Imom iso Termiziy dan (824-892) «Payg’ambarning alohida fazilatlari», «Hadislardagi ixtilof va bahslar haqida
risola», «Tarix» va boshqa asarlar meros bo’lib qolgan. Imom Termiziy hadislarni muntazam ravishda to’plab, muayyan
tartibga solgan va yaxlit bir kitob shakliga keltirgan.
Abu Hanifa an-Nu’mon hanafiya mazhabiga asos solgan, barcha islom tarqalgan hududlarda o’z mavqeiga ega
bo’lgan. Bu mazhabning muhim jihatlari kalom va ilohiyot sohalarining piri Abu Mansur Moturidiy (vafoti 944 y.) ning
«Tavhid» va «Ta’vilot» asarlarida va Burhoniddin al-Marg’inoniy (1123-1197) ning «Hidoya» to’plamida o’zining
yorqin ifodasini topgan. Ularning asarlarida aql maqomi va mantiq ilmiga, ilm va dalilga keng o’rin berilgan.
Muhammad al-Xorazmiy (783-850) va Ahmad al-Farg’oniy (taxm. 797-865) butun musulmon Sharqi va
jahonda tabiiy va aniq fanlar rivojiga salmoqli hissa qo’shgan buyuk allomalardir. Muhammad al-Xorazmiy arab
xalifaligining poytaxti Bag’dodda «Donishmandlik maskani» («Bayt ul-hikma») ga rahbarlik qilgan. Uning
«Astronomiya jadvali», «Hind hisobi to’g’risida risola», «Quyosh soati to’g’risida risola», «Musiqa haqida risola»,
«Tiklash va qarshi qo’yish hisobiga oid muxtasar kitob» kabi asarlarida algebra sohasiga asos solindi.
Sharq xalqlari orasida «Buyuk matematik» unvoniga sazovor bo’lgan Ahmad al-Farg’oniy (taxm. 798 y. da Quvada
tug’ilgan) astronomiya va matematika sohalarida nom taratdi. Uning «Samoviy jismlar harakati va yulduzlar fanining
majmuasi haqida kitob», «Astronomiya asoslari», asarlarida koinot xaritasi tuzildi. Er va fazoviy sayyoralar hajmi,
iqlimlar, jo’g’rofiy kengliklar to’g’risida kuzatuvchilar orqali asoslangan yangi ma’lumotlar berilgan, ilm-fanning yangi
yo’nalishlariga asos solingan. Qo’lga kiritilgan ma’lumotlarni umumlashtirish, tadqiqotda hissiy va aqliy mushohada
mushtarakligi allomaga xos xususiyatlar sifatida dunyoqarashni shakllantirishning muhim omillari bo’lib keldi va undan
keyin yashagan ilm ahliga ta’siri sezilib turdi.
Falsafa, tabiatshunoslik va tibbiyot tarixini Forobiy, Beruniy va Ibn Sinosiz tasavvur qilib bo’lmaydi.