Mavzu: Abduhamid Nurmonovning lingvistik qarashlari



Yüklə 10,33 Kb.
tarix04.05.2023
ölçüsü10,33 Kb.
#107419
Xurshida Xushboqova 118-guruh talabasi. esse


Termiz davlat universiteti o'zbek filologiyasi fakulteti IV kurs 118 - guruh talabasi Xushboqova Xurshidaning tilshunoslik va sotsiologiya fanidan "Abduhamid Nurmonovning lingvistik qarashlari" mavzusida yozgan essesi
Mavzu: Abduhamid Nurmonovning lingvistik qarashlari
O'zbek tilshunosligining yetakchi va zabardast vakillaridan biri Abduhamid Nurmonov - o'zining butun umrini ilm-fan ravnaqi va o'zbek tili taraqqiyotiga bag'ishlagan tilshunos olimlardan biri. Jamiyatimiz hayotida ona tilimizning o'rnini oshirishga astoydil xizmat qilgan Abduhamid Nurmonov o'zbek tilining turli masalalariga bag'ishlangan 50 ga yaqin darslik, 500 ga yaqin ilmiy-ma'rifiy mavzularga oid maqolalar, shuningdek, bir qancha o'quv qo'llanmalar muallifidir. Ayniqsa, tilshunos olimning " O'zbek tilining nazariy grammatikasi. Sintaksis", "O'zbek tilining nazariy grammatikasi. Morfologiya", "Tilshunoslik nazariyasi", "Gap haqidagi sintaktik nazariyalar", "Struktur tilshunoslik: ildizlari va yo'nalishlari", " Lingvistik tadqiqot metodologiyasi va metodlari" deb nomlangan kitoblari va o'quv qo'llanmalari bugungi kunda tilshunosligimizda katta ahamiyatga ega asarlardan hisoblanadi.
Tilshunos olim Bekmurod Yo'ldoshev bilan hammualliflikda yaratgan "Tilshunoslik bilan tabiiy fanlar" deb nomlangan o'quv qo'llanmasida fanlarning paydo bo'lishi, fanlar sistemasi, fanlar tasnifi, tilshunoslikning boshqa fanlar bilan aloqasi, tilshunoslikning fanlar sistemasidagi o'rni haqida batafsil to'xtalib o'tgan va tilshunoslik fani deyarli barcha fanlar bilan uzviy aloqadorligini ko'rsatib bergan. Bu haqida shunday fikrlarni yozadi: "Tilshunoslik fanlar sistemasida deyarli barcha fanlar bilan uzviy aloqadadir. Buning sababi tilshunoslik fanining o'rganish obyekti bo'lgan tilning mohiyati bilan bog'liqdir. Avvalo til kishilar o'rtasidagi eng muhim aloqa vositasi sifatida ijtimoiy xarakterga ega. Demakki, u boshqa ijtimoiy hodisalar bilan uzviy aloqadadir."
Abduhamid Nurmonovning " Struktur tilshunoslik: ildizlari va yo'nalishlari" nomli kitobi ham bugungi kunda tilshunosligimizda katta amaliy ahamiyatga ega. Mazkur kitobda struktur tilshunoslikning yuzaga kelishi, uning yo'nalishlari, struktur tilshunoslikning namoyandalari, Praga strukturalizmi, Amerika strukturalizmi, shu jumladan, o'zbek tilshunosligiga strukturalizmning ta'siri haqida keng yoritilgan. An'anaviy va struktur tilshunoslik haqida o'z fikrini bildirar ekan: "Ular tilshunoslikning teng huquqli ikki yo'nalishi sanaladi. Tilshunoslikning bu yo'nalishi bir-birini rad etmaydi, balki biri ikkinchisining natijalariga asoslanadi. Shuning uchun ham har ikki tilshunoslik hozirgi kunda bab-baravar qadam tashlamoqda", - deydi tilshunos olim. Atoqli olimning ushbu kitobi esa 2010-yilgi Respublika o'quv adabiyotlari tanlovida faxrli birinchi o'rinni egallagan.
Abduhamid Nurmonovning tilshunoslikdagi muhim ishlaridan biri boshqa yo'nalishlarga nisbatan keyinroq rivojlanib kelayotgan lingvosinergetika sohasida olib borgan izlanishlaridir. O'zining Azamatjon Rahimov bilan birgalikda yaratgan "Lingvosinergetikaga kirish" risolasi ayni shu izlanishlarning isbotidir. Mazkur risola tilshunoslikda asta shakllanib borayotgan yosh yo'nalish - lingvosinergetika fanining nazariy asoslari, kelib chiqish ildizlari va manbalari, tadqiqot yo'nalishlari, istiqboli haqidagi nazariy qarashlarni ilmiy tahlil etishga bag'ishlangan o'zbek tilshunosligidagi ilk ma'rifiy asar hisoblanadi. Bunda dastlab sinergetik paradigma, uning mohiyati, kategorial apparati, tayanch tushunchalari, sinergetika va dialektika munosabati haqida ma'lumot berilib, so'ng lingvosinergetikaga bag'ishlangan tadqiqotlar, sinergetik nuqtayi nazardan til hodisalarining mohiyati kabi masalalar yoritilgan.
"Tarixiy xotirasiz - kelajak yo'q" deyilganidek, ona tilimizning taraqqiyoti va rivoji - uning tarixini, kelib chiqishini, asrlar davomida qanday o'zgarishlarga uchraganligini, hozirgi shakliga kelguncha qancha yo'llarni bosib o'tganligini o'rganish bilan bevosita bog'liq. Professor A. Nurmonovning ta'kidlashicha, har bir fanning hozirgi holatini chuqur o'rganish, uning tarixiy taraqqiyoti bilan bog'lab olib borilganidagina kutilgan samarani beradi. Demak, kishilarning aloqa vositasi bo'lgan tilning ichki tuzilishi, tuzilish birliklari, bu birliklarning ichki jarayonda voqealanishi, tilning jamiyat bilan munosabati, til va tafakkur munosabati, tillarning geneologik va tipologik muammolari bilan shug'ullanuvchi "Tilshunoslik nazariyasi" bilan bu muammolarning o'rganilish tarixi masalalarini yoritib beruvchi "Tilshunoslik tarixi" o'zaro uzviy bog'liqdir.
Abduhamid Nurmonovning "O'zbek tilshunosligi tarixi" o'quv qo'llanmasi esa o'zbek tilining tarixini chuqur bilishga imkon yaratadi. Ushbu kitobda milodiy VII -VIII asrlardan to hozirgi kungacha bo'lgan o'zbek tilshunosligi tarixi, uning kelib chiqish ildizlari haqida fikrlar yoritilgan. O'zbek tilshunoslarining dunyo tilshunoslik fanining rivojiga qo'shgan hissalari to'g'risida batafsil ma'lumotlar berilgan. Shuningdek, qo'llanmadan jahon ilm-faniga ulkan hissa qo'shgan Forobiy, Beruniy, Ibn Sino, Mahmud Koshg'ariy, Zamaxshariy, Alisher Navoiy kabi qomusiy bilim egalarining lingvistik qarashlari, o'zbek tilshunosligining shakllanish va rivojlanish davri, mustaqillik davri o'zbek tilshunosligi haqidagi ma'lumotlar keng joy olgan.
Professor Abduhamid Nurmonov tilshunoslikning ko'plab sohalarida ilmiy izlanishlar olib borgan. Yuqorida aytib o'tilgan struktur tilshunoslik, lingvosinergetika, qiyosiy-tarixiy tilshunoslik, lingvistik tadqiqot metodologiyasi sohasidagi ishlari buning yorqin dalilidir. Shu jumladan, tilshunos olim o'zining "O'zbek tilida lingvokulturologik yo'nalish" nomli maqolasida ham lingvomadaniyatshunoslikka oid firklarini bayon qilib o'tgan.
Tilshunos olim Abduhamid Nurmonov o'zbek tilshunosligiga o'ziga xos maktab yarata oldi desak mubolag'a bo'lmaydi, albatta. Negaki, uning rahbarligida 8 ta doktorlik va 30 dan ortiq nomzodlik dissertatsiyalari himoya qilinganligi buning yorqin isbotidir. Xususan, olimning o'zi ham "O'zbek tilidagi tovush o'zgarishlarida ekonomiya prinsipi" mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini va "O'zbek tili sintaksisini sistema sifatida o'rganish muammolari" mavzusida doktorlik dissertatsiyalarini himoya qilgan. Shu bilan birga professorning o'rta ta'lim maktablarining V - IX sinflari uchun mo'ljallangan "Ona tili" darsliklari va akademik litseylar uchun esa 3 jildlik "Hozirgi o'zbek adabiy tili" darsliklari yillar davomida biz yoshlar uchun asosiy dars qo'llanmalari sifatida xizmat qilib kelmoqda.
Xulosa qilib aytganda, professor Abduhamid Nurmonov butun hayoti davomida o'zbek tilshunosligi fanida alohida yo'nalish yaratib, o'ziga xos meros qoldirib, ona tilimizning rivojiga chinakam hissa qo'sha oldi.

Xurshida Xushboqova


118-guruh talabasi
Yüklə 10,33 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©www.azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin