O‘quvchilarda vatanparvarlik va baynalminallik hissini shakllantirish – fuqarolik tarbiyasining asosi. Fuqarolik tarbiyasini tashkil etish jarayonida shaxsda
vatanparvarlik (lotincha “patriots” – vatandosh, “patris” – vatan, yurt) tuyg‘usini shakllantirishga e’tibor qaratiladi. Zero, fuqaro davlatning a’zosi sifatida uning sha’ni, obro‘-e’tiborini ta’minlashi, uning manfaatlari uchun kurasha olishi zarur.
“Vatan atamasi aslida arabcha so‘z bo‘lib, ona yurt ma’nosini bildiradi, Vatan tushunchasi keng va tor ma’noda qo‘llaniladi. Bir xalq vakillari jamuljam yashab turgan, ularning ajdodlari azal-azaldan istiqomat qilgan hudud nazarda tutilsa, bu keng ma’nodagi tushunchadir. Kishi tug‘ilib o‘sgan uy, mahalla, qishloq nazarda tutilsa, bu tor ma’nodagi tushunchadir”.
“Vatanparvarlik – o‘z taqdirini vatan, millat taqdiri bilan bog’lagan barcha kishilarga xos fazilat. Millat taraqqiyotining imkoniyatlari, shon-shuhrati, obro‘-e’tibori ham shu millat kishilar vatanparvarlik tuyg’usining darajasi bilan bog‘liqdir”
Vatanparvar shaxs qiyofasida quyidagi sifatlar namoyon bo‘ladi:
Vatanga bo‘lgan mehr-muhabbat, unga sadoqat; o‘zi mansub bo‘lgan millat o‘tmishi, urf-odatlari, an’analari va qadriyatlariga sodiqlik;
Vatan va millat tarixidan g‘ururlanish; yurtning moddiy, shuningdek, millat tomonidan yaratilgan ma’naviy boyliklarini asrash, ularni ko‘paytirish borasida g‘amxo‘rlik qilish; Vatan ravnaqi va millat taraqqiyoti yo‘lida mehnat qilish;
Vatan ozodligi va millat erkiga qilinayotgan har qanday tahdidga qarshi kurashish; Vatan va millat obro‘si, sha’ni, or-nomusini himoya qilish;
Vatan ravnaqi va millat taraqqiyotiga nisbatan ishonchga ega bo‘lishi.
Vatanparvar shaxs o‘z vatanini uning boyliklari yoki vatanining qulay geografik hududda joylashganligi uchun emas, balki, o‘zi Vatanning bir bo‘lagi ekanligi, o‘zi mansub bo‘lgan millatning shu Vatanda, shu makonda yashashi uchun qadrlay olishi, unga nisbatan chuqur hurmat ko‘rsatishi zarur.
Abdulla Avloniy o‘z asarlarida “Vatan” tushunchasiga ta’rif berib, uning ravnaqi uchun kurashish vatanparvar insonga xos xususiyat ekanligi quyidagicha qayd etadi: “Har bir kishining tug‘ilib o‘sgan shahar va mamlakatini shul kishining vatani deyilur. Har kim tug‘ilgan, o‘sg‘on yerini jonidan ortiq suyar. Hatto bu vatan hissi – tuyg‘usi hayvonlarda ham bor. Agar bir hayvon o‘z vatanidan – uyuridan ayrilsa, o‘z yeridagi kabi rohatda yashamas. Biz turkustonliklar o’z vatanimizni jonimizdan ortiq suydig‘imiz kabi. Arablar Arabistonlarini, qumlik, issiq cho‘llarini, eskumular shamol taraflarini, eng sovuq va muzlik yerlarini boshqa yerlardan ziyod suyarlar. Agar suymasalar edi, havosi yaxshi, tiriklik oson yerlarga o‘z vatanlarini tashlab hijrat qilur edi”.
Inson o‘zi tug‘ilib o‘sgan vatanda orzu-umidlari, niyatlari, hayotiy intilishlari bilan o‘ziga yaqin bo‘lgan kishilar davrasida bo‘ladi, o‘zi ko‘nikkan turmush tarzi bo‘yicha kun kechiradi, bolalikdan o‘zi ko‘nikkan ijtimoiy munosabatlar jarayonida ishtirok etadi, hayotining bir qismiga aylangan tilda so‘zlashadi va u shu muhitdagina o‘zini erkin his qiladi. Begona yurtlarda u o‘ziga tanish bo‘lgan, o‘zi ko‘nikkan muhitni topa olmaydi. Shu bois garchi iqtisodiy jihatdan rivojlangan mamlakatga safar uyushtirgan bo‘lsa-da, o‘z yurtini tezda sog‘inadi.
O‘quvchilar o‘rtasida vatanparvarlik va baynalminallik tarbiyasi ularga oid mavzularda suhbat, davra suhbati, matbuot konferensiyasi, viktorina, uchrashuv, ko‘rik- tanlov, bahs-munozaralar tashkil etish kabi shakllarda amalga oshirilishi mumkin. Shuningdek, muzeylarga ekskursiyalar uyushtirish, vatanparvarlik va baynalminallik mavzularida yaratilgan asarlar mazmunini birgalikda o‘rganish, kinofilmlar tomosha qilish ham o‘zining ijobiy natijasini beradi.
O‘quvchilarda baynamlinallik tuyg‘usini shakllantirishda ta’lim muassasalari qoshida faoliyat yurituvchi “Do‘stlik klubi”ning ta’siri kattadir. Binobarin, turli millatlarga mansub bolalar o‘rtasida do‘stlik aloqalarining bog‘lanishi ularda bir- birlariga nisbatan hurmatni qaror toptiribgina qolmay, o‘zga millat yoki elatlarning urf- odatlari, an’analari, tili, madaniyati va qadriyatlarini puxta o‘rganishga ko‘maklashadi. Bu boradagi bilimlar esa ularda shovinistik (millatchilik) kayfiyatining shakllanishiga to‘sqinlik qiladi. Shuningdek, o‘quvchilarni Respublika Baynalminal markazi yoki joylardagi Milliy-madaniy Markazlarning faoliyati bilan yaqindan tanishtirish, ayni vaqtda respublika hududida turli millat va elat vakillarini birlashtiruvchi 138 ta Milliy- madaiy markazlar faoliyat yuritayotgani to‘g‘risida ma’lumotlar berib, ular tomonidan uyushtirilayotgan tadbirlarga o‘quvchilarni faol jalb etish ham ijobiy natijalarni beradi.
Yoshlarda vatanparvarlik tuyg‘usini shakllantirishda harbiy vatanparvarlik tarbiyasining ham ahamiyati beqiyosdir. Respublika “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati rahbarligida harbiy vatanparvarlik g‘oyasini targ‘ib etuvchi “Vatanparvar” o‘yinlari, musobaqalarining o‘tkazilishi maqsadga muvofiqdir. O‘quvchilarni ijtimoiy- g‘oyaviy, ma’naviy-axloqiy, psixologik-irodaviy, jismoniy hamda harbiy-vatanparvarlik tarbiyasini tashkil etish ular tomonidan Vatanni himoya qilishdek muqaddas burchni anglashlariga yordam beradi. Harbiy vatanparvarlik tarbiyasi yoshlarni vatan himoyasi hamda harbiy mudofaaga tayyorlash, ularda favqulodda holatlarda harbiy mudofaani tashkil etish ko‘nikma va malakalarini shakllantirishga yo‘naltirilgan pedagogik jarayon.
Dostları ilə paylaş: |