Farxod va shirin



Yüklə 30,52 Kb.
tarix25.02.2023
ölçüsü30,52 Kb.
#85549
“Farxod va Shirin” dostonining bob


MAVZU: “FARXOD VA SHIRIN” DOSTONINING BOBLAR BO’YICHA TAVSIFI
Reja:
1.Asarning yaratilish tarixi
2.“Farxod va Shirin” dostonining boblar bo’yicha tavsifi
3. “Farhod va shirin “ dostonida ramziy timsollar.

Alisher Navoiy “Xamsa”sidagi ikkinchi doston “Farhod va Shirin” deb atalib, 1484 yilda yozib tugallangan. Navoiygacha bu mavzu «Xusrav va Shirin» shaklida mashhur edi. Afsonaning bosh qahramoni Xusrav Parvez aslida tarixiy shaxs bo’lib, milodiy 590 yilda taxtga chiqib, 628 yilda o’z o’g’li Sheruyaning buyrug’i bilan o’ldirilgan Eron shohidir. Uning oromiy yoki arman qizi Shiringa bo’lgan muhabbati ko’pgina tarixiy asarlarda qayd etilgan. Xususan, Alisher Navoiyning o’zi ham “Tarixi muluki Ajam” asarining sosoniylar tarixiga bag’ishlangan qismida Xusrav Parvez haqida ma’lumot beradi. Badiiy adabiyotda Xusrav va Shirin muhabbati haqida birinchi bo’lib Firdavsiy o’zining «Shohnoma» dostonida yozib qoldiradi, Nizomiy esa uni alohida ishqiy-sarguzasht doston holiga keltiradi. Nizomiyning «Xusrav va Shirin» dostoni 1340 yilda Qutb Xorazmiy tomonidan turkiy tilga tarjima qilingan.


Alisher Navoiy bu mavzudagi dostoni uchun avvalgi dostonlarda ikkinchi darajali timsol tarzida talqin qilingan Farhodni bosh qahramon qilib oladi. Aslida Farhodning bosh qahramon qilib olinishi adabiyotda ilk bor XIV asrda Ozarbayjonda yashab faoliyat yuritgan Orif Ardabiliyning “Farhodnoma” (1369) nomli fors-tojik tilida yozilgan dostoni bilan boshlanadi. Lekin unda tasvirlangan voqealar Navoiy dostonidan butunlay farq qiladi. Navoiy “Farhod va Shirin” dostonida bu mavzuda qalam tebratgan ijodkorlar sifatida Nizomiy, Dehlaviy, Ashraf Marog’iylarni eslab o’tar ekan, yana bir noma’lum ijodkorga ham ishora qilib o’tadi:
Yana bo’lg’on ekan bu noma marqum,
Vale roqim emastur yaxshi ma’lum.
Adabiyotshunoslikda ushbu noma’lum ijodkor aynan Orif Ardabiliy bo’lishi mumkin degan fikr mavjud.
Navoiyning “Farhod va Shirin” dostoni 54 bob, 5782 baytdan iborat. Shundan muqaddima 11 bobni o’z ichiga oladi. Doston an’anaviy hamd – Allohning maqtovi bilan boshlanadi. Dostonda ikkita hamd mavjud. Birinchi hamdda Alisher Navoiy yaratuvchining qudratini ta’riflab, uning irodasi bilan qalamga olmoqchi bo’lgan g’oyaviy niyati haqida so’z yuritar ekan, birinchi misrani arabcha kalima bilan boshlaydi:
Bihamdik fath abvob ul maoniy,
Nasib et ko’ngluma fath o’lmak oni.
Ya’ni: Ma’nolar eshiklarining ochilishi sening maqtoving bilan va ko’nglumga ularni zabt etishni nasib qil.
Keyingi baytlarda Navoiy ma’nolar xazinasi qulfiga qo’lining kalit bo’lishini, shu vosita bilan barcha umidlariga yetishishni tilaydi, ana shu ma’nolar xazinasidan olam ahlini bahramand qilishni umid qiladi.
Ikkinchi hamdda shoir yozishga kirishayotgani “Farhod va Shirin” dostonining umumiy talqini, undagi qahramonlarning muxtasar tavsifini beradi, “dard bog’i” deb ta’riflangan ishq bilan aloqador barcha hayajon va iztiroblar haqida yozadi. Shoir Xoliq maqtoviga kirishar ekan, eng avvalo, u inson ko’nglini ishq gulshani, bu gulshanda esa ishqni xazinaga aylantirganligini madh etadi:
Ki inson ko’nglin etti gulshani ishq,
Bu gulshanning harimin maxzani ishq.
A.Rustamovning “Navoiyning badiiy mahorati” kitobida yozilishicha, Navoiy qazoni Farhodga, osmonni Farhodga aloqador Besutun tog’iga, aqlni Chin xoqonining vaziri Mulkoroga va donishmand Suqrotga, tunni Xusrav Parvezning oti Shabdezga, qadarni Farhodning do’sti Shopurga, ajalni otasini o’ldirgan Parvezning o’g’li Sheruyaga, zamonni Parvezning sozandasi Nigisoga o’xshatgan holda “shirin”, “tilism” so’zlarini, Besutun, Xusrav va uning ashulachisi Borbad nomlarini tilga olib, muqaddimani dostonning mundarijasiga uyg’unlashtirgan. Shu bilan birga bu o’xshatishlar zamirida shoir doston mundarijasida qahramon va timsollar faoliyati qaysi ko’lamda kechishi, ular dostonda qanday rol` o’ynashi bilan ham kitobxonni tanishtiradi.
Munojot (3-bob)da Alisher Navoiy insonning yo’qlikdagi holati, dunyoga kelishi, go’dakligi, hayoti to’g’risida bayon qiladi. “Lavhi mahfuz” (kishilarning yaxshi va yomon amallari, taqdiri azaldan bitib qo’yilgan taxta) haqida fikr yuritar ekan, inson azaliy qismat ijrochisi ekan, bunga uni gunohkor qilishni qanday izohlash mumkin degan fikrlarni aytadi:
Va gar ul lavh uza bo’lsa muharrar,
Azal taqsimidin bo’ldi muqarrar.
Ne dersen bas bu jam’i benavog’a,
Gunohe qilmayin qolg’on balog’a?
Keyingi baytlardayoq Navoiy bu fikrlarni behuda da’vo deb hisoblab, ruju’ san’ati vositasida bu da’voni inkor qiladi va Allohdan unga marhamat qilishini so’raydi:
Junundin so’zga bir dam bo’lmay ogoh,
Gar ortuq so’z dedim, astag’firulloh.
Ilohiy, boqmag’il majnunlug’umg’a,
Karamdin chora qil mahzunlug’umg’a.
Dostonning to’rtinchi bobi Muhammad payg’ambar (s.a.v) madhiga bag’ishlangan. Bob payg’ambarning muborak chehrasi tavsifi bilan boshlanib, uning o’qish va yozish bilan shug’ullanmaganligi
ajoyib badiiy san’atlar vositasida bayon qilib beriladi. Xususan, qalam payg’ambar unga mayl ko’rsatmaganidan, ya’ni uni qo’lida tutmaganligidan keyin yoqasini chok qilib, ko’z yoshlarini to’kib, afg’on qilganligi, uning qo’lini o’payin deb qancha og’zini ochmasin, uning orzusi amalga oshmaganligi husni ta’lil san’ati asosida keltirilganligini ko’ramiz:
Necha choki giribon qildi xoma,
To’kub ashkini afg’on qildi xoma.
Ochib og’zin qilay deb dastbo’si,
Muyassar bo’lmayin bu orzusi.
Bobda “insonlar payg’ambar belgilab bergan shariat qoidalari asosida yashasalargina, haqiqiy saodatga erishadilar” degan g’oya ilgari suriladi.
5-bob me’roj tuni ta’rifiga bag’ishlangan bo’lib, payg’ambarning Buroq oti yordamida Alloh huzuriga yo’l olishi tasviri beriladi. Bunda payg’ambarning 12 burj va 7 sayyoralarni oshib o’tib, Lomakonga ko’tarilganligi, “qoba qavsayn” (ikki yoy oralig’i) darajasida Allohga yaqinlashgani va foniy bo’lganligi haqidagi fikrlar bayon qilinadi.
Anga bu surma bo’lg’och qurratul ayn,
Nasib o’ldi maqomi “qoba qavsayn”.
O’zin gum aylabon, lekin topib haq,
Ko’rinmay kimsa haqdin ayru mutlaq.
Dostonning 6-bobi qalam ta’rifi hamda ulug’ salaflar Nizomiy va Dehlaviylar madhini o’z ichiga oladi. Navoiy dastlab qalamga ta’rif berar ekan, uni Xusrav Parvezning tez uchar qora oti Shabdezga, qalamni tutuvchi barmoqlarni shu ot ustidagi chavandozga, barmoq bo’g’inlarini chavandozning belbog’iga, tirnoqlarni esa uning yuziga o’xshatadi:
Qalamkim, rahnavardi teztakdur,
Azaldin manzili favqul falakdur.
Magar vahm adhamidur tez raftor,
Ne adham, jardai Shabdez raftor.
Chiqib ustiga barmoq shahsuvori,
Bo’g’un belbog’iyu tirnoq uzori.
Hazrat Navoiy Nizomiyni xazinadorga, uning ma’nolarga to’la asarlarini xazinalarga o’xshatib ta’riflaydi. Xusrav Dehlaviyni u yashagan Hindiston bilan bog’liq holda hindu, to’ti, bulbul, qaqnus, mushk hidli bulutga o’xshatadi. “Xamsa” yozish an’anasini kurash maydoniga o’xshatib, o’zining bugungi kunda nihoyatda mashhur baytlarini yozadi:
Emas oson bu maydon ichra turmoq,
Nizomiy panjasig’a panja urmoq.
Tutaykim qildi o’z changini ranja,
Nekim urdi aning changiga panja.
Kerak sher ollida ham sheri jangi
Agar sher o’lmasa, bori palangi.
Aynan shu bobdan boshlab 2-3 baytli soqiynomalar berib boriladi. Ko’pincha bu soqiynomalarda shoir keyingi bobda qalamga olinadigan voqea yoki masalalarga ishora qilinadi:
Kel ey soqiyki, tushmish jonima jo’sh,
Ketur bu ikki yodi birla bir qo’sh.
Alar ishqida no’sh aylab iki jom,
Tutay Jomiy mayi madhin saranjom.
7-bob “hazrati shayxu-l-islomiy mavlono Nuriddin Abdurahmon Jomiy” madhidadir. Alisher Navoiy Nizomiy va Dehlaviyni ikkita filga o’xshatgani holda, Jomiyni yuz filga o’xshatadi. So’z o’yini vositasida uni XI-XII asrlarda yashagan mashhur so’fiy Zindapili Jomiyga qiyoslaydi, “fano timsoli”, “jahoni begaron” (cheksiz jahon), “olami kubro” (ulug’ olam) deb ataydi. Bob Jomiy qo’lidan bir jom ichish umidi bilan yakunlanadi:
Keturgil, soqiy ul jomi kiromiy
Ki, tutsun rindlar sarxayli Jomiy.
Chu piri dayr may qildi havola,
Icharmen gar erur gardun piyola.
Navbatdagi bob dostonning yozilish sababi haqida. Bu bobda shoir dostonni yaratish orzusi paydo bo’lgach, bepoyon durru gavharlar dengiziga cho’mganligini, ya’ni ko’p mutolaa qilganligini, tinmay o’ylaganligini aytadi. Dostonni yozishga undagan sabablardan biri o’zining muhabbati, bu ishqning alam va iztiroblari ekangligini aytib, u tufayli o’ziga yetishgan azobu uqubatlarni bayon qiladi. Shunda unga g’oyibdan nido kelib, hotif (g’oyibdan oq fotiha beruvchi) uni yangi bir asarni yozishga ilhomlantirganini, keyin Jomiyning oldiga borganida u ham shoirni duo qilib, bu ishda unga oq yo’l tilaganini yozadi.
9-bob asar rejasini tuzib olgani, turli afsonalar, tarixiy manbalarni ko’rib chiqqani, shu mavzuda yozilgan dostonlarda yo’l qo’yilgan xatolarni tuzatib, o’z g’oyalarini qay tarzda ifoda etmoqni niyat qilgani bayonidadir. Bunda Navoiy yozilajak asari yangi bo’lishi lozimligini, avval shu mavzuda yaratilgan dostonlarni takrorlamaslik kerakligini ta’kidlaydi:
Ani nazm etki, tarhing toza bo’lg’ay,
Ulusqa mayli beandoza bo’lg’ay.
Yo’q ersa nazm qilg’onni xaloyiq,
Mukarrar aylamak sendin ne loyiq.
Xush ermas el so’ngincha raxsh surmak,
Yo’likim, el yugurmishtur yugurmak.
Dostonning 10-bobi Sulton Husayn Boyqaro ta’rifiga bag’ishlangan. Navoiy uni sultonlar ichida Shoh G’oziy, g’azot maydonida Ali ibn Abu Tolib, shariat rivojida payg’ambar singaridir deb ulug’laydi va uni adolatli, saxovatli hukmdor sifatida madh qiladi.
11-bob shahzoda Badiuzzamon Bahodir madhiga bag’ishlangan. Navoiy uni “Badiu-d-dahru Doroi zamon” deb atab, uning ismini kitobot (harf) san’ati asosida sharhlab o’tadi. Shahzodaning ismi 10 harfdan iborat bo’lib, Navoiy uning har bir harfiga alohida ma’no yuklaydi:
“?” – “be” ehsonda birlik, yagonalikning dalilidir, “?” – “dol” davlatdan nishona bo’lib, dinu diyonat undan iqbol topadi. “?” – “yo” harfi yumn (baxt, omad)dan darak berib, uning qadami bilan zamona tinchiydi. To’rtinchi harf “?” – “ayn” bo’lib, adolatdan olingandir. “?” – “alif” harfi o’z shakli bilan uning to’g’riligi, rostgo’yligini bildiradi. “?” – “lom” harfi lutfdan voqif etib, latofat gulshanidan bahramand etadi. “?” – “ze” harfi abjad hisobiga ko’ra 7 raqamini anglatadi, bu Alloh unga 7 iqlimni nasib aylashiga ishoradir. “?” – “mim” harfi millat kiromi, musulmonlik nizomi undan ekanligini anglatadi. “?” – “alif” harfi Alloh uning yori ekanligiga dalolat bo’lsa, so’nggi harf “?”– “nun” nasr (madad) Allohdandir degan ma’noni bildiradi.
Navoiy yuqorida dostonni yaratishdan maqsad “ishq, ya’ni ilohiy ishq dardini kuylash” ekanligini aytib o’tgan edi:
Bu rangin sahfa bilkim, dard bog’i,
Ayon har lolasida ishq dog’i.
Bundan ma’lum bo’ladiki, dostondan bosh maqsad ilohiy ishq dardiga mubtalo bo’lgan solik (tariqat yo’liga kirgan oshiq)ning sarguzashtlarini tasvirlashdan iboratdir.
Dostonning asosiy qismi 12-bobdan boshlanadi. Voqealar Chin xoqonining farzandsizligi va uning iztiroblari tasviri bilan ibtido topadi. Nihoyat uning iltijolari qabul bo’lib, Tangri unga bir o’g’il in’om etadi. Navoiy go’dakning tug’ilishidan tortib ulg’ayishigacha bo’lgan har bir jarayonni alohida tasvirlaydi, hatto go’dakka qo’yilgan ismga ham alohida ma’no yuklaydi:
Anga farzona Farhod ism qo’ydi,
Hurufi ma’xazin besh qism qo’ydi.
Firoqu rashku hajru oh ila dard,
Biror harf ibtidodin aylabon fard.
Farhod bolaligidan favqulodda xislatlari bilan atrofdagilarni hayratga soladi. O’n yasharligida:
Jahonda qolmadi ul yetmagan ilm,
Bilib tahqiqini kasb etmagan ilm
darajasiga erishadi. Asarda Farhod ham cheksiz jismoniy qudrat, benazir iste’dod egasi, ham yuksak fazilatlar sohibi sifatida tasvirlanadi.
Farhod yoshi ulg’aygani sari hazin va xastadil bo’lib bo’lib boradi. Xoqon Farhodning ko’nglini ochish, hazin kayfiyatini ko’tarish uchun yilning to’rt fasliga moslab to’rt qasr qurdiradi. Shu asnoda Farhod Qorandan tosh yo’nish, Boniydan me’morlik, Moniydan naqqoshlik sirlarini o’rganadi. Lekin u egallagan bilimlar, o’rgangan hunarlar zohiriy (dunyoviy) bilimlar bo’lib, ilohiy siru asrorni ochishga kifoya qilmaydi. Endi u piri komil ta’limini olishi kerak edi.
Farhoddagi hazinlikning tarqamaganini ko’rgan xoqon unga taxtni taklif qiladi va shu bilan go’yoki o’g’lining dardiga davo topmoqchi bo’ladi. Aslida esa Farhoddagi bu holat zaminiy, dunyoviy bo’lmay, ilohiy ishqning nishonasi edi. Shu o’rinda Navoiy ilohiy ishq dardida yongan inson bilan bunday saodatdan mahrum foniy dunyo kishilari orasidagi farqni ko’rsatib beradi. Farhod otasining taxtni egallash haqidagi taklifini saltanat ishlarini o’rganish, tajriba orttirishga ijozat so’rash bilan ortga suradi va xoqon xazinasidagi behisob boyliklar bilan tanisha boshlaydi. Natijada yashirin parda ortidagi xonada saqlanayotgan sirli sandiq va undagi tilsimli ko’zguni ko’rib qoladi. Farhod ushbu ko’zguning sehrini ocholmay, Yunoniston safariga, Suqrot huzuriga otlanadi.
Suqrotning huzuriga borish yo’lini unga Suhaylo ismli hakim (donishmand) o’rgatadi. N.Komilovning “Tasavvuf” nomli kitobida yozilishicha, Suhaylo Farhodning tariqat yo’lidagi birinchi piri. U Farhod yengib o’tishi kerak bo’lgan to’siqlar: ajdarho va devdan xabar beradi. Tasavvufda ajdarho – nafs timsoli, dev – saltanat timsoli hisoblanadi. Suhaylo Farhodga ajdarhoni yengish uchun samandarning yog’ini beradi. Samandar – olov ichida yashaydigan jonivor. U – ishq ramzi. Farhod badaniga samandar yog’ini surganda, ajdarhoning o’ti unga kor qilmaydi, ya’ni ishq otashi nafs o’tini so’ndiradi. Shuningdek, Farhodga keyingi manzillarda uchraydigan sher va temir paykarning ham ramziy ma’nosi bor. Sher – g’azab timsoli, ilohiy ishq yo’liga kirayotgan solikda esa g’azab bo’lmasligi kerak. Temir paykar – ro’yo, yolg’on dunyo ramzi. Solik dunyo mo»jizalariga chalg’imasligi, ularga ko’ngil qo’ymasligi kerak. Farhod temir paykarni ham yengib, nihoyat Suqrot dargohiga kirib boradi.
Aslida Suqrot timsolining asar tarkibiga kiritilishi tasodifiy bo’lmay, bosh maqsadni ochib berish yo’lidagi muhim vositadir. N.Komilovning yozishicha, Suqrot piri komil timsoli bo’lib, usiz Farhodning o’z maqsadiga erishishi mumkin emas edi. Navoiy Suqrotni quyosh kabi porloq siymo, jismi pok ruh kabi, shaxsi aqlning haykali deb ta’riflaydi. U kamolot cho’qqisini egallagan komil inson, o’zi bir joyda o’tirsa ham, ruhi butun dunyoni kezib chiqadi. Jamshid jomi, Iskandar ko’zgusi ham uning ko’ngil ko’zgusi oldida xira. U Farhod bilan yakkama-yakka suhbatlashib, uni o’z farzandiday e’zozlaydi. Chunki bu yigit siymosida u o’z suluk (yo’l)ining davomini ko’rgan edi. U Farhodga shunday deydi:
Muni bilkim, jahon foniydur asru,
Haqiqat ahli zindoniydur asru.
Agar topsa Sikandar mulki zoting,
Gar o’lsa Nuh umricha hayoting.
Bu baytda Navoiy Suqrot tilidan tasavvufning muhim g’oyasini bayon etadi. Ya’ni bu dunyo o’tkinchi, foniydur, shu sababli unga ko’ngil bog’lash to’g’ri emas.
Chu mahbubi haqiqiy uldurur ul,
Aning vasli sori qat’ aylamak yo’l…
Bu yo’l ichraki behad dardu g’amdur,
Uzoq tortar, vale ikki qadamdur.
Kim ul ikki qadamning qat’i ming yil,
Kishi ursa qadam mumkin emas bil.
Biri o’zlukni qilmoq bo’ldi foniy,
Yana bir dog’i topmoq bo’ldi oni
Haqqa yetishish yo’li ikki qadam masofadek gap, lekin bu ikki qadamni bosib o’tish uchun ming yillik mashaqqat sarflanishi kerak. Bu ikki qadamning biri o’zlikdan voz kechish, ikkinchisi o’zlikni topish, ya’ni o’zlikdan voz kechmay turib, chin ilohiy o’zlikni topish mumkin emas.
Inson o’zlikdan qutulmay, Ilohga yetolmas ekan, demak, uni tezlashtiruvchi chora – vosita kerak. Dostonda majoziy ishq tong yorug’iga, haqiqiy ishq quyoshga o’xshatiladi:
Bu o’zlukdin qutulmoq chorasozi,
Nima yo’q, o’ylakim ishqi majoziy…
Majoziy ishq bo’ldi subhi anvar,
Haqiqiy ishq anga xurshidi xovar.
Farhod shu tariqa Suqrot huzuriga borar yo’lda tariqat maqomlarini bosib o’tadi, piri komil suhbatidan bahramand bo’lib, ilohiy ishqning mohiyatini anglay boshlaydi. Chin mamlakatiga qaytib borib, ko’zguda endi nafaqat Shirinni, balki o’zini va o’zi kelgusida boshdan kechirishi kerak bo’lgan voqealarni ko’ra boshlaydi. Chunki ko’zgu bu o’rinda komil inson Suqrotning qalbidir.
Dostonda ilohiy ishqdan bebahra foniy dunyo kishilaridan biri Xusravdir. Muallif bu ikki qahramonning munozarasini tasvirlar ekan, ikki xil ishq – avom ishqi va ilohiy ishq o’rtasidagi tafovutni ko’rsatib beradi. Jami 25 baytdan iborat bu munozarada deyarli har bir baytda muayyan badiiy san’atning yetakchilik qilishini kuzatish mumkin. Xususan,
Dedikim: ishq o’tidin de fasona!
Dedi: kuymay kishi topmas nishona.
baytida “o’t” va “kuymoq” so’zlari asosida tanosub san’ati yasalganligini ko’rsak, keyingi baytda “a” unlisining takrorlanishi asosida vujudga kelgan assonans badiiy vositasini qo’llanilganligini ko’ramiz.
Dedikim: kuymagingni ayla ma’lum,
Dedi: andin erur joh ahli mahrum…
Xusrav savol-javobda ham, jismoniy harakatlarda ham Farhodni yenga olmaydi, chunki dunyoviy kuch ilohiy qudratni yengishi mumkin emas edi. Shunda u makkorlik yo’liga o’tadi: yosuman kampir vositasida Farhodning o’limiga erishadi.
Navoiy tilidan Farhodning o’limi munosabati bilan aytilgan
Vujudin o’rtab ul so’zu gudozi
Haqiqatqa badal bo’ldi majozi
degan iqrorini Alloh jamoliga yetishgan ishq ahli haqidagi ma’naviy xulosa deyish mumkin. Quyidagi misralarda shoir fikrini yanada kuchaytirganligini, Farhod timsolida ilgari surilgan qarashlarini oydinlashtirganini ko’rish mumkin:
Baqo shahrida sultonliqqa yetti,
Haqiqat mulkida xonliqqa yetti.
Doston xotimasi ikki bob (53-54) dan iborat bo’lib, 53-bob Sulton Husayn Boyqaroning o’g’li shahzoda Abulfavoris Shohg’arib Mirzo madhi va unga bag’ishlangan bir necha nasihatni o’z ichiga oladi. Navoiy Shohg’arib Mirzoga kamolotga erishish yo’llari haqida gapirar ekan, shahzodaga Iskandar Zulqarnayn, Mirzo Ulug’bek kabi hukmdorlarni ibrat qilib ko’rsatadi. Eng muhim ilmlar sifatida fiqh, hadis va tafsirni egallash zarurligini uqtiradi, shuningdek tibbiyot va hikmat ilmini ham o’rganishni tavsiya etadi:
Shah uldurkim shiori ilmi dindur,
Nedinkim ilmi din ilm ul-yaqindur…
Bu din ilmiki xomam qildi tahrir,
Erur fiqhu hadisu so’ngra tafsir…
Valekin tibbu hikmat ham erur xo’b
Ki, sihhatdur kishi jismida matlub.
Yakuniy bobda Navoiy Farhod timsolini o’z zamonasidagi barcha shahzodalarga ibrat hamda o’rnak qilib ko’rsatadi.
Farhod va Shirin» ishqiy sarguzasht dostonlar uchun mo’ljallangan hazaji musaddasi mahzuf vazni (ruknlari va taqti’i: mafoiylun mafoiylun fauvlun V– – – V–
Foydalanilgan adabiyotlar

  1. Alisher Navoiy hayoti va ijodi ( albom) -T.2010

  2. Qayumov.A Alisher Navoiy ( Mashhur siymolar hayoti)-T. Òqituvchi, 1976

  3. Mallayev. N. Òzbek adabiyoti tarixi.- T. 1976.

  4. Erkinov.S . Sharq adabiyotida Farhod qissasi .-T. Fan.1985

Yüklə 30,52 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©www.azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin