klassik yoki sof bozor iqtisodiyoti
deb nom oldi. Uning
asosiy belgilari: a) iqtisodiy faoliyat yuritishning xususiy mulkchilikka
asoslanganligi; b) kapital va ishlab chiqarishning korxona miqyosida
umumlashganligi; v) tadbirkorlar, ishchilar, tovar ishlab chiqaruvchilar va
iste’molchilarning shaxsan erkinligi; g) tadbirkorlarning yuqori foyda olish uchun
kurashlari; d) iqtisodiyotning talab va taklif, erkin bozor narxi va raqobat
kurashlari asosida tartiblanishi; e) aholining ijtimoiy himoya qilinmasligi,
ishsizlikning va aholi ijtimoiy tabaqalashuvining kuchayishi; j) bozor
xarakatlarining stixiyali amalga oshirilishi, noma’lum bozor uchun ishlash.
167
Bozor iqtisodiyotining ikkinchi ko‘rinishi
hozirgi zamon rivojlangan bozor
iqtisodiyoti
deb atalib, XIX asrning oxiri va XX asr boshlaridan buyon amal
qiladi. Uning asosiy belgilari:
a) iqtisodiy va tadbirkorlik faoliyatini yuritishning turli mulkchilik shakllari,
ya’ni xususiy, davlat, jamoa, aralash va boshqa mulk shakllariga asoslanganligi;
b) kapital va ishlab chiqarishning yuqori darajada umumlashganligi, mulkning
bir qismi yirik monopoliyalar va davlat qo‘lida to‘planib, milliy va xalqaro
miqyosda umumlashganligi;
v) iqtisodiyotni tartibga solishda davlatning faol ishtiroki. Bunda davlat fan-
texnika taraqqiyoti va boshqa omillarni hisobga olib, turli iqtisodiy tadbirlarni,
rivojlanish istiqbolini aniqlash, turli sohalar va tarmoqlar o‘rtasidagi nisbatlarni
tartibga solish chora-tadbirlarini belgilash vazifalarini bajaradi;
g) xo‘jaliklarni yuritishda reja usulidan foydalanishning kuchayishi (biznes
rejasi, prognozlash, turli xil dasturlar asosida ishlash, buyurtmalarni bajarish,
marketing tizimi orqali boshqarish va boshqalar);
d) ijtimoiy himoyaning kuchayishi. Bunda davlatga, jamoalar va xususiy
kishilarga tegishli turli xil ijtimoiy ta’minot va ijtimoiy sug‘urta fondlarining
vujudga kelishi.
Bu har ikkala turda bozor iqtisodiyotining asosiy belgilari va xususiyatlari
saqlanib qoladi, ularda tovar va pulning harakati, ularning qonun-qoidalari
rivojlanish uchun negiz va shart-sharoit bo‘lib xizmat qiladi.
Hozirgi zamon bozor xo‘jaligi iqtisodiyotdagi xususiy va davlat sektorlarining
o‘zaro aloqasiga asoslanadi. Iqtisodiyotga ta’sirning intensivligi darajasi hamda
davlat tomonidan hal etiluvchi ustuvor vazifalardan kelib chiqqan holda,
zamonaviy bozor iqtisodiyotining quyidagi modellari farqlanadi (5.2-rasm).
|