BOENG 787 DREAMLINER. PROFESSOR ZIYO.
Lekin bu voqealardan hali hech kimning xabari yo‘q... professor Ziyoning qulog‘i ostida hali-
hanuz murojaatni o‘qib eshittirgan zanji olimning sokin va bir oz tushkun ovozi jaranglab turgandek
edi.
Darhaqiqat, so‘nggi texnologiyalar va ilmu fan yutuqlari tatbiq etilib urchitilgan, kasalliklarga
chalinmaydigan, oddiy kishilardan ko‘ra uzoq umr ko‘radigan, mantiq va fikr quvvati ham kuchliroq
bo‘lgan sun’iy urchitilgan insonning ana shunday xulosaga kelishi g‘oyat kutilmagan va favqulodda bir
holat edi.
Barhayot odam bu hayotni rad etib, Yaratganni izlab topishni ixtiyor qilgan ekan, boshqa
tomondan, Parvardigori olam istagan tarzda dunyoga kelgan insonlar kelajak sari mutlaqo bo‘lak bir
yo‘ldan ilgarilab bormoqda edilar. Pul va boylik o‘yinlari, iqtisodiy va ijtimoiy hiylalar, ma’dan, neft,
gaz va harbiy o‘yinlar qatorida kishilarni shaytoniy hududlar sari tortqilovchi ommaviy
ko‘ngilxushliklar, umumiy madaniyat g‘oyalari, butun-butun xalqlarning, millatlarning va yurtlarning
ixtiyoriga qasd qilishdan to aql bovar qilmaydigan g‘ayriinsoniy aldamchiliklargacha – hamma-
hammasi insoniyatni iblisona kelajak va abadiy jahannam sari yetaklab ketmoqda edi.
Isajon Sulton. Boqiy darbadar (roman)
www.ziyouz.com kutubxonasi
23
«... Yana bir qancha vaqt o‘tgach, dunyoda na vatan, na millat va na til tushunchasi qoladi, degan
bashoratlar nahotki haq bo‘lsa? – deb o‘yladi Professor. – Bu jarayon balki allaqachon boshlanib
ulgurgandir? Arab davlatlari ham, Yevropa ham birlashdi. Yana qanchadir vaqt o‘tib ro‘y beradigan
iqtisodiy va axborot xurujlaridan keyin mamlakatlarning chegaralari yo‘qolib ketsa, boshqarish iplari
to‘g‘ridan-to‘g‘ri kapital qo‘liga o‘tsa, ya’ni yer yuzini qit’alararo shirkatlar boshqarsa-chi? Haqiqiy
globallashuv ana shunda avj olsa, qaerda iqtisod gullab-yashnasa, odamlar o‘sha yerga to‘plana
boshlasa... va vaqt-soati kelib, qadriyatlar yemirilib-tamom bo‘lsa-chi?..»
Bular – professorni tashvishlantirgan halokatli taraqqiyot yo‘lining debochasi, bor-yo‘g‘i bir
qismigina edi, xolos.
* * *
...Professor Ziyo tizzasiga qo‘yib o‘tirgan kichkina kompyuterning monitori va uchoq monitori
baravariga ogohlantiruvchi ovoz chiqardi. Professor egilib, ularning biri – uchish xizmatining
ogohlantirishi, ikkinchisi esa o‘g‘lidan kelgan xat ekanini ko‘rdi.
Uchish xizmati Atlantika ummoni ustida bo‘ron boshlanganidan xabar bergan edi. Oradan yarim
soat o‘tmay, uning tezligi soatiga ikki yuz kilometrga chiqqan va eniga taxminan besh yuz kilometrni
enlagan g‘oyatda kuchli havo oqimi shiddat bilan quruqlik tomonga harakatlanmoqdaydi.
Professor Ziyo shamollarning hosil bo‘lish sabablarini yaxshi bilardi. Bu aslida Yevropa, Xitoy va
Mo‘g‘ulistondagi jazirama yoz tufayli ro‘y berdi. Yevropada qirq, Xitoyda qirq olti va Mo‘g‘ulistonda
ellik ikki daraja harorat ikki haftadirki turib qolgan, bu misli ko‘rilmagan ko‘rsatkich edi. Bugun
kunduzi millionlab kub kilometr qaynoq havoning Avstraliya, Xitoy va Atlantika hududlaridan Gobi
tomon siljiy boshlagani qayd etildi, tabiiyki, ummonlar va hatto mamlakatlar ustida bo‘ron va
girdoblarning yuz berishi kutilayotgan, qurbonlarning oldini olish uchun ehtiyot choralari ham zudlik
bilan ko‘rilayotgan edi.
Professor o‘g‘lining maktubini ochdi.
AVLOD
«Assalomu alaykum!»
...Bugun onamning xokisor va aziz qadamlarining izi qolgan hovlimizda ekanman, Parvardigori
olamga imon keltirgan barcha kishilarning, avvalo sizning va onaizorimning haqqiga ko‘zlarimda yosh
bilan duo qilgach, ushbu maktubni bitmoqdaman.
Ota, siz avvalo – kimligim va nimaligim noayon bo‘lgan, bir burda nonimni na o‘zim yeya
oladigan, na bir qultum suv icha oladigan holimda, yiqilsam tura olmay chirillab yig‘laganimda, uzun
kechalaru kunduzlaringizni menga bag‘ishlab, nimagaligini o‘zim ham bilmay kulganimda
quvongansiz, injiqlik qilib yig‘laganimda ko‘zingizga dunyo tor bo‘lgan, o‘zingiz yemay menga
yedirgan, ichmay menga ichirgansiz, oyoqqa qo‘yib, tarbiyat bergansiz.
Tangri Taolo fitratimga sizday muhtaram zotga taslimiyat xususiyatini ham singdiribdiki, shu
kungacha aytganlaringizning hammasini imkonim boricha, qo‘limdan kelganicha ado etishga urinib
keldim.
Isajon Sulton. Boqiy darbadar (roman)
Dostları ilə paylaş: |