3. Poliz ekinlarining chiqib kelishi va tarqalishi. Madaniy qovunlar Hindiston,
Iroq, Afg’oniston, Markaziy va Kichik Osiyodan chiqib kelgan. Bu mamlakatlarda
hozirgacha qovunning yovvoyi turlaridan tortib to shirinligi bo’yicha tengi yo’q
navlari o’sadi. Misrda 3-4 ming yillar oldin qovunning yarim madaniy shakllari
bo’lganligi qadimgi qabr toshlarida chizilgan rasmlardan ma’lum. Markaziy Osiyoda
qovunlar eramizdan oldingi IV asrda yetishtirilgan. Bu to’g’rida qadimiy Xorazm
shaharlaridagi arxeologik qazilmalardan topilgan qovun urug’lari dalolat beradi.
Eramizning IV asrida Rumda qovun keng maydonlarda o’stirilgan. Tarvuz
o’simligining chiqib kelish markazi Janubiy tropik va Markaziy Afrika hisoblanadi.
Tarvuzning shakllanish va tarqalish markazi Misrdir. Bu yerda tarvuz 4000 yil avval
ma’lum bo’lgan.
Tarvuzning chiqib kelish markazlaridan biri Hindistondir. Eramizdan oldingi II
asrda bu yerda tarvuz yetishtirila boshlagan.
Qovoqning barcha madaniy turlari Amerikadan chiqib kelgan, shu jumladan,
yirik mevali qovoq-Janubiy Amerika, qattiq po’stli qovoq-Shimoliy Amerika va
muskat qovoqlari-Janubiy Meksika va Markaziy Amerikadan chiqib kelgan.
6
Arxeologik qazilmalar ko’rsatishicha, qovoqning madaniy shakllari eramizdan 3000
yil avval insoniyatga ma’lum bo’lgan.
Poliz ekinlari yer kurrasining tropik, subtropik va mo’’tadil iqlimli barcha
mamlakatlarda yetishtiriladi. Jahon bo’yicha poliz ekinlari ekiladigan maydon-2,8-
2,9 mln. gektarni tashkil etadi. Shulardan 70 %-tarvuz, 20 %-qovun va 10 %-qovoq
ekinlari tashkil etadi. Butun dunyo bo’yicha poliz mahsulotini ishlab chiqarish
ko’rsatkichi: tarvuz-23-26 mln. tonna, qovun-6,4-6,6 mln. tonna, qovoq-4-5 mln.
tonnani tashkil etadi.
Poliz mevalarini eng ko’p yetishtiradigan mamlakatlar qatoriga Xitoy, Hindiston,
AQSh, Rossiya Federatsiyasi, O’zbekiston Respublikasi, Yaponiya, Ukraina kiradi.
Bu mamlakatlarda 1 mln. tonnadan ortiq mahsulot ishlab chiqariladi. Meksika,
Ispaniya, Italiyada 500 ming tonna poliz mevalari yetishtiriladi. Poliz ekinlarining
yirik maydonlari Qozog’iston, Misr, Ruminiya, Yugoslaviya, Bolgariya, Gretsiya,
Eron, Afg’oniston, Yaqin Sharq mamlakatlari, Markaziy va Janubiy Amerika va
Avstraliyada joylashgan.
Tarvuzning 95 % turli namunalari Rossiyaning janubida, AQSh, Xitoy,
Yaponiya, Kichik va Markaziy Osiyo mamlakatlarida to’plangan.
4. O’zbekiston Respublikasida tarqalgan polizchilik turlari:
1. Sug’oriladigan yer polizchiligi - bunda poliz ekinlari o’suv davri davomida 10-14
marotaba sug’oriladi. Mamlakatimizda sug’oriladigan poliz ekinlari maydonlari
88-90 % ni tashkil etadi.
2. Lalmikor polizchilik - bunda poliz ekinlari dengiz sathidan 1200-1500 metr
balandlikda bo’lgan, chirindiga boy, to’q tus bo’z tuproqli va tabiiy yog’in miqdori
545 mm gacha bo’ladigan tog’ oldi zonasida yoki dengiz sathidan 500-700 metr
balandlikda joylashgan tipik bo’z tuproqlar va yog’in miqdori 250-300 mm
bo’ladigan adir tekisliklarda sug’orilmasdan yetishtiriladi. Lalmikor poliz ekinlari
maydoni umumiy poliz maydonining 9-10 % ini tashkil etadi.
3. Yarim sug’oriladigan polizchilik - bunda poliz ekinlari suv tanqis bo’lgan tog’ oldi
zonalarida yetishtiriladi. Bunday yerlarda asosan tarvuz ekilib, ekish oldidan bir
marta va o’suv davrida 1-2 marta suv havzalarida to’plangan yog’in suvlari,
shuningdek tog’ buloqlari suvi bilan sug’oriladi.
4. Jangil polizchiligi - bu yerlarda poliz ekinlarining kechki navlari sug’orilmasdan,
yer osti sizot suvlari hisobiga yetishtiriladi. Ekish muddatlari bu yerda biroz
kechiktiriladi. Bu turdagi polizchilik daryo bo’ylarida, sizot suvlari yer yuzasiga
yaqin joylashgan yerlarda keng tarqalgan.
5. Cho’l polizchiligi - bunday yerlarda poliz ekinlari qumga yoki yerga xandaklar
qazib ekiladi. Bu polizchilik turida ham yer yuzasiga yaqin joylashgan sizot
suvlaridan foydalaniladi.
6. Himoyalangan joy polizchiligi - mamlakatimizdagi bu polizchilik maydonlari
deyarli katta emas. Poliz ekinlaridan (qovun va tarvuz) erta hosil olish uchun
plyonkali issiqxonalardan va kichik hajmdagi plyonkali qurilmalardan
foydalaniladi.
7
O’zbekistonda asrlar davomida qovun va tarvuzlarning dunyoda tengi yo’q
navlari yaratilib, qovunchilik makonlari shakllangan. Hozirgi kunda ushbu
qovunchilik makonlari quyidagicha tavsiflanadi:
Dostları ilə paylaş: |