Mavzu. Axborot xurujiga qarshi yoshlarda ogohlik tuygularini tarbiyalash kirish I bob. Axborot xuruji va ogohlikning nazariy-metodologik asoslari



Yüklə 340,5 Kb.
səhifə20/26
tarix07.06.2023
ölçüsü340,5 Kb.
#126351
1   ...   16   17   18   19   20   21   22   23   ...   26
G`olib disertatsiya eng yangi

O‘zbekistonda ham qator ijtimoiy jarayonlar jamiyat a’zolari axbo-rot madaniyati saviyasiga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. Xususan:
Birinchidan, axborot madaniyati shakllanishi uchun eng avvalo uning manbalari boy bo‘lishi kerak. Mamlakatimiz mustaqillikka erishganidan so‘ng jamiyat a’zolariga turli axborotlarni etkazishga xizmat qiladigan manbalar soni sezilarli ravishda ko‘paydi. “Mustaqillik yillarida, - deb uqdiradi davlat rahbari, - mamlakatimiz ommaviy axborot vositalarining soni qariyb 4 barobar ko‘payib, 1500 taga etgani ushbu tarmoqda o‘sish, o‘zgarish jarayonlari izchil davom etayotganidan dalolat beradi”65. Bu jarayonlar davom etmoqda. Jumladan, “oxirgi yillarda mamlakatimizda katta auditoriyaga ega bo‘lgan qariyb 290 ta xususiy va idoraviy Internet nashr-lari tashkil etildi. Ular boshqa materiallar qatorida eng muhim rasmiy axborotlar, normativ-huquqiy hujjatlarni o‘zbek, rus va ingliz tillarida tarqatmoqda”.66
Ikkinchidan, axborot madaniyati shakllanishi uchun an’anaviy va virtual ommaviy axborot vositalari erkin faoliyat ko‘rsatmoqlari lozim. Mustaqillik yillarida mamlakatda ommaviy axborot vositalari senzuradan butkul xalos qilindi, ularning erkinligi me’yori muttasil kengaytirib borildi. Jumladan, o‘tgan yillar mobaynida “O‘zbekistonda so‘z erkinligini ta’minlash, ommaviy axborot vositalarini har tomonlama rivojlantirish, jurnalist va blogerlarning erkin faoliyat yuritishi va ijod qilishlari uchun hukukiy asoslar va keng imkoniyatlar yaratildi. Bundan keyin ham «to‘rtinchi xokimiyat» vakillarining erkin va xolis faoliyat yuritishlari, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan jadal islohotlarni xalqimiz va xalqaro hamjamiyat uchun ochiqoydin yoritishlari uchun barcha shart-sharoitlarni yaratamiz”67, - deb ta’kidlaydi davlat rahbari.
Uchinchidan, axborot madaniyati shakllanishi uchun jamiyat a’zolari axborot erkinligiga ega bo‘lmoqlari darkor. O‘zbekistonda fuqarolarning axborot erkinligi huquqan ta’minlandi. Jumladan, 2002 yilda qabul qilingan “Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risidagi” O‘zbekiston Respublikasi Qonuni bilan mamlakatda “ochiqlik va oshkoralik, hamma erkin foydalanishi mumkinligi va haqqoniylik axborot erkinligining asosiy prinsiplari”68 sifatida e’tirof etildi.
To‘rtinchidan, axborot madaniyati shakllanishi uchun jamiyat a’zolarining mediasavodxonligi oshirib borilmog‘i zarur. O‘zbekistonda o‘rta, o‘rta maxsus va oliy ta’lim maskanlarida informatika fanlaridan saboq berilishi, kompyuter savodxonligi kurslarining tashkil etilishi, axborot olish madaniyatiga bag‘ishlangan turkum ilmiy, o‘quv-uslubiy adabiyotlarning yaratilishi fuqarolar mediasavodxonligini oshirishga xizmat qildi.
Beshinchidan, axborot madaniyati shakllanishi uchun jamiyat va axborot iste’molchilarining axborot xavfsizligi ta’minlanmog‘i kerak. O‘zbekistonda bu borada turkum tizimli choralar ko‘rilmoqda. Jumladan, O‘zbekis-ton Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivoj-lantirish vazirligi huzurida axborot xavfsizligi va jamoat tartibini ta’minlashga ko‘maklashish markazi tuzildi. Bugungi kunda mazkur markaz axborot xavfsizligiga hozirgi vaqtdagi tahdidlar to‘g‘risidagi ma’lumot-larni yig‘ish, tahlil qilish va to‘plash, davlat organlari axborot tizimlari, resurslari va ma’lumotlar bazalariga noqonuniy kirib olish holatlari-ning oldini olish, foydalanuvchilarni Internet tarmog‘i milliy segmenti-da axborot xavfsizligiga paydo bo‘layotgan tahdidlar to‘g‘risida o‘z vaqtida xabardor qilish, shuningdek axborotlarni muhofaza qilish bo‘yicha maslahat xizmatlari ko‘rsatish masalalari bilan shug‘ullanmoqda”.69
Darhaqiqat, shaxs axborot madaniyatini yuksaltirish uchun eng avvalo uning oqilona axborot ehtiyojlarini shakllantirish zarur. SHaxs ma’naviy yuksalishga xizmat qiladigan axborot ehtiyojlariga ega bo‘lganidagina internet-makon resurslaridan to‘g‘ri foydalana boshlaydi. Natijada internetmakon uning pozitiv ijtimoiylashuvini ta’minlovchi, unga insonparvar bilim, norma va qadriyatlarni etkazuvchi manbaga aylanadi. Axborot ehtiyojlari oqilona xarakter kasb qilmas ekan, inson negativ axborotlar ta’siriga tushib qolaveradi. SHu boisdan axborot asrida uni olish manbalarini rivojlantirish bilan cheklanmasdan, jamiyat a’zolarida oqilona axborot ehtiyojlarini shakllantirish masalasiga ham jiddiy e’tibor bermoq darkor. Bu vazifani ta’lim dargohlarida “Informatika” fanidan o‘tiladigan darslar doirasida bolalarning oqilona axborot ehtiyojlari haqi-dagi tasavvurlarini kengaytirish, negativ axborot ehtiyojlarining ayanchli oqibatlarini ochib berishga bag‘ishlangan ma’rifiy tadbirlar tashkil etish orqali bajarish mumkin. Tahsil maskanida boshlangan mazkur tadbirlarning keyinchalik mehnat jamoalarida, mahallalarda, ommaviy axborot vositalari sahifalari va ekranlarida davom ettirilishi uning ta’sirchanligi darajasini oshiradi.
Lekin jamiyat a’zolarida oqilona axborot ehtiyojlarini shakllantirishning o‘zi kifoya qilmaydi. Tom ma’noda yuksak axborot madaniyatiga ega bo‘lgan shaxs o‘zining maqbul axborot ehtiyojlarini qondirish, boshqacha aytganda, ehtiyojlariga javob beradigan axborotlarni internet-makonning virtual sarhadlaridan izlash malakasiga ham ega bo‘lmog‘i darkor. Bir qarashda ma’lumotlarni izlash tizimlari keng rivojlangan bir vaziyatda internetdan zaruriy axborotni topish unchalik mushkulot tug‘dirmaydigan amaldek ko‘rinadi. Aslida esa bunday emas. Axborotlar hajmi har yili bir necha barobar oshib borayotgan bugungi kunda talab qilinayotgan axborotni topish birmuncha mashaqqatni talab qiladi. Bunday texnologiyalarni puxta o‘zlashtirgan shaxsgina qisqa muddatda o‘z ehtiyojlariga javob beradigan ma’lumotlarni qidirib topa oladi. Zaruriy axborotlarni izlash malakasiga ega bo‘lmagan kishi keraksiz saytlarga o‘ralashib qolish evaziga o‘z vaqtini behuda o‘tkazadi, ma’naviy dunyosini boyitishga xizmat qilishi mumkin bo‘lgan ahamiyatli ma’lumotlardan bexabar qoladi. Biroq bugungi kunda jamiyat a’zolarini mazkur texnologiyalardan voqif qiladigan ommabop risolalar, elektron ko‘rsatmalar nihoyatda kam. Natijada aksariyat kishilarning axborot izlash malakalari pastligicha qolmoqda. Ushbu manbalarning ko‘paytirilishi vaziyatni ijobiy tomonga o‘zgartirgan va jamiyat a’zolarining pozitiv ijtimoiylashuviga yo‘l ochgan bo‘lardi.
Masalaning yana bir tomoni bor. Foydalanuvchi o‘z ehtiyojlariga mos bo‘lgan axborotlarni izlash texnologiyalarini o‘zlashtirdi va ulardan foydalana boshladi ham deylik. Bunday holatda vebservis unga turfa ma’lumotlarni taqdim etadi. Masalan, “axborot madaniyati”, “information culture” yoxud “informatsionnaya kultura” qabilidagi so‘rovlarga javoban millionlab hujjatlar ja’m bo‘ladi. Audio va videomateriallar, saytlar, ijtimoiy tarmoqlardagi kanallar xususida ham shunday deyish mumkin: mavzuga doir birinchi so‘rovga javoban minglab materiallar kelib tushadi. Hatto internet-makon kontentlaridan foydalangan holda mehmonxonadan joy, aviabilet, temir yo‘l chiptasi yoxud biror bir mahsulot buyurtma qilinganida ham ko‘plab takliflarga ko‘z tushadi. Ma’lumotlar ummonida adashib qolmaslik uchun axborotlarni tanlash malakasiga ega bo‘lish kerak bo‘ladi. Aynan ana shunday malaka hujjatlarning rezyumesi, audio va videomateri-allarning talqini, xizmatlarni taqdim qilayotgan saytlarning nufuziga qarab zaruriy axborotni ahamiyatga molik bo‘lmagan yoxud yolg‘on ma’lumot-lardan ajratib olish imkonini beradi. Bu malaka ham stixiyali ravishda shakllanib qolmaydi: uni tegishli bukletlar, uslubiy qo‘llanmalarni ko‘paytirish orqali qaror toptirish mumkin.
Ma’lumotlar turkumidan zaruriy axborotni tanlab olish uchun shaxs uning ishonchliligini baholash malakasiga ega bo‘lmog‘i darkor. Bugungi kunda ushbu malakaga bo‘lgan talab ayniqsa ortdi. CHunki internet-makonda voqea va jarayonlarning noto‘g‘ri talqinini o‘zida mujassam qilgan, haqiqatdan yiroq, ayrim pallalarda kishilarni chalg‘itish maqsadida maxsus buzib tayyorlangan xabarlar tobora ko‘payib borayati. Noto‘g‘ri talqin hatto turli saytlarda jamlangan filmlar, suratlar, asarlarda ham ko‘zga tashlanadi. Masalan, G‘arb mamlakatlarida tayyorlangan axborotlarning (xabar, asar yoxud film syujetlari va hokazolar) muayyan qismida SHarq voqeligi, SHarq kishisi turmush tarzi shu qadar noto‘g‘ri, yuzaki talqin qilinadiki, beixtiyor bularning barchasi tasodifiy bo‘lmasa kerak, degan xulosaga kelasan. Axborot olamidagi bunday vaziyatda ma’lumotlarning ishonchliligini baholash malakasi ayniqsa asqotadi. SHuning uchun ham ta’lim dargohlaridagi o‘quv jarayoni, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar davomida jamiyat a’zolarini internet saytlaridagi axborotlarni manbasiga e’tibor bergan holda iste’mol qilishga odatlantirish kerak bo‘ladi. Bu borada “Axborotlar ishonchlili-gini baholash uslubiyoti” nomli qo‘llanmaning yaratilishi maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Internet-makon resurslaridan oqilona foydalanishni ta’minlashda axborotlarning to‘liqligini baholash malakasining ahamiyati ham katta. Turli saytlar, bloglar, ijtimoiy tarmoq kanallaridagi axborotlar kuzatuvi shundan dalolat beradiki, aksariyat manbalar ijtimoiy jarayonlar, voqealar, hodisalar haqida tugal ma’lumot bermaydilar, ularning o‘zlarini qiziqtirgan va e’tiborlarini jalb qilgan yoxud qaysidir manfaatlariga mutanosib bo‘lgan jihatini yoritish bilan kifoyalanadilar. SHu boisdan bugungi kunda shaxs u yoki bu ob’ekt, jarayon xususida tugal ma’lumotga ega bo‘lish uchun bir emas, bir necha manbalarga murojaat qilishi zarur bo‘ladi. Bunday yondashuv olingan axborotlarni bir-biri bilan qiyoslash, ularni sintez qilish va pirovardida ob’ekt xususida to‘liq ma’lumotga ega bo‘lish imkonini beradi. Bir necha manbadan axborot olishga odatlangan shaxs keyinchalik taqdim qilingan ma’lumotning to‘la yoki to‘la emasligini ilg‘ab olishga o‘rganadi. Telekanallar, radiokanallar, internet-nashrlarning shunday tamoyil asosida ishlay boshlashi bu borada o‘rnak bo‘lgan, jamiyat a’zo-larida axborotlar to‘liqligini baholash malakasini shakllantirishga zamin hozirlagan bo‘lardi.
YUksak axborot madaniyati axborotlarni tahlil qilish malakasini ham o‘z ichiga oladi. SHu boisdan shaxsni internet-makon imkoniyatlaridan oqilona foydalanishga odatlantirishni istar ekanmiz, mazkur malakani shakllantirish masalasini ham e’tibordan chetda qoldirib bo‘lmaydi. Taqdim qilingan axborotni tahlil qilishni, ya’ni axborotni qismlarga bo‘lishni, uning turli qismlarini bir-biri bilan qiyoslashni, ular o‘rtasidagi aloqadorlik yoxud ziddiyatni aiqlashni, qismlar o‘rtasidagi izchillik darajasini baholashni, har qanday axborotni shubha ostiga olishni, uni boshqa manbalardagi axborotlar bian taqqoslashni puxta o‘zlashtirgan kishi haqqo-niy axborotni yolg‘ondan, to‘liq axborotni to‘liqsizidan oson ajrata biladi. Aksincha, axborotni tahlil qilmasdan, uni shubha ostiga olmasdan, turli manbalardan uzatilgan axborotlarni bir-biri bilan qiyoslamasdan “hazm” qilishga odatlangan inson internet-makon resurslaridan oqilona foydala-na olmaydi. Natijada uning ijtimoiylashuvi jarayoni negativ jihatlardan xoli bo‘lmaydi. Albatta, bunday malakani qaror toptirish uchun “Mantiq” ilmidan tahsil berish, fikrlashga undaydigan asarlar va filmlarni, ko‘r-satuv va eshittirishlarni ko‘paytirish orqali mantiqiy tafakkurni shakl-lantirish zarur bo‘ladi.
Internet-makonda yoki kompyuterlar yordamida amalga oshirilayotgan jinoyatlar soni ortayotgani shaxsiy axborot xavfsizligini ta’minlash malakasini shakllantirishni taqozo qilmoqda. Aksariyat hollarda bunday jinoyatlarga internetdan foydalanuvchilarning ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirgan shaxsiy ma’lumotlari, axborot almashinuvdagi ehtiyotsizligi, axborotni shubha ostiga olish ko‘nikmasining yo‘qligi va shu kabilar yo‘l ochmoqda. Buning oqibatida u turfa jinoyatlarning ob’ektiga, ayrim hollarda esa beixtiyor ishtirokchisiga aylanib qolayapti. Jamiyat a’zolarini shaxsiy ma’lumotlarni muhofaza qilishga, axborot almashinishda ehtiyotkorlik choralarini ko‘rishga, har qanday axborotni tanqidiy qabul qilishga odatlantirmas ekanmiz, bunday hollar ko‘pligicha qolaveradi. SHu munosabat bilan ta’lim muassasalarida va mehnat jamoalarida “Axborot xavfsizligi”dan maxsus kurslar o‘tilishining yo‘lga qo‘yilishi, mavzuga bag‘ishlangan ma’rifiy tadbirlarning ko‘paytirilishi, axborot xavfsizligiga chorlovchi ijtimoiy reklamalarning tayyorlanishi va tarqatilishi maqsadga muvofiq bo‘lardi. Faqat shu yo‘l bilan kishilarni internetdan ratsional foydala-nishga o‘rgatish va axborot madaniyatini yuksaltirish mumkin.
Nihoyat, jamiyat a’zolarining axborot madaniyatini yuksaltirish va shuning bilan ularning internetdan oqilona foydalanishlarini ta’minlash uchun axborotlarni tarqatish malakasini shakllantirish zarur. Ijtimoiy tarmoqlardagi kuzatuvlar jamiyat a’zolarida mazkur malakaning nihoyatda past darajada ekanligini ko‘rsatmoqda. SHu boisdan internetning o‘zbek segmentida muntazam ravishda yolg‘on xabarlar, asossiz ma’lumotlar paydo bo‘lmoqda, o‘zgalarga ma’lumotlarni etkazishda mas’uliyatsizlik, yolg‘on xa-barlarning qanday oqibatlarga olib kelishini tushunmaslik xolatlari ko‘z-ga tashlanmoqda. Fuqarolarning axborotni tarqatish malakasi takomillash-tirilmas, ularning bu boradagi mas’uliyatlari oshirilmas ekan, bunday holatlarning cheki bo‘lmaydi. Buning uchun faqat kishilar mediasavodxonli-gini oshirish bilan kifoyalanilmaydi. Ayni paytda axborotlarni tarqatish uchun javobgarliklar to‘g‘risidagi huquqiy xabardorlikni oshirish, tarqatilgan ma’lumot uchun axloqiy mas’uliyatni ham shakllantirish zarur. Bularning barchasi tegishli mavzularga bag‘ishlangan ommabop risolalar turkumini yaratishni, o‘zbek segmentidagi saytlarda, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarda tegishli eslatmalar va ogohlantirishlarni ko‘paytirishni taqozo qiladi.
Xulosa qiladigan bo‘lsak, shaxs ijtimoiylashuviga pozitiv tus berish uchun avvalo uni internet-makondan joy olgan kontentlardan ratsional foydalanishga odatlantirish zarur. Bu o‘rinda shaxs axborot madaniyatini shakllantirishning ahamiyati beqiyosdir. O‘zbekistonda keyingi yillarda sodir bo‘lgan qator ijtimoiy jarayonlar jamiyat a’zolari axborot madaniyati saviyasiga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. Biroq internet-makonning shaxs ijtimoiylashuviga salbiy ta’siri kuchayib borayotgani yangi vazifalarni kun tartibiga qo‘ymoqda. Bugungi kunda O‘zbekiston sharoitida jamiyat a’zolarining axborot madaniyatini yuksaltirish uchun ularda oqilona axborot ehtiyojlarini shakllantirish, axborotlarni izlash, tanlash, ishonchliligini baholash, to‘liqligini baholash, tahlil qilish, shaxsiy axborot xavfsizligini ta’minlash malakalarini takomillashtirish zarur bo‘ladi. Faqat shunday yo‘l bilangina jamiyat a’zolarini internet-makon resurslaridan oqilona foydalanishga tayyorlash mumkin.

Yüklə 340,5 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   16   17   18   19   20   21   22   23   ...   26




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©www.azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin