Microsoft Word Korporativ boshqaruv kodeksi



Yüklə 114,77 Kb.
Pdf görüntüsü
tarix30.03.2023
ölçüsü114,77 Kb.
#91336
Korporativ-boshqaruv-kodeksi



Korporativ boshqaruv kodeksi 
 
I. UMUMIY QOIDАLАR 
1. Mazkur Korporativ boshqaruv kodeksi (keyingi matnlarda Kodeks 
deb yuritiladi) aktsiyadorlik jamiyatlari oʼzining haqqoniy va ochiq biznes 
yuritish tarafdori ekanligini namoyon qilgan holda ixtiyoriy ravishda amal 
qiluvchi tavsiyalardan iborat. 
2. Kodeks Oʼzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari va korporativ 
boshqaruvning xalqaro tamoyillariga asoslangan. 
3. Mazkur Kodeks maqsadlarida korporativ boshqaruv deganda, 
aktsiyadorlik jamiyati faoliyatini samarali tashkil etish, ishlab chiqarish 
quvvatlarini modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlash, 
raqobatdosh mahsulot ishlab chiqarish va uni tashqi bozorga eksport qilish 
maqsadida aktsiyadorlik jamiyatlari (keyingi matnlarda АJ deb yuritiladi) 
ijroiya organi, kuzatuv kengashi, aktsiyadorlar, mehnat jamoasi vakillari va 
boshqa manfaatdor tomonlar, shu jumladan, kreditorlar oʼrtasida mazkur 
shaxslar manfaati uygʼunligiga erishish tizimi tushuniladi. 
4. Kodeks АJ boshqaruv organlari ishini samarali tashkil etishning 
muhim yoʼnalishlari boʼyicha tavsiyalar majmuasidan iborat. 
5. Kodeks hisobdorlik, ochiqlik, haqqoniylik, yuksak axloqiy tamoyillarga 
rioya etishni oʼz ichiga oluvchi hamda АJni uzoq muddatli istiqbolda barqaror 
rivojlantirishni taʼminlashga yoʼnaltirilgan tegishli boshqaruvning asosiy 
printsiplari asosida ishlab chiqilgan. 
6. Kodeks tavsiyalariga rioya etish majburiyatini olish toʼgʼrisidagi qaror 
aktsiyadorlarning umumiy yigʼilishi tomonidan oddiy koʼpchilik ovoz bilan 
qabul qilinadi. 
7. АJ Kodeks tavsiyalarini joriy etish yuzasidan oʼzining tarmoq 
xususiyati hamda faoliyatining oʼziga xosligini hisobga olgan holda ichki 
korporativ xatti-harakatlarni amalga oshirishi mumkin. 
8. Kodeks tavsiyalariga rioya qilish majburiyatini olish va unga rioya 
etish toʼgʼrisidagi axborotni eʼlon qilish ommaviy axborot vositalari, shu 
jumladan, АJning internet tarmogʼidagi korporativ veb-sayti (keyingi matnlarda 
АJ sayti deb yuritiladi) va fond birjasi saytida, shuningdek, qonun hujjatlarida 
axborotlarni oshkor qilish nazarda tutilgan boshqa manbalarda amalga 
oshiriladi. 
9. Kodeks tavsiyalarini joriy etishga tayyorgarlik koʼrish, uni joriy etish 
va monitoring qilishdagi harakatlar ketma-ketligi 1-ilovada keltirilgan. 
10. АJ Kodeks tavsiyalariga rioya etish majburiyatini olishi toʼgʼrisidagi 
axborotni 2-ilovada keltirilgan shaklga muvofiq xabarni eʼlon qilish yoʼli bilan 
oshkor etadi. 
11. Kodeksning muayyan tavsiyalariga rioya etish imkoni mavjud 
boʼlmaganda, АJ“comply or explain” (rioya qil yoki tushuntir) xalqaro 
tamoyiliga rioya qilgan holda uning sabablarini toʼliq oshkor etadi. 
II. FАOLIYАT OChIQLIGINI TА’MINLАSH 
12. Faoliyat ochiqligini taʼminlash maqsadida АJ: 


axborotlarni maxfiy axborotlar, tijorat sirlari va aktsiyalar narxining 
oʼzgarishiga taʼsir etishi mumkin boʼlgan boshqa maʼlumotlar toifasiga 
kiritishning aniq mezonlarini belgilaydi; 
oshkor etilishi shart boʼlgan axborotlarning АJ sayti va qonun 
hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa manbalarda ingliz, rus va aktsiyador 
hamda boshqa manfaatdor tomonlarga, shu jumladan, xorijiy investorlarga 
qulay boʼlgan boshqa tillarga tarjimasi bilan birgalikda eʼlon qilinishini 
taʼminlaydi; 
aktsiyadorlarning umumiy yigʼilishida ijroiya organining mukofot va 
kompensatsiyalari miqdorini oshkor etadi; 
АJ saytida ijroiya organi va uning faoliyati samaradorligi bahosi, 
aktsiyadorlik kapitali tarkibi (20 foizdan ziyod aktsiyaga ega aktsiyadorlari) 
toʼgʼrisidagi maʼlumotlarni eʼlon qiladi; 
taqsimlashga taklif etilayotgan sof foyda, dividendlar miqdorining 
asoslanishi, ularning АJ dividend siyosatiga muvofiqligining baholanishi, 
shuningdek, zarurat tugʼilganda sof foydaning muayyan qismini АJni 
rivojlantirish ehtiyojlariga yoʼnaltirishning tushuntirilishi va iqtisodiy 
asoslanishini eʼlon qiladi; 
aktsiyadorlar talabiga koʼra imkon qadar qisqa muddat ichida 
aktsiyadorlar va investorlarga zarur boʼlgan muayyan (maxfiy va tijorat siri 
boʼlgan axborotlardan tashqari) axborotlarni taqdim etadi. 
13. Oʼz faoliyatining ochiqligini taʼminlash maqsadida АJ kuzatuv 
kengashi oʼz ichiga quyidagilarni olgan “Аxborot siyosati toʼgʼrisida nizom”ni 
tasdiqlaydi: 
АJ tomonidan ochiq axborotlarni oshkor qilish maqsad va printsiplari; 
saytda oshkor etilishi shart boʼlgan axborotlar roʼyxati, ularni oshkor 
etish muddati, tartibi va shakli, shu jumladan, ular oshkor etiladigan axborot 
kanallari; 
АJ toʼgʼrisidagi oshkor etilishi shart boʼlgan axborotlarni eʼlon qilish 
boʼyicha ijroiya organining majburiyatlari; 
boshqaruv organi aʼzolari, mansabdor shaxslar, АJ ishchilarining 
aktsiyadorlar va investorlar, boshqa manfaatdor shaxslar, shuningdek, 
ommaviy axborot vositalari vakillari bilan axborot almashinuv tartibi; 
АJning axborot siyosatiga amal qilishini nazorat qilish boʼyicha chora-
tadbirlar. 
14. “Аxborot siyosati toʼgʼrisida nizom” АJ boshqaruv va nazorat 
organlari hamda xodimlari tomonidan rioya etilishi majburiy boʼlgan hujjat 
hisoblanadi. 
III. SАMАRАLI IChKI NАZORАT MEXАNIZMLАRINI JORIY QILISH 
15. Samarali ichki nazorat mexanizmlarini joriy qilish maqsadida АJ: 
kuzatuv kengashi toʼgʼrisidagi nizomda uning tarkibiga mustaqil 
aʼzolarni kiritish talablarini aks ettiradi; 
kuzatuv kengashiga homiylik (xayriya) yoki begʼaraz yordam koʼrsatish 
(olish) tartibi va shartlarini belgilash hamda bu borada qaror qabul qilish 
huquqini faqat aktsiyadorlarning umumiy yigʼilishi va qonun hujjatlarida 
belgilangan doirada, bu haqda barcha aktsiyadorlar uchun maʼlumotlarni 
oshkor etgan tarzda beradi; 


aktsiyadorlar umumiy yigʼilishi qaroriga asosan, har yili mustaqil 
professional tashkilotlar — maslahatchilarni jalb qilgan holda biznes-
jarayonlar va loyihalarning АJ rivojlanish maqsadlariga muvofiqligi yuzasidan 
tahlil oʼtkazadi; 
АJ samarali ichki nazorat tizimini joriy qilishning asosiy maqsadini 
barcha aktsiyadorlar, shu jumladan, minoritar aktsiyadorlarning huquq va 
qonuniy manfaatlarini taʼminlashni belgilaydi; 
ijroiya organining affillangan shaxslar bilan va yirik bitimlarni mustaqil 
amalga oshirishi uchun АJning joriy xoʼjalik faoliyati bilan bogʼliq bitimlarni 
aniqlash masalasini aktsiyadorlarning umumiy yigʼilishida muhokama 
qilinishini taʼminlaydi; 
АJning ichki audit xizmatiga ichki nazoratni, shu jumladan, 50 foizdan 
ziyod ulushi АJga tegishli boʼlgan yuridik shaxslar bilan oʼtkazilgan 
operatsiyalar ustidan nazoratni amalga oshirish vakolatini beradi; 
АJ tarkibiga kiruvchi tashkilotlarning boshqaruv organlari yigʼilishlarida 
oʼzining vakillarini АJ nomidan ovoz berish tartibini belgilaydi; 
АJ umumiy yigʼilishida ishtirok etuvchi shaxsga shunday shaxs 
hisobidan oʼzi toʼldirgan byulletenь nusxasini olish imkonini beradi; 
АJ ijro organidan muntazam ravishda jamiyat tarkibiga kiruvchi 
korxonalar faoliyati yuzasidan ularning tasdiqlangan biznes-rejasiga muvofiq, 
bajarilgan ishlar va erishilgan koʼrsatkichlar toʼgʼrisida hisobot talab qiladi; 
АJ ichki nazorat organi (taftish komissiyasi va ichki audit xizmati)ning 
kuzatuv kengashi, aktsiyadorlar umumiy yigʼilishi, minoritar aktsiyadorlar 
qoʼmitasi (agar mavjud boʼlsa) va aktsiyadorlar bilan oʼzaro hamkorligi tartibini 
ishlab chiqadi va tasdiqlaydi. 
16. АJda samarali ichki nazorat tizimini joriy qilish uchun 
aktsiyadorlarning umumiy yigʼilishi “Ichki nazorat toʼgʼrisidagi nizom”ni 
tasdiqlaydi. U quyidagilardan iborat boʼladi: 
АJning ichki nazorat organi tarkibiga hamda uning aʼzolari malakasiga 
talablar; 
ichki nazorat tizimi toʼgʼrisidagi hisobot tarkibi va uni shakllantirish 
reglamenti; 
АJ ichki nazorat organi tizimi samaradorligini baholash uchun mustaqil 
professional tashkilotlar — maslahatchilarni jalb qilish tartibi; 
Ichki nazorat organi ishini monitoring qilish mexanizmlari tavsifi, uning 
aʼzolariga toʼlanadigan kompensatsiya va mukofot pullarini hisoblash tartibi. 
17. “Ichki nazorat toʼgʼrisidagi nizom” АJ xodimlari, boshqaruv va 
nazorat organi aʼzolari uchun rioya etilishi majburiy boʼlgan hujjat hisoblanadi. 
18. АJ “Kuzatuv kengashi toʼgʼrisidagi nizom” talablariga muvofiq, 
kuzatuv kengashi tarkibiga bittadan kam boʼlmagan (ammo ustavda koʼzda 
tutilgan kuzatuv kengashi aʼzolari sonining 15 foizidan kam boʼlmagan) 
mustaqil aʼzo kiritadi. 
19. Quyidagilar АJ kuzatuv kengashining mustaqil aʼzosi boʼlishi 
mumkin: 
(I) soʼnggi besh yil mobaynida АJ, uning shoʼʼba va affillangan 
korxonalarida ishlamagan shaxslar; 
(II) АJ, uning shoʼʼba va affillangan korxonalari aktsiyadori boʼlmagan 
shaxslar; 


(III) АJ, uning shoʼʼba va affillangan korxonalari bilan qonun hujjatlarida 
belgilangan eng kam ish
haqining besh ming baravari miqdoridan yuqori summaga tegishli 
shartnomaga ega boʼlgan yirik mijozlari
yoki mol yetkazib beruvchilari bilan bogʼliq boʼlmagan shaxslar; 
(IV) АJ, uning shoʼʼba va affillangan korxonalari bilan xizmat koʼrsatish 
yuzasidan shartnomaga ega boʼlmagan shaxslar; 
(V) АJ, uning shoʼʼba va affillangan korxonalari rahbarlari boʼlgan yoki 
soʼnggi besh yil mobaynida shunday lavozimlarda ishlagan shaxsning oila 
aʼzosi boʼlmagan shaxslar; 
(VI) АJni nazorat qiluvchi shaxs (yoki АJ ustidan jamoa tarzida nazorat 
olib boruvchi guruh va/yoki tashkilot aʼzosi) boʼlmagan shaxslar; 
(VII) АJ bilan fuqarolik-huquqiy shartnoma orqali bogʼliq boʼlmagan va 
АJning sohasi boʼyicha yuqori turuvchi tashkiloti (kompaniya) yoki yirik 
aktsiyadorining xodimi boʼlmagan shaxslar. 
IV. АKTSIYADORLАRNING HUQUQ VА QONUNIY MАNFААTLАRINI 
АMАLGА OShIRILIShINI TА’MINLАSH 
20. Аktsiyadorlarning huquq va qonuniy manfaatlarini amalga 
oshirilishini taʼminlash uchun АJ boshqaruv va nazorat organlari: 
АJ saytida yozma va elektron soʼrovlarni, shu jumladan, aktsiyadorlar 
oʼz aloqa maʼlumotlari va bank rekvizitlarining oʼzgarishi toʼgʼrisidagi 
maʼlumotlarni yuborishi uchun manzil koʼrsatgan holda aktsiyadorlarga АJ 
bilan bogʼlanishni yengillashtiradi; 
aktsiyadorlarning umumiy yigʼilishida shaxsan ishtirok eta olmaydigan 
aktsiyadorlar uchun elektron pochta orqali (elektron raqamli imzo bilan 
tasdiqlangan holda), shuningdek, oʼz vakolatini vakilga berish yoʼli bilan ovoz 
berish yoki umumiy yigʼilishni videokonferents-aloqa tarzida oʼtkazish 
imoniyati va sharoitini yaratadi; 
АJning dividendlarni hisoblashning shaffof mexanizmini ochib beruvchi 
dividend siyosati toʼgʼrisidagi nizomini ishlab chiqadi; 
aktsiyadorlarning umumiy yigʼilishi toʼgʼrisidagi nizomda umumiy yigʼilish 
oʼtkazilgunga qadar aktsiyadorlarga kun tartibi, shu jumladan, kuzatuv 
kengashining umumiy yigʼilish kun tartibidagi masala boʼyicha pozitsiyasi 
yuzasidan zarur maʼlumotlarni taqdim etishni nazarda tutadi; 
sanoq komissiyasiga amaliy koʼmak koʼrsatish yoki uning funktsiyasini 
bajarish uchun mustaqil ekspertlarni jalb etishi mumkin (masalan, investitsiya 
maslahatchisi yoki qimmatli qogʼozlar bozorining boshqa professional 
ishtirokchisi); 
aktsiyadorlar va investorlar bilan oʼzaro hamkorlik uchun masʼul xodim 
yoki boʼlinmani belgilaydi; 
ustavda АJning 1 foizdan kam boʼlmagan oddiy aktsiyalari egalariga 
kuzatuv kengashi majlisini chaqirishni talab qilish va kun tartibi, foydani 
taqsimlash, boshqaruv va nazorat organi aʼzoligiga ularning nomzodini 
(umumiy yigʼilish oʼtkazilgunga qadar almashtirish imkoniyati bilan) koʼrsatish 
yuzasidan taklif kiritish huquqini taqdim etadi; 


АJning alohida ichki hujjatida aktsiyadorlar, shu jumladan, minoritar 
aktsiyadorlar uchun ovoz berishda ularning birgalikdagi pozitsiyasini 
shakllantirish uchun aktsiyadorlik bitimini tuzish imkonini nazarda tutadi; 
АJ mablagʼlari hisobidan minoritar aktsiyadorlik qoʼmitasini taʼminlash 
xarajatini qoplaydi (minoritar aktsiyadorlik qoʼmitasi tuzilgan taqdirda); 
ustavda minoritar aktsiyador hujjatlarni asossiz ravishda talab qilish va 
maxfiy axborotlar, tijorat sirlarini qoʼllash yoʼli bilan АJ boshqaruv organi 
faoliyatiga toʼsqinlik qilmasligini nazarda tutadi; 
ustavda qoʼshimcha aktsiyalar chiqarilgan holatda aktsiyadorlar ustav 
kapitalidagi ulushiga proportsional ravishda imtiyozli sotib olish huquqi 
nazarda tutiladi; 
barcha aktsiyadorlarga, ularning ulushi, daromad darajasi, jinsi, irqi, 
dini, millati, tili, ijtimoiy kelib chiqishi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeidan qatʼi 
nazar, bir xil munosabatni taʼminlaydi; 
ustavda aktsiyadorlarning yillik umumiy yigʼilishi kun tartibi uchun 
takliflarni taqdim etishning kechroq muddatini koʼzda tutadi; 
ijroiya organi, kuzatuv kengashi va taftish komissiyasi aʼzolari, 
shuningdek, auditorlik tashkiloti vakilining aktsiyadorlarning yillik umumiy 
yigʼilishida ishtirok etishini taʼminlaydi; 
kuzatuv kengashi toʼgʼrisidagi nizomda kuzatuv kengashi aʼzosi 
vazifasini bajarishdan ozod etilishi shartlarini, АJ kuzatuv kengashi raisining 
yigʼilishni tashkil etish va oʼtkazish bilan bogʼliq faoliyati tartibi va funktsiyasini 
nazarda tutadi; 
АJ aktsiyadorlarining huquq va qonuniy manfaatlarini amalga 
oshirilishini taʼminlashga yoʼnaltirilgan boshqa zarur chora-tadbirlarni amalga 
oshiradi. 
21. АJ aktsiyadorlarining huquq va qonuniy manfaatlarini amalga 
oshirilishini taʼminlash uchun АJ yuqorida qayd etilgan tavsiyalarni aks 
ettiruvchi zarur ichki hujjatlarni qabul qiladi. 
V. UZOQ MUDDАTLI ISTIQBOLGА MOʼLJАLLАNGАN RIVOJLАNISh 
STRАTEGIYaSI VА VАZIFАLАRNI BELGILАSh 
22. Uzoq muddatli istiqbolga oid rivojlanish strategiyasi va vazifalarni 
belgilash uchun АJ boshqaruv organi: 
АJning strategik maqsadi sifatida aktsiyalar narxining oʼsishiga olib 
keluvchi moliyaviy barqarorlikni taʼminlash, mehnat unumdorligi va mahsulot 
raqobatdoshligini oshirish, ishlab chiqarish, energiya samaradorligi va eksport 
koʼrsatkichlarining oʼsishi, ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish, 
texnik va texnologik yangilashni amalga oshirishni belgilaydi; 
aktsiyadorlarning umumiy yigʼilishida tarmoq xususiyatining oʼziga 
xosligi, raqobat muhiti tahlili, eksportga yoʼnaltirilganlik va tegishli soha, 
tarmoq va hududni rivojlantirish boʼyicha tasdiqlangan
davlat dasturlaridan kelib chiqqan holda АJning
5 yildan ortiq boʼlgan davr uchun uzoq muddatli rivojlanish 
strategiyasini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi; 
xorijiy tajribada muvaffaqiyatli sinovdan oʼtgan boshqaruv uslublari, shu 
jumladan, SWOT, GAP tahlil va boshqa yondashuvlar, maxsus dasturiy 
mahsulotlar va boshqalarni keng qoʼllaydi; 


aktsiyadorlarning umumiy yigʼilishi tomonidan tasdiqlangan uzoq 
muddatli strategiya asosida qisqa muddatli (yillik) va oʼrta muddatli (5 yilgacha 
boʼlgan davr uchun) biznes-rejalar ishlab chiqadi hamda aktsiyadorlarning 
umumiy yigʼilishi yoki kuzatuv kengashiga tasdiqlash (maʼqullash) uchun 
kiritadi; 
АJda qabul qilingan har bir rivojlanish rejasi boʼyicha belgilangan 
maqsadlarga erishish monitoringini amalga oshirish uchun zarur boʼlgan son 
va sifat mezonlarini joriy etadi. 
23. Kuzatuv kengashi ijroiya organi, АJ ichki nazorat organi, АJda 
tashkil etilgan kollegial organlar faoliyatini muvofiqlashtiradi, zarur boʼlganda, 
АJ rivojlanish rejasini ishlab chiqishni tashkil etish va unda belgilangan 
maqsadlarga erishish monitoringi uchun ekspertlarni jalb etadi. 
24. АJ majburiy ravishda aktsiyadorlari tarkibiga (qonun hujjatlari 
belgilangan holatlardan tashqari) АJni boshqarish, raqobatdosh mahsulot
ishlab chiqarish va uni tashqi bozorga eksport qilishda ishtirok etuvchi 
strategik xorijiy investorlarni jalb qiladi. 
VI. IJROIYa ORGАNINING АKTsIYaDORLАR VА INVESTORLАR 
BILАN OʼZАRO SАMАRАLI HАMKORLIGINING MEXАNIZMLАRINI JORIY 
ETISh 
25. Ijroiya organining aktsiyadorlar va investorlar bilan oʼzaro 
hamkorligining samarali mexanizmini joriy etish uchun АJ boshqaruv 
organlari: 
АJ aktsiyadorlari, boshqaruv va nazorat organi aʼzolari oʼrtasida oʼzaro 
ishonch, hurmat, hisobdorlik va nazorat tamoyillari asosidagi hamkorlikni 
taʼminlaydi; 
АJ mansabdor shaxslari tomonidan oʼz vazifalarini professional asosda 
amalga oshirish, qonun hujjatlari, АJ ustavi va boshqaruv organi qarorlaridan 
kelib chiquvchi barcha majburiyatlarni vijdonan va oqilona bajarishi 
toʼgʼrisidagi talablarni joriy etadi; 
kuzatuv kengashi aʼzoligi uchun nomzodlarga malaka talablari, shu 
jumladan, ustav kapitalida davlat ulushi boʼlgan АJda Korporativ boshqaruv 
ilmiy-taʼlim markazi tomonidan berilgan korporativ boshqaruvchi malaka 
attestati mavjudligi talablarini belgilaydi (qonun hujjatlarida nazarda tutilgan 
holatlardan tashqari); 
АJ kuzatuv kengashi qoshida kuzatuv kengashi, ijroiya organlari 
aʼzolari, АJ xodimlari va jalb etilgan ekspertlar (tegishli soha mutaxassislari, 
soha oliy taʼlim muassasalari oʼqituvchilari va boshqalar)dan iborat tegishli 
masalalar, shu jumladan, nizoli vaziyatlarni aniqlash va hal etish boʼyicha 
qoʼmitalar (ishchi guruhlari) tashkil etadi; 
kuzatuv kengashi yigʼilishlarini soʼrov oʼtkazish yoʼli bilan, shuningdek, 
videokonferents-aloqa rejimida oʼtkazish holatlari va tartibini belgilaydi; 
aktsiyadorlar umumiy yigʼilishi raisi vakolatiga aktsiyadorlar umumiy 
yigʼilishining audio-video yozuvi va internet tarmogʼidagi translyatsiyasiga 
ruxsat berish masalasini kiritadi; 
kuzatuv kengashi, aktsiyadorlarning umumiy yigʼilishi, АJ ustavi va 
rivojlanish rejasi tomonidan qoʼyilgan vazifalarning soʼzsiz bajarilishi uchun 


ijroiya organi vakolatiga kiruvchi masalalarni u tomonidan mustaqil hal etish 
talabini joriy etadi; 
АJ mansabdor shaxslarining malakasini oʼquv kurslari, seminarlar va 
boshqa tadbirlarda ishtirok etish orqali oshiradi; 
АJ faoliyatida korporativ qonunchilik talablariga rioya etilishini nazorat 
qilishga masʼul boʼlgan va kuzatuv kengashiga hisobot beruvchi korporativ 
maslahatchi lavozimini joriy etadi; 
АJ biznes xatarlari va ijroiya organlari javobgarligini sugʼurtalaydi; 
kuzatuv kengashi aʼzolarining mukofot puli miqdorini АJ moliyaviy 
natijalari va korporativ boshqaruv tizimining mustaqil baholanishi natijalari 
bilan bogʼlaydi; 
aktsiyadorlarning umumiy yigʼilishida hisobot beruvchi АJ boshqaruv va 
nazorat organlari maʼruzalari (hisobotlari) shakli va mazmuniga boʼlgan 
talablarni, aktsiyadorlar umumiy yigʼilishi davomiyligini belgilaydi; 
aktsiyadorlar vakili sifatida ishtirok etuvchi ijroiya organi vakillarining 
ijroiya organiga aʼzolar saylash masalasida ovoz berish huquqini cheklashi 
mumkin; 
ustavda odatda АJ navbatdagi aktsiyadorlarning umumiy yigʼilishini 
oʼtkazish sanasini nazarda tutadi. 
26. Ijroiya organining aktsiyadorlar va investorlar bilan oʼzaro samarali 
hamkorligi mexanizmlarini joriy etish uchun АJ yuqorida qayd qilingan 
tavsiyalarni aks ettiruvchi zarur ichki hujjatlarni qabul qiladi. 
VII. MАNFААTLАR QАRАMА-QАRShILIGI 
27. Manfaatlar qarama-qarshiligi bilan bogʼliq vaziyatlar yuzaga 
kelishining oldini olish va nizoli vaziyatlarni bartaraf etish uchun АJ oʼz ichiga 
quyidagilarni oluvchi manfaatlar qarama-qarshiligi vaqtida harakat qilish tartibi 
toʼgʼrisidagi nizomni ishlab chiqadi: 
АJ mansabdor shaxslarining АJ manfaatini koʼzlab faoliyat yuritish 
majburiyati; 
АJ mansabdor shaxslari tomonidan harakat va bitim amalga 
oshirilganda yoki ular tomonidan axborot oshkor qilinganda manfaatlar 
qarama-qarshiligiga olib kelishi mumkin boʼlgan vaziyatlarni aniqlash; 
АJ mansabdor shaxslarining kuzatuv kengashini manfaatlar qarama-
qarshiligi yuzaga kelishi toʼgʼrisida xabardor qilish majburiyati; 
kuzatuv kengashining ruxsatisiz АJ mansabdor shaxslarining boshqa 
yuridik shaxslarning boshqaruv va nazorat organlarida ishtirok etishini 
taqiqlash; 
АJ mansabdor shaxslari tomonidan harakat va bitim amalga 
oshirilganda yoki ular tomonidan axborot oshkor qilinganda manfaatlar 
qarama-qarshiligiga olib kelishi mumkin boʼlgan vaziyatlarning oldini olish; 
manfaatlar qarama-qarshiligi bilan bogʼliq nizoli vaziyatlarni hal 
etishning, shu jumladan, ularni
hal etish uchun manfaatdor boʼlmagan uchinchi shaxsni tayinlash yoki 
manfaatlar qarama-qarshiligini hal qilish boʼyicha vakolatni kuzatuv 
kengashining mustaqil aʼzosi (aʼzolari)ga yuklashning batafsil reglamenti. 
28. Manfaatlar qarama-qarshiligi vaqtida harakat qilish tartibi 
toʼgʼrisidagi nizom aktsiyadorlarning umumiy yigʼilishi tomonidan tasdiqlanadi. 


VIII. NАMUNАVIY TАShKILIY TUZILMАNI JORIY ETISh 
29. Namunaviy tashkiliy tuzilmani joriy etish uchun АJda: 
Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining “Аktsiyadorlik jamiyatlarida 
zamonaviy korporativ boshqaruv uslublarini joriy etish chora-tadbirlari 
toʼgʼrisida”gi 2015 yil 24 apreldagi PF-4720-son Farmonida tasdiqlangan 
namunaviy tashkiliy tuzilmaga muvofiqlik taʼminlanadi; 
tashkiliy tuzilmani ishlab chiqish va joriy etishda АJ faoliyatining 
miqyosi, tarmoq xususiyati va yoʼnalishi hisobga olinadi; 
АJning amaldagi tashkiliy tuzilmasi qonun ¬hujjatlarida belgilangan 
namunaviy tashkiliy ¬tuzilmaga muvofiqligining muntazam baholanishi tashkil 
etiladi; 
АJning boshqaruv lavozimlariga xorijiy ¬menejerlar nomzodlarining 
ishtirok etishiga imkon yaratilgan holda har yili tanlovlar oʼtkaziladi; 
rahbar lavozimlarga tanlovlar reglamenti ¬tasdiqlanib, unda tanlov eʼlon 
qilish, tanlovning obʼektiv mezonlari ularning yakuni boʼyicha yangicha 
¬fikrlovchi, zamonaviy talablarga javob beruvchi yuqori malakaga ega 
boʼlgan, shuningdek, xorijiy menejerlarni tanlab olish jarayonlari bayon etiladi. 
30. Kuzatuv kengashi tashkiliy tuzilmani ishlab ¬chiqish, joriy etish va 
muntazam baholanishi boʼyicha ishlarning qonunchilikda belgilangan 
talablarga muvofiq tarzda amalga oshirilishini muvofiqlashtirishni taʼminlaydi. 
IX. АXBOROTLАRNI АUDIT VА MOLIYaVIY HISOBOTLАRNING 
XАLQАRO STАNDАRTLАRI АSOSIDА EЪLON QILISh 
31. Аxborotlarni audit va moliyaviy hisobotlarning xalqaro standartlari 
asosida eʼlon qilish uchun АJda: 
kuzatuv kengashi yillik moliyaviy hisobotlarni Xalqaro moliyaviy hisobot 
standartlariga (keyingi matnlarda XMHS deb yuritiladi) muvofiq tarzda eʼlon 
qilishga oʼtish boʼyicha amalga oshiriladigan ishlarni muvofiqlashtiradi; 
АJning yillik moliyaviy hisobotlarni XMHSga muvofiq tarzda eʼlon 
qilishga oʼtish masalalari boʼyicha taftish komissiyasi, ichki audit xizmati, 
kuzatuv kengashi aʼzolari, АJning masʼul mansabdor shaxslari va jalb etilgan 
ekspertlar (zarur hollarda)dan iborat ishchi guruhi tuziladi; 
yillik moliyaviy hisobotlarni XMHSga va auditning xalqaro standartlari 
asosida eʼlon qilishga oʼtishda malakali xizmat koʼrsatish uchun auditorlik yoki 
konsalting tashkiloti jalb etiladi; 
auditorlik tashkiloti bilan hamkorlikda
АJning yillik moliyaviy hisobotlarni XMHSga va auditning xalqaro 
standartlari asosida eʼlon qilishga oʼtishning bosqichli algoritmi (tadbirlar 
rejasi) ishlab chiqiladi va kuzatuv kengashining yigʼilishida tasdiqlanadi; 
audit oʼtkazish va moliyaviy hisobotlarni tuzishga jalb etilgan АJ 
xodimlari XMHS va auditning xalqaro standartlari boʼyicha oʼquv kurslarida 
oʼqitiladi; 
АJning yillik moliyaviy hisobotlarni XMHSga va auditning xalqaro 
standartlariga muvofiq tarzda eʼlon qilishga oʼtish boʼyicha tegishli rejada 
koʼzda tutilgan chora-tadbirlar amalga oshiriladi; 
АJning yillik moliyaviy hisobotlari XMHSga va auditning xalqaro 
standartlariga muvofiq tarzda


qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda eʼlon ¬qilinadi. 
X. KODEKS TАVSIYaLАRINI JORIY ETISh MONITORINGI 
32. Kodeks tavsiyalarini joriy etish monitoringini amalga oshirish uchun 
АJ korporativ boshqaruv tizimini baholashni oʼtkazadi, bu ishni amalga 
oshirish uchun mustaqil tashkilotni jalb qilish tavsiya etiladi. 
33. АJda korporativ boshqaruv tizimini mustaqil baholash yiliga kamida 
bir marta oʼtkaziladi. 
34. АJda korporativ boshqaruv tizimini mustaqil baholash АJga mulkiy 
munosabat orqali bogʼliq boʼlmagan tashkilot bilan tegishli shartnoma asosida 
amalga oshiriladi. 
35. АJda korporativ boshqaruv tizimini mustaqil baholashni quyidagi 
tashkilotlar oʼtkazishi mumkin: 
fond birjasi; 
qimmatli qogʼozlar bozorining professional ishtirokchilari; 
shtatida tegishli korporativ boshqaruvchi yoki qimmatli qogʼozlar bozori 
mutaxassisi attestati boʼlgan auditorlik tashkilotlari; 
akkreditatsiyadan oʼtgan reyting agentliklari; 
Korporativ boshqaruv ilmiy-taʼlim markazi; 
Xususiylashtirish, raqobatni va korporativ boshqaruvni rivojlantirish 
muammolari tadqiqotlari markazi. 
36. Korporativ boshqaruv tizimini baholashni oʼtkazish uchun mustaqil 
tashkilotni tanlash АJ kuzatuv kengashining qarori boʼyicha tanlov asosida 
oʼtkaziladi. 
37. АJda korporativ boshqaruv tizimini mustaqil baholash Oʼzbekiston 
Respublikasi Davlat raqobat qoʼmitasi va Korporativ boshqaruv ilmiy-taʼlim 
markazi tomonidan tasdiqlanadigan savolnoma asosida oʼtkaziladi. 
38. АJda oʼtkazilgan korporativ boshqaruv tizimini mustaqil baholash 
natijalari АJ saytida shunday baholashni oʼtkazgan tashkilot xulosasi bilan 
birgalikda eʼlon qilinadi. 
39. Davlat nomidan aktsiyador sifatida ishtirok etuvchi davlat va xoʼjalik 
boshqaruvi organlari, joylardagi mahalliy davlat hokimliklari va boshqa davlat 
tashkilotlari: 
АJda korporativ boshqaruv tizimini mustaqil baholashni oʼtkazish uchun 
oʼz mablagʼi hisobidan mustaqil tashkilotni jalb qilish huquqiga ega; 
АJda oʼtkazilgan korporativ boshqaruv tizimini mustaqil baholash 
natijalarini АJ boshqaruv organida ular nomidan ishtirok etayotgan shaxslarni 
mukofotlash miqdorini aniqlash uchun qoʼllaydi. 
XI. YaKUNIY QOIDАLАR 
40. Kodeks tavsiyalariga rioya qilmaslik davlat organlari tomonidan 
chora qoʼllanishga olib kelmaydi. 
41. Аktsiyadorlarning umumiy yigʼilishi АJ mansabdor shaxslariga 
Kodeks tavsiyalariga rioya etmaganlik yoki Kodeksda nazarda tutilgan 
axborotlarni oshkor etmaganlik uchun javobgarlik chorasini oʼrnatishga haqli. 
42. АJda Kodeks tavsiyalarini joriy etish yuzasidan nazorat qilishni 
kuzatuv kengashi amalga oshiradi. 


Korporativ boshqaruv 
kodeksiga 2-ilova 
Аktsiyadorlik jamiyatlari tomonidan Korporativ boshqaruv kodeksi 
tavsiyalarini oʼz faoliyatiga qabul qilganligi toʼgʼrisida 
XАBАR BERISH SHАKLI 
(aktsiyadorlik jamiyati nomi) 
“_____________” АJ shuni maʼlum qiladiki, aktsiyadorlar umumiy 
yigʼilishining “___” __________ 20__ yildagi №____ qarori bilan jamiyat 
tomonidan “____” ___________20__yildan boshlab Аktsiyadorlik jamiyatlari 
faoliyatining samaradorligini oshirish va korporativ boshqaruv tizimini 
takomillashtirish komissiyasi yigʼilishining “____” ______ 201__yil 
№_________ bayonnomasi bilan tasdiqlangan Korporativ boshqaruv 
kodeksiga rioya qilish majburiyati qabul qilindi. 
(Аktsiyadorlar umumiy yigʼilishi qaroriga asosan qoʼshimcha maʼlumot) 
Maʼlumot 
Barcha aktsiyadorlik jamiyatlarida Korporativ boshqaruv kodeksining 
qoidalari va tamoyillari ustidan nazorat Oʼzbekiston Respublikasi 
Prezidentining 2015 yil 31 martdagi PQ-2327-son qarori bilan tashkil etilgan 
Аktsiyadorlik jamiyatlari faoliyatining samaradorligini oshirish va korporativ 
boshqaruv tizimini takomillashtirish komissiyasi tomonidan yil davomida 
amalga oshiriladi hamda aktsiyadorlik jamiyatlari faoliyati samaradorligini 
baholash boʼyicha kompleks tahlil va aniq takliflar har bir moliyaviy yil 
yakunlari yuzasidan Vazirlar Mahkamasi yigʼilishlari muhokamasiga kiritiladi. 

Yüklə 114,77 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©www.azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin