Angkor Vat Hindixitoy yarimoroli va Nusantara orollarida ma’lum bo’lgan diniy ikonografiyada dastlab Budda tasvirlari milodiy II-III asrlardagi Amavarati maktabi va uning Shri-Lanka mahalliy variantlari ta’sirida yaratilgan. Dong – Ziong (Vyetnam), Pong-Tuk (Tailand), Sungey-Budjang (Malakka yarimoroli) dagi haykallarni esa Gupta davri hind obrazlarining mahalliy an’analar bilan uyg’unlashgan budda ikonografiyasi namunalari sifatida baholash mumkin. V-VI asrlardagi so’nggi Bapnom budda ikonografisida qadimgi kxmer mahobatli haykaltaroshligining ilk namunalaridan bo’lgan yirik yog’och haykaltaroshlik ajralib turadi.
Mahalliy toshga va yog’ochga ishlov berish va bronza quyish san’ati chuqur ildizlarga ega bo’lganligi sababli antrpomorf tosh va metall budda haykaltaroshligi tez rivoj topdi. VSh asrning birinchi yarmida yuzaga kelgan Pnom Da uslubidagi Budda, Vishnu va boshqa hinduiylik xudolarining tasvirlarida mahalliy va antik an’analar uyg’unligi ko’zga tashlanadi.
Qadimgi dunyo va o’rta asrlar chegarasida Janubi-Sharqiy Osiyo xalqlarining klassik san’ati xarakterini belgilab bergan alohida siyosiy-mafkuraviy omillarni sanab o’tish lozim. Birinchidan, yirik davlat birlashmalarining mavjudligi - Chenla (Kambudja), Tyao-Pray havzasidagi monlarning Dvaravat davlati, Iravad vodiysidagi Tarekkitar (Shrikshetra) ilk Birma podsholigi, hozirgi Janubi-G’arbiy Xitoydagi Dal (Nanchjao), Tyampa austroneziya davlati, Shrividjay (markazi Sumatra orolida) va Yava orolidagi Mataram. Navbatdagi omil hinduiylik va buddizm qobig’ida hukmdor-xudo rasmiy e’tiqodining, ajdodlarga sig’inish e’tiqodining turli an’anaviy shakllarining yanada rivojlanishidir. ”Keng yo’l” (maxayana) buddizmining va ayniqsa vajrayana buddizmi afsonaviy mafkurasining tarqalishi yana bir muhim omil bo’lgan.
Badiiy madaniyatning muhim yutuqlari bu omillar bilan bog’liq bo’lgan va ilk o’rta asrlar klassik me’yorlariga asos bo’lgan.
“Tog’-Ibodatxona” me’morchilik obrazi kxmerlarlarning prasat, tyamlarning kalan, yavaliklarning chandi, malayyaliklarning biaro modellariga asos bo’lgan. Bu me’morchilik shakllarining barchasi zinapoyasimon piramida “tog’” ning yuqorisida barpo etilgan minorasimon, terassa-minorali ibodatxonalardir. Me’morchilikning ahamiyatga ega mahalliy yo’nalishlarining barchasida ibodatxona qurilishiga o’z an’analariga mos holda o’zgarishlar kiritilgan.
Haykaltaroshlikning yetakchi yo’nalishlari yuqorida qayd etilgan me’morchilik, ya’ni ibodatxona majmualari bilan bog’liq bo’lgan. Kxmerlarning Sambor Prey Kuk va Prasat Andetdagi hinduiylashtirilgan xudolari va ayniqsa mashhur Xarixara (Shiva-Vishnu) haykallarida hukmdor hokimiyatining muqaddasligi va uning o’limidan so’ng ilohiylashtirilishi bilan bog’liq g’oyalar aks etgan.
Qadimgi dunyo va o’rta asrlar chegaralarida mahobatli san’atning budda aqidalari doirasidagi mahalliy me’yorlari ishlab chiqilgan. Masalan, Markaziy Yavadagi Borobudur ibodatxoan majmuasida (VIII asr oxiri - IX asr boshi) muqaddas Tog’, stupa va piramida obrazlari birlashtirilgan.
Vyetnam madaniy arealida “shimoliy mustaqillik” davrida (m.a. I asr – milodiy IX asrlar) xitoy sivilizatsiyasining ta’siri Dongshon sivilizatsiyasi vakillari-lakvyetlar an’analari bilan to’qnash keldi. Dxyana buddizmining qabul qilinishi va adaptatsiya qilinishi o’ziga xos qirralarga ega alohida me’morchilik, haykaltaroshlik va naqsh san’ati yodgorliklarining paydo bo’lishi bilan birga borgan (Dayla va Lyuilaudagi budda va fuqarolik inshootlari, Tenzudagi stupalar modellari, turli dafn buyumlari).
Qadimgi Janubi-Sharqiy Osiyo sivilizatsiyalarining badiiy merosi hozirda ushbu hududda istiqomat qiladigan etnoslar an’anaviy madaniyatining ajralmas qismini tashkil etuvchi madaniy qadriyatlarni yetkazishda katta rol o’ynadi.