I.2. Ta`lim tizimidagi islohotlar va ularning maqsad va yo`nalishlari.
Mustaqilligimizning poydevorini mustahkamlashda, mamlakatimiz taraqqiyotida, O`zbekistonning buyuk davlatga aylanishida ta`lim-tarbiya ishlarini oqilona yo`lga qo`yish, fuqarolarni zamonaviy ilm-fan, madaniyat, texnika va texnologiya yutuqlari bilan muntazam ravishda tanishtirib borish benihoya katta ahamiyatga ega. Chunki taraqqiyot taqdirini ma`naviy jihatdan yetuk, texnikaviy bilimlar va murakkab texnologiyani egallagan, irodasi baquvvat, iymoni butun, zamonaviy fikrlaydigan, yuksak salohiyatli odamlar hal etadi. Kelajak taqdirimizga hal qiluvchi ta`sir ko`rsatadigan asosiy omil – fan-texnika, madaniyat, ma`rifat, ta`lim-tarbiya, ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlar borasidagi yangiliklar va yutuqlarni, jahon mamlakatlari tajribalarini keng ko`lamda o`rganish, rivojlantirish va hayotga joriy etishdir.