Mavzu: maqomlar tarixidan



Yüklə 20,46 Kb.
səhifə1/2
tarix22.05.2023
ölçüsü20,46 Kb.
#120010
  1   2
Maruza matni


Mavzu: MAQOMLAR TARIXIDAN

Arabcha maqom ( – o‘rin, joy, tovush, parda, daraja va hokazo, ko‘plik shakli maqomot – ) atamasi o‘tmishda turli ma’noda ishlatilib kelingan. «Musiqa istilohida esa maqom – musiqa cholg‘ularida kuy va ashulalarni tashkil etadigan tovushlarning joy­lashadigan o‘rni, ya’ni pardalardir... Maqom – ma’lum lad2 asosiga mos keladigan va muayyan pardadan boshlanadigan kuy va ashula­lar majmuasidir. Hozirgi kunga qadar maqom kuy va ashula yo‘llari turkumi ma’nosini ifodalab keldi»3. Kasbiy musiqaning yuksak namunalari bo‘lgan maqomlar aksariyat musulmon Sharq xalqlari mumtoz musiqa merosining salmoqli qismini tashkil etadi.


Maqom san’ati o‘zining ko‘p asrlik tarixiga ega. Bu tarixni o‘zaro farqli ikki yirik davrga ajratish mumkin. Birinchi davr mazmunini maqomlarning makon-zamon nuqtayi nazaridan juda qadimiy kelib chiqish ildizlari, dastlabki kuy-ohang qatlamlarini o‘rganish masalalari tashkil etadi. Tabiiyki, bu davrda, hozirda ma’lum tom ma’nodagi maqomlar bo‘lmagan, albatta. Chunki, maqom tizim­larining shakllanish jarayonlari ijtimoiy-madaniy taraqqiyotning ma’lum bosqichi bilan shartlangan. Zotan, tayanch manbalari juda qadim bo‘lgan maqomlar «xalqlarning o‘ziga xos musiqa boyliklari asosida kasbiy sozanda va xonandalar tomonidan yaratilgan va uzoq madaniy-tarixiy taraqqiyot jarayonida mustaqil musiqa janri sifatida yuzaga kelgan4». Bunda saroy madaniyati ham zarur obyektiv omil sifatida muhim o‘rin tutgan edi.
Shundayki, dastlabki davrlarda xalq orasidan yetishib chiqqan iste’dodli musiqachilar xon saroylariga (amaldorlarning xonadon­lariga) musiqachi bo‘lib xizmat qilish uchun jalb etilganlar. Bino­barin, o‘tmishda musiqa san’ati bilan maxsus shug‘ullanib, shu tarzda hayot kechiruvchi musiqachi (ijodkor-xonanda, sozanda)lar yuzaga kelgan davrlardan boshlab kasbiy musiqa qatlami ham qaror topa boshlagan.

Qadimgi davr musiqachilari «saroy estetikasi»ga muvofiq musiqa asarlarini ijod etishlarida xalq og‘zaki ijodida to‘plangan badiiy tajriba va musiqa boyliklari asqotgan bo‘lishi tabiiydir. Bunda ular el orasida yoyilgan ma’lum kuy va aytimlarni ijodiy qayta ishlagan holda ularning yanada murakkab va mukammal ko‘rinishlarini zuhur etishga intilgan bo‘lishlari mantiqiy mulohazalarga to‘g‘ri keladi.


O‘z navbatida, shu tarzda shakllana boshlagan bastakorlik an’analari esa, «ustoz-shogird» vositasida keyingi avlod musiqachi (ijodkor-xonanda va sozanda) lari tomonidan ijodiy o‘zlashtirilib borilgan. Bunga Sharq madaniyatida yuzaga kelgan nazira badiiy an’analari misol bo‘lishi mumkin. Shu kabi jarayonlar hamda boshqa omillar o‘laroq ko‘p asrlik tarix silsilasida mumtoz kasbiy musiqaning eng salobatli va eng mukammal zuhuri bo‘lgan maqom tizimlari yuzaga kela boshlagan edi.
Tom ma’nodagi maqomlar tarixi ham aslida turli davr va qatlam musiqa namunalari (qadimiy va o‘rta asrlar xalq musiqasi, basta­korlik ijodiyoti va b.) asosida usluban badiiy yaxlit bo‘lgan salo­batli musiqiy tizimlar shakllantirilgan paytdan e’tiboran boshlanadi. Bu o‘rinda atoqli maqomshunos olim, ustoz Is’hoq Rajabovning quyidagi fikrlari e’tiborlidir: «Tom ma’nodagi «maqom»larning ham kuy, ham lad tushunchalarining paydo bo‘lishi Sharq xalqlari musiqa madaniyati ancha taraqqiy etgan davrlariga to‘g‘ri keladi. Maqomlarning yuzaga kelishi – inson tafakkurining juda uzoq davr­larda olib borgan izlanishlarining samarasidir. Maqomlar insonning musiqa haqidagi tushunchalari, musiqaviy-estetik qarashlari barka­mol bo‘lgan, kishilarning ongi va saviyasi yuksalgan bir davrda yuzaga kelgan. Maqomlar tizimining shakllanishi jahon ilmu fanining rivojlanishi bilan ham chambarchas bog‘liqdir. Sharq musiqa olimlari musiqani tibbiyot, falsafa va matematika fanlari bilan bog‘liq ekanligini uqdirib o‘tganlar». Darhaqiqat, so‘nggi yillarda olib borilgan ilmiy tadqiqotlarning natijalari ham ustoz I. Rajabovning bu fikr-mulohazalari asosli ekanligini ko‘rsatmoqda. Bino­barin, salobatli maqom tizimlarining yuzaga kelishi kishilik jami­yati taraqqiyotining ma’lum bosqichiga dahldor bir qator omil­lar bilan shartlangan bo‘lib, shulardan quyida ko‘rsatilgan beshta omilning bo‘lishi zaruriydir:

1. Rivojlangan shahar madaniyati.


2. Aniq fanlarning rivojlanganligi.
3. Falsafiy tafakkur (tasavvuf ta’limoti)ning shakllanganligi va uning badiiy ijodiyotda in’ikos etishi.
4. Kasbiy musiqa qatlamining (bastakorlik, cholg‘uchilik, xonandalik) mavjudligi.
5. Musiqa ilmining rivojlanganligi.
Ushbu bandlarning eng birinchisi sifatida shahar madaniyatining ko‘rsatilishi bejiz emas, albatta. Zero, har bir xalq, millatning ilm-fan va madaniyat jabhalaridagi yutuqlari ko‘p jihatdan rivojlan­gan shaharlarda mavjud shart-sharoitlar o‘laroq yuzaga keladi. Shu jumladan, hunarmandchilikning turli yo‘nalishlari qatorida kasbiy musiqa sohasini rivojlantirish uchun ham imkoniyatlar yaratilgan bo‘ladi. Bir so‘z bilan aytganda, «rivojlangan shahar madaniyati» muhim obyektiv borliq sifatida qolgan bandlarda qayd etilgan omil­larni yuzaga chiqarish uchun qulay madaniy makondir.
Shuni aytish kerakki, Sharq olamida maqom tizimlarining paydo bo‘lishi uchun zarur omillar IX–X asrlarda yuzaga kelgan edi. Zero, bu asrlarga kelib o‘zida ilmiy-ijodiy kuchlarni bir makonda mujas­sam etgan Bag‘dod, Damashq, Samarqand, Buxoro, Urganch, Farg‘ona, Toshkent kabi yangi tipdagi shaharlar uzil-kesil shakl­landi. Shuni ta’kidlash joizki, Markaziy Osiyo shaharlari umum­savodxonlik markazlari ham edi. Aholi orasida istiqomat qilayot­gan shahar bilan faxrlanish ijtimoiy tuyg‘ulari shakllangan bo‘lib, aynan shu davrlardan boshlab olimu fozillarga, san’atkor-u, shoir­larga o‘zlari tug‘ilib o‘sgan shahar nomini nisba berish (Buxoriy, Termiziy, Samarqandiy, Shoshiy, Nasafiy, Zamaxshariy kabi) an’anasi yuzaga kelgan edi.
Movarounnahr diyoridan jahon ilm-fani rivojiga ulkan hissa qo‘shgan Xorazmiy, Farg‘oniy, Forobiy, Beruniy kabi qomusiy allomalar yetishib chiqdi. Buyuk vatandoshlarimiz – Abu Abdullo Xorazmiy (780–850), Ahmad Farg‘oniy (797–865) va Abu Ray­hon Beruniylarning (973–1048) ilmiy faoliyatlari bois aniq fan­lar (algebra, astronomiya, geometriya) rivojlandi, Sharq xalqlari orasida ishq falsafasi bilan yo‘g‘rilgan komil inson ta’limoti keng yoyildi va uning ijobiy ta’siri badiiy ijod jabhalarida ham ko‘rina boshladi.

Aynan shu davrlarga kelib nafislar davrasida samo‘ (qalban zavqli tinglash) amaliyoti keng yoyildi, musiqaga tasavvuf namoyandalari tomonidan nozik ta’riflar berildi. Jumladan, taniqli muhaddis, shayx Abu Bakr Buxoriy-Kalobodiyning (vaf. 994-y.) «nag‘ma – jon quvvati va ruh ozig‘i turur» iborasi mazmunan teranligi bilan musiqa haqida shakllanayotgan ko‘pgina qarash­larga muhim asos bo‘ldi. Bu ibora hozirga qadar ham musiqaga berilgan chuqur ma’noli go‘zal ta’riflar qatorida ma’lum va mash­hurdir.


Ayni paytda kasbiy musiqa qatlami yangi bosqichga yuk­saldi, musiqa ilmi alohida fan sifatida uzil-kesil shakllandi. Bu davrga kelib kasbiy musiqachilarning maqomi baland bo‘lganligining guvohi bo‘lamiz. Jumladan, saroylarda nomlari Sharq olamida mashhur xonanda va sozanda-bastakorlarning faoliyat ko‘rsatishlari oddiy holga aylangan edi. Xalifalar ularga izzat-ikrom namunalarini ko‘rsatganliklari haqida yozma manbalarda ko‘plab ma’lumotlar uchraydi. Xususan, al-Isfahoniyning «Kitobul-ag‘oniy» («Qo‘shiqlar kitobi»)da qayd qilinishicha, xalifa Xorun ar-Rashid (786–809) saroyida Ibrohim al-Mavsiliy, Is’hoq al-Mavsiliy, Ibn Jomiy kabi atoqli san’atkorlar o‘zlarining noyob xonandalik va bastakorlik iste’dodlari bilan ko‘p olqish­larga sazovor bo‘lganlar. Shuningdek, bu davrda eng yaxshi ash­ulani tanlab olishga qaratilgan o‘ziga xos ko‘rik-tanlovlar ham o‘tkazilib turilgan9. Bizning diyorimizda ham kasbiy musiqachilar maqomi baland bo‘lganligini IX asr oxiri – X asr birinchi yarmida Buxoroda faoliyat ko‘rsatgan Abu Abdulloh Ja’far Rudakiy (860–941), Alibek Tanburiy, Abulabbos Baxtiyor, Abu Nasr Mutrib kabi san’atkorlar misolida ko‘rish mumkin

Xususan, iste’dodli shoir, mahoratli sozanda va xushovoz xonanda Abu Abdulloh Rudakiy Buxoro hokimi Nasr II ibn Ahmad Somoniy (914–943) saroyida xizmat qilgan. Sharq musiqa ilmining asoschisi va, ayni paytda, mohir musiqa amaliyotchisi Abu Nasr Forobiyning (873–950) nomi esa butun Sharq olamining yirik sha­harlarida mashhur bo‘lgan.


Forobiy Damashqda bo‘lgan paytida Amir Sayfuddavla ibn Hamdon unga yaxshi munosabatda bo‘lgan. Ibn Xallikon (1211–1282) bergan ma’lumotga ko‘ra, Forobiy Halab shahrining amiri bo‘lgan Sayfuddavla ibn Hamdon (916–964) huzurida juda katta obro‘-e’tibor qozongan. Quyidagi mashhur rivoyat ham Ibn Xal­likon tomonidan bayon etiladi: «Sayfuddavla mutribu mashshoqlarni chaqirtiradi. Chorlangan mashshoqlar qaysi kuyni mashq qilsa, Abu Nasr, sen falon joyda falon xatoga yo‘l qo‘yding, deb uning kam­chiligini ko‘rsatib turadi. Buni ko‘rib, Sayfuddavla Abu Nasrdan – bu san’atdan ham xabaring bormi, deyman – deb so‘raydi. – Ha, – dedi Abu Nasr, u shunday dedi-yu, belidagi to‘rvasini ochib, undan bir necha cho‘p oldi, ularni bir-biriga uladi, so‘ng chalib mashq qila boshlagan edi, davrada o‘tirganlar o‘zlarini tutolmay kula bosh­lashdi. Keyin olim o‘sha cho‘plarni boshqacha qilib biriktirib chal­ gan edi, yig‘ilganlar piq-piq yig‘lashga tushishdi
. Olim cho‘plarni boshqacha tartibga solib chalgan edi, amirdan tortib darvozabonga­cha hamma dong qotib uxlab qoldi. Abu Nasr esa, fursatdan foyda­lanib, saroydan chiqib ketdi»

Yüklə 20,46 Kb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©www.azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin