NUTQ USLUBLARIDA SINONIMIYA
R e j a:
Sinonimiya tushunchasi.
Leksik va grammatik sinonimlar.
Sinonimlarning vazifaviy uslublarda namoyon bo‘lish xususiyatlari.
Sinonimiyaga oid o‘zbek tilshunosligida yozilgan maqolalar ham salmoqli miqdorni tashkil qiladi. Afsuski, bu o‘rinda ularning barchasini sanab o‘tishning imkoni yo‘q. Faqatgina R.Qo‘ng‘urov va S.Karimovlar tomonidan tuzilgan «O‘zbek tili stilistikasi va nutq madaniyati» (Samarqand, 1984) bibliografik ko‘rsatkichidagi 62, 108, 148, 202, 205, 206, 224, 233, 234, 241, 337, 384, 526, 606, 609, 640, 734, 749, 751, 752, 855, 980, 1093 hamda S.Karimov va T.Jo‘rayevlar tomonidan tartib berilgan «O‘zbek tili uslubshunosligi va nutq madaniyati» (Samarqand, 2001) bibliografik ko‘rsatkichida 61, 111, 273, 315, 360, 428-raqamlarda qayd etilgan adabiyotlarni eslatib o‘tamiz. Bular orasida M.Rahmatullayevaning «Alisher Navoiy tilidagi sinonimlarni o‘rganish masalasiga doir» (T., 1965) mavzusida yozilgan nomzodlik dissertasiyasi diqqatga sazovor.
Sanab o‘tilgan adabiyotlarning ko‘pchiligida sinonimlar sifatida leksik birliklar va ular o‘rtasidagi ma’no munosabatlari qaralib, ularga ma’nolari bir xil yoki ma’nolari bir-biriga yaqin so‘zlar deb baho beriladi. Ammo o‘zbek tilidan olingan qator misollar tahlili shuni ko‘rsatadiki, keltirilgan bu ta’riflarning birontasi ham sinonimiya deb ataladigan lingvistik hodisaning mohiyatini to‘liq qamrab ololmaydi.
Birinchidan, tabiat va jamiyatda bir-biriga aynan o‘xshash narsa va hodisaning o‘zi bo‘lmagani singari ularning aynan mohiyatini aks ettiradigan ikki yoki undan ortiq so‘zlarni topish qiyin. Tilimizda respublika-jumhuriyat, universitet-dorilfunun, arxitektura-me’morchilik, lingvistika-tilshunoslik, stilistika-uslubshunoslik singari dubletlar yashab kelmoqda. Garchi dublet sanalsa ham, nutqda biri o‘rnini ikkinchisining bosa olmasligi ularning yashovchanligini ta’minlaydi. Garchi rasmiy hujjatlar va chiqishlarda O‘zbekiston Respublikasi deb qayd etilgan holda, jumhuriyat birligi so‘zlashuv nutqi bilan chegaralanadi. Samarqand Davlat universiteti, Samarqand Davlat dorilfununi desa bo‘ladi, ammo hayot dorilfununi deyish mumkin bo‘lgani holda uni hayot universiteti tarzida qo‘llab bo‘lmaydi.
Bu esa respublika, universitet so‘zlarining baynalmilal xarakterda ekanligi bilan, jumhuriyat so‘zining bir qadar eskirganligi, hududiy chegaralanganligi, dorilfunun so‘zining ma’nosi universitet ga qaraganda qamrovi kengligi, umumiylik, universitet so‘zida esa bu ma’noning aniqligi, atama mazmunida ekanligi bilan bog‘liq. Demak, faqat yuzaki qaraganimizdagina bu so‘zlarning ma’nosini bir deb xulosa chiqarishimiz mumkin. Matnlar esa aslida bunday emasligini tasdiqlaydi. Ular, hyech bo‘lmaganda, vazifaviy uslublararo chegaralanishi bilan, ya’ni uslubiy nuqtai nazardan farqlanadi.
Ikkinchidan, ma’nolari bir xil sinonimlar tilda bo‘lganda ham ularning barchasi baravar ravishda, doimiy holda yashay olmaydi. Tilning amalda bo‘lish qonuniyatlariga ko‘ra, aytaylik, parallellikni xush ko‘rmasligidan kelib chiqib, vaqt o‘tishi bilan ularning biri ikkinchisiga o‘z o‘rnini bo‘shatib berishga majbur bo‘ladi. Masalan: partiya-firqa, grajdanin-fuqaro, agitasiya-tashviqot, propaganda-targ‘ibot, komitet-qo‘mita, soldat-askar, intelligent-ziyoli, leksiya-ma’ruza, programma-dastur, student-talaba, ekonomika-iqtisodiyot, internasional-baynalmilal, sosial-ijtimoiy, satirik-hajviy, sekretar-kotib, simvol-ramz kabi birliklar o‘rtasidagi qo‘llanish nisbatini olib qaraylik. Agar o‘zbek tilining mustaqillikkacha bo‘lgan davrida ularga leksik dubletlar, variantlar sifatida qarab, baravar qo‘llab kelgan bo‘lsak, mustaqilliklikdan keyingi davrda bu so‘zlarga bo‘lgan munosabat va ana shu munosabatdan kelib chiqib, ularning qo‘llanilish chastotasidagi muvozanat ikkinchisining foydasiga tubdan o‘zgardi.
Yuqorida ta’kidlaganimizdek, gap faqat ma’nolarning bir xilligida bo‘lganda edi, ular tilimizda baravar yashayverishi mumkin edi. Ammo vaziyatdan kelib chiqib, ular ham tilimizning umumiy yashash qonuniyatlariga bo‘ysunishga majbur bo‘ldi. Demak, sinonimlarning barchasining ma’nolari bir xil emas, bir xil deb qaralganlarining hammasi ham tilda parallel yashay olmaydi. Aytilganlardan esa sinonimlarning bu guruhini o‘rganish uslubshunoslik uchun qiziqarli material bera olmaydi, degan xulosa kelib chiqadi.
Shunday ekan, sinonimlar tadqiqini uslubshunoslikning markaziy masalalaridan deb qaraganimizda, ularni umumiy bir ma’noni yoki tushunchani anglatishga xizmat qiladigan, ana shu maqsad yo‘lida matnda bir-biriga mazmunan yaqinlashadigan va birlashadigan, ayni payda, ma’no ottenkalari bilan bir-biridan farqlanadigan til elementlari majmuini anglashimiz to‘g‘ri bo‘ladi, deb o‘ylaymiz.
Tildagi sinonimik munosabatlar faqat leksik birliklar o‘rtasidagina emas, balki fonemalarning talaffuz variantlarida, turg‘un birikmalar, morfologik vositalar va sintaktik qurilmalar o‘rtasida ham mavjud. Sinonimiyaga oid umumiy qoida va talablar ularning hammasiga tegishli hamda barchasida amal qiladi.
Afsuski, yuqorida sanab o‘tilgan tadqiqotlarning mavjudligidan qat’iy nazar o‘zbek tilshunosligida sinonimlar vazifaviy-uslubiy yo‘nalishda atroflicha tahlil qilingan emas. Vaholanki, bunday kuzatishlar milliy til uslubshunosligi taraqqiyoti uchun nihoyatda zarurdir. O‘rni kelganda ta’kidlash lozimki, so‘z va evfemizm, so‘z va perifraza o‘rtasidagi sinonimik munosabatalar tadqiqi ham uslubshunosligimiz uchun qiziqarli materiallar berishi mumkin. Badiiy ijod jarayonida yuzaga kelgan individual muallif sinonimlari yuzasidan olib boriladigan kuzatishlar ham ona tilimiz boyligini namoyish etishda g‘oyatda qimmatlidir.
O‘zbek tilida bu darajada tasviriy imkoniyatlarning ko‘pligi bir tomondan til vositalarining matndagi nozik qirralarini ochib bersa, ikkinchidan, ulardagi uslubiy rang-baranglikning naqadar xilma-xil ekanligidan guvohlik beradi.
Buning ustiga o‘zbek tili qatlamlaridagi sinonimiyani o‘rganish ularga uslubiy nuqtai nazardan qarashdan farq qiladi. Masalan, sinonimiya lingvistik hodisa sifatida eng ko‘p o‘rganilgan leksikologiyada asosan so‘zlarning umumiy ma’nolariga ko‘ra yaqinlashishigina hisobga olinadi. Vaholanki, atroflicha tahlil uchun shu narsaning o‘zi yetarli emas. Ana shunda uslubshunoslik yordamga keladi. Bu yo‘nalishdagi tahlilda endi til elementlarining matndagi real imkoniyatlari hisobga olinadi. Sinonimik qatordagi birliklarning qaysi biri matnda semantik-uslubiy nuqtai nazardan maqsadga muvofiq qo‘llana olishi mumkinligi birinchi darajali vazifaga aylanadi.
Faqat farq shundaki, til elementlaridagi leksik-grammatik ma’nolar bir qadar turg‘un bo‘lsa, ular anglatadigan uslubiy ma’nolarga bu talabni qo‘yib bo‘lmaydi. Chunki ular matniy va vazifaviy tabiatiga ko‘ra matn o‘zgarishi bilan ulardagi ma’no ottenkalari, emosional-ekspressiv xususiyatlari, hatto shundan kelib chiqadigan me’yoriyligi ham o‘zgarishi mumkin. Shuning uchun, aytaylik, yuz, bet so‘zlaridagi denotativ muvofiqlik bir matnda saqlanib qolinsa (yuzing qursin, beting qursin kabi), boshqa bir matnda bu muvozanat buziladi. Masalan: Odamning yuzi olmosdan qattiq – Odamning beti olmosdan qattiq. Dastlabki misolda yuz ham, bet ham o‘zining asl, birlamchi ma’nosida
qo‘llanilayotgan bo‘lsa, ikkinchi misolda yuz so‘zining semantik doirasi butunlay o‘zgarib ketadi. U qadr-qimmat, hurmat ma’nosini kasb etdi. Bet elementi esa matnga yopishmay qoldi. Nega shunday?
Shu tarzda sinonimlarning nutqiy ifodadagi rang-baranglikka, turli ma’no nozikliklarini bera olishga qiladigan xizmatlarini inkor etmagan holda ular o‘rtasidagi ma’no munosabatlarining mustahkamlik darajasi xususida bosh qotirish ham muhim. Mana bu sinonimik qatorni olib ko‘raylik: ko‘p, ancha, talay, sonsiz, behisob, hisobsiz, mo‘l, serob, beadad, adadsiz, bisyor. Nima uchun ko‘p suv, ancha suv, mo‘l suv, serob suv deyish mumkin bo‘lgani holda sonsiz suv, sanoqsiz suv, behisob suv, beadad suv deyish mumkin emas. Sababi nimada?
Sababi shundaki, ularning har biridagi unchalik ahamiyatli emasday bo‘lib tuyulgan, ikkinchi darajali hisoblangan ma’nolar bunga yo‘l bermaydi. Aslida bu ma’no nozikliklari sinonimlarni matndan tashqarida olib qaraganda undan foydalanuvchilar uchun sezilmasligi ham mumkin. Yuqoridagi misolda suv so‘zi oldidagi sifatlar uning miqdorini ko‘rsatishga ehtiyoj tufayli o‘zaro sinonim bo‘ladi. Ana shu ehtiyojni ko‘p, ancha, mo‘l, serob so‘zlarigina qondira olishi mumkin. Sinonimik uyadagi sonsiz, sanoqsiz, behisob, beadad so‘zlari bu ma’noni anglatish xususiyatiga ega bo‘lmagani uchun ularning birikishida g‘alizlik paydo bo‘lmoqda.
Shuning uchun ham sonsiz g‘isht, sanoqsiz g‘isht, behisob g‘isht, beadad g‘isht, ko‘p g‘isht, ancha g‘isht deyish mumkin bo‘lgani holda serob g‘isht deyish nihoyatda g‘aliz tuyuladi. Chunki bu o‘rinda g‘ishtning miqdorini emas, balki son-sanog‘ini ko‘rsatish nazarda tutiladi. Suv sanalmaganidek, masalani g‘ishtning miqdorini aniqlash tarzida qo‘yish ham mumkin emas. Buning ustiga ser ob shaklidagi forscha-tojikcha birikma bir so‘z holiga kelib, sifatlovchiga aylangan va u to‘g‘ri ma’noda faqat suv ga tegishli.
Notiqlik san’ati tarixidan
Dostları ilə paylaş: |