3-savol. Iqtisodiyot nazariyasi fani iqtisodiy munosabatlarda amal qiladigan
iqtisodiy qonunlarni ham o‘rganadi.
Boshqacha qilib aytganda, "Iqtisodiyot nazariyasi" fanining asosiy
vazifalaridan biri iqtisodiy qonunlarni bilish va uning mazmunini, amal qilish
mexanizimini ochib berish hisoblanadi. Har qanday jamiyatda iqtisodiy hodisa va
jarayonlar iqtisodiy qonunlar bilan boshqarilsa-da, lekin ular alohida olingan bir
iqtisodiy hodisada namoyon bo‘lmaydi, balki hodisalar va jarayonlarning o‘zaro
ta’sirida ko‘rinadi, doimiy takrorlanib turadigan hukmron tamoyillar tarzida
namoyon bo‘ladi.
Iqtisodiy qonunlar iqtisodiy hayotning turli tomonlari, iqtisodiy hodisa va
jarayonlar o‘rtasidagi doimiy, takrorlanib turadigan, barqaror sabab-oqibat
aloqalarini, ularning o‘zaro bog‘liqligini ifodalaydi.
Iqtisodiyot nazariyasi fani tomonidan ochib berilgan iqtisodiy qonunlar
obektiv amal qilayotgan iqtisodiy voqelikning umumlashgan nazariy ifodasi bo‘lib,
u obektiv reallikni ilmiy bilish natijasidir, ya’ni uning inson ongidagi in’ikosidir.
Iqtisodiy qonunlar obektiv xususiyatga ega bo‘lib, ularning kelib chiqishi, amal
qilishi, rivojlanishi va barham topishi alohida kishilarning ongiga, ularning xohish-
irodasiga bog‘liq emas. Ma’lum tarixiy davrlarda, ishlab chiqaruvchi kuchlarning
rivojlanish darajasiga, mavjud iqtisodiy tizimning xususiyati va shart-sharoitga
mos keladigan iqtisodiy qonunlar vujudga keladi va amal qila boshlaydi. Lekin
iqtisodiy qonunlar kishilarning iqtisodiy faoliyatidan tashqarida, ulardan ajralgan
holda amal qilmaydi, balki aynan ularning faoliyati, xatti-harakatlari, iqtisodiy
xulq-atvori tufayli tarkib topadi va ular orqali namoyon bo‘ladi. SHuning uchun
insonlar iqtisodiy qonunlarning xususiyatini bilib, ularning, talablarini hisobga
olib, ulardan foydalanishlari lozim bo‘ladi. Masalan, odamlar vaqtni tejash
qonunini, ishlab chiqarish yoki bozor muvozanati qonunlari talablarini bilib,
shunga binoan faoliyat qilsa, ish vaqti va boshqa cheklangan resurslar sarfini tejash
bilan birga o‘z faoliyatlarini samarali olib borishlari mumkin. Bu talablarga zid
har qanday qaror va xatti-harakatlar kishilarning xohish-irodasidan qat’i nazar,
muqarrar ravishda xo‘jalik faoliyatida qiyinchiliklarga, resurslar isrofgarchiligiga
olib keladi. Iqtisodiy qonunlar ham tabiat qonunlarga o‘xshab, uni bilib, o‘z
faoliyatida foydalanilsa insoniyatga, katta foyda keltiradi, agar uning mavjudligini
tan olmasdan, talablarini bilmasdan yoki mensimasdan ko‘r-ko‘rona xatti-harakat
qilinsa, bu katta salbiy ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarga olib keladi. Lekin iqtisodiy
qonunlar tabiat qonunlari bilan tamomila bir xil emas. Ularning farqi shundaki,
tabiat qonunlari doimiydir, iqtisodiy qonunlar esa ijtimoiy hayot qonunlari bo‘lib,
tarixiydir va o‘zgaruvchandir, chunki u kishilarning faoliyati bilan bog‘liq bo‘lib
kishilik jamiyati mavjud bo‘lganda paydo bo‘ladi va amal qiladi.
"Iqtisodiyot nazariyasi" fani iqtisodiy qonunlarni quyidagi guruhlarga
turkumlaydi:
1. Umumiy iqtisodiy qonunlar kishilik jamiyati rivojlanishining barcha
bosqichlarida amal qiladi. Masalan, vaqtni tejash qonuni, ehtiyojlarning tez o‘sib
borish qonuni, takror ishlab chiqarish qonuni, ishlab chiqarish munosabatlarining
ishlab chiqaruvchi kuchlar xususiyati va rivojlanish darajasi mos kelishi qonuni va
boshqalar.
2. Xususiy yoki davriy iqtisodiy qonunlar insoniyat jamiyati
taraqqiyotining ma’lum bosqichlarida amal qiladi. Masalan, talab qonuni, taklif
qonuni va qiymat qonuni.
3. Maxsus, o‘ziga xos iqtisodiy qonunlar alohida olingan iqtisodiy tizim
sharoitida amal qiladi. Masalan, qo‘shimcha qiymat qonuni.
Umumiy iqtisodiy qonunlar ijtimoiy taraqqiyot qonunlari sifatida, ularni
belgilovchi boshqaruvchi qonunlar sifatida namoyon bo‘ladi va har bir tarixiy
bosqichda ularning roli o‘zgarib boradi. Umumiy iqtisodiy qonunlar bilish, yaxlit
va keng ma’noda iqtisodiyot nazariyasi fani predmetini aniqlashda muhim
ahamiyatga egadir. Iqtisodiy qonunlar bilan bir qatorda iqtisodiyot nazariyasi fani
iqtisodiy
jarayonlarining
alohida
tomonlarini
tavsiflaydigan
iqtisodiy
kategoriyalarni (ilmiy tushunchalarni) ham ta’riflab, ularning mazmunini ochib
beradi.
Dostları ilə paylaş: |