PREZIDENTLIK RESPUBLIKASI – davlat boshqaruvi respublika shaklining turlaridan biri bo’lib, qoida bo’yicha Prezident xalq tomonidan saylanadi. Unda Prezident yuridik va rasman davlat hamda ijro etuvchi hokimiyat boshlig’i hisoblanadi. Hozirgi jahon tajribasida Prezidentlik respublikasining bir qancha ko’rinishlari mavjud. Prezidentlik respublikasining klassik modeliga ko’ra (AQShda) prezident o’z ma’muriyatini parlamentning yuqori (senat) palatasi roziligi bilan tashkil etadi. Uning a’zolari faqat prezident oldida siyosiy javobgar hisoblanadilar. Bunda prezident parlamentni tarqatib yubora olmaydi. Lekin parlament prezidentga impichment berishi mumkin. BMTga a’zo davlatlarning 140 tasida prezidentlik lavozimi mavjud bo’lib, ularning ko’pchiligi Prezidentlik respublikasidir.
QONUN CHIQARUVCHI HOKIMIYAT– bu Konstitutsiyada mustahkamlangan oliy davlat vakillik idorasining qonunlar qabul qilish, ularni o’zgartirish va bekor qilish bo’yicha alohida vakolatlari hisoblanadi. Qonun chiqaruvchi hokimiyatning asosiy vazifasi xalqning (jamiyatning) irodasini qonun shaklida ifoda etishdir.
QONUNCHILIK TASHABBUSI – belgilangan tartibga muvofiq, (vakolatli organ yoki mansabdor shaxs tomonidan) qonunchilik muassasasiga qonun loyihasini rasmiy kiritish. Q.t.– qonunchilik jarayonining birinchi bosqichi hisoblanadi. Q.t.shunday bir harakatlar yig’indisidirki, buning natijasida qonun chiqaruvchi organga qonun loyihasi yoki qonunchilik taklifi kiritiladi va parlament yangi qonun chiqarish, amaldagisini o’zgartirish yoki bekor qilish masalasini ko’rib chiqish uchun qabul qiladi.
QONUNCHILIKNI TIZIMLASHTIRISH – normativ-huquqiy aktlarni tartibga solish va takomillashtirish bo’yicha amalga oshiriladigan faoliyat bo’lib, ularni belgilangan va o’zaro ichki bog’langan tizim holiga keltirishni anglatadi. Q.t. qonuniy tartibga solishni takomillashtirish, qonunchilikni eskirgan aktlar va o’zaro qarama-qarshi normalardan xalos qilish, normativ hujjatlardan foydalanishni yengillashtirish va soddalashtirish, jamiyatning huquqiy madaniyati va huquqiy tarbiyasi darajasini oshirishda katta ahamiyatga ega.