18. Parvardigorlariga kofir bo'lganlarning amallari bamisoli bo'ronli kunda qattiq shamol uchirib ketgan kuldir - ular qilgan amallaridan biror narsaga ega bo'la olmaydilar. Bu o'ta gumrohlikdir. 19. (Ey, inson), Alloh osmonlar va Yerni haq (hikmat) bilan yaratib qo'yganini ko'rmadingmi?! Agar u xohlasa sizlarni ketkazib, (o'rningizga) yangi xalqni keltirur. 20. Bu (ish) Alloh uchun qiyin emasdir. 21. (Qiyomat kunida) barcha (xaloyiq) Allohga ro'baro' bo'lur. Bechora hol (ergashuvchi)lar mutakabbir kimsalarga (sobiq yo'lboshchilariga): "Bizlar sizlarga ergashuvchi edik, endi sizlar bizlarni Allohning biror azobidan qutqara olurmisizlar?" deganlarida, ular aytadilar: "Agar Alloh bizni (haq yo'lga) hidoyat qilganida, biz ham sizlarni hidoyat qilgan bo'lur edik. (Endi esa) chidamsizlik qilamizmi, sabr qilamizmi, biz uchun barobardir. Biz uchun hech qanday panoh yo'qdir". 22. Qachonki, ish bitgach (ya'ni, jannat ahli jannatga, do'zaxilar do'zaxga hukm qilingach), shayton deydi: "Alloh sizlarga haq va'da qilgan edi. Men ham va'da berib, sizlarni aldagan edim. (Lekin) men uchun sizlarning ustingizdan hech qanday iqtidor yo'q edi, illo men sizlarni (kufr yo'liga) chaqirdim. Sizlar menga ijobat etdingiz. Endi meni emas, o'zlaringizni malomat qilingiz. Men sizlarga yordam bera olmayman, sizlar ham menga yordam beruvchi emassiz. Men sizlar ilgari meni (Allohga) sherik qilganingizni inkor qilurman. Albatta, zolimlar (kofirlar) uchun alamli azob bordir". 23. Imon keltirgan va ezgu ishlar qilganlar ostidan anhorlar oqib turadigan jannatlarga kiritilib, Parvardigorlarining izni bilan u joyda mangu qoladilar. Ularning (jannatdagi) ko'rishishlari salomlashishdan iboratdir. 24. (Ey, inson), Alloh pok so'zga (ya'ni, imon kalimasiga) qanday misol keltirganini ko'rmadingmi?! (U