Korrupsiyaga qarshi kurashish – jamiyat taraqqiyotining asosi



Yüklə 20,54 Kb.
tarix09.09.2023
ölçüsü20,54 Kb.
#142174
6-mavzu


Korrupsiyaga qarshi kurashish – jamiyat taraqqiyotining asosi
Bugungi kunda jahon hamjamiyati oldida korrupsiya davlatlar rivojlanishiga, iqtisodiy, siyosiy, ma’naviy yuksalishiga to‘sqinlik qilayotgan salbiy illat sifatida paydo bo‘ldi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev ham ta’kidlaganidek, “Korrupsiyaning oldini olmasak, haqiqiy ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaratib bo‘lmaydi, umuman, jamiyatning birorta tarmog‘i rivojlanmaydi”. Haqiqatdan ham, korrupsiyaviy jinoyatlar davlatning rivojlanishiga to‘sqinlik qiladi, shuningdek, xalqning davlat organlariga nisbatan ishonchini susaytiradi.
Korrupsiya (lot. Corrumpere — buzmoq) atamasi odatda mansabdor shaxslar tomonidan unga berilgan mansab vakolatlari va huquqlardan o‘zlarining shaxsiy manfaatlarini ko‘zlab qonunchilik va axloq qoidalariga zid ravishda foydalanishini anglatadi.
Ko‘p hollarda bu atama siyosiy elitadagi byurokratik apparatga qarata ishlatiladi. Korrupsiya ko‘plab davlatlarning jinoyat va ma’muriy qonunchiligi bilan huquqqa qarshi harakat sifatida ta’qib qilinadi.
Korrupsiyaning tarixiy o‘zaklari juda qadimga borib taqalib, bu hol qabilada ma’lum mavqega ega bo‘lish uchun qabila sardorlariga sovg‘alar berish odatidan kelib chiqqan deb taxmin qilinadi. O‘sha davrlarda bu normal holat sifatida qabul qilingan. Biroq davlat boshqaruvining murakkablashuvi va markaziylashuvi korrupsiyaning davlat rivojlanishiga katta to‘siq ekanligini ko‘rsatdi.
Korrupsiyaga qarshi kurashgan birinchi davlat sifatida qadimgi Shumer davlati tan olinadi. Qadimgi davlatlarni ayniqsa huquqni muhofaza qiluvchi organlarning poraxo‘rligi qattiq tashvishga solganligi bizgacha saqlanib qolgan manbalardan ma’lum. Chunki bu holat davlatning obro‘siga juda qattiq putur yetkazardi. Dunyoning yetakchi dinlarida ham birinchi navbatda huquqni muhofaza qiluvchi organlarning poraxo‘rligi qattiq qoralanadi. Jumladan, Injilda “Sovg‘alarni qabul qilma, chunki sovg‘a ko‘rni ko‘radigan qiladi va haqiqatni o‘zgartiradi” deyilgan bo‘lsa, Muqaddas Qur’oni Karimda “Boshqalarning mulkini nohaq yo‘l bilan olmangiz va boshqalarga tegishli bo‘lgan narsalarni olish uchun o‘z mulkingizdan hokimlaringizga pora qilib uzatmangizlar” deyilgan.
Bugungi kunda dunyo hamjamiyati olimlari korrupsiya atamasiga turlicha yondashishadi, ya’ni korrupsiya— shaxsiy maqsadda foyda olish uchun davlat hokimyatini suiiste’mol qilishdir2. Yuridik ensiklopediya mualliflarining ta’kidlashicha, korrupsiya – mansabdor shaxslar tomonidan ularga berilgan huquqlar va hokimiyat imkoniyatlaridan shaxsiy boylik orttirish uchun foydalanishda ifodalanuvchi siyosat yoki davlat boshqaruvi sohasidagi jinoiy faoliyat, -deb izohlashadi. Etimologik jihatdan korrupsiya atamasi buzish, pora evaziga og‘dirish degan ma’noni anglatadigan lotincha ―corruptio so‘zidan kelib chiqqan. Demak, bundan bilish mumkinki, har qanday pora evaziga qilinadigan ish bu – korrupsiyadir.
XVIII asrning ikkinchi yarmiga kelib jamiyat davlat boshqaruv apparatining ish sifatiga toboro ko‘proq ta’sir ko‘rsata boshladi. Bu o‘sha davrda qabul qilingan bir qator qonun hujjatlarida o‘z aksini topgan. Jumladan, 1787-yilda qabul qilingan AQSh Konstitutsiyasida pora olish AQSh prezidentini impechmentga tortish mumkin bo‘lgan ikki jinoyatning biri sifatida ko‘rsatib o‘tilgan. Siyosiy partiyalarning vujudga kelishi va ularning mamlakat hayotidagi o‘rnining oshib borishi XIX-XX asrlarda rivojlangan davlatlarda korrupsiyaning dunyoning boshqa mamlakatlariga nisbatan ancha kamayishiga olib keldi.
Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov o‘zining “O‘zbekiston XXI asr bo‘sag‘asida: xavfsizlikka tahdid, barqarorlik shartlari va taraqqiyot kafolatlari” asarida korrupsiya va poraxo‘rlik haqida to‘xtalib, “Jinoyatchilik va korrupsiyaning avj olishi davlatning konstitutsiyaviy asoslarini yemiradi, fuqarolarning huquq va erkinliklari jiddiy tarzda buzilishiga olib keladi.
Qonunlar va farmonlarni qabul qilishdan maqsad ularni chetlab o‘tishdir” deb ta’kidlab o‘tgan.
Korrupsiyaga qarshi kurashida O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlarga quyidagilarni kiritish mumkin. O‘zbekiston 2008-yil 7-iyulda BMTning “Korrupsiyaga qarshi kurashish Konvensiyasi”ga, 2010-yil mart oyida Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkiloti doirasida qabul qilingan korrupsiyaga qarshi kurashning Istanbul rejasiga (2003-yil 10-sentabr) qo‘shilgan. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan “Jinoiy daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha Yevroosiyo guruhi to‘g‘risida”gi bitimi (Moskva, 2011-yil 16-iyun), 2011-yil 13- dekabrda ratifikatsiya qilingan. O‘zbekistonda 2017-yilning 4-yanvaridan “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonun kuchga kirdi4. “O‘zbekiston Respublikasining Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonuni O‘zbekiston Respublikasining qaroriga muvofiq Qonunchilik palatasi tomonidan 2016-yil 24-noyabrda qabul qilindi va Senat tomonidan 2016-yil 13-dekabrda ma’qullandi va Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev tomonidan 2017- yil 4-yandarda imzolanib, kuchga kirdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 29-iyundagi PF-6013- sonli “O‘zbekiston Respublikasida Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilinib, mazkur Farmon asosida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatini, shuningdek, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning tizimli sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etish hamda korrupsiyaga qarshi kurashish choralarining samaradorligini oshirishga qaratilgan davlat va boshqa dasturlarni shakllantirish va amalga oshirish maqsadida Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi tashkil etildi.
Fuqarolar orasidagi korrupsiyaga nisbatan bo‘lgan ijobiy munosabat, ya’ni korrupsiyani butunlay qoralash o‘rniga uning jamiyatimizda yanada chuqurroq ildiz otishiga sababchi bo‘lishi achinarli holat, albatta. Faqatgina boshqalar oldida korrupsiyani qoralash , ammo aytilgan gaplarga, fikrlarga amal qilmagan holda o‘z mavqeini suiiste’mol qilish, qonunga zid ravishda ish yuritish va buni berkitish, bu ishda kimnidir o‘ziga sherik qilish jinoyat, ammo odamlar ko‘ra turib bu ishlarni takror va takror qilishadi. Lekin demokratik ruhda tarbiyalangan jamiyatda korrupsiyaga yo‘l qo‘yilmaydi. Demak, fuqarolarni demokratik ruhda tarbiyalash kerak. Bundan kelib chiqadiki, tarbiyani birinchi navbatda o‘zimizdan, ya’ni biz yoshlardan boshlash kerak. Har bir shaxs o‘z mehnati evaziga kun kechirishi, o‘z mehnati evaziga muvaffaqiyatga erishishi, o‘z ishini bajarishda doimo xolis bo‘lishi va qonunga tayangan holda ish ko‘rishi kerak. Jahonni ko‘zga ko‘ringan mamlakatlari ham poraxo‘rlik illatiga qarshi kurashib kelishmoqda. Misol uchun, Singapur davlati yetakchisi Li Kuan Yuning korrupsiya ustidan g‘alaba qozonishni istagan inson o‘z qarindoshlari va yaqin do‘stlarini ham qamashga tayyor bo‘lishi kerakligi haqidagi mashhur iborasi mamlakatda korrupsiyaga qarshi kurash ayovsiz bo‘lganidan dalolat beradi. Agar Singapurda korrupsiyachi amaldor ma’lum bir muddatga qamoq jazosini olgan bo‘lsa, Xitoyda buning uchun bir umrlik qamoq yoki o‘lim jazosi joriy etilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2003-yildan beri bu davlatda 10 mingga yaqin mansabdor shaxslar otuvga hukm qilingan, 120 ming nafari esa uzoq muddatlarga qamalgan. Ayrim holatlarda pora bilan ushlangan amaldorlarning qo‘llari chopilgan. Bundan tashqari, xitoyliklar pora olish illatiga qarshi kurashish bo‘yicha maxsus kurslarga qatnashadi. Davlat xizmatchilari ruhiy va jismoniy mashqlar orqali aql va tanalarini sog‘lomlashtirishadi. Shuningdek, Xitoyda onlayn o‘yin ishlab chiqilgan bo‘lib, bu o‘yinda foydalanuvchilar poraxo‘r amaldorlarni butun qarindoshlari bilan qirib tashlashlari kerak bo‘ladi.
Xitoyning shundoqqina yonida joylashgan Gongkong ham korrupsiyaga qarshi kurashda erishgan muvaffaqiyatlari bilan maqtansa arziydi – ilgari mamlakatning deyarli barcha davlat idoralari korrupsiya botqog‘iga botgandi. Bu botqoqdan chiqish uchun quyidagi choralar amalga oshirildi: davlat amaldorlari barcha mulklari, avtomobillari va boshqa qimmatbaho buyumlarini halol yo‘l bilan topgan mablag‘lariga sotib olganini isbotlab berishi lozim. Agarda buni isbotlay olmasa, uni qamoq kutadi va barcha mol-mulki musodara qilinadi. Ikkinchidan, 1974-yilda bu yerda “Korrupsiyaga qarshi mustaqil komissiya” tashkil etilgan bo‘lib, komissiya ofitserlar hamda ziyolilar va ishbilarmonlardan tashkil topgan. Ular o‘ta katta miqdorda maosh olishadi va faqatgina gubernatorga bo‘ysunishadi. Vanihoyat, Gongkong aholisi va OAV vakillariga poraxo‘rlikka qarshi kurashish uchun keng imkoniyat berilgan – fuqarolar pora so‘ragan amaldor ustidan komissiyaga shikoyat qilishi, jurnalistlar esa har qanday amaldor faoliyati yuzasidan tekshiruv o‘tkazishlari mumkin. Natija esa hayratlanarli – 30 yil ichida poraxo‘rlik darajasi 90 foizdan 3 foizga tushgan.
Daniyada qonunga so‘zsiz itoat qilish, jamiyatning barcha a’zolari tomonidan axloq tamoyillariga rioya qilish jamiyatni samarali boshqarishning asosiy uslubi hisoblanadi. Ijtimoiy mavqeidan qat’iy nazar, qonun oldida hamma birdek javobgar bo‘lib, ma’muriy yoki jinoiy harakati uchun mas’uliyatdan hech kim qochib qutula olmaydi. Mashinasida tezlikni oshirgani uchun Daniya qirolichasining o‘g‘li, shahzoda Yoaxim jarima to‘lagan va matbuotning keskin tanqidiga uchragan. Turmush o‘rtog‘i o‘z fermasida xorijlik ishchilarni ro‘yxatdan o‘tkazmasdan ishlatgani uchun vazirlardan biri iste’foga chiqishga majbur bo‘lgan.
Niderlandiyada ham bu illatga qarshi kurashish uchun qator choralar ishlab chiqilgan. Pora bilan qo‘lga tushgan amaldorga keyinchalik davlat tashkilotlarida ishlash taqiqlanadi, u barcha ijtimoiy imtiyoz va kafolatlardan mahrum etiladi. Mamlakatda OAVga poraxo‘rlik holati bilan bog‘liq voqealarni keng yoritishga va surishtiruvlar o‘tkazishga ruxsat berilgan.
AQSHda ham korrupsiyaga qarshi kurashga alohida e’tibor qaratilgan: poraxo‘rlik olingan poraning uch baravari miqdoridagi jarima, ayrim hollarda esa 15 yilgacha ozodlikdan mahrum etish bilan jazolanadi.
Xulosa qilib aytganda, korrupsiyaga qarshi kurashish faqatgina mas’ul xodimlarning vazifasi emas, yoki davlat rahbarlari bunga javobgar degan fikrda bo‘lish umuman to‘g‘ri bo‘lmaydi, balki bu jarayonda barchamiz birdek harakat qilsak ko‘zlangan natijaga erishishimiz mumkin. Bugungi kunda korrupsiyaga qarshi kurashishda ochiq-oshkoralikka juda katta e’tibor berilmoqda. Amalga oshirilayotgan bu ishlarda esa ommaviy axborot vositalarining ahamiyati juda katta. Televideniyeda efirga uzatiladigan ko‘pgina dasturlar jonli va ochiq muloqotlarga asoslangan holda olib borilmoqda. Jurnalistlarning huquq va erkinliklari yanada kengaytirildi. Agar davlatda qonun ustuvor bo‘lsa, davlat yuksaladi. Mamlakatizmini rivojlantirishi va fuqarolik jamiyatini qurishdagi eng katta harakatlarimizdan biri korrupsiyaga qarshi kurashishdan iborat.
Yüklə 20,54 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©www.azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin