Barqarorlik – jamiyat taraqqiyotining tadrijiy rivojlanishi, ijtimoiy tizimning muayyan darajadagi bir tekis faoliyat
ko’rsatish imkoniyatidir. U turg’unlik tushunchasidan keskin farqlanadi. Ijtimoiy-siyosiy turg’unlik tushunchasi
jamiyatdagi mavjud siyosiy, iqtisodiy, ma’naviy tizimning tanazzuli alomatidir.
Jamiyatda barqarorlik beqarorlik bilan, inqiroz gullab-yashnash bilan almashib turishi ham mumkin. Jamiyatning
ma’naviy, iqtisodiy, siyosiy, huquqiy sohalarida muayyan yutuqlarga erishilgach, ijtimoiy imkoniyatlar ruyobga
chiqarilib bo’lgach, uning bundan keyingi taraqqiyoti yo’lida yangi muammolar tug’iladi va ularni hal etish vazifasi
paydo bo’ladi. Jamiyat a’zolarining ma’naviy salohiyati, milliy psixologiyasi, tabiiy ravishda mavjud siyosiy tuzum
kishilarni boshqarishning o’ziga xos usullarini hayotga tadbiq etadi. Insoniyat hayoti tarixida jamiyat barqarorligini
ta’minlashning monarxiyaga asoslangan, aristokratik, totalitar va demokratik usullari tajribadan o’tgan.
Beqarorlik ichki va tashqi jarayon va tahdidlar natijasida vujudga keladi. Beqarorlik bir ijtimoiy-siyosiy tuzumdan
boshqa bir ijtimoiy-siyosiy tuzumga o’tish davrida keskinlashishi mumkin. Jamiyat barqarorligining izdan chiqishi
kishilar psixologiyasidagi salbiy o’zgarishlarda, qonunlarning ishlamasligida, ijtimoiy burchning ado etilmasligida,
ijtimoiy ideallarning yo’qolishida, g’oya va mafkuraga loqaydlikning kuchayishida, turli jinoiy guruhlarning paydo
bo’lishida, ijtimoiy adolat mezonlarining buzilishida, davlat idoralarining aholini boshqarish qobiliyati
kuchsizlanishida, turli ziddiyatlarning keskinlashuvida o’z ifodasini topadi.
Jahon tajribasi har bir mamlakat va xalqning o’z taraqqiyot yo’lini tanlash huquqiga ega bo’lishi umumiy xavfsizlik
va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash garovi ekanini ko’rsatdi. O’zbekiston milliy mustaqillikka erishganidan keyin o’z
milliy davlatchilik asoslarini mustahkamlash, o’ziga xos va mos taraqqiyot yo’lini tanlash, rivojlanishning o’zbek
modelini yaratish imkoniga ega bo’ldi.