Namangan davlat universiteti pedagogika va psixologiya kafedrasi-hozir.org
Maqsadga yo‘naltirilgan xatti-harakatlar Inson xulq-atvorida funksional jihatdan bog‘liq bo‘lgan qo‘zg‘atuvchi va boshqaruvchi tomonlar mavjud. Psixologiyada inson xulq-atvoridagi qo‘zg‘atuvchi holatlarni tasvirlash va tushuntirish uchun qo‘llaniladigan tushunchalar orasida motivatsiya va motiv tushunchalari eng umumiy va asosiy bo‘lib hisoblanadi.
«Motivatsiya» atamasi «motiv» atamasiga qaraganda kengroq tushunchaga ega. «Motivatsiya» so‘zi hozirgi zamon psixologiyasida xulq-atvorni determinatsiyalovchi omillardir. Bunga, xususan, ehtiyojlar, motivlar, maqsadlar, intilishlar va boshqa ko‘pchilik) tizimini belgilovchi va xulq-atvor faolligini ma’lum darajada tutib turuvchi, rag‘batlantiruvchi jarayon xususiyati sifatida ikki xil ma’noda qo‘llaniladi. Biz motivatsiya tushunchasini birinchi ma’noda qo‘llaymiz. Shunday qilib, motivatsiyani inson xulq-atvori, uning kelib chiqishi, yo‘nalishi va faolligini tushuntirib beruvchi psixologik xususiyatga ega bo‘lgan sabablar yig‘indisi sifatida belgilash mumkin.
Xulq-atvorning paydo bo‘lishi, davomiyligi va barqarorligi, yo‘nalganlik va ko‘zlangan maqsadga erishilgandan so‘ng yakunlanishi, kelajakdagi voqealarga moyillik, alohida olingan xulq-atvor aktining mutanosibligi va mazmun jihatidan yaxlitligi, samaradorligini oshirish kabi tomonlari motivatsion jihatdan tushuntirishni talab etadi.
«Nimaga?», «nima uchun?», «nima maqsadda?», «nima evaziga?», «qanday mohiyatga ega?» va boshqa shu turdagi savollarga javob izlash motivatsiyaga muvofiq amalga oshiriladi.
Xulq-atvornining istalgan shakli ichki va tashqi sabablar bilan tushuntirilishi mumkin. Birinchi vaziyatda tushuntirishning boshlang‘ich va yakuniy holatlari sifatida sub’yekt xulq-atvorining psixologik xossalari, ikkinchisida – tashqi va faoliyat sharoitlari namoyon bo‘ladi. Birinchi vaziyatda motivlar, ehtiyojlar, maqsadlar, tilaklar, qiziqishlar va hokazolar, ikkinchisida esa – yuzaga kelgan vaziyatdan kelib chiqqan rag‘batlar haqida so‘z yuritiladi. Ba’zan inson xulq-atvorini ichdan belgilab beradigan barcha omillar shaxs dispozitsiyalari deb ataladi. U holda muvofiq ravishda dispozitsion va vaziyatli motivatsiyalar haqida xulq-atvorni determinatsiyalashning ichki va tashqi analoglari sifatida so‘z yuritiladi. Shuning uchun insonning istalgan harakati ikki tomonlama: dispozitsion va vaziyatli determinatsiya sifatida ko‘rib o‘tiladi.
Dispozitsiyalar o‘z mohiyatiga ko‘ra motivlardir. Motiv motivatsiyadan farqli o‘laroq, – bu xulq-atvor sub’yektining o‘ziga tegishli bo‘lgan, uning ma’lum harakatlari amalga oshirishga ichkaridan undovchi barqaror shaxsiy xossasi. Motivni, shuningdek, umumlashtirilgan ko‘rinishda ko‘pchilik dispozitsiyalarni ifodalaydigan tushuncha sifatida belgilash mumkin.
Mavjud bo‘lgan dispozitsiyalardan eng muhimi ehtiyojlar tushunchasi hisoblanadi. Ehtiyoj deb, inson yoki hayvonning ma’lum sharoitlarda ularga normal yashash va rivojlanishi uchun etishmovchilik holatiga aytiladi. Ehtiyoj shaxsholati sifatida muntazam ravishda insondagi organizm (shaxs) uchun etishmovchilik bilan bog‘liq bo‘lgan qoniqmaslik hissi bilan bog‘liq
Inson ehtiyojlarining asosiy xususiyatlariga qondirish kuchi, paydo bo‘lishining davriyligi va usuli kiradi. Shaxsning ahamiyatli ehtiyoji, uning jisga bog‘liq mazmuni, ya’ni, ushbu ehtiyojni qondira oladigan moddiy va ma’naviy madaniyat ob’yektlarining yig‘indisidir.
Ehtiyojdan keyingi motivatsion ahamiyatga ega bo‘lgan tushuncha – bu maqsad. Maqsad deb, faoliyat bilan bog‘liq bo‘lgan, dolzarb ehtiyoji qondiruvchi bevosita anglanuvchi natijaga aytiladi. Psixologik jihatdan maqsad ongning motivatsiyali qo‘zg‘atuvchi mazmuni, u inson tomonidan faoliyatining bevosita va yaqin kutilayotgan natijasi sifatida idrok qilinadi.
Ko‘rib chiqilgan motivatsiyali hosilalardan dispozitsiyalar (motivlar), ehtiyojlar va maqsadlar inson motivatsion sohasining asosiy tashkil etuvchilari bo‘lib hisoblanadi.
Shaxsning motivatsion sohasini rivojlanganlik nuqtai nazaridan kenglik, egiluvchanlik va ierarxiyalashtirish ko‘rsatkichlari bo‘yicha baholash mumkin. Motivatsion sohaning kengligi deyilganda, darajalarning har birida keltirilgan dispozitsiyalar, ehtiyoj va maqsadlar kabi motivatsion omillarning sifat jihatidan turli-tumanligi tushuniladi. Odamda turli xil motivlar, ehtiyoj va maqsadlar qanchalik ko‘p bo‘lsa, uning motivatsion sohasi ham shunchalik rivojlangan hisoblanadi.
Motivatsion sohaning egiluvchanligi motivatsiya jarayonini quyidagicha xarakterlaydi: yuqori darajadagi motivatsion maylning qondirilishi uchun quyi darajadagi turli xil motivatsion mayllar qanchalik ko‘proq qo‘llanilgan holatda motivatsion soha ham shunchalik darajada egiluvchan bo‘ladi. Masalan, bir individ uchun bilim olishga bo‘lgan ehtiyoj faqat televidenie, radio va kino hisobiga qondirilsa, boshqasi uchun xuddi shunday ehtiyojni qondirish vositasi turli kitoblar, davriy matbuot, odamlar bilan muloqot hisoblanadi. Keyingi holatda motivatsion soha egiluvchanroq bo‘lib sanaladi.
Ierarxiyalashtirilganlik – bu alohida olingan motivatsion sohasidagi har bir tuzilish darajasining xususiyati. Bir xil dispozitsiyalar (motivlar, maqsadlar) boshqalaridan kuchliroq bo‘lib tez-tez hosil bo‘lib turadi; boshqalari kuchsizroq bo‘ladi, va kamroq dolzarblashtiriladi. Ma’lum darajadagi motivatsion hosilalarningaktuallashtirish kuchi va chastotasidagi farqlar qanchalik ko‘p bo‘lsa, motivatsion sohaning ierarxiyalanganligi ham shunchalik yuqori bo‘ladi.
Motivlar, ehtiyojlar va maqsadlardan tashqari, inson xulq-atvori qo‘zg‘atuvchilari sifatida, shuningdek, qiziqishlar, muammolar, tilak va maqsadlar ham ko‘rib chiqiladi. Qiziqish deb, bilish xususiyatiga ega bo‘lgan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri bir xil, ayni damda dolzarb bo‘lgan ehtiyoj bilan bog‘lanmagan, alohida motivatsion holatga aytiladi. Muammo ma’lum maqsadga erishishga yo‘naltirilgan harakatni bajarishda organizm engib o‘tishi zarur bo‘lgan to‘siqlarga duch kelganida paydo bo‘ladi. Tilaklar va maqsadlar – bu darhol yuz beradigan va ko‘pincha bir-birini almashtirib turadigan, harakat bajarish sharoitlarining o‘zgarishlariga javob beradigan motivatsion sub’yektiv holat.
Inson xulq-atvori motivatsiyasi ongli va ongsiz bo‘lishi mumkin. Bu inson xulq-atvorini boshqaruvchi ba’zi ehtiyoj va maqsadlar inson tomonidan anglanishini, boshqalarining esa anglanmasligini bildiradi.
Shunday qilib, motivlar anglangan yoki anglanmagan bo‘lishi mumkin. Shaxs yo‘nalganligi shakllanishidagi asosiy o‘rinni anglangan motivlar egallaydi.
Harakatda motor, sensor va markaziy tarkibiy qismlarni ajratish mumkin. Ular mos holatda bajarish, nazorat yoki boshqarish funksiyalarini bajaradilar. Faoliyat davomida inson tomonidan qo‘llaniladigan harakatni bajarish, nazorat va boshqarish uslublari ushbu faoliyatning usullari deb ataladi.