Xulosa
Qadimgi Buxoroda ilk shaharlarning vujudga kelishida avvalo, tabiiy
muhitning barqarorligi, yer, suv, iqlim va boshqa jo‘g‘rofiy omillarning mavjudligi,
eng muhimi, irrigatsiyaga asoslangan sug‘orma dehqonchilikning samaradorligi,
shuningdek, texnologik taraqqiyot singari omillarning mavjudligi natijasida dehqon
va dehqon bo‘lmagan jamoalarni oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta'minlanishga
sharoit yaratildi. Bu iqtisodiy omillar aholining barqaror, qo‘nim yashashiga
qaratilgan edi.
O‘rta Osiyoning janubiy hududlarida rivojlangan bronza davriga kelib,
g‘ildirakli aravalar kashf qilindi, sopol idishlarni pishirish, metallni eritish va
qoliplarga
quyish
texnologiyalari
kashf
qilinib,
mehnat
qurollarining
takomillashuviga, ishlab chiqarish texnologiyasining rivojlanishiga va oqibatda
mehnat unumdorligining oshishiga olib keldi. Endilikda yerga ishlov berish, xususan
haydash yo‘li bilan yumshatish uchun omoch va aravalarga qo‘shiladigan hayvon
kuchidan foydalanish singari xo‘jalik yangiliklari vujudga keldi. Uy-joylarni
dahalarga bo‘lish, me'moriy komplekslarni reja asosida qurish kabi texnologik
yangiliklar joriy qilindi. Shaharlashishning vujudga kelishida ijtimoiy omillar, ya'ni
jamiyatning tabaqalanishi, shu asosda ma'muriy boshqaruvning shakllana borishi,
diniy yetakchilikning tashkil topishi singari omillar muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.
Bu omillarning yagona dialektik aloqasi tufayli shaharlashish jarayoni sodir
bo‘ldi. Sug‘orma dehqonchilikning tashkil topishi aholini oziq-ovqat mahsulotlari
bilan ta'minlashda muhim omil bo‘ldi. Bu hodisa keyinchalik kishilarning muayyan
muzofotda muqim yashashga olib keldi. V. M. Massonning xulosasiga qaraganda,
O‘rta Osiyoda tashkil topgan qishloqlarning ayrimlari kishilarning bir necha ming
yilliklar davomida qo‘nim yashaganligidan guvohlik beradi. Masalan, eneolit
davriga kelib, ya'ni miloddan avvalgi IV–III ming yillikda uylarning hajmi
kengayib, soni ham ko‘payadi, shu asosda yashash massivlari kvartallar, ularni gir
aylantirib olgan devorlar va ko‘chalar tashkil topib, bu manzarani olimlar shaharning
embrion belgilari edi, deb talqin qiladilar. Bronza davriga kelib, ya'niqishloqlar son
jihatidan ko‘payadi, ularning sifati ham o‘sib boradi. Endilikda yangi vohalar
o‘zlashtirila boriladi, irrigatsion kanallar quriladi, sug‘orma maydonlar kengayadi
va hokazo. Xullas, bu taraqqiyot oqibatda sifat o‘zgarishlariga olib keldi. Ayrim
yirik qishloq-qo‘rg‘onlarning, jumladan, Oltintepa, Gonur-1, Jarqo‘- ton, Dashli-3
singarilarning ichki qurilishi boshqalardan jiddiy farq qilib, endi ularda hovli,
ibodatxona, hunarmandchilik kvartallari, mudofaa devorlari bilan o‘rab olingan qal'a
kabi monumental binolar paydo bo‘ldi. Bu davr ijtimoiy hayotidagi muhim
33
o‘zgarishlardan biri mulkchilikning paydo bo‘lishini ifodalaydigan muhrning paydo
bo‘lishi edi. Bu hodisa dehqonchilikda ishlab chiqarishning rivojlanishini, shu
asosda boshqaruv apparatining tashkil topishi, ayrim kishilarning ixtiyorida ziyod
mahsulotning vujudga kelganligidan guvohlik beradi. Demak, ilk shaharlar, avvalo,
irrigatsiya dehqonchiligi mukammal rivojlangan hududlarda tashkil topib, O‘rta
Osiyo janubida ilk shaharlarining vujudga kelishida agrar xo‘jalik faktori muhim
ahamiyatga ega bo‘ldi. Shunday qilib, A. Asqarov, T. Shirinovlarning tahlillariga
ko‘ra, O‘rta Osiyo sharoitida miloddan avvalgi VI–I ming yilliklarda tashkil topgan
qishloqlardan ilk shaharlarning yuzaga kelish dinamikasi uch bosqichdan, ya'ni
birinchi bosqich – kichik jamoalardan tashkil topgan yashash makonlari, ikkinchi
bosqich – protogorod-shaharmonand makonlar (mil. avv. III–I ming yilliklar),
uchinchi bosqich III–I ming yilliklarda rivojlangan bronza va ilk temir asrlarida
vujudga kelgan ilk shaharlardan iborat.
O‘rta Osiyo ilk shaharlar madaniyati bevosita ilk dehqonchilik qishloqlari
negizida uzoq evolyusion yo‘lni bosib o‘tish tufayli tashkil topgan. Agrar
dehqonchilik xo‘jaligidan tashqari shaharlashish omillaridan yana biri – bu
tabaqalashgan jamiyatning ijtimoiy muhitidan dalolat beruvchi ma'muriy, xususan,
saroy kompleksi va sig‘inish (ibodatxona) markazlaridir. Bular ilk shaharlarning
birlashuvi uchun xizmat qilgan. Demak, ilk shaharlar siyosiy va sig‘inish markazlari
vujudga kelgan joylarda vujudga kelgan bo‘lishi ham mumkin.
|