Tayanch sо‘zlar va iboralar Axborot, ichki axborotlar, tashqi axborotlar, oddiy tizim, murakkab tizim, aralash axborot tizimi, samarali quloq solish.
Nazorat uchun savollar 1. Axborot nima? Uning boshqaruvdagi roli nimalardan iborat?
2. Axborotga nisbatan qanday talablar qо‘yiladi?
3. Axborotlar qanday turkumlanadi?
4. Samarali quloq solish nima degani, ta’rifini bilasizmi?
5.Prezidentning axborot kommuniatsilarini rivojlantirish borasidagi qaysi Farmonlarini bilasiz?
6. Rahbar axborot-kommunikatsion texnologiyalarini qay darajada mukammal bilishi lozim?
7. Axborotni qanday uzatish va qabul qilish lozim?
8.Siz rahbarlik faoliyatingizda axborotlardan qanday foydalanasiz?
Mavzu bо‘yicha tavsiya etiladigan adabiyotlar: 1.“Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasini yanada takomillashtirish chora – tadbirlari tо‘g‘risida” gi Prezident Farmoni .2018 yil 19 fevral.
2.P.Fedotov. Menejment v sfere kulturi. Velikiy Novgorod , 2015.
3.M.Sharifxо‘jayev, YO.Abdullayev.Menejment.Toshkent.О‘qituvchi,2001.
1.6. BOSHQARUV QARORLARI
REJA
1.Boshqaruv qarorlari va turlari.
2.Boshqaruv qarorlarini qabul qilish.
3.Qaror qabul qilishni nazorat qilish.
Darsning maqsadi: talabalarga madaniyat va san’at sohalarini boshqarish qarorlari, qarorlarni nazorat qilish, bajarilishini ta’minlash xususida ma’lumotlar berish. Inson hayoti turli xil vaziyatlar, xolatlar, sharoitlar jarayonida amalga oshar ekan, har bir lahzada, har bir qadamdaqaror qabul qilish zaruriyatiga duch keladi. U ish faoliyati bо‘ladimi, yaqinlar, tanish-bilishlar bilan munosabatlar bо‘ladimi, xatto о‘z-о‘zimizning holatimiz, о‘z-о‘zimizni tushunishga taalluqli jarayonlar bо‘ladimi, barchasida qaror qabul qilish vazifasi kо‘ndalang bо‘lib turadi. Va bizning faoliyatimizning, munosabatlarimizning, qisqasi, butun hayotimizning qanday tashkil ettirilishi va natijalari aksariyat hollarda qabul qilgan qarorimiz xarakteriga bevosita bog‘liq bо‘lib qoladi.
О‘rinli savol tug‘iladi:
Nima uchun bitta shaxsning о‘zi turli xil vaziyatlarda, turli sharoitlarda aynan bitta masala bо‘yicha bir xil qaror qabul qilishi mumkin emas?
Bu qaror oldingi qarorning aynan aksi bо‘lsa-chi?
Nega biz ba’zi holatlarda tо‘g‘ri qaror qabul qilishda ikkilanamiz?
Nima uchun ba’zi qarorlarimiz qо‘llab-quvvatlansa, boshqalari tо‘g‘ri bо‘lsa ham, kerakli bо‘lsa ham qо‘llab-quvvatlanmaydi?
Qarorimizning о‘zgalar nazarida optimal natijaga erishishi dargumon deb gumon qilinmasligi uchun qanday harakat qilmoq kerak?
Mana shunday qator savollar inson psixologiyasi xususiyatlaridan kelib chiqib, tо‘g‘ri javob berishga undaydi.
Ekspertlarning xulosalari shuki, qarorlarning standart variantlari mavjud emas va ularni algoritmik tarzda qabul qilib ham bо‘lmaydi. Bu esa qaror qabul qilishda subyektiv, psixologik omillarning roli juda yuqoriligini kо‘rsatadi. Tо‘g‘ri, qaror qabul qilish jarayonini yengillashtiruvchi kо‘plab qoidalar, amallar va metodlar mavjud. Lekin har birimiz о‘z tajribamizdan bilamizki, qaror qabul qilish jarayonida formallashtirilmagan, subyektiv, xatto kо‘pincha intuitiv omillarning roli juda katta bо‘ladi. Shu nuqtai nazardan qaraganda qaror qabul qilish ham boshqaruv nazariyasi, ham psixologiya nuqtai nazaridan tadqiqot predmeti bо‘lib hisoblanadi. Shunday ekan, qaror qabul qilish funksiyasi jarayonini tahlil etish ikkita asosiy, bir-biridan keskin farq qiluvchi, lekin juda о‘zaro bog‘liq ikkita sohani – tashkiliy va psixologik sohani о‘z ichiga oladi.
Ta’kidlash kerakki, boshqaruv qarorlarini qabul qilish muammosi boshqaruv tо‘g‘risidagi ta’limotni rivojlanishida muhim rol о‘ynagan. Lekin uzoq yillar davomida xulq-atvorning, shu jumladan qaror qabul qilishning ratsionalligi nuqtai nazaridan yondasha borib, rahbar turli xil vaziyatlarga tо‘liq tayangan holda tо‘g‘ri qaror qabul qilishga erishishi kerak degan qat’iy xulosaga asoslanib kelingan. Lekin CH.Bernard, G.Saymon, D.March, D.Olsenlarning tadqiqot ishlari natijasida odamga xos bо‘lgan psixofiziologik cheklanishlarning mavjudligi obyektiv sharoitlarni tо‘liq hisobga olish va natijada ratsional xulq-atvorga va qaror qabul qilishga erishish mumkin emasligi isbotlandi
Boshqaruv qarorlarini qabul qilishga doir qator tashkiliy omillar borki, mazkur tashkiliy omillar yordamida qabul qilingan qarorning mazmun-mohiyati va sifati belgilab beriladi.
Bular:
- qaror qabul qilish muhitining noaniqligi;
-murakkabligi va dinamikligi.
Qaror qabul qilish muhitining murakkabligi deganda qaror qabul qilish jarayonida hisobga olish zarur bо‘lgan kо‘p sonli omillar mavjudligi, ularning о‘zaro bog‘liqligiva о‘zaro bir-biriga ta’sir qilishi tutuniladi. Bu ma’noda ayrim omillarning о‘zaro bog‘liqligi kо‘pincha boshqa bir omillarning о‘zgarishiga sabab bо‘lishi nazarda tutiladi. Qaror qabul qilish jarayoni psixologik jarayon bо‘lganligi sababli shaxsning qaror qabul qilishiga ta’sir kо‘rsatadigan qator psixologik mexanizmlar va qonuniyatlarga, ularning fanda о‘rganilganligiga e’tibor qaratish zarur.
Inson psixologiyasida qator qonuniyatlar mavjudki, ularning qaror qabul qilish jarayoniga bevosita ta’sir kо‘rsatishi fanda о‘rganilgan. Bular idrok va xotira xususiyatlari, informatsiyaning qanday va tarzda kelganligi bilan bog‘liq xolatlardir.
Madaniyat va san’at muassasalarini boshqaruvchisi yoki rahbarining har bir masalada chiqargan qarori muhim ahamiyatga ega. Ushbu qaror tashkilot yoki muassasaning keyingi kelajagini bildirish bilan birga, har bir xodimning ishlash sur’atlarini, ishga bо‘lgan munosabatini ham ifodalaydi. Boshqaruvchi mehnatining eng asosiy mezoni qaror qabul qilishi bilan xarakterlanadi.Bu qonuniy-meyoriy hujjatda mujassam vazifalarni ado etish va maqsadga erishish uchun о‘nlab, yuzlab, ba’zan esa kо‘p minglab kishilar birga faoliyat kо‘rsatadilar, jazolanadilar, rag‘batlantiriladilar.Shu bois qabul qilinadigan qaror aniq va chuqur asoslangan, mohiyatan kо‘lamli va mazmunli bо‘lishi lozim. Har bir rahbarning qaror qabul qilish modeli har xil, lekin qarorlar kо‘lamiga qarab, ilmiy asoslangan bо‘lishi mazkur qarorlarni muayyan ishlab chiqarish sharoitini tahlil qilishdan kelib chiqib, iqtisodiy, ijtimoiy va boshqa hozirgi zamon fan yutuqlari asosiga xizmat qilishini hisobga olish zarur. Qarorlarning haqqoniyligi, tо‘g‘ri yо‘naltirilganligi, qisqa va lо‘ndaligi, vaqt meyorlariga rioya etilganligi, operativligi, bajarish imkoniyatlarining hisobga olinganligi ushbu modellarning о‘zagini tashkil etadi. Rahbarning asosiy vazifasi qarorlarning tо‘g‘ri qabul qilinishi, bajarilishini tashkil qilish, qaror zamirida tashkilot manfaatlariga zid xulosalarning bо‘lmasligi, о‘z vaqtida rasmiylashtirish, ijrosini nazorat qilishdan iborat. Bu borada boshqarish qarorlari buyruq tarzida yoki farmoyish bilan rasmiylashtirilgandan sо‘ng qonun tusiga kirishi, qonuniy-meyoriy hujjat esa albatta adolatli bо‘lishi ta’minlanadi. Bu о‘rinda menejerlarning vazifasi qarorlar sifati va ijrosini nazorat qilishdan iborat bо‘ladi. Taniqli olimlarimiz qaror qabul qilish, unda rahbarning о‘rni va mas’uliyati haqida kо‘plab о‘rinli tavsiyalarni ishlab chiqqanlar, mana shulardan biri. Qarorlar bajarilishini ta’minlashni nazoratsiz tasavvur qilib bо‘lmaydi.Qarorni ishlab chiqish va qabul qilish bu rahbar faoliyatida tashabbuskor jarayon. U quyidagi bosqichlarni о‘z ichiga oladi:
1.Maqsadni qо‘yish va uni ishlab chiqish.
2.Muammoni о‘rganish.
3.Qaror qabul qilishda samaradorlik mezonini tanlash va asoslash.
4.Qaror variantlarini kо‘rib chiqish.
5.Muqobil variantni tanlash.
6.Qaror qabul qilish.
7.Qaror ijrosini uyushtirish.
8.Qarorning bajarilishini nazorat qilish35.