Shaxsning faolligi.
Shaxs o‗zining faoliyati tufayli tevarak-atrofdagi olam bilan
faol munosabatda bo‗ladi. Shaxsning faolligi deganda odamning atrofdagi tashqi
muhitga ko‗rsatadigan ta'siri tushuniladi. Tashqi muhit bilan faqat odamlar emas,
hayvonlar ham o‗zaro munosabatda bo‗ladilar. Lekin hayvonlar tashqi muhitga
moslashib yashaydilar, odamlar esa tashqi muhitga moslashibgina qolmasdan, uni
o‗zgartirishga ham qodirlar. Shaxsning faolligi uning turli qiziqishlarida,
ehtiyojlarida namoyon bo‗ladi. XX asr boshlarida avstriyalik psixolog Z.Freyd
shaxs faolligini quyidagicha tushuntiradi. Odam o‗zining avlodlaridan nasliy yo‗l
bilan o‗tgan instinktiv mayllarining namoyon bo‗lishi tufayli faoldir, instinktiv
mayllar asosan jinsiy instinktlar shaklida namoyon bo‗ladi Z.Freyd shaxsning
faolligini jinsiy mayllar bilan bog‗laydi. Shaxsning faolligini hozirgi zamon ilmiy
psixologiyasi to‗g‗ri hal qilib beradi. Inson shaxsiy faolligining asosiy manbai
uning ehtiyojlar, deb tushuntiradi. Psixologik nuqtai nazardan borliq to‗g‗risida
mulohaza yuritilganda, tirik mavjudotlarning (oddiy tuzilishga ega bo‗lganidan
tortib, to murakkabigacha) tevarak-atrof bilan hayotiy ahamiyatga ega bo‗lgan turli
xususiyatli bog‗lanishlarni ta'minlab turuvchi faoliyati (qaysi darajasi, shakli
ekanligidan qat'iy nazar) ularning barchasi uchun umumiy bo‗lgan xususiyat
hisoblanadi. Ularning faolligi tufayli murakkab tuzilishli faoliyat yuzaga kelib,
(ongning mahsuli sifatida) turlituman mohiyatli har xil ko‗rinishdagi ehtiyojlar
(ularning toifalarga aloqadorligi kelib chiqishi jihatidan biologik, moddiy,
ma'naviy va boshqalar)ni qondirish uchun xizmat qiladi. Xuddi shu boisdan faollik
faoliyatning asosiy mexanizmlaridan biri bo‗lib, tirik mavjudotlarning o‗z
imkoniyati darajasida tashqi olam ta'sirlariga javob qilish uquvchanligining tarkibi
sanaladi. Shu o‗rinda A.Maslouning ehtiyojlar ierarxiyasini keltirib o‗tish zarur.
Psixologik manbalarga asoslanib, fikr yuritishimizda ehtiyoj - jonli mavjudotning
tobe ekanligini ifoda etuvchi va mazkur shart-sharoitlarga nisbatan faolligini
namoyon qiluvchi holat tariqasida ifodalaniladi. Insonning faolligi boshqa
mavjudotlardan ham mohiyat, ham shakl jihatidan tafovutga ega bo‗lib, yuzaga
kelgan ehtiyojlarning turli vaziyatlarda qondirilishida o‗z ifodasini topadi.
Jumladan, mavjudotlar va hayvonlar o‗zlarining tanasi va uning a'zolari tuzilishiga,
instinktlarning turli-tumanligiga binoan, o‗z o‗ljasini tutib olishga nisbatan
intilishni vujudga keltiruvchi tabiiy imkoniyati uni oldindan payqash, sezgirlik
orqali zudlik bilan faol harakat qiladi. hayvonlar ehtiyojlarining qondirilish
jarayoni qanchalik maqsadga muvofiq ravishda kechgan bo‗lsa, bu esa o‗z
navbatida ularning qurshab olgan yashash muhitiga engillik bilan moslashuvini
ta'minlaydi. Masalan, asalari xatti-harakatlarining tug‗ma, irsiy dasturida uning
gullarga qo‗nib, nektar yig‗ish ehtiyojlari bilan cheklanib qolmasdan, balki bu
ehtiyojlarni qondirish ob'ektlari (gullarning navlari, ularning uzoq va yaqinligi,
qaysi tomonda joylashganligi, mo‗l-ko‗lligi kabilar va hokozo) aks etadi. Shu
boisdan mavjudotlarning ehtiyojlarida ularning faolligi omili sifatida tabiiy
alomatlar instinktlar, shartsiz reflekslar va hokazolar bevosita qatnashadi.
Odamning ehtiyoji unga ta'lim va tarbiya berish jarayonida shakllanadi, ya'ni
insoniyat tomonidan yaratilgan ijtimoiy tajriba, ko‗nikma, malaka, odat,
ma'naviyat, qadriyatlar bilan yag‗indan tanishishi ularni o‗zlashtirish orqali amalga
oshiriladi. Tabiat tomonidan vujudga keltirilgan jism, narsa, buyum inson uchun
ovqat, chanqoq biologik ehtiyojni qondiruvchi o‗lja ma'nosini va ahamiyatini
yo‗qotadi. Odam boshqa mavjudotlardan farqli o‗laroq, ijtimoiy-tarixiy taraqqiyot
davrining xususiy ehtiyojlariga xizmat qiluvchi muayyan buyumni zaruriyat
talabiga binoan tubdan qayta o‗zlashtirishga, takomillashtirishga qodir ongli zotdir.
Xuddi shu boisdan odamning o‗z ehtiyojlarini qondirish jarayoni ijtimoiy-tarixiy
taraqqiyot darajasi bilan o‗lchanadigan faoliyat shakli va turini egallashning faol
muayyan maqsadga yo‗naltirilganligi, ma'lum rejaga asoslangan ijodiy ko‗rinishi
sifatida alohida ahamiyat kasb etadi. Insondagi tor ma'nodagi ehtiyojlar uning
shaxsiy talablarini qondirish bilan cheklanib qolmasdan, balki hamkorlik
faoliyatida yuzaga keluvchi jamoaviy ehtiyojlar yakkaxolligiga oid xususiyat kasb
etadi. Aytaylik, ma'ruza o‗qishga taklif qilingan mashg‗ulotga o‗qituvchining
puxta tayyorgarligi o‗z predmetining o‗ta fidoiysi ekanligi uchun emas, balki
jamoa nufuziga dog tushirmaslik ma'suliyati ijtimoiy burch hissiga nisbatan ehtiyoj
sezganligi tufayli amalga oshadi. Shaxsiy ehtiyoj guruhiy, jamoaviy munosabatlar
uyg‗unlashib ketganligi sababli o‗zaro qorishiq xususiyatiga ega bo‗ladi. Har
qanday individual faoliyatga nisbatan ehtiyojning tuzilishi ijtimoiy alomat,
umumiylik, hamkorlik xususiyatini kasb etib, faoliyatga yondashuvda yakkaxollik
umumiylikni, umumiylik esa alohidalikni uzluksiz ravishda beto‗xtov aks ettirib
turadi. Psixologiya fanida ehtiyojlarni tasniflash ularni kelib chiqishi va o‗z
predmetining xususiyatiga binoan amalga oshiriladi. Odatda o‗zlarining kelib
chiqishiga binoan ehtiyojlar tabiiy va madaniy turga ajraladi. Tabiiy ehtiyojlarda
inson faoliyati faolligi o‗z shaxsiy hayotini himoya qilish, o‗z avlodi hayotini
saqlash, uni qo‗llab-quvvatlash uchun zaruriy shartsharoitlarga yuritilganlik,
tobelik aks etadi. Tabiiy ehtiyojlar tarkibiga odamlarning ovqatlanishi, tashnalikni
qondirishi, jinsiy moyillik, uxlash, issiq va sovuqdan saqlanish, musaffo havoga
intilish tana a'zolariga dam berish kabilar kiradi. Tabiiy ehtiyojlar uzoq vaqt
davomida qondirilmasa, uning oqibatida inson halokatga mahkum bo‗ladi, o‗z
sulolasi hayoti va faoliyatini xavf ostida qoldiradi. Inson faoliyatining faolligi
insoniyat madaniyati mahsuli bilan bog‗liqligini ifodalab, madaniy ehtiyojlarni
yuzaga keltiradi. Madaniy ehtiyojlar to‗g‗risida mulohaza yuritilganda uning
ijtimoiy ildizlari kishilik tarixining dastlabki manbalari bilan uzviy bog‗lanib
ketishini ta'kidlab o‗tish lozim. Lekin tabiiy ehtiyojlar madaniy ehtiyojlar bilan
o‗zaro uyg‗unlashgan bo‗lib, birinchisi ikkinchisini taqozo etadi. Chunki ular bir-
birining negizidan kelib chiqadi. Xuddi shu boisdan madaniy ehtiyojlar ob'ektiga
tabiiy ehtiyojlarini qondiruvchi uy-ro‗zg‗or buyumlari, mehnat faoliyati orqali
boshqa kishilar bilan boqlanish vositalari, madaniy aloqalar o‗rnatish usullari,
shaxslararo muomalaga kirishish uslublari, ijtimoiy turmush zaruriyatiga aylangan
narsalar, o‗qish va tajriba orttirish yo‗llari kiradi. Odatda jamiyatda ta'lim va
tarbiya tizimini egallash, xalq an'analari, marosimlari, bayramlari, odatlari rasm-
rusumlari, xulq-atvor ko‗nikmalarini o‗zlashtirish jarayonida rangbarang madaniy
ehtiyojlar vujudga keladi, yangicha ma'no kasb eta boshlaydi. Yuqorida ta'kidlab
o‗tganimizdek, tabiiy ehtiyojlar qondirilmasa, ular insonni halokat yoqasiga
etaklaydi, biroq madaniy ehtiyojlarning qondirilmasligi unday oqibatlarga olib
kelmaydi, uning kamolotini sekinlashtiradi. Psixologiya fanida ehtiyojlar o‗z
predmetining xususiyatiga ko‗ra moddiy va ma'naviy turlarga ajratiladi, ularni
keltirib chiqaruvchi mexanizmlar manbai turlicha ekanligi e'tirof etiladi. Insonning
ovqatlanishi, kiyinishi, uy-joyga ega bo‗lishi, maishiy turmush ashyolariga
intilishi, komfort hissini qondirish bilan bog‗liq madaniyat predmetlariga nisbatan
ehtiyoj sezish moddiy ehtiyojlar majmuasini yuzaga keltiradi. Ma'naviy
madaniyatni yaratish va o‗zlashtirish shaxsning o‗z fikr mulohazalari va his-
tuyg‗ulari bo‗yicha boshqa odamlar bilan muomalaga kirishishi hamda axborot
almashtirishi, badiiy va ilmiy adabiyotlar bilan tanishishi, mahalliy matbuotni
o‗qish, kino va teatr ko‗rish, musiqa tinglash kabilarga ehtiyoj sezish, ya'ni ijtimoiy
ong mahsuliga tobelik ma'naviy ehtiyojlar tizimini vujudga keltiradi. Ma'naviy
ehtiyojlar moddiy ehtiyojlar bilan uzviy bog‗liq bo‗lib vujudga kelgan ma'naviy
ehtiyojlarni qondirish jarayoni moddiy ehtiyojlarning tarkibiga kiruvchi moddiy
narsalar yordamida amalga oshiriladi, chunonchi kitob, yozuv qog‗ozi va
boshqalar. Ehtiyojlarning turlari haqida fikr bildirilganda yana shu narsaga e'tibor
berish kerakki, kelib chiqishiga binoan tabiiy turga taalluqli ehtiyoj o‗z predmetiga
ko‗ra moddiy guruhga xuddi shu mezonlar bo‗yicha bir davrning o‗zida madaniy
ehtiyojning moddiy yoki ma'naviy ehtiyoj turkumiga kiritish mumkin. Shu tariqa
ehtiyojning kelib chiqishi va predmeti, xususiyati bo‗yicha ikki mezonga asoslanib,
muayyan guruhlarga ajratiladi. Inson ongining tarixiy taraqqiyotiga nisbatan va
ehtiyojlarning ob'ektiga bergan munosabatiga binoan har xil tasniflanadi va xuddi
shu mezonlarga ko‗ra ular rang-barang turlarga ajratiladi. Ularning izchilligi,
barqarorligi, davomiyligi, ko‗lami, ahamiyatliligi, predmetliligi, ijtimoiyligi,
individualligi kabi xususiyatlari bilan o‗zaro bir-biridan farqlanadi. Ehtiyojlar
faoliyati va xulq-atvor motivlari bilan teng alohada bo‗ladi.
Psixologiya fanida ehtiyoj quyidagi tiplarga ajratiladi:
1. Individual - yakka shaxsga yo‗naltirilgan.
2. Guruhiy - real guruhlarga moddiy va ma'naviy intilish.
3. Jamoaviy - jipslashgan guruhlar talabi majmuasi.
4. Xududiy - etnik guruhning muayyan o‗ziga xos talablari qondirilishi.
5. Etnik - ma'lum millat yoki xalqlarning safarbarligini ta'minlash. 6.
Umumbashariy - er yuzi xalqlarining umumiy talablarining majmuaviy aks etishi.
Dostları ilə paylaş: |