8.3. O‘zbekistonda raqobat muhitini shakllantirish bo‘yicha chora-tadbirlar va
monopoliyaga qarshi qonunchilik.
Raqobatning amal qilishi ma’lum shart-sharoitlar mavjud bo‘lishini taqozo qiladi. Bu
shart-sharoitlar faqat bozor munosabatlari qaror topgan muhitda bo‘lishi mumkin. Shunday
ekan, bozor iqtisodiyotini yuzaga keltirish ayni vaqtda raqobatchilik muhitining shakllanishini
bildiradi.
Bozor munosabatlari rivojlangan mamlakatlarda raqobatchilik muhiti uzoq davr davomida,
o‘z-o‘zidan, evolyusion yo‘l bilan vujudga kelgan. Bu asta-sekin erkin raqobat muhitini keltirib
chiqargan.
Iqtisodiyotda monopollashuv prinsiplari kuchayib borishi bilan raqobat cheklanadi, shu
sababli raqobatchilik muhitini vujudga keltirishda davlat ham qatnashadi. Bu esa, yuqorida
ta’kidlanganidek, davlatning monopoliyalarga qarshi siyosatida o‘z aksini topadi. Har bir
mamlakatdagi aniq vaziyat, ya’ni iqtisodiyotning monopollashuv darajasi uning miqyosi va
tavsifiga qarab, bu siyosat erkin raqobat muhitini yangidan yaratish, uni saqlab qolish, zarur
bo‘lganda qaytadan tiklash, raqobat usullarini qaror toptirish kabilarga qaratiladi.
Ma’muriy-buyruqbozlik iqtisodiyotidan bozor iqtisodiyotiga o‘tayotgan mamlakatlarda,
shu jumladan, bizning respublikada sog‘lom raqobatga shart-sharoit hozirlash, iqtisodiy
sub’yektlar mustaqilligini kengaytirish orqali ularni raqobatchilikka jalb qilish iqtisodiy
islohotlarni amalga oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarning muhim jihatlari hisoblanadi.
Bugungi kunda O‘zbekistonda ham uyushmalar, konsernlar, korporatsiyalar, kompaniyalar
shaklidagi monopoliyalar saqlanib qolgan bo‘lib, ular ko‘pincha tarmoq vazirliklari mavqe va
vazifalariga ega bo‘ladilar. Mahsulot va xom ashyolarning alohida turlarini limit va fond
ko‘rinishida taqsimlashning eskicha tizimi, shuningdek, biznesni amalga oshirish uchun ruxsat,
litsenziya, sertifikatlar berish, kelishish kabi mavjud ma’muriy to‘siqlar monopolistik
tendensiyalarga ko‘proq imkon yaratadi.
Shunday qilib, O‘zbekistonda raqobatchilik muhitini vujudga keltirishning asosiy yo‘li, bu
raqobatni inkor qiluvchi davlat monopoliyasidan nodavlat, turli xo‘jalik shakllarining
mavjudligiga asoslangan va iloji boricha erkin raqobatni taqozo etuvchi bozor tizimiga
o‘tishdir. Bu yerda raqobatchilik munosabatlarini shakllantirish, avvalo, mustaqil erkin tovar
ishlab chiqaruvchilarning paydo bo‘lishini taqozo qiladi, chunki raqobatning asosiy sharti
alohidalashgan, mulkiy mas’uliyat asosida o‘z manfaatiga ega bo‘lgan va tadbirkorlik
tahlikasini zimmasiga oluvchi erkin xo‘jalik sub’yektlarining mavjudligi, ularning bozor orqali
aloqa qilishidir.
Shu maqsadda O‘zbekistonda «Monopol faoliyatni cheklash to‘g‘risida»gi qonun (1992
yil, avgust) kuchga kiritildi hamda uning asosida raqobatchilikni rivojlantirishga qaratilgan bir
turkum me’yoriy hujjatlar ishlab chiqildi. Mazkur qonunga ko‘ra, bozorda ataylab taqchillik
hosil qilish, narxlarni monopollashtirish, raqobatchilarning bozorga kirib borishiga to‘sqinlik
qilish, raqobatning g‘irrom usullarini qo‘llash man etiladi. Qonunni buzuvchilar raqibiga
yetkazgan zararni qoplashlari, jarima to‘lashlari, g‘irromlik bilan olgan foydadan mahrum
etilishlari shart.
Iqtisodiyot va monopoliyaga qarshi amaliyot sohasidagi ahamiyatli o‘zgarishlar tegishli
qonunchilik bazasini yanada takomillashtirishni taqozo etdi. Shunga ko‘ra, O‘zbekiston
Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan 1996 yil 27 dekabrda «Tovar bozorlarida monopolistik
faoliyatni cheklash va raqobat to‘g‘risida»gi yangi qonun qabul qilindi. Ushbu qonun
monopolistik faoliyat va g‘irrom raqobatning oldini olish, uni cheklash, to‘xtatishning tashkiliy
va huquqiy asoslari belgilab berib, respublikaning tovar bozorlarida raqobat munosabatlarini
shakllantirish va samarali amal qilishga qaratilgan.
Shuningdek, qonunda asosan ikkita muhim yo‘nalish, ya’ni birinchidan, monopoliyaga
qarshi taribga solishning prinsipial yangi ko‘rinishi bo‘lib, u mavjud va saqlanib qolgan
monopolistlar tomonidan bozorda hukmronlik mavqeini suiste’mol qilishning oldini olish va
unga barham berishni ko‘zda tutsa, ikkinchidan, eng asosiy muhim masalalardan bo‘lib
hisoblangan monopoliyadan chiqarish va sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish ekanligi
belgilab qo‘yilgan.
Monopoliyaga qarshi faol choralarni amalga oshirish uchun 1992 yilda O‘zbekistonda
monopoliyaga qarshi bo‘linma Moliya vazirligining Monopoliyaga qarshi va narx siyosati bosh
boshqarmasi sifatida tashkil etildi. Boshqarmaga ro‘yxatga kiritilgan monopoliya mavqeidagi
korxonalar mahsuloti bo‘yicha narxlarni va rentabillikni tartibga solib turish huquqi berildi.
1996 yilda ushbu boshqarma negizida Moliya vazirligi huzuridagi Monopoliyadan chiqarish va
raqobatni rivojlantirish qo‘mitasi tashkil qilindi. 2000 yilda Respublika Birinchi Prezidentining
«O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni riojlantirish davlat
qo‘mitasini tashkil etish to‘g‘risida»gi Farmoniga asosan monopoliyaga qarshi bo‘linma Moliya
vazirligi tarkibidan chiqarildi va mustaqil davlat qo‘mitasiga aylantirildi. Keyinchalik mazkur
qo‘mitaning faoliyatini yanada takomillashtirish va samaradorligini oshirish maqsadida
O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidentining 2005 yil 30 apreldagi Farmoniga binoan
mazkur qo‘mita Monopoliyadan chiqarish, raqobatni va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash
davlat qo‘mitasiga aylantirildi. 2017 yil 18 aprelda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Sh.M.Mirziyoyevning
PF-5016-sonli
«O‘zbekiston
Respublikasi
xususiylashtirilgan
korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasini tashkil etish
to‘g‘risida»gi Farmoni hamda PQ-2897-sonli «Xususiylashtirilgan korxonalar bilan ishlash
samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Qaroriga asosan Xususiylashtirilgan
korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tashkil etildi.
Respublikada monopol mavqeiga ega bo‘lgan korxonalarni Davlat reestriga kiritish uchun
mezonlar belgilashda jahon tajribasi hamda o‘tish davrining o‘ziga xos jihatlari hisobga olinadi.
Respublikada agar korxona ishlab chiqargan muayyan mahsulotlar bozordagi shu turdagi
mahsulotning 35% dan ortiq bo‘lsa, bu korxona monopolistik korxona sifatida Davlat reestriga
kiritiladi. Oziq-ovqat tovarlari guruhi uchun bunday mezon darajasi 20% deb belgilangan.
Respublikada monopoliyalar ro‘yxatiga kirgan korxona yoki tarmoqlarning bozordagi
mavqeini tartibga solishda davlat bir qator usullardan foydalanadi. Bu usullardan ikkitasini
ajratib ko‘rsatish lozim:
1) monopol mavqeidagi korxonalar mahsulotlariga narxlarning eng yuqori darajasini yoki
rentabellikning chegarasini belgilab qo‘yish;
2) o‘z monopol mavqeini suiste’mol qilgan monopolistik birlashmalarni bo‘lib tashlash yoki
maydalashtirish. Bu usul Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tasdiqlangan Ob’yektlarning
xo‘jalik yurituvchi jamiyatlar va shirkatlar tarkibidan chiqish tartibi to‘g‘risidagi Nizom” asosida
amalga oshiriladi. O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish
to‘g‘risida” gi qonuni asosida g‘irrom raqobatga, shu jumladan Respublika bozorlariga
belgilangan talablarga javob bermaydigan tovarlarni chiqarishga yo‘l qo‘ymaydigan
mexanizmni yaratishga ham alohida e’tibor beriladi.
Tabiiy monopoliyalarni davlat yo‘li bilan tartibga solish, mahsulot va xizmatlariga narxlar
va tariflar darajasini, shuningdek taklif etiladigan tovarlar va xizmatlar turiga doir asosiy
ko‘rsatkichlarni belgilashni o‘z ichiga oladi.
Respublikada raqobatchilik muhitini vujudga keltirishda amalga oshirilayotgan barcha
ishlar bozor iqtisodiyotini tarkib toptirishga xizmat qiladi.
Monopoliyaga qarshi qonunchilik
Dostları ilə paylaş: |