Oila va jamiyatda ekologik mavzulardagi suhbat, davra suhbati, ekskursiya, bahs- munozara, ijodiy tanlovlar, uchrashuv, ijtimoiy-foydali mehnat (shanbalik, hashar, ko‘kalamzorlashtirish) kabilar ekologik tarbiya samaradorligini oshiradi. Oila tarbiyasida suhbat, kuzatish va, amaliy faoliyatni tashkil etish, rag‘batlantirish va jazolash kabi metodlardan foydalanish ham o‘quvchilarning ekologik madaniyatini riaojlantiradi. O‘quvchi tarbiyasida ishtirok etayotgan sub’yektlarning shaxsiy namunalari, o‘quv manbaalari, badiiy adabiyotlar, ommaviy axborot vositalari (jumladan, Internet) materiallarining g‘oyalari o‘quvchilarda ekologik madaniyatni shakllantirishning muhim vositalari sanaladi.
Fuqarolik tarbiyasining mazmuni va vazifalari. Mustaqil O‘zbekiston Respublikasida shakllanayotgan milliy istiqlol g‘oyalari fuqarolarni Respublika Konstitutsiyasida e’tirof etilgan insonparvar, demokratik, huquqiy davlat va huquqiy jamiyatni barpo etishdek ezgu maqsad atrofida birlashtirishga xizmat qiladi. Har bir fuqaroning ijtimoiy-siyosiy, huquqiy faolligini yuzaga keltirish, huquqiy madaniyatini qaror toptirish – fuqarolik (huquqiy) jamiyatning asosiy talabi sanaladi.
Jamiyatda qonun yo‘li bilan belgilangan talablar fuqaro xulqini baholash, xatti- harakatlari mohiyatini tahlil qilish uchun mezon bo‘lib xizmat qiladi. Ana shu talablarga muvofiq fuqaroning xulq-atvoridagi ayrim ko‘rinishlar, harakatlar yoki odatlar ma’qullanadi yoki qoralanadi.
O‘zR ijtimoiy maqsadi demokratik, insonparvar huquqiy davlat va jamiyatni qurishdir. Uni bunyod etish jarayonida yangi ijtimoiy fuqarolik tarbiyasini tashkil etish vazifalarini yanada murakkablashtiradi. Huquqiy jamiyat barpo etilishining
muvaffaqiyati fuqarolarning ijtimoiy-siyosiy onglilik darajasi, fuqarolik fazilatlarining shakllanganligi va ijtimoiy faollik ko‘rsatkichlariga bog‘liq.
Fuqarolik tarbiyasifuqarolik tushunchasining mohiyatini anglatish orqali o‘quvchilarda yuksak darajadagi fuqarolik madaniyatini shakllantirish, ularni xalq, Vatan, jamiyat manfaatlari yo‘lida kurashuvchi fuqarolar etib tarbiyalashga yo‘naltirilgan pedagogik jarayon.
Fuqarolik tarbiyasining markaziy obyekti fuqaro sanaladi. Fuqaro fuqaroligi huquqiy jihatdan e’tirof etilgan hamda muayyan jamiyat (davlat) a’zosi bo‘lgan shaxsdir. Fuqarolik esa huquqiy va axloqiy meyorlarga ongli rioya etish, ma’lum huquqlardan foydalanish hamda burchlarni bajarishga mas’ullik bilan yondoshuv, mehnat jarayoni va jamoadagi faollik, ma’naviy yetuklik asosida muayyan davlatga mansublik. Fuqarolik tarbiyasining vazifalari quyidagilardan iborat:
Yosh avlodni jamiyatda ustuvor bo‘lgan axloqiy va huquqiy meyorlarga rioya etishga o‘rgatish.
O‘quvchilarga fuqarolik huquq va burchlari to‘g‘risida ma’lumotlar berish, ularda fuqarolik faoliyati ko‘nikma va malakalarini hosil qilish.
O‘quvchilarda davlat ramzlariga nisbatan hurmat va muhabbatni qaror toptirish, Respublika Prezidenti sha’ni, or-nomusini himoya qilishga tayyorlik hissini shakllantirish.
Ularda xalq o‘tmishi, milliy qadriyatlarga nisbatan muhabbat tuyg‘usini uyg‘otish, ulardan g‘ururlanish, faxrlanish va iftixor hislarini oshirish.
Vatan, xalq va millat ishiga sodiqlik, o‘z manfaatlarini yurt manfaatlari bilan uyg‘unlashtira olishga erishish, fidoiy fuqaroni tarbiyalab voyaga yetkazish.
Vatan, yurt ozodligi va mustaqilligini e’zozlovchi, ardoqlovchi, uni himoya qilishga tayyor fuqaroni tarbiyalash
O‘quvchilarning fuqarolik tarbiyasini tashkil etishda shaxsga davlat Konstitutsiyasida ko‘rsatilgan huquqlardan foydalanish hamda burchlarni bajarish xususida ma’lumotlar berish, ularda ijtimoiy faoliyatni tashkil etishda huquqlardan foydalanish va burchlarni bajarish bo‘yicha ko‘nikma va malakalarni hosil qilish maqsadga muvofiqdir.
Respublika Bosh qonunida shaxsning quyidagi huquqlari kafolatlanadi: yashash huquqi, erkinlik va shaxsiy daxlsizlik, ayblanayotgan shaxs ishining sudda qonuniy tartibda, oshkora ko‘rib chiqilishi, har kim o‘z sha’ni va obro‘siga tahdid qiladigan tajovuzlardan, shaxsiy hayotga aralashishdan himoyalanish va turar-joy dahlsizligi, Respublika hududida bir joydan ikki joyga ko‘chish, O‘zRga kelish va undan chiqib ketish, fikrlash, so‘z va e’tiqod erkinligi, vijdon erkinligi, davlat ishlarini boshqarishda bevosita yoki o‘z vakillari orqali ishtirok etish, qonuniy mitinglar, yig‘ilishlar va namoyishlarda ishtirok etish, kasaba uyushmalarida, siyosiy partiyalarga va boshqa jamoat birlashmalariga uyushish, ommaviy harakatlarda ishtirok etish, saylash va saylanish, mulkdor bo‘lish, mehnat qilish, erkin kasb tanlash, dam olish, qariganda yoki
mehnat qilish layoqatini yo‘qotganda, shuningdek, boquvchisidan mahrum bo‘lganda ijtimoiy ta’minotdan foydalanish, tibbiy xizmatdan foydalanish, bilim olish, ilmiy va texnikaviy ijod erkinligi.
O‘quvchilarga huquqlari borasidagi bilimlarni berish bilan birga fuqarolarning burchlari nimalardan iborat ekanligi haqida ma’lumot berish, bu xususida o‘quvchilarda amaliy ko‘nikmalarni hosil qilish ko‘zlangan maqsadga erishishda muvaffaqiyat omili bo‘ladi.