Vegetativ innervatsiyaning ahamiyati. Vegetativ nerv sistemasining vazifasi periferik organlardagi, shuningdek markaziy nerv sistemasidagi modda almashinuvi, qo’zg’aluvchanlik va avtomatiyani boshqarishdan iborat. Vegetativ nerv sistemasi to’qima va organlarning fiziologik holatini boshqarib va o’zgartirib, ularni butun bir organizmning shu paytdagi faoliyatiga moslashtiradi. Organlarning ishlash sharoitiga qarab, ularga vegetativ nerv sistemasi tuzatuvchi yoki ishga tushiruvchi ta’sir ko’rsatadi. Organ avtomatiyali bo’lib, uzluksiz ishlasa, simpatik yoki parasimpatik nervlar orqaLi keluvchi impulslar esa organ faoliyatini faqat kuchaytirsa yoki susaytirsa tuzatuvchi (korrektsiyalovchi) ta’sir ko’rsatdi, deb aytishadi.
Qo’shaloq vegetativ innervatsiya. Vegetativ nerv sistemasidan innervatsiyalangan organlarning aksarisi shu sistemaning ikki bo’limiga— simpatik va parasimpatik nerv «istemasiga bo’ysunadi. Organlarga vegetativ nervlar orqali keluvchi impulslar ta’sirida shu organlar faoliyatining o’zgarishi haqidagi ma’lumotlar quyidagi jadvalda keltirilgan.
Simpatik va parasimpatik nervlarning organlarga ta’siri.
Simpatik va parasimpatik bo’limlar ko’pgina organlarga qaramatsarshi ta’sir ko’rsatadi, ya’ni funktsional antagonistlar hisoblanadi. Nerv sistemasining shu ikki bo’limi o’rtasidagi funktsional antagonizm yana shunda ko’riladiki, ulardan biri organizm holatini bir yo’nalishda o’zgartiruvchi ichki sekretsiya bezini innervatsiyalay oladi, ikkinchisi esa organizm holatini qarama-qarshi yo’nalishda o’zgartiruvchi boshqa bezni innervatsiyalaydi. Masalan, simpatik nervlar buyrak usti bezining mag’iz qavatini innervatsiyalab, adrenalin chiqishini kuchaytirady va, shu tariqa, qondagi qandni ko’paytiradi, ya’ni giperglikemiyaga sabab bo’ladi, parasimpatik nervlar me’da osti bezining Langergans orolchalarini innervatsiyalab, insulin chiqishini kuchaytiradi, buning oqibatida esa qondagi qand kamayadi, ya’ni gipoglikemiya ro’y beradi.
Simpatik va parasimpatik sistemalar ta’sirida organizmda ro’y beruvchi funktsional o’zgarishlar yig’indisini analiz qilish shuni ko’rsatadiki, simpatik nerv sistemasi organizm kuchlariga zo’r berishini talab qiladigan sharoitda uning intensiv ishlashiga imkon bersa, parasimpatik nerv sistemasi, aksincha, o’sha zo’r berib ishlash paytida organizm yo’qotgan resurslarning tiklanishiga yordam beradi. Darhaqiqat, simpatik nerv sistemasi qo’zg’olganda yurak tezroq urib, qisqarish kuchi oshadi, qonning arterial bosimi ko’tariladi, jigardagi glikogen parchalanib, qonda glyukoza ko’payadi, skelet muskullarining ish qobiliyati ortadi; parasimpatik nerv sistemasi qo’zg’alganda esa, aksincha, yurak sekinroq urib, qisqarish kuchi kamayadi, qon bosimi pasayadi, insulin ko’proq ishlanib chiqib, glikogenning to’planishiga va qondagi glyukozaning kamayishiga imkon beradi, me’dadan va me’da osti bezidan shira chiqishi kuchayib, ovqat hazmi osonlashadi. Organizmning shoshilinch ish ko’rishini talab qiladigan har xil sharoitda simpatik nerv sistemasi tonusining oshib ketishi, uyqu vaqtida, aksincha, parasimpatik nerv sistemasi tonusi oshib ketishining ahamiyati shundan tushunarli.