Hamid Olimjon va Zulfiya ijodi



Yüklə 106,23 Kb.
tarix08.10.2023
ölçüsü106,23 Kb.
#153039
7.Hamid Olimjon va Zulfiya ijodi


Hamid Olimjon va Zulfiya ijodi
Hamid Olimjon va Zulfiya XX asr o‘zbek she’riyatining yorqin yulduzlaridan biridir. Ular bir oila bo‘lib, o‘zbek adabiyotini, o‘zbek she’riyatini yuksaklarga ko‘targan va o‘zbek adabiyotida o‘z o‘rniga, ovoziga ega bo‘lgan ijodkorlar edi.
Hamid Olimjon 1909-yil 12-dekabrda Jizzax shahrida mehnatkash oilasida tug‘ilgan. Bo‘lajak shoir uzun qish kechalarida uning Oygul bilan Baxtiyor, Tohir va Zuhra, Yoriltosh haqidagi ertaklarini tinglab, bolalik kezlaridanoq xalq og‘zaki ijodidan bahramand bo‘lib o‘sgan. Hamid Olimjon she’rlari o‘ta xalqchil ohang va ruh kasb etishining sabablaridan biri xuddi shundadir.
Hamid Olimjonning bolalik chog‘larida 1916-yilgi Jizzax qo‘zg‘oloni chuqur iz qoldiradi. Buning sababi shunda ediki, yetti yoshlik Hamidning oilasi Jizzax qo‘zg‘olonchilari qatorida Kili cho‘liga quvg‘in qilingan va boshidan og‘ir mashaqqatlaru sarson-sargardonliklarni kechirgan edi. Keyinchalik uning she’rlarida dunyoga kelgan
Men bir qaro kunda tug‘ildim,
Tug‘ildimu shu on bo‘g‘ildim, -
misralari xuddi o‘sha ijtimoiy hodisa tug‘dirgan azob-uqubatlarning mahsuli bo‘lsa ajab emas.

Hamid Olimjon bilim olishni faol jamoatchilik ishi bilan uzviy qo‘shib olib bordi. Pedakademiyani bitirgandan so‘ng, u 30-yillarda avval gazeta va jurnallarda, keyinroq Madaniy qurilish institutida ishladi. Hamid Olimjon dastlabki poetik mashqlarini ilmiy tadqiqot ishlari bilan qo‘shib olib bordi. Uning “O‘qish va o‘rganish qiyinchiliklari”, “Yozuvchining saviyasini ko‘taraylik”, “Adabiyotimizning tikka ko‘tarilish davrida”, “Adabiyot va xalq”, “O‘zbek xalqining adabiyoti” kabi maqolalari 30-yillarning mahsuli bo‘lib, ularda adabiyotimizning dolzarb nazariy masalalari ko‘tarib chiqilgan edi.
Hamid Olimjon 30-yillarda o‘zbek mumtoz adabiyotini va xalq og‘zaki ijodini tadqiq etishga alohida e’tibor bergan. “O‘zbek xalqining ulug‘ shoiri Navoiy”, “Navoiy va zamonamiz”, “Mardlik, muhabbat va do‘stlik dostoni”, “Farhod va Shirin” haqida”, “O‘zbek xalqining o‘lmas shoiri”, “Muhammad Amin Muqimiy” kabi maqolalari uning yetuk tadqiqotchi sifatida tanilganligini ko‘rsatib turibdi. Zamondoshlarining guvohlik berishicha, toshkentlik rassom V.Kaydalov Navoiyning grafik suratini yaratishda Hamid Olimjon portretidan, uning yuz tuzilishidan foydalangan ekan. Shuningdek, Hamid Olimjon boshqa xalqlar adabiyotlarini, xususan, rus adabiyotini ilmiy o‘rganish sohasida ham ibratli ishlar qilgan. Shoirning “V.V. Mayakovskiy haqida”, “Tolstoy va o‘zbek xalqi”, “Salom, Pushkin”, “Buyuk san’atkor”, “Jambul va xalq”, “Taras Shevchenko” kabi maqolalari huddi shundan dalolat beradi.
Badiiy ijod olamiga kirib kelar ekan , Hamid Olimjon 20-yillarning o‘rtalarida ilmiy maqolalar bilan bir qatorda nasr sohasida ham mashq qila boshlagan. Jumladan, u “Uchqun” taxallusi bilan “Zaharli yurak” (1927) ocherkini va “Haqiqat izlab”, “Tong shabadasi” (1928) hikoyalarini yozgan. Ularda o‘sha davrning dolzarb muammolari qalamga olingan bo‘lib, barcha masalalar izlanuvchan havaskor adibning endi shakllanayotgan dunyoqarashi asosida yoritilgan edi. Garchand, deyarli umrining oxirigacha nasriy asarlar yozib turgan bo‘lsa ham , Hamid Olimjon keyinchalik , asosan, iste’dodli shoir sifatida tanildi.
Hamid Olimjon “Ko‘klam” kitobidan boshlab hayot haqidagi o‘z taassurotlarini ifodalashga, turmushni dramatik holatlari bilan idrok etishga, she’rdagi lirik qahramon kechinmasini ta’sirchan va ishonarli ochishga, ayniqsa, voqea-hodisa tasviridan ko‘ra, undan hosil bo‘lgan fikr, his-tuyg‘ular, qalb holatini yuzaga chiqarishga urinadi. Uning dastlabki she’rlari ijod yo‘lidagi mashqlar va izlanishlar bosqichini tashkil etadi. Xususan, “Oydinda” she’rida hayot o‘sha davr rasmicha ko‘tarinki, soxta talqin qilinadi. Bunda hayot g‘amsiz, kadarsiz deb tasvirlanadi:
Gulshanda chechak yondi, ko‘rindi,
Mas’ud edi g‘amsiz va alamsiz.
Qalbimda amal yulduzi kuldi,
Yer qo‘ynida erkin va kadarsiz.
Hamid Olimjon ijodiy yo‘lining ikkinchi bosqichini 30-yillar va urush yillari tashkil etadi. Uning o‘ttizinchi yillarda yaratgan lirik asarlari orasida “Baxtlar vodiysi” balladasi alohida e’tiborga sazovor. Balladaning naqorati hisoblangan:
Ko‘m-ko‘k,
Ko‘m-ko‘k,
Ko‘m-ko‘k...—
satrlari bu tashvishli dunyoda horigan ruhimizni bir zum uzoq dalalarga olib uchadi:
Barcha yaproqlari birday ko‘kargan.
Navdalari jonli bu noyob bahor.
Qarashlari nurga to‘lgan bu ulug‘ vodiy
ko‘m-ko‘k!...
Shoir ana shu yashil manzara osha vodiyga nazar tashlar ekan, “Yangi hayot”ning unib borayotgan kurtaklarini ko‘radi. Kelajakda gullab-yashnashi mumkin bo‘lgan bu kurtaklar uning xayollariga ko‘tarinkilik bag‘ishlaydi.
Hamid Olimjon “Baxtlar vodiysi”da “Yangi hayot”da tug‘ilayotgan insonni katta e’tibor bilan kuzatadi. Uning nazarida “Tong pallasi xavas bilan dalaga oqqan, ketmonlari kun tig‘ida yarqirab boqqan, g‘o‘zalari o‘sib, gullab, ko‘saklar taqqan” inson yangi hayot kurtaklarining gullab-yashnashiga garovdek edi. Shoir bu va boshqa asarlarida mazkur qahramonning tug‘ilishini mehr bilan kuzatadi va tasvirlaydi.
Hamid Olimjon bu “yangi odam”ning kelajakda sho‘ro mafkurasi ta’sirida, stalincha qirg‘inlar va adolatsizliklar oqibatida milliy qiyofasini yo‘qotib, manqurtlashib, jamiyatning oddiy bir muruvvatiga aylanib qolishini payqamaganligi tabiiy edi.
30-yillardagi ko‘pchilik shoirlar qatori Hamid Olimjon ham davr ruhini har tomonlama qamrab olishga intilgan:
Shu kunlarda Qutb olindi,
Muzlar taslim bo‘lib ilindi.
Moskvadan Amerikagacha,
Taxti ravon bir yo‘l solindi.
Qudrati zo‘r el uchun osmon
Huddi yerday osoyish bo‘lur.
Bir necha yil mobaynida ko‘k
Odam bilan, albatta, to‘lur.
Bu jo‘n satrlar 1937-ili yozilgan. Lekin ularda o‘sha davrda ro‘y bergan ijobiy o‘zgarishlar, yangi havo yo‘llariyu Shimoliy qutbni o‘zlashtirish sohasidagi jasoratlar tufayli tug‘ilgan iftixor hissi, yorug‘ kelajakka ishonch tuyg‘usi ustunlik qiladi.
Shoir muhabbat mavzusini yoritganda ham, tabiat lavhalarini jonlantirganda ham lirik qahramon tuyg‘ularini baxt-saodat yog‘dulari bilan nurafshon etadi. U go‘zallik bilan uchrashar ekan, baxt bilan yuzma-yuz kelgandek bo‘ladi. Shuning uchun ham shoirning sevgi va tabiat tasviriga bag‘ishlangan she’rlarida nekbin ruh, nurli tuyg‘ular mavjlanib turadi. “Ofeliyaning o‘limi”, “Holbuki tun”, “Ishim bordir o‘sha ohuda” singari she’rlarida u tabiat manzaralarini yorqin chizishda va inson ruhiyati bilan bog‘lashda mahoratning yuksak cho‘qqilariga ko‘tarilganligini namoyish qildi. Xususan, shoir “Ishim bordir o‘sha ohuda” she’rida tabiat manzaralarini so‘z yordamida huddi rassom mo‘yqalamidek gavdalantirish va inson qalbi holatlarini yuzaga chiqarishga xizmat qildirish mumkinligini isbotladi:
Ishim bordir o‘sha ohuda,
U menga ko‘rinar har zamon.
Fikrimni chulg‘aydi beomon,
O‘tlarga tashlaydi xo‘p yomon,––
Ishim bordir o‘sha ohuda.
U ko‘rinar soydagi suvda,
Bir paridir toza, osuda...
Qoyalardan uchar bemalol,
Kushlar ko‘rsa titrab qolar lol,—
Ishim bordir o‘sha ohuda...
U yurganda ochilar gullar,
Baxmalga burkanar bahori cho‘llar,
U bor yerda jonlanar hayot,
Uni ko‘rsa chayqalar ko‘llar,—
Ishim bordir o‘sha ohuda...
30-yillarda Hamid Olimjon hayotni kengroq qamrab olish va o‘zi tasavvur qilgan inson baxtini yanada ko‘tarinki hamda avj pardalarda madh etish maqsadida dostonlar yaratishga kirishadi. Dostonchilikda u ko‘proq o‘zbek xalq og‘zaki ijodi va A.S. Pushkin an’analari izidan borib, huddi ulug‘ rus shoirining “Baliqchi va baliq haqida ertak” asaridagi singari ozodlik hamda erk g‘oyalarini yuksak san’atkorlik bilan ifodalashga intiladi. Shoirning “Oygul bilan Baxtiyor”, “Semurg‘”, “Zaynab va Omon” dostonlari huddi shundan guvohlik beradi. Butun ijodi davomida Hamid Olimjon 9 ta doston , 7 ta she’rlar to‘plami yaratgan. “Grisha”, “Ota hayotidan”, “Shohimardon”, “Ikki qizning hikoyasi” dostonlarida Hamid Olimjonning hayot to‘g‘risidagi eng yaltiroq tasavvurlari yuzaga chiqarilgan.
Hamid Olimjon ijodida “Oygul bilan Baxtiyor” (1937) hamda “Semurg‘ yoki Parizod va Bunyod” ertak-dostonlari ham alohida o‘rin tutadi. Shoir shu ikki dostonni yaratish bilan xalq og‘zaki ijodidan o‘rinli foydalanishning ibratli na’munasini ko‘rsatgan edi. Bu ertak-dostonlarni yaratishda u tarixiy haqiqatni, ya’ni ozodlik harakatlari to‘g‘risidagi g‘oyani asar syujetiga singdirib yuborish, realistik grotesklardan unumli foydalanish orqali folklor asarlardagi zolim xonlarga qarshi kurash ruhini, xalq kuchiga ishonch tuyg‘usini yanada yorqinroq hamda go‘zalroq qilib ifodalashga erishgan edi. “Malikai Husnobod” nomli o‘zbek xalq ertagi asosida yozilgan “Oygul bilan Baxtiyor” va “Qahramon” ertagi zaminida yaratilgan “Semurg‘” dostonlari adolat tantasiyu mehnatkash xalq baxtini madh etish bilan bir qatorda syujetning qiziqarli qilib qurilganligi hamda g‘oyatda ravon qisqa misralar o‘ynoqiligidan unumli foydalanilganligiga ko‘ra yodimizda beixtiyor A.S.Pushkinning “Shohsulton”, “Baliqchi va baliq haqida ertak” singari poemalarini jonlantiradi. Bunday yaqinlik yoki an’anaviylik ulug‘ rus shoiri asarlarini o‘qish va tarjima qilish jarayonida tug‘ilgan ta’sirlanishning oqibati bo‘lsa ajab emas.
Hamid Olimjon nafaqat shoir, balki mohir tarjimon ham edi. U 1936-yilda A.S.Pushkin vafotining 100 yilligi munosabati bilan “Kavkaz asiri” dostonini, “Suv parisi” dramasini, bir qator she’rlarni tarjima qilgan, A.S.Pushkin va M.Gorkiy haqida maqolalar yozgan. Tarjimonlik bilan bir qatorda adabiyotshunoslik faoliyatini davom ettirib, Uyg‘un bilan birgalikda u “Sotsialistik realizmni egallash yo‘lida”, “Marksizm niqobi ostida menshevizm” sarlavhali maqolalarini e’lon qilgan. Ularda mualliflar tanqidchi Abdurahmon Sa’diyni adabiyot va san’atni siyosatdan uzoqlashtirib yuborishda ayblaydilar, “pereverzevchi” deb e’lon qiladilar. Shoir qalamiga mansub “Fitratning adabiy ijodi haqida” maqolasi buyruqqa asosan yozilgan bo‘lib, adibni millatchilikda va xalqqa dushmanlikda ayblash asosiga qurilgan. Unda Fitrat ijodidagi otashin millatparvarlik ruhi, sira ikkilanishsiz, millatchilik, panturkizm, panislomizm deb e’lon qilingan edi. Yo‘q joydan bu xildagi siyosiy xato topishlar oqibatida Fitratning “xalq dushmani” deb e’lon qilinib, otib tashlanishiga va o‘zbek tanqidchiligida vulgar sotsiologizmdek mash’um illatning ildiz otishiga olib keldi.
Hamid Olimjonning urush yillaridagi g‘alabaga ishonch va umid ruhi “Yigitlarni frontga jo‘natish”, “Qo‘lingga qurol ol!”, “Yaqinlik”, “Moskvani men bilaman”, “Jangchi Tursun”, “Rossiya”, “Nihol”, “Sevgi” kabi asarlarining qon tomiriga singib ketgan edi. Urushning dastlabki kunlaridayoq shoir vatanparvarlik tuyg‘ulari balqib turgan she’rlar yozib, xalqni jangovar safarbarlikka chaqirdi. U keng xalq ommasining barcha qatlamiga tushunarli, kishilarni larzaga keltiradigan til va uslub topdi. Natijada shoirning urush davri she’riyatida xalqchillik va realizm chuqurlashdi. Hamid Olimjonning harbiy lirikasida publitsistik jo‘shqinlik tuyg‘ulari harorati bilan tutashib, “Sevgi”, “Sen tug‘ilgan kun”, “Sharqdan G‘arbga ketayotgan do‘stga”, “Qamal qilingan shahar tepasidagi oy” singari she’rlarida urush davri haqiqatini badiiy ifodalashga imkoniyat yaratildi. Shoir davr talabiga ko‘ra hatto muhabbat tuyg‘ulari va ishqiy kechinmalar tasvirini ham jang maydonlari bilan bog‘laydi.
Shoirning urush davridagi voqelikni bo‘yab-bezab o‘tirmasdan bor haqiqatni, elimiz bezovtaligi sabablarini ochiq yozishi asar realizmini ta’minlab, she’rning estetik ta’sir kuchini oshirgan.
Urush yillarida shoir “Qo‘lingga qurol ol”, “Rossiya”, “Roksananing ko‘z yoshlari” kabi she’r va balladalar ham yaratdi. Shoirning huddi shunday she’r va balladalarini ko‘zda tutib, Asqad Muxtor quyidagicha o‘rinli xulosa chiqargan edi: “Hamid Olimjon Sharqning eng yirik liriklaridan. U lirikaning kuchiga chuqur ishonch bilan qaradi, o‘zining barcha janrdagi asarlarini lirikaning nafis sehri bilan sug‘ordi”.
Hamid Olimjonning balladalari kabi “Muqanna” (1943) va “Jinoyat” (1944) dramalari ham urush davri o‘zbek adabiyotida muhim voqea bo‘ldi. “Muqanna” pesasida dramaturg olis tarixiy voqeani zamonning muhim siyosiy hodisasini aks ettirishga, urush davri vazifalarini o‘tash hamda ehtiyojlarini qondirishga xizmat ettira oldi. Dramada Hoshim ibn Hakim boshliq Turon zamin farzandlari tomonidan VIII asrdagi arab bosqinchilarining mustamlakachilik siyosatlariga va dinlariga qarshi olib borilgan qahramonona kurashlari manzaralari jonlantirilgan. Unda “Oq kiyinganlar” qo‘zg‘aloni qatnashchilarining jasoratlari va ozodlik yo‘lida o‘limga tayyor ekanliklari deyarli to‘lig‘icha tarixiy haqiqatga mos holda, faqat badiiy to‘qima qatlamiga joylangan tarzda yuzaga chiqariladi. Tarixiy haqiqatga mos holda drama ham, uning qahramoni ham “Muqanna”, ya’ni “Oq niqobli” deb ataladi.
“Uning urush yillariga oid eng baquvvat asari – “Muqanna” vatanparvarlik dramasi bo‘lib, - degan edi A.Fadeev, - u O‘zbekistonning VIII asrda arab bosqinchilari tomonidan istilo etilishi davridan olingan. Xalq rahnamosi Muqanna va o‘zbeklarning o‘ziga xos Janna D’Arki – Guloyin obrazlari – Hamid Olimjonning ulkan badiiy yutug‘idir” (Karimav N. “Hamid Olimjon”. T.; “Yosh gvardiya” 1979, 191-b.)
L.Bat, G‘.Karimov, S.Azimov, S.Mamajonov, N.Karimov kabi adabiyotshunoslar ham Hamid Olimjon ijodi yuzasidan ko‘plab maqola va kitoblar e’lon qilganlar. Uyg‘un esa 1944 yil yozilgan “Shodlik va baxt kuychisi” maqolasida uning siymosini hamda ijodini bir yoqlama, ya’ni yaltiratilgan tarzda talqin qilish tamoyilini boshlab bergan. Hamid Olimjon o‘zbek she’riyatining yetuk namoyondasi sifatida xalqning muhabbatiga, tanqidchilarning ijobiy bahosiga sazovor bo‘ldi. Hozirga qadar adabiyotshunoslikda shoirning bir muncha ko‘tarinki, yaltiroq portretlari yaratilgan. Demak, Hamid Olimjon ijodining haqqoniy va xolis talqinlari kelajakda yaratiladi.
Shoir qisqa umr ko‘rgan bo‘lsa-da , o‘zbek adabiyoti ravnaqiga salmoqli hissa qo‘sha oldi. Bu mehnatlari munosib baholanib , Hamid Olimjon 1939 yilda “Hurmat belgisi” ordeni bilan mukofotlangan bo‘lsa, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi tashkil etilishi (1943) bilan unga muxbir a’zo qilib saylangan.
Hamid Olimjonning umr yo‘ldoshi Zulfiya Isroilova 1915-yil 1-martda Toshkentning “O‘qchi” mahallasida, hunarmand-degrez oilasida tug‘ilgan. Bolaligidan u bahorga, tabiatga oshno bo‘lib kamolga yetgan. Bu haqda Zulfiya o‘z xotiralarida shunday deb yozgan edi: “Es-es bilaman, bolaligimda kurtaklarning bargga aylanganini o‘z ko‘zim bilan ko‘rgim kelardi. Tushlarimda bu holatlarni necha-necha bor ko‘rganman: jajji mushtdan ham jajjiroq kurtakchalar jilmayadi, jilmayisha yaproqlarga aylanadi, yaproqchalar hademay yoyiladi va shamolda raqs tusha boshlaydi”.
1928-yili boshlang‘ich maktabni tugatgan Zulfiya Toshkent xotin-qizlar pedogogika bilim yurtiga o‘qishga kiradi. Zulfiya umrining bu sahifasini “qo‘shiq avjlariday shiddatli “hujum”, deb atashardi.
O‘sha yillari Samarqand, Buxoro, Toshkent maydonlarida gulxanlar lovillar, unga qo‘shilib paranji-chachvon ham yonardi”,−deb xotirlaydi.
Xuddi shu yillarda Zulfiyaning qalbida adabiyotga qiziqish uyg‘ongan. U Alisher Navoiy, Lutfiy, Fuzuliy, Shekspir, Bayron, N.A. Nekrasov va M. Yu. Lermontovlarning asarlarini sevib o‘qidi. Yosh qiz Hamza, Sadriddin Ayniy, Abdulla Qodiriy, G‘ayratiylarning asarlarini o‘rganib, zamonaviy yozuvchilar ijodini sinchiklab kuzatdi. Daholar ijodini o‘rganish shoiraga qanot baxsh etdi. U o‘zining juftlangan, ohangdosh baytlar to‘qiy boshlaganini payqab qoldi. Zulfiyaning ilk mashqi bo‘lmish “Qizil durra” she’ri tug‘ilishiga paranjisini tashlab, zavod-fabrikalarda boshlariga alvon ro‘mol o‘rab ishlay boshlagan ayollar hayoti turtki bergani bejiz emas.
1933-yili o‘qishni tugatgan Zulfiya Toshkent davlat pedagogika istitutida tahsil oldi (1933−1935). Keyin esa u A.S. Pushkin nomidagi Til va adabiyot ilmiy tekshirish instituti aspiranturasida o‘qidi (1935−1938). So‘ngra u “Bolalar” nashriyotida muharrirlik qila boshladi, keyinchalik Zulfiya “Saodat” jurnalida bosh muharrir bo‘lib ishladi. U Osiyo va Afrika yozuvchilar harakatida faol qatnashdi, mamlakatimiz vakili sifatida Hindiston, Yugoslaviya, Shri-Lanka, Misr kabi mamlakatlarda bo‘ldi.
1938-1939-yillarda adibaning ikkita she’riy to‘plami − “She’rlar” va “Qizlar qo‘shig‘i” chop etildi. Shoira bu to‘plamdagi she’rlarida ona -Vatan tabiatining go‘zal manzaralari, chaman bog‘larini zavq bilan kuylaydi. “Bahor”, “Bahor kechasi” shunday she’rlar jumlasidandir. “Hojar”, “Nishondor”, “Seni sevdim”, “Studentka” kabi she’rlarida shoira xotin-qizlar tushunchasidagi hayotga, istiqbolga dadil intilishlarni yorqin ifodalaydi.
Savod so‘zin bilmadi onang,
Sen-chi, mudom kitobga yo‘ldosh.
Nelar ko‘rgan inson o‘tmishda,
Nelar bo‘lgan ish, dono sirdosh?
Kechirganing shu marmar tongda
Sen o‘qiding, men she’r yozdim.
Ey nur qizi, shod studentkam,
Shu parchani senga atadim.
Zulfiya sevgi-sadoqat, hijron, o‘lim, ona, tong, dunyo, umr, hayot, yurtdoshlari jasorati, irodasi haqida yozadi, yozganda ham ularni o‘z taqdiri nuqtai nazaridan, shaxsiy dardi, tashvishi tarzida talqin qiladi.
Bu vaqtda shoiraning o‘sha davr siyosati, mafkurasi ta’siri ostida yozgan “Saodatning chet ellik bir xonimga javobi”, “O‘zbek qizi ovozi” kabi she’rlarini e’tiborga olmaganda, ko‘pgina asarlari haqiqiy lirika namunalari darajasiga yaqinlashgan edi.
Zulfiya she’rlariga xos xususiyatlardan biri shundaki −shoira siyqasi chiqqan obrazlardan qochadi, ko‘proq istioraviy fikrlarni ifodalashga intiladi.
Urush yillarida Zulfiyaning ijodi yanada mazmundorlik, badiiy jihatdan mukammallik kasb etadi. Shoira “Uni Farhod der edilar” (1943), “Hijron kunlarida” (1944), rus tilida “Vernost” to‘plamlarini nashr ettirdi. Bular orasida “Qo‘limda qurol-u ustimda shinel”, “Gullar ochilganda”, “Palak”, “O‘g‘lim, sira bo‘lmaydi urush” she’rlari, ayniqsa, diqqatga sazovordir.
“Urush yillari kamolot davri bo‘ldi,− deydi Zulfiyaning o‘zi.−Aqlli gaplarni o‘ylab topishga, yasama dard yoki zavq-shavqni kuylashga o‘rin qolmadi, turmushning o‘zi qat’iyat bilan haqiqat talab qildi. Beixtiyor ravishdami yoki birovning tajribasiga murojaat qilish natijasidami, asl so‘zlar o‘z-o‘zidan quyilib kelavergandan keyin, ularni o‘rni-o‘rniga joylashtirish, bir-biriga bog‘lash yo‘lini topar ekansan... 1947-yilda chiqqan “Hulkar” kitobim yangi ishning yakuni bo‘ldi.

Zulfiya she’rlariga o‘z ruhiy tarixining bir parchasini joylashtira boshlaganidan uning ijodida keskin ko‘tarilish yuz berdi, chunki Ibsen so‘zlari bilan aytganda: “Boshidan kechirmoq bilan yashamoqni bir-biridan farqlamoq kerak, faqat birinchisigina ijod manbai bo‘lib xizmat qiladi”. Shoira boshidan kechirganlarini, hayotiy tajribalarini, ruhiy tarixini, hissiy holatlarini, qalb zarblarini tahlil etish orqali keng olamga va kishilar ichki dunyosiga chuqur kirib bordi.
Zulfiya baxtiyor ayollar g‘ururini ifodalovchi, urush boshidanoq qizlar irodasi va mardligini ochuvchi ko‘plab she’rlar yozdi. Shoiraning ko‘plab asarlarida sevimli yorini frontga jo‘natib, hijron azobiga dosh berayotgan ayol timsoli yaratilgan. Ular orasida “Palak” she’ri alohida diqqatga sazovordir. Chunki 1943-yilda yozilgan bu asarda milliy kolorit juda yaqqol seziladi:
Qizlar bo‘yi yetsa, tikardi palak,
Men seni sevdim-u, oldim qo‘limga.
Savatda tovlanar rang-barang ipak,
Bahor nusxa tashlar chizgan gulimga.
Uni tika berdim kechalar bedor,
Qarshimda surating, tortdim qatimni,
Xayolimda sensan doim, aziz yor,
Ishqing bilan chekdim sevgim xatini.
Yovni tamom qilib, sen qaytsang g‘olib,
Ishqda birga tepgay bizdagi yurak.
Seni qarshilagay quyoshday yonib,
Yo‘lingga ko‘z tutib men tikkan palak.
Shoira xalqining ruhini, o‘zgalarning hijroni, g‘ami va shodligini o‘ziniki sifatida chuqur his etib tasvirlay oldi. Shelli aytishicha: “Haqiqiy oliyjanob bo‘lish uchun inson o‘zini o‘zganing va ko‘pgina boshqalarning o‘rnida tasavvur qila olishi kerak”. Zulfiya bu yillarda xuddi mana shu ijodiy prinsiplarga suyangan edi, keyinchalik bu yo‘l unga doimo hamroh bo‘ldi. Masalan, shoira 1942-yilda shunday yozgan edi:
Ishonchim buyukki, bo‘lar zo‘r bayram,
Mening sevganim ham qaytadi g‘olib.
Yo‘liga chiqaman quchog‘im to‘la,
Bog‘laringda o‘sgan gullardan olib.
Zulfiya urush tugagach yozgan “G‘oliblar qaytganda” she’rida go‘yo yuqoridagi asar syujetini davom ettirgandek, diqqatni o‘sha lirik qahramonning holatini chizishga qaratadi.
G‘alaba ko‘plarning hijroniga chek qo‘ydi: “O‘ldiruvchi qattiq bir hijron zafar alangasida tamom yondi”. Ammo bu qahramonning sevgilisi qaytmadi. Olamni g‘alaba shodiyonasi tutgan bir paytda, u sevgilisining suratini olib, “o‘ksib-o‘ksib boqadi, yanog‘ida tomchilar qotadi”. Biroq g‘alabadan va butun el shodligidan quvongan ayol: “Chiqmasam bo‘lmaydi, butun elda to‘y”, deb guldasta olib g‘oliblarni qutlagani chiqadi.
“O‘g‘lim, sira bo‘lmaydi urush” she’rida ham urushdan qaytmagan er-yigitlar, jangda eridan ajragan ayol haqida yozib, uning goh bo‘yi yetib qolgan o‘g‘li bilan gaplashib, goh yonida otasi yo‘qligidan o‘ksinishini Zulfiya o‘ziga xos tarzda tasvirlagan.
Ona deydi:
Urush, noming o‘chsin jahonda,
Hamon bitmas sen solgan alam.
Sen tufayli ko‘p xonadonda,
Ota nomli buyuk shodlik kam.
Ikkala she’rida ham Zulfiya o‘zgalarning shodligi va g‘amini o‘zinikidek his qiladi, o‘zinikini esa xalqnikiga qo‘shib yuboradi.
Urushning og‘ir yillarida Zulfiya uchun juda katta yo‘qotish sodir bo‘ldi. U 1944 yili umr yo‘ldoshi Hamid Olimjondan fojiaviy halokat tufayli ajralib qoldi. Zulfiya umrining oxirigacha uning yodi bilan yashadi. Shoira o‘sha fojiani eslarkan, shunday deydi: “Yillar o‘tdi, yillarning biri bilan qo‘shilib Hamid Olimjon ham ketdi. Endi men satrlarimga uning nigohi bilan qarashni o‘rgandim. Hali hanuz mening juda ko‘p qoralamalarim ish stolim g‘aladonlarida aynan shu nigohdan o‘tolmay qolib ketadi”.
Shoira Hamid Olimjonga bo‘lgan muhabbati, sadoqati, vafosini o‘z xatti-harakati bilan isbotlagani holda, uni she’rlarining mazmuniga aylantirdi. “Hijron kunlarida”, “Baxtiyor sevgini kuylaydi sozim”, “Sen qaydasan, yuragim”, “Bahor keldi seni so‘roqlab” kabi she’rlar shu hijronning mevalaridir:
Sog‘inganda izlab bir nishon,
Qabring tomon olar edim yo‘l.
Keltirarding menga bir zamon,
Endi har chog‘ men eltaman gul.
Hijroning qalbimda, sozing qo‘limda,
Hayotni kuylayman, chekinar alam.
Tunlar tushimdasan, kunduz yodimda,
Men hayot ekanman, hayotsan sen ham.
Ko‘rinadiki, ilgarilari yigit sevgilisiga gul taqdim etish bilan ikki qalbni bitmas-tuganmas shodlikka to‘ldirgan. Endi esa yigit o‘limidan so‘ng ayol sevgilisi qabriga gul qo‘yish bilan birga, ruhini hadsiz-hududsiz iztirob qamraganini, mangulikka daxldor sadoqatini yuzaga chiqaradi. Demak, mazkur misralarda tazod san’atini o‘ziga xos qo‘llash orqali shoira qahramonlari ko‘nglidagi ziddiyatli tug‘yonlarni ta’sirchan shaklda ro‘yobga chiqarishga muvaffaq bo‘lgan. Shu tariqa bevaqt judolik oqibatida shoira qalbida tug‘ilgan yangidan-yangi tuyg‘ular uning ijodida ilgari deyarli uchramagan tashbehlar, jonlantirishlar, istioralar yuzaga kelishiga yo‘l ochgan. Natijada, muallifning eng nozik, eng ezgu tuyg‘ularini nihoyatda teran va lirik kashfiyot darajasiga ko‘targan “Bahor keldi seni so‘roqlab” kabi she’rlari tug‘iladi. Bunday she’rlar Zulfiya ijodida falsafiy ruhning teranlashuviga yo‘l ochdi. Oqibatda shoira ijodida muhim hodisa hisoblanuvchi va deyarli boshidan oxirigacha o‘quvchini hayotning ma’nosi, yashashning mazmuni haqida o‘ylashga majbur qiluvchi “Kamalak” she’riy turkumi maydonga keladi. Unga kirgan “Bo‘m-bo‘sh qolibdi bir varaq qog‘oz”, “O‘g‘irlamang qalamim bir kun” she’rlari inson umrining qadr-qimmatini san’atkorona ulug‘lovchi falsafiy lirikaning nodir namunalari darajasiga ko‘tarildi. Zulfiya she’rlari bilan kishilar yuragiga yaxshilik urug‘i sepib, qalb harorati yordamida uni isitmoqchi bo‘ladi. Agar “qalbidagi o‘t kor qilmasa, u sochini yoqib, uchqun sochmoqqa” ahd qiladi. Shoiraning kishilarni yuragiga yaqin olishi, hammani “ko‘zi-qoshi singari do‘st, abadiy yelkadosh, taqdirdosh birodar” hisoblashi, “yurtim xotirasi-mening yuragim” deyishi shundan.
Uning “O‘g‘irlamang qalamim bir kun” she’ri aynan mana shunday Vatanga, xalqiga, kishilarga bo‘lgan muhabbatini o‘zida mujassamlashtiradi:
Hazilingiz ko‘chirdi jonim,
Naq yaroqsiz qolarday bu chun.
Sirqiradi tole’ imonim,
O‘g‘irlamang qalamim bir kun.
Meni etmang soqov va cho‘loq,
Taqinchog‘im, anjomim to‘kin.
Bari qo‘lga, ko‘zga yaqinroq,
Yetar, olmang qalamim bir kun.
Muallif o‘z qalamini hamma narsadan ustun qo‘yadi. Shoira she’rini shunchalik sevadiki, unga ta’sir etishdan “tole−imoni” zirqiraydi. Uning uchun taqinchoq, asbob-anjomlar hech narsa emas, uning uchun hammadan ustuni−ruhiy dunyosi:
Men Hofizdek ulashmayman yurt,
Iste’dodim, qalbim sizlarga.
Yaxshi nomim, baxt-sevinchim but,
Barchasini beray qizlarga.
Yuragimdan uzayin parcha
Va keltirib sham deb tutayin,
Xohish, kohish, izmingiz barcha−
Barchasini ko‘zga surtayin,
O‘g‘irlamang qalamim bir kun.
Shoira iste’dodini, qalbini xalqiga baxshida etishga tayyor. U hatto yuragini “sham kabi” tutib, o‘rniga hech narsa so‘ramaydi:
Gar paxtadan tushmasa reja,
Sochlarimni berayin qo‘shib.
Sizga orom bermasa kecha,
Oling mendan, men bedor jo‘shib.
Baxtingizni olay qalamga,
Ochib beray sizga qalbingiz.
Shuhratingiz yoyay olamga,
Mehnatingiz, sevgi kashfingiz,
O‘g‘irlamang qalamim bir kun.
Qalam-la men to‘qiyman qo‘shiq,
U−insonga, elga hurmatim.
Burchin bekam ado etgan yo‘q,
Qarzim uzar ikki farzandim.
Farzand mehri va qalamimni,
Xudo haqqi, qo‘ying o‘zimga.
Usiz qolsam, o‘ldi deb mani,
Sekin parda torting yuzimga,
O‘g‘irlamang qalamim bir kun!..
Bu yerdagi so‘zlar shunchaki sharqona lutf emas, balki shoiraning ijodiy muddaosi. U o‘z she’riyati orqali xalqining baxti, insoniyligi, qalbining beg‘uborligini kuylaydi.
Zulfiyaning she’riy turkumlari ko‘p bo‘lib, har birida uning ruhiy olamidan yangi qirralar yuzaga chiqadi. Agar “Hijron kunlarida” turkumida urushning shafqatsiz alangasidan qalbning g‘olib chiqishi ifodalansa, “Yuragimga yaqin kishilar”da insondagi matonat, sadoqat, ona-vatan mehri jo‘sh uradi. “Mushoira” turkumida esa insonning taqdiri, tashvish, intilishlari mushtarakligi ta’kidlanadi. Bunda shoira avlodlar davomiyligi, hayotning qonunlari haqida fikr yuritadi:
Kechagina borliq edi moviy qor,
Sevgidayin kun taftida eridi.
Esda:
Biz yosh, qor bahordan serviqor,
Tanimizda ming bir oftob bor edi.
Necha ajdod kechgan bog‘da yo‘l qoldi,
U yo‘llarda sizu mendan yo‘qdir iz,
Sizni men-u, Meni onalik oldi,
Ayol jinsi ketmas hayotdan izsiz.
Bu misralarda shoira kecha va bugun haqida nihoyatda teran fikr yuritganining guvohi bo‘lamiz.
“O‘ylar”, “Yillar, yillar” turkumlarida bo‘lsa hayot va inson, umr mazmuni, muhabbat va sadoqat, yashash va kurash ma’nosi ustida fikr yuritiladi:
Muz kuydirar qalbimni,
Bor vujudim bo‘lar part.
O‘t quchganda tanimni,
Tortmagandim bunday dard.
Muz kuydirar qalbimni,
Chip-chip uzar tutganin.
Na chora, muzday keldi
Alanga deb kutganim.
Zulfiya ijodining xususiyatlaridan biri shundaki, u hayotda deyarli hamma narsani inson qalbidan o‘tkazgan holda xilma-xil kashfiyotlar bilan bog‘liq tarzda ko‘rsatishga intiladi. Ammo Zulfiya ularni ayol qalbi ila tinglab turib, idrok etib shoira ovozida kuylaydi.
Shoira hayoti davomida ko‘p mamlakatlarda bo‘ldi. Uning Hindiston safari natijasi bo‘lgan “Mushoira” asari juda katta shuhrat qozondi. “Mushoira”da Zulfiya umuminsoniy g‘oyalarni, Sharq xalqlarining “bir ulkan qalb bo‘lib birlashib”, “haqiqat va nurga intilishi”ni ta’sirchan shaklda ifodalaydi. Shoira birdamlik tuyg‘usini oddiy turmush tafsiloti-“o‘zi bir dunyo” bo‘lgan poyabzallarni tasvirlash orqali ta’kidlaydi. Keyin shoira she’r o‘qiyotganlarning qalbiga, ko‘ziga, sochiga boqadi. U “daryoday oqqan ko‘z yoshida” , iroda va umidda Osiyo, Afrika xalqlarining ayanchli ahvoli, haqiqat yo‘lidagi kurashi hamda ertangi porloq kuniga ishonchini ifodalaydi:
Go‘zal tuproq uzra quyildi oqshom,
Kunduz olar dam.
Jo‘shqin mushoira etadi davom,
Do‘stim, kel sen ham!
Yangi kuy, yangi o‘y olib shoirlar
Davraga kelardi, kelardi hamon.
Dillarni payvandlar edi satrlar,
Do‘stlik, qardoshlikning ko‘prigisimon.
Zulfiyaning she’rlari ixchamligi bilan ajralib turadi. Shoiraning “Uni Farhod der edilar”, “Quyoshli qalam”, “Xotiram siniqlari” dostonlari ham juda ixcham tarzda yozilgan. Zulfiya doston janridan ko‘ra lirik shaklda ijod qilishni xush ko‘rgan. Uning “Yuragimga yaqin kishilar” turkumiga kirgan badiiy suhbat bobida bu haqida o‘zi shunday yozadi: “Doston janrini uncha xush ko‘rmayman, undagi kenglik menga maydalashib ketgandek tuyuladi. Men siqiq janrni− lirikani sevaman”.
Zulfiyaning urush yillari yozilgan va elga manzur bo‘lgan birinchi dostoni “Uni Farhod der edilar” asari edi. Doston markazida hayotda chindan ham mavjud bo‘lgan qahramonning vatanparvarlik, mardlikka to‘la ma’naviy dunyosi tahlil etiladi. Asar zamirida, san’atkorning so‘zi bilan ishi bir bo‘lishi kerak, degan g‘oya yotadi. Dostonga asos qilib olingan san’atkor Qobil qori Siddiqov o‘zbek sahnasida juda ko‘p rollar ijro etib, qahramonlik, insonparvarlik, yurtga jonfidolik kabi tuyg‘ularni namoyon qilgan edi. Qobil qorining so‘zi bilan ishi bir edi. U frontga borib, jonini ona-vatan yulida tikadi, qurbon bo‘ladi. Uning qahramonona kurash yo‘li va fojiali taqdiri “Hayotimizni saqlab qol, do‘stlar uchun qasos ol”, degan chaqiriq yanglig‘ yangraydi:
Keng paxtazor, vodiy bog‘-bo‘ston,
Bari bo‘lib bir O‘zbekiston,
Go‘yo unga bag‘ishladi kuch,
Dedi:−O‘ch ol, dushmandan ol o‘ch.
Zulfiya Oybek xotirasiga bag‘ishlangan “Quyoshli qalam” dostoni bilan biz uchun ajoyib meros qoldirdi. Dostonda Oybek bizning ko‘z o‘ngimizda zahmatkash ijodkor, ulkan yozuvchi, shuningdek, xasta vujud egasi hamda nuroniy siymo sifatida gavdalanadi. Shoira uning qiyofasini jonlantirishda o‘z xotiralariga, yozuvchi bilan qilgan safari, suhbatlariga, asarlaridan olgan taassurotlariga tayanadi. “Quyoshli qalam” dostoni Oybekning Vatan, xalq, tarix, kelajak avlod oldidagi burchi to‘g‘risidagi asar. Unda yo‘l obrazining falsafiy ma’no kasb etishi bejiz emas. Shoira uning vositasida Oybekning ruhiy olami, yuksak orzu-armonlarini teran ifodalagan:
Noqulay jimlikni ko‘tarar mezbon:
−Olinglar, mana bu “qora janjal”dan.
Shoir yana kayfga qaytganday shu on,
Dedi:
−O‘zbek xalqi shoir azaldan.
Uzum−“qora janjal”, yurak−kabutar
Sahro−Tollimarjon, qishlog‘i –Vodil,
Hayotni xayol-la bezab naq marjon,
Go‘zallik yaratib kelar ming-ming yil.
Zulfiyaning so‘nggi nidosidek jaranglab qolgan “Xotiram siniqlari” ham xuddi “Quyoshli qalam” singari lirik doston hisoblanadi. Unda shoira deyarli ilgari hech bir she’rida ifodalay olmagan his-tuyg‘ularini, zamon o‘zgarishi bilan tug‘ilgan qarashlarini to‘kib solishga, hissiy emotsional tarzda kishilarga yetkazishga urinadi. Dostonda shoira istiqlol davrini hurriyat sifatida olqishlaydi. Shu o‘rinda O‘zbekiston xalq yozuvchisi P.Qodirovning “Zulfiyaxonim mehrigiyosi” maqolasidagi fikrlarini keltirib o‘tish o‘rinli: “Zulfiya opa kamtarlik bilan “Xotiram siniqlari” deb atagan dostonlari biz boshdan kechirgan mustabid zamonlar haqiqatini olmos qirralaridek nurlantirib ko‘rsatadi. Doston so‘ngidagi:
Kelding-yey, Istiqlol, istiqbol bo‘lib,
Qalbiga nasiming bilan yo‘l solding.
Sen shu hur nazmga ixtiyor berib,
Men og‘ir bulutdek bir yog‘ib oldim...-
degan satrlari Zulfiya opaning mardona ruhi istiqloldan hurlik olib, yangi yuksaklikka ko‘tarilganidan va shu yuksaklikda gavharday bebaho she’rlar yaratganidan dalolat beradi.” (Qodirov P. Zulfiyaxonim mehrigiyosi. “Tongning o‘ziday pok va yorqin”, maqolalar to‘plami.-T., “G‘afur G‘ulom nomidagi adabiyot va san’at nashiryoti”, 1996, 58 B.)
Avvalgi dostonlardan “Xotiram siniqlari” asari psixologik tahlilning teranlashganligi, umumbashariy falsafa ifodalanganligi bilan ajralib turadi. Zulfiya bu dostoniga o‘z tarjimai holi sahifalarini asos qilib olib, xalqimizning og‘ir, dahshatli, ammo qahramonona yo‘lini haqqoniy ifodalab bergan. Asarda asosiy mazmunni ifodalovchi so‘zlar qayta -qayta ishlatilib, hissiyot, tuyg‘u, kechinmalar to‘la yuzaga chiqarilishiga erishiladi:
Onam qo‘lida mushtdek tuguncha−
Tosh shaharni kezar avaxta izlab.
Avaxta nechadir, zor ona necha,
Nechalar yashardi zamonni sizlab.
Taqdir, taqdir dedim, yashadim uzoq,
Taqdir peshonaga yoziq, deyishdi
Yoziqni peshonaga urdim-u biroq
Men sindim, qonimdan g‘ishtlari pishdi.
Alam yomon, ko‘zing ko‘r bo‘lsa,
Lekin so‘qir dillik undan-da dahshat.
Xalq ganjin yulmoqqa cho‘zilgan qo‘lga
Biz alvon guldasta tutibmiz faqat.
Shoiraning ko‘z oldiga do‘zax va jannat manzarasi keladi. U bosib o‘tgan yo‘lini, qilmish-qidirmishini haqiqat tarozisiga qo‘yadi−gunohi ko‘pmi, savob ishimi? Shuni aniqlashga urinadi.
Yüklə 106,23 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©www.azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin