobat urushlarni keltirib chiqaradi, deb hisoblardi.
Davlatlar o`rtasidagi munosabatlarda jismoniy kuch ishlatish (zo`ravonlik) kerakligi haqida fikrlar paydo bo`ldi. Bunga ko`ra, kuchsizlar ustidan kuchlilarning g`olib kelishi hayot qonunining asosini tashkil etishi kerak edi. Bu g`oyalardan kelib chiqib, Germaniyada kuch ishlatish bilan hukmronlik qilish birinchi o`ringa qo`yila boshlandi. Nemis siyosiy arbobi O. Bismark Germaniyaning yakkayu yagona hududi uning armiyasidir, degan fikrni ilgari surdi.

«Geosiyosat» tushunchasi G`arb tadqiqotchilarining faoliyati tufayli XIX asr bilan XX asr oralig`ida ilmiy muloqotga kiritildi. G`arbiy Ovruponing bir-qator mamlakatlaridagi texnika taraqqiyoti imkoniyatlari tufayli, jahon maydonlarini bo`lib olish siyosati va uning oqibatlari ta`sirida tadqiqotlar boshlandi. Ma`lumki, bu davrga kelib, Angliya, Ispaniya, Fransiya, Rossiya, Portugaliya, Italiya, Germaniya, Gollandiya kabi davlatlar tomonidan jahon maydonlari taqsimlab olinib, globallashuv boshlanishi tufayli asrlar davomida o`z etnik qobig`ida hayot kechirib kelgan xalqlar, davlatlar o`z mustaqilliklaridan mahrum bo`ldilar va umumplanetar muammolar girdobiga tortildilar. Tabiiyki, tadqiqotchilarda bu muammoni g`arbparastlik ruhida hal etish mayli (tendensiyasi) yetakchi yo`nalish bo`lib qoldi. Demak, geosiyosiy g`oyalar davlat ekspansiyasi va imperiyachilik maqsadlari asosida vujudga keldi. Bunga ko`ra: a) global bozorni asta-sekin shakllantirish, oykumen (yer sharining odamzot yashaydigan qismi)ni zichlantirish va jahon maydonlarini taqsimlab olishni “nihoyasiga yetgan” deb hisoblash; b) sof hududiy makon ekspansiyasi tugab, dunyoni bo`lib olish amalda oxirlangani; v) buning natijasida Ovrupo davlatlari o`rtasida paydo bo`lgan omonat barqarorlikni boshqa qit`alardagi “bekik” olamga o`tkazish; g) tarix Ovrupo tarixi bo`lishdan to`xtab, endilikda u umumjahon tarixiga aylana boshlagani; d) shunday omillarga binoan, keyincharoq ta`mal toshiga aylangan siyosiy realizm uchun halqaro maydonda kuch ishlatishga (zo`ravonlikka) tayangan siyosatning nazariy asoslarini yaratish ko`zda tutilgan edi.


Boshqacha aytganda, hayvonot olamida tabiiy tanlanishga o`xshash munosabatlar ijtimoiy hayotda ham qaror topishi mumkinligini “ilmiy jihatdan” asoslash kerak edi. YA`ni, sher taslim qilgan o`ljasini sherbachchalar nimta – nimta qilib taqsimlab olib, har tomonda g`ajib yeya boshlagach, ularning qorinlari to`yganligi tufayli yuzaga kelgan xotirjamlikka o`xshash bir manzarani gavdalantirish tadqiqotlar markazida tura boshladi. Biroq, qorni yana ocha boshlaganini his qilgan sherlar yangi o`ljalarni kumsab qolgani kabi vaqtinchalik yuzaga kelgan barqarorlik o`z o`rnini yanada dahshatliroq beqarorliklarga bo`shatib berishga majbur bo`ladi. Jahonga hokim bo`lish siyosati 1812 yilda Fransiya – Rossiya o`rtasida o`sha davr uchun nihoyatda katta hisoblangan urushni keltirib chiqardi. Natijada Fransiya sharmandalarcha mag`lub bo`lib, ilgarigi nasibalaridan ham mahrum etildi.
Shimoliy Amerikada mustamlakachilikka qarshi boshlangan urush G`arb mamlakatlarining mag`lubiyati bilan tugab, AQSH nomi bilan yangi qudratli davlat tarix maydoniga keldi. Amerika tarixchisi A.T.Maxen mamlakatlar va xalqlar tarixiy taqdirini dengizdagi qudrat belgilaydi, degan g`oyani “asosladi”. Unga ko`ra, chor tomonlari okeanlardan iborat Amerikada qudratli davlat barpo bo`lishi kerak edi.
Davlatlar o`rtasidagi munosabatlarda jismonan kuch ishlatish kerakligi haqida g`oyalar paydo bo`lib, mafkura vositalari orqali Germaniyada bosqinchilik, kuch ishlatish va hukmronlik qilish qahramonlik darajasiga ko`tarildi. F. Nauman markazi Germaniya bo`lgan Ovrupo ittifoqi kerakligi, u “Planeta qo`shma shtatlari” uchun asos bo`lishi to`g`risidagi konsepsiyani ilgari surdi. Xausxof davlatning eng muhim harakatlantiruvchi kuchi uning hayotiy “bo`shliqlar bilan ta`minlanishi bilan bog`liq”, degan g`oyani ilgari surdi. U Markaziy Ovruponi Germaniyaning tayanchi hisoblab, Sharqni german hududiy ekspansiyasining asosiy yo`nalishi, deb hisobladi. U dengiz davlatlarining zaiflashuvi Germaniya yetakchi bo`lgan Ovrupo tartiblarini o`rnatish imkoniyatlari vujudga keltirganini, bu g`oyalar jahon tartibotlari sistemasi uchun negiz bo`lishi kerakligini “isbotlamoqchi” bo`ldi.
Geosiyosatdagi g`arbparastlik mayllari XX asrda 2 ta jahon urushi kelib chiqishi uchun g`oyaviy turtki bo`lib, million – million odamlarning yostig`i qurishi, shahar va qishloqlarning vayronaga aylanishiga olib keldi. Bundan ma`lum bo`ladiki, har qanday g`oya, jumladan vayronkor, yovuz g`oyalar ham kuchli, ta`sirchan mafkura orqali odamlarda harakat birligini vujudga keltirib, insoniyat boshiga bexad kulfatlar solishga sabab bo`lishi mumkin ekan.
Ikkinchi jahon urushi davrida AQShda tashqi siyosat va jahon tartibotlarining yangi nazariyasini yaratish kuchaydi. Bunday yondoshuvlar markazida Amerika jahonda alohida rol` o`ynashga da`vat etilgan, degan konsepsiya yotardi. An`anaviy qarashlardan kelib chiqib, AQSH tadqiqotchilari «geosiyosatda yetakchi kuch omili» bo`lishi kerak, deb hisobladilar. F. Straus –Xyupe “geosiyosat harbiy stratekka qay yo`l bilan osonroq nimani va qanday qo`lga kiritilishini anglashga yordam beradigan sinchiklab ishlab chiqilgan rejani tavsiya etishdan iboratdir”, dedi. «Gitlerning global tafakkurining kaliti, - dedi u, - German geosiyosatidir». U AQSH tashqi siyosatida butun Yevroosiyo bilan munosabat yotishi zarurligini aytadi.
Spaykman Shimoliy Amerika havzasi, Ovrupo sohillari va Ovrupoosiyo Uzoq Sharqidan iborat jahonda uchta yirik markaz bo`lishi to`g`risida fikr yuritadi. U Hindiston timsolida 4-markaz bo`lishi ehtimoli borligini nazarda tutadi. AQSH tadqiqotchilari 2-jahon urushidan keyin Buyukbritaniya bilan mustahkam ittifoqda bo`lishdan boshqa iloj yo`qligiga e`tiborni qaratadi. “Kimki Fimlendni nazorat qilsa, u Yevraziyani nazorat qila oladi, kimki Yevraziyani nazorat qila olsa, u butun dunyo taqdirini nazorat etadi”, - deydi u. G. Uaytjert “urushdan so`ng Amerika Yevraziyani imperializmning barcha shakllaridan ozod etishi va u joyda albatta amerikacha erkinlik va demokratiyani qaror toptirishi kerak”, – deydi.
2-jahon urushida ko`pchilik geosiyosat bo`yicha mutaxassislar Gitler rejimini qoraladilar, shu asnoda geosiyosat “sovuq urush” tutkuniga aylandi. 2 ta harbiy – siyosiy blok o`rtasidagi qarama – qarshilik g`oyaviy-mafkuraviy tus oldi. Natijada geosiyosatning hududiy aspekti noto`g`ri talqin etildi va u ma`lum darajada 2 sistema va blok kurashining mafkuraviy imperativiga bo`ysundirildi. Yangi vaziyat geografik-hududiy determinizmning jiddiy tahririni taqoza etadi, degan hulosaga kelindi.
A. P. Soverski geosiyosiy qarashlarida jahon barovar kuchga ega bo`lgan 2 ta davlat o`rtasida taqsimlanganiga e`tiborni qaratdi. Biroq, bu qarashlarga o`zgarib borayotgan voqelik o`z ta`sirini o`tkazdi. 60-yillarda tadqiqotchilar ikki qutbli (okean - kontinental) dunyo o`rniga ko`p qutbli dunyo shakllanayotganini ta`kidlashga o`tdilar. Jumladan, S.B.Koen jahon miqyosida geostrategik va geosiyosiy mintaqa vujudga kelganini aytib, dengiz davlatlari va Yevraziya kontinental olamni bunga misol qilib ko`rsatdi. U Hind okeani havzasida mustaqil mintaqa paydo bo`lish ehtimoli ham yo`q emas, dedi. 70-yillarga kelib, 4 ta jahon markazi – AQSH, Ovrupo sohili, Sovet Ittifoqi va Hitoydan iborat yirik kuchlar markazi borligini aytdi. Ushbu global doiralarda global muvozanat kafolat bo`lgan yana ko`pgina jahon markazlari ham borligini ta`kidladi. Ammo o`sha bipolyar tafakkur tarzi hukmron bo`lgan yillarda Koenning yuqoridagi qarashlari e`tiborsiz qoldi.
70-90-yillarda xalqaro munosabatlar geosiyosati talqinlarini metodologik asoslarni qayta qurib chiqishga intilishlar paydo bo`ldi. Masalan, amerikalik tadqiqotchi L. Kristof “Hozirgi zamon geosiyosatchisi tabiat odamzotga ato etgan narsani emas, balki u o`zi mo`ljallagan narsani topish maqsadida xaritaga nazar tashlaydi”, - deydi. “Geosiyosat, – deydi Grey, – xalqaro siyosiy qudrat bilan geografik omillarni o`zaro aloqadorligiga tayanadi”. Fransuz generali va tadqiqotchisi P.Gallua hozirgi zamon dunyosidagi geosiyosat o`lchovlarining eng muhim parametrlari makoniy – hududiy tasnifi bilan birga raketa – yadro qurollarining paydo bo`lishi va tarqalishi omiliga ham e`tiborni qaratadi hamda unga ega bo`lgan davlatlar geografik ahvoli, bir-biridan yaqin-uzoqligidan qat`iy nazar, kuchlar nisbatini tenglashtiradi, deydi. Shu bilan birga u ommaviy axborot vositalari va telekomunikatsiyalar rolining kuchayib borayotganiga, shuningdek aholining bevosita siyosiy jarayonlarga aralashuvi oshayotgani omillari insoniyatning geosiyosiy istiqbolida favquloddagi oqibatlarga olib kelishiga e`tiborni qaratadi. Gallua quruqlik, dengiz va havo bo`shliqlaridan tashqari geosiyosatning muhim parametrlari sirasiga kosmos kengliklarini o`zlashtirishlarni ham kiritadi.

XX asr boshlarida jahondagi mashhur olimlar tabiat o`z taraqqiyotininng yangi yuqori bosqichi – Noosfera (Aql sohasi) davriga kirgani, bu davrning ilgarigi barcha davrlardan farqli hususiyatlariga e`tiborni qaratib, ilmiy-tehnika yangiliklarini to`lasicha insoniyat manfaatlariga bo`ysundirishga siyosatchilar e`tiborini qaratdilar. Edilikda Aql sohasi tabiat qonunlari harakat yo`nalishlariga ham o`z ta`sirlarini ko`rsatish pallasiga kirganini hisobga olmay siyosat belgilash halokatli oqibatlarga olib kelishini olimlar oldindan bashorat qilgan edilar


2 - jahon urushida fashizim g`oyalarining g`ayriinsoniy jihatlarini jahon afkor ommasi anglab yetdi. Ammo bu g`oyalarga asoslangan mustabid tuzum ba`zi G`arb davlatlari tomonidan qo`llab-quvvatlangani faktidan ham ko`z yumib bo`lmaydi. Tarix shundan dalolat beradiki, ayrim davlat arboblari tor milliy manfaatlarini himoya qilish shiori ostida o`z halqlari istiqboliga zavol bo`lishdan ham tap tortmaydilar. Masalan, XX asr boshida bolshevizm g`oyalari Rossiya imperiyasini halok etishiga ko`zi yetgan nemis siyosatchilari V.I.Lenin boshliq partiya siyosatini qo`llab-quvvatlab, hatto uni mablag` bilan ham ta`minladilar.
Oqibatda podsho rejimining qulashi bilan Rossiyada boshlangan demokratik harakatlar mag`lub bo`lib, uning o`rniga bolshevizm nomi bilan yana bitta mustabid hokimiyat qaror topdiki, bu tarixiy hato yana boshqacharoq shakllarda qaytarilmasligi uchun kafolat kerakdir.
2-jahon urushidan keyin halqaro bitimlar bilan mustahkamlangan geosiyosiy tartibotlar barham topib, jahon hamjamiyati globallashuv jarayonlariga muvofiqlashish yo`liga kirgan bo`lsa-da, biroq xalqaro siyosiy fikrlarda eskicha yondashuvlar saqlanib turibdi. Eng dahshatlisi shuki, tabiat o`z taraqqiyotininng yangi – Aql sohasi bosqichiga kirgani, bunda butun insoniyat aqliy salohiyati, uning natijasi bo`lgani fan-tehnika va axborot tehnologiyasi yutuqlarini batamom bunyodkorlik tomon burib yuborish hayot-mamot masalasi bo`lib qolgani siyosiy qarashlarda, siyosiy maydonlardagi kurashlarda e`tiborga olinmayotir. Holbuki, bu masalalar har bir mamlakat, xalqlar va davlatlar ittifoqi va butun insoniyat siyosiy voqeligininng tubli negizlarini tashkil etadi.
Marksizm-leninizm ilmiy-nazariy va mafkuraviy qarashlari asosida shakllangan hamda Rossiya va boshqa bir qator mamlakatlar XX asr oxirigacha belgilab kelgan geosiyosati to`lasicha inkor etildi. Bu hol hozirgi zamon dunyosi realliklariga muvofiq keladigan geosiyosiy tafakkur tarziga ehtiyojni kuchaytirmoqda. Ammo XIX asrdagi siyosiy qarashlar saqlanib turibdi. XX asrdagi o`zgarishlar insoniyat taraqqiyotining bir necha asrlariga teng keladi. Juda ko`p agrar mamlakatlar industrlashtirish bosqichidan postindustrial va axborot jamiyatiga sakrab o`tdilar. Insoniyat Aqliy salohiyatining parvozi natijasida bu asrda nisbiylik nazariyasi, atom kashfiyotlari va texnika yangiliklari sodir bo`ldi. XX asr oxirgi choragida axborot telekomunikatsiya inqilobi ro`y berdi. Juda ko`p mamlakatlarda bozor iqtisodi munosabatlari va liberal demokratik yo`lga o`tish jarayonlari tezlashdi, insonni himoya qilish va halqlarning o`z taqdirlarini o`zi belgilash tamoyillarini e`tirof etish yetakchi tamoyilga aylandi.
XX asr yana shunisi bilan e`tiborligi, milliy mustaqillik mafkurasi va amaliyoti tantana qilib, mustamlakachilik imperiyalari halokatga uchrab, uning xarobalari ustida juda ko`p mustaqil davlatlar vujudga keldi. Million-million odamlar hayotiga zavol bo`lgan 2 jahon urushi ham shu asrda ro`y berdi. XX asrda fashizm, bol`shevizm nomi bilan tanilgan nihoyatda dahshatli mustabid hokimlik rejimi ham hukm surdi. ITN tufayli insoniyatning o`zi mavjudligini omonat qilib qo`ygan yadro qurollari va uning mo`ljalga eltish vositalari vujudga keldi.
Bir tomonda AQSH, ikkinchi tomonda Sovet Ittifoqi bosh bo`lgan ikki qutbli olam ko`p sohali olamga o`z o`rnini bo`shatib berishga majbur bo`ldi. Har qanday davlat butun dunyo hamjamiyati faoliyatiga tortildi. Demak, yuqorida aytilganlardan ma`lum bo`ldiki, an`anaviy geosiyosatning asosiy qoidalari hozirgi dunyo voqeligiga muvofiq kelmay qoldi. Mohiyat e`tibor-ila zo`ravonlikka asoslangan geosiyosatning tarixiy ildizlari qadimga borib taqaladi. Geosiyosat nazariyasi va amaliyotida go`yoki yangicha yondoshuvlar sifatida ilgari surilgan o`sha g`oyalarning tag-zaminida, nazarimizda, vahshiyona hayot kechirgan ibtidoiy ajdodlarimiz tafakkur va turmush tarzi unsurlari yotadi. O`sha gala-gala bo`lib yashagan ajdodlarimizning hali raso takomiliga yetmagan miyalarining mahsuli bo`lgan ong darajalari, zo`ravonlik yo`li bilan o`z turlari bo`lgan boshqa odamlar galalari hayotiy makonlarini egallash, o`zlarini asoratga solish yo`li bilan yaxshiroq yashashga intilishdan iborat vahshiyona turmush tarzlari o`zining yashovchanligini namoyon etayotganligiga tarix shoxid. Demak, odamlar, avvalo siyosat va mafkura maydonlaridagi kishilarning g`or odamlariga xos tafakkur tarzlarini o`zgartirmay turib, geosiyosat yo`nalishlarida jiddiy o`zgarishlar bo`lishiga umid bog`lash qiyin. Chunki hozirgi davrda jahon voqeligi shu darajada o`zgarib ketdiki, uni boshqa asrlarda shakllangan tafakkur tarzi metodi bilan tahlil etish umuman mumkin emas. Geosiyosat fanining markazida hozirgi zamon hamjamiyatining muammolari turadi, shuning uchun ham endilikda aniq mamlakat hududi, tutgan o`rni va geografiyasini jahon miqyosida sodir bo`lgan sifat o`zgarishlari asosida tahlil etish kerak. Bu o`zgarishlar avvalo tafakkur tarzi, so`ngra nimalar ustivorligini aniqlash, unga erishish metodlari, vositalarini tanlash hamda ushbu realllikka muvofiq keladigan tushunchalar, kategoriyalarni tadqiq etishni taqoza etadi.
Xulosa: a) geografik determinizm (sababli bog`lanish) an`anaviy geosiyosatning negizini tashkil etadi; b) geosiyosatda g`arbparastlik mayllari yetakchi bo`lib keldi; v) ikkinchi jahon urushidan keyin shakllangan ikki qutbli dunyoda ham ovrupoparastlik mayllari kuchli bo`lgan holda, Osiyoda ham yetakchi markazlar paydo bo`layotganini tan olishga to`g`ri keldi; g) XX asr mag`lubiyatlar, muvafaqqiyatlar bilan birga yangicha muammolar asri, ogohlantirish asri bo`lib tarixda qoladi.
Yüklə 26,91 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©www.azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin