2-o‘quv savoli: Kuchli zilziladan keyin hayot faoliyatini ta’minlash
O‘zbekiston Respublikasining 2022 yil 17 avgustdagi “Aholini va hududlarni
tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish
to‘g‘risida”gi qonuniga muvofiq, favqulodda vaziyatlar zonasiga birinchi bo‘lib
yetib kelgan qutqaruv xizmatlari va qutqaruv tuzilmalarining rahbarlari favqulodda
vaziyatlarni bartaraf etishga doir ishlarga rahbarlik qiluvchi shaxslarning
vakolatlarini o‘z zimmasiga oladi hamda ushbu rahbarlik qiluvchi shaxslar yetib
kelguniga qadar mazkur vakolatlarni amalga oshiradi.
Yuqoridagi qonun bilan fuqarolarni o‘zini - o‘zi boshqarish organlari
favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etishda mahalliy ijro
etuvchi hokimiyat organlariga va boshqa tashkilotlarga ko‘maklashib, favqulodda
vaziyatlardan muhofaza qilish tadbirlariga fuqarolarni jalb etishi belgilangan.
Mahalliy davlat hokimiyati organlari aholining hayot faoliyatini
ta’minlanishini kafolatlovchi fuqaro muhofazasiga oid mol - mulk, moddiy -
texnika, oziq-ovqat, tibbiy va boshqa xil zahiralar hajmlarini belgilaydilar hamda
ularning to‘planishi, saqlanishi, yangilab borilishi va shay holatda saqlab turilishi
uchun javob beradilar.
Aholining hayot faoliyatini to‘laqonli ta’minlash uchun, birinchi navbatda
bajariladigan tadbir - bu jabrlangan aholini joylashtirish uchun hudud tanlash
hisoblanadi. Bunday hudud favqulodda vaziyatlar boshqarmalari (bo‘limlari)
hamkorligida amalga oshiriladi.
Aholining hayot faoliyatini ta’minlash uchun belgilanadigan hudud vaziyatni
bashorat qilish asosida shakllangan dastlabki ma’lumotlarga tayangan holda
tayyorlanadi.
Bunda quyidagilar aniqlanadi:
- favqulodda vaziyat natijasida zarar ko‘rishi mumkin bo‘lgan aholining
taxminiy soni;
- aholining ehtiyoji (oziq-ovqat, suv, dori-darmon va hayot faoliyati uchun
zarur bo‘lgan boshqa turdagi vositalar);
- birlamchi hayot faoliyatini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan davr.
Hayot faoliyatini ta’minlashning quyidagi turlari mavjud:
1. Tibbiy va epidemik ta’minot;
2. Suv ta’minoti;
3. Oziq-ovqat ta’minoti;
4. Birlamchi ehtiyoj mollari bilan ta’minlash;
5. Uy-j oy ta’minoti;
6. Kommunal xizmat ko‘rsatish;
7. Jabrlangan aholini favqulodda vaziyat zonasidan evakuatsiya qilish;
8. Transport ta’minoti;
9. Aholini zarur axborot bilan ta’minlash.
Aholining tibbiy ta’minoti kuchli zilzila hududiga tibbiyot xodimlari
(shifokorlar va hamshiralar), tibbiy vositalar va dori-darmonlardan iborat resurslarni
yetkazish, boshqa tibbiy muassasalar imkoniyatlarini tahlil qilgan holda ular
negizida davolash muassasalarini, epidemiyaga qarshi tadbirlarni tashkil qilishni
nazarda tutadi.
Kuchli zilzilalarda markaziy suv ta’minoti mavjud bo‘lmaganda, vaqtincha
tashkil etilgan suv quvurlari, transport vositalari hamda idishlar yordamida aholiga,
umumiy ovqatlanish korxonalariga, novvoyxonalarga, ommaviy transport
vositalaridan foydalaniladigan joylarga suv yetkazib berish, suv sifati ustidan
nazoratni kuchaytirish ishlari amalga oshiriladi.
Aholini oziq-ovqat bilan ta’minlash bo‘yicha, oziq-ovqat mahsulotlarini, shu
jumladan, gumanitar yordam shaklida olingan mahsulotlarni markazlashtirilgan
tartibda tarqatish, kerakli miqdordagi oziq-ovqat punktlarini, dala oshxonalari va
novvoyxonalarni aniqlash, zarur bo‘lganda ularning faoliyatini yo‘lga qo‘yish,
belgilangan me’yor asosida qutqaruv guruhlarini oziq-ovqat bilan ta’minlash,
bolalarni oziq-ovqat bilan ta’minlash ishlari amalga oshiriladi.
Birlamchi ehtiyoj mollari bilan ta’minlashga zarar ko‘rgan omborlardan,
gumanitar yordam shaklida olingan yuklardan, shuningdek, aholidan yig‘ilgan
mollardan birlamchi ehtiyoj mollarini yig‘ish, saralash va foydalanishga tayyorlash,
mavjud birlamchi ehtiyoj mollarini, shuningdek, xorijdan keltirilgan muhim
buyumlarni hisobga olish va taqsimlashni tegishli darajada tashkil etish, tarqatish
joyi va tartibini belgilash, ta’minot xizmatining bo‘limlari va mobil punktlari uchun
joy tashkil etish ishlari amalga oshiriladi.
Kuchli zilzila oqibatida ko‘chirilgan aholini uy-joy bilan ta’minlash
masalalarini hal qilishda ko‘riladigan choralarga - kuchli zilzila oqibatida zarar
ko‘rgan aholining vaqtincha uy-joyga bo‘lgan ehtiyojlarini aniqlash, evakuatsiya
qilingan (ko‘chirilgan) aholini joylashtirish uchun joylarni aniqlash, ishlab chiqarish
yoki ijtimoiy ob’yektlarning shikastlanish (vayronalik, zaharlanish, zararlanish)
darajasini baholash, uy-joysiz qolgan odamlar uchun sanatoriylar, dam olish uylari,
pansionatlar, sport inshootlari va bolalar oromgohlaridagi joylar soni, shuningdek,
evakuatsiya qilinganlar uchun tashkil etilishi mumkin bo‘lgan vaqtinchalik joylar
(chodirlar, yerto‘lalar, ko‘chma va yig‘ma uylar va boshqalar) hamda boshqa turdagi
bino va inshootlar sonini aniqlash ishlarini tashkil etishni nazarda tutadi.
Jabrlangan aholini kommunal xizmatlar bilan ta’minlash bo‘yicha aholiga
yetkazib beriladigan nostandart, eng oddiy isitish va elektr ta’minoti vositalari
(pechlar, ko‘chma kichik o‘lchamli qozonxonalar, dizel’ elektr stansiyalari,
akkumulyatorlar va boshqalar)ning miqdoriga aniqliklar kiritish, favqulodda vaziyat
zonasida ham, evakuatsiya joylarida ham dush, kir yuvish va hokazolarni tashkil
qilish, suv ta’minoti, kanalizatsiya, isitish, gaz, elektr energiyasi va issiqlik
tarmoqlarini birlamchi qayta tiklash va ta’mirlashni amalga oshirish, vafot
etganlarni dafn etish uchun yetarli miqdorda kuch va vositalarni ajratish, ular uchun
kerakli miqdorda joy ajratish, favqulodda vaziyat zonasida aholi yashash joylarida
maishiy chiqindilarni yig‘ish va yo‘q qilishni tashkil etish ishlari amalga oshiriladi.
Aholining transport ta’minotini tashkil qilish tadbirlari - birlamchi hayot
ta’minotini amalga oshirish uchun transport xizmatlarini tashkil qilish (masalan,
birlamchi hayot ta’minoti vositalarini yetkazib berish uchun), aholini evakuatsiya
qilish va tibbiy-evakuatsiya jarayonlarini transport vositalari bilan ta’minlashlarni
o‘z ichiga oladi.
Dostları ilə paylaş: |