www.ziyouz.com kutubxonasi
90
Qirqinchi gunohi kabira
POKIZA AYOLLARGA TUHMAT QILISH
Alloh taolo aytadi:
«Albatta, (buzuq niyatlardan) bexabar, pokiza, mo‘mina ayollarni badnom
qiladigan kimsalar dunyoda ham, oxiratda ham la’natga duchor bo‘ladilar. Ular
uchun ulug‘ azob bordir. U Kun (qiyomat)da qilib o‘tgan (bo‘htonlari) sababli
ularning tillari ham, qo‘lu oyoqlari ham o‘zlarining ziyonlariga guvohlik berur»
(Nur surasi, 23–24).
«Pokiza ayollarni (zinokor) deb badnom qilib, so‘ngra (bu da’volariga) to‘rtta
guvoh keltira olmagan kimsalar(ni) – ularni sakson darra uringlar va hech
qachon ular tomonidan biron guvohlikni qabul qilmanglar! Ular fosiq – itoatsiz
kimsalardir» (Nur surasi, 4).
Haromdan saqlangan, pokiza, hur ayolga kimda-kim «zinokor» yoki «fohisha» deb
tuhmat qilsa, unga dunyo-yu oxiratda la’nat va ulkan azob bo‘lishini, bu dunyoda esa
sakson darra urilib, garchi ishonchli bo‘lsa-da, guvohligi boshqa qabul qilinmasligini Alloh
taolo bayon qildi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Yettita halok qiluvchi ishdan saqlaninglar», deb
ular orasida: «(Buzuq niyatlardan) g‘ofil, pokiza, mo‘mina ayollarga tuhmat qilish»ni
ham sanab o‘tganlar (Muttafaqun alayh).
Tuhmat qilish – pokiza, hur, muslima ayolga «ey zinokor» yoki «ey fohisha» va yo
shunga ma’nodosh so‘zlarni aytish, eriga «ey fohishaning eri» o‘g‘liga «ey fohishaning
o‘g‘li» qiziga «ey fohishaning qizi» deyish yoki shu kabi so‘zlarni so‘zlashdir.
Bironta erkak yoki ayol boshqa bir erkak yoki ayolga va yo yosh bolaga shu va shunga
o‘xshash so‘zlarni aytsa, shu so‘zlarning rostligiga to‘rtta guvoh keltirishi lozim. Agar
keltira olmasa, tuhmatga uchragan erkak yoki ayol talab qilsa, unga sakson darra
uriladi.
Shuningdek, quliga tuhmat qilgan kimsa ham azobga giriftor bo‘ladi. Rasululloh
sollallohu alayhi vasallam aytganlar: «Kimki quliga «zinokor», deb tuhmat qilsa, qiyomat
kunida unga had (jazo) qo‘llanadi. Agar gapi rost bo‘lsa, (jazo) qo‘llanmaydi»
(Muttafaqun alayh).
Ko‘p johillar behayo so‘zlarni aytishga odatlanib qolishgan. Holbuki, ular mana shu
so‘zlari bilan dunyoda gunohkor, oxiratda azobga giriftor bo‘ladilar. Zero, Rasululloh
sollallohu alayhi vasallam aytganlar: «Banda o‘ylamasdan bir so‘zni aytadi-da, u sababli
mashriq bilan mag‘rib orasidagi masofadan uzunroq masofaga do‘zaxga qulaydi»
(Muttafaqun alayh).
Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sollallohu alayhi
vasallam: «Odam farzandi xatolarining aksariyati tilidandir», dedilar» (Tabaroniy,
Bayhaqiy rivoyati).
Gunohi kabiralar. Imom Hofiz Shamsuddin Zahabiy
www.ziyouz.com kutubxonasi
91
Boshqa bir hadisi sharifda: «Kimki Alloh va oxirat kuniga ishonar ekan, unda yaxshi gap
gapirsin yoki sukut saqlasin», deyilgan (Muttafaqun alayh).
Savbon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Tiliga egalik qilgan, uyi sig‘dirgan va xatolariga yig‘lagan kishiga jannat bo‘lsin»,
dedilar (Tabaroniy rivoyati).
Ibn Mas’ud roziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar:
«Mo‘min ta’na qiluvchi, la’nat aytuvchi, axloqsiz va behayo so‘zlovchi bo‘lmaydi»
(Termiziy rivoyati).
Alloh taolo lutf-marhamati ila barchamizni tillarimiz yomonligidan saqlasin. Albatta, u
saxovatli, marhamatli zotdir.
Foyda: Musannif rahimahulloh aytadilar: «Kim pok ekanliklarini tasdiqlovchi oyat
tushganiga qaramasdan, Oisha roziyallohu anho onamizga tuhmat qilsa, u Qur’onni
yolg‘onga chiqargan kofir hisoblanadi va o‘ldiriladi».
Qirq birinchi gunohi kabira
LA’NAT AYTISH
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Musulmonni so‘kish fosiqlik, o‘ldirish
esa kufrdir» (Muttafaqun alayh).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Mo‘minni la’natlash uni o‘ldirish bilan
barobardir» (Muttafaqun alayh).
Abu Dardodan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar:
«La’natlovchilar qiyomat kunida shafoatchi ham, guvoh ham bo‘lmaydilar» (Muslim
rivoyati).
Imom Muslim rivoyat qilgan boshqa bir hadisda: «Siddiq kishi la’natlovchi bo‘lishi durust
emas», deyilgan.
Ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam
aytdilar: «Mo‘min ta’na qiluvchi, la’nat aytuvchi, axloqsiz va behayo so‘zlovchi
bo‘lmaydi» (Termiziy rivoyati).
Abu Dardo roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam
aytdilar: «Agar banda biron narsani la’natlasa, la’nat osmonga ko‘tariladi. Biroq osmon
eshiklari uning qarshisida yopiladi. So‘ng yerga qaytadi. Biroq uning qarshisida yer
eshiklari ham yopiladi. Keyin o‘ngga-so‘lga yuradi. Agar biron imkon (qo‘nimgoh)
topmasa, mabodo la’natlangan kishi munosib bo‘lsa, unga qaytadi. Munosib bo‘lmasa,
aytgan odamga qaytadi» (Abu Dovud rivoyati).
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam tuyasini la’natlagan ayolni tuyasidan mahrum
qilish bilan jazolaganlar.
Gunohi kabiralar. Imom Hofiz Shamsuddin Zahabiy
www.ziyouz.com kutubxonasi
92
Imron ibn Husayn roziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam
safarda edilar. Bir vaqt ansoriy ayollardan biri achchiqlanib, minib kelayotgan tuyasini
la’natladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam buni eshitdilar-da: «Ustidagi narsalarni
olib, o‘zini qo‘yib yuboringlar. Zero, u mal’un-la’natlangandir», dedilar. O‘sha tuya
odamlar orasida yurgani-yu, unga hech kim tegmaganini men hozir ham ko‘rib
turgandekman» (Muslim rivoyati).
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Kishi birodarining or-nomusiga tajovuz
qilishi eng katta sudxo‘rlikdir» (Bazzor rivoyati).
Amr ibn Qays aytgan ekanlar: «Agar kishi uloviga minsa, ulovi: «Ey Allohim, uni menga
mehribon hamroh qilgin», deydi. Agar uni la’natlasa: «Alloh va rasuliga osiy
bo‘lganlarimizga Alloh azza va jallaning la’nati bo‘lsin», deydi.
Dostları ilə paylaş: |