30
16) respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining va hokimlarning
hujjatlarini toʻxtatadi, bekor qiladi; Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar
Mahkamasi majlislarida raislik qilishga haqli;
17) Oʻzbekiston Respublikasining qonunlarini imzolaydi va eʼlon qiladi;
qonunni oʻz eʼtirozlari bilan takroran muhokama qilish va ovozga qoʻyish uchun
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga qaytarishga haqli;
18) Oʻzbekiston Respublikasiga hujum qilinganda yoki tajovuzdan
bir-birini mudofaa qilish yuzasidan tuzilgan shartnoma majburiyatlarini bajarish
zaruriyati tugʻilganda urush holati, umumiy yoki qisman safarbarlik eʼlon qiladi
va qabul qilgan qarorini uch kun ichida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi
palatalarining tasdigʻiga kiritadi;
19) alohida hollarda (real tashqi xavf, ommaviy tartibsizliklar, yirik
halokat, tabiiy ofat, epidemiyalar) fuqarolarning xavfsizligini taʼminlashni
koʻzlab, Oʻzbekiston Respublikasining butun hududida yoki uning ayrim
joylarida favqulodda holat joriy etadi va qabul qilgan qarorini uch kun ichida
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari tasdigʻiga kiritadi.
Favqulodda holat joriy etish shartlari va tartibi qonun bilan belgilanadi;
20) Oʻzbekiston
Respublikasi Qurolli Kuchlarining Oliy Bosh
qoʻmondoni hisoblanadi, Qurolli Kuchlarning oliy qoʻmondonlarini tayinlaydi
va lavozimidan ozod etadi, oliy harbiy unvonlar beradi;
21) Oʻzbekiston Respublikasining ordenlari, medallari va yorligʻi bilan
mukofotlaydi, Oʻzbekiston Respublikasining malakaviy va faxriy unvonlarini
beradi;
22) Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligiga va siyosiy boshpana
berishga oid masalalarni hal etadi;
23) amnistiya toʻgʻrisidagi hujjatlarni qabul qilish haqida Oʻzbekiston
Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga taqdimnomalar kiritadi va Oʻzbekiston
Respublikasining sudlari tomonidan hukm qilingan shaxslarni afv etadi;
24) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashini
tuzadi va unga boshchilik qiladi, oʻz vakolatlari amalga oshirilishini taʼminlash
maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasini, shuningdek
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi maslahat-kengash organlarini va
boshqa organlarni shakllantiradi;
25) ushbu Konstitutsiya va qonunlarda nazarda tutilgan boshqa
vakolatlarni amalga oshiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti oʻz vakolatlarini bajarishni davlat
organlariga yoki mansabdor shaxslarga topshirishga haqli emas.
Dostları ilə paylaş: