Education in Malaysia


Ko’p bolalik oilalarda shaxslararo munosobatlarning psixologik muammolari



Yüklə 1,82 Mb.
səhifə119/124
tarix28.03.2023
ölçüsü1,82 Mb.
#90806
1   ...   116   117   118   119   120   121   122   123   124
2.2. Ko’p bolalik oilalarda shaxslararo munosobatlarning psixologik muammolari
Odatda ko’p bolali deb, 5 va undan ortiq bolaga ega bo’lgan oilani tushunish an’anaga aylangan. Lekin hozirda bu holat juda kam uchraydi, ayniqsa, G’arbiy Evropa mamlakatlari, jumladan, Rossiyada deyarli sanoqlidir. Respublika “Oila” ilmiy-amaliy markazining 90-chi yillar oxirida o’tkazgan tadqiqotlarida qishloq aholisining har uchtasidan bittasi ko’p bolali, ya’ni, 5 va undan ortiq bola bo’lishiga tarafdor bo’lib, ma’lumot bergan bo’lsa, bugungi kunga kelib, atigi 0,6-0,7 % aholigina oilada bolalar soni ko’p bo’lishiga qarshi emas, lekin real turmushda ham 5 va undan ziyod farzand ko’rayotgan oilalar soni keskin qisqargan.
Ilgari, ya’ni sobiq sho’rolar davrigacha bo’lgan paytlarda ayollarning bola tug’ishi soni haqiqatan ham ko’p bo’lgan, lekin u bolalarning aksariyati perenatal davrdayoq nobud bo’lgan, buni hech bir rasmiy organlar qayd etmagan. Muallifning shaxsiy izlanishlariga ko’ra, arxivlarda bunday statistika yuritilmaganligi ham aniqlangan. Chunki sharoitning og’irligi, onalarning tibbiy savodsizligi tufayli onalar o’limi ham, chaqaloqlar va kichik yoshli bolalar o’limi ko’rsatkichlari ham aslida juda yuqori bo’lgan.
Sho’rolar davrida bu masalaga yondoshuv o’zgargan. Mustamlaka mamlakatlarning serfarzandligi va bolajonligidan foydalanib, qo’shimcha ishchi kuchi va resurslarni ko’paytirish maqsadida ko’p bolali oila hukumat tomonidan qo’llab-quvvatlanadigan bo’lib qoldi. Hattoki, 6 tadan ortiq farzand ko’rgan onaga “Qahramon ona” nishoni ham berilar edi. Lekin onalikni va bolalikni muhofaza qilish bo’yicha deyarli hech qanday choralar ko’rilmaganligi oqibatida, baribir, onalar o’limi ko’rsatkichi ham, bolalar o’limi ko’rsatkichi ham yuqori bo’lgan. Faqat bu haqda rasman gapirilmas, statistika o’ta maxfiy edi. YuNISEF tashkiloti monitoringi natijalariga e’tibor bersak, 1989 yildan 2010 yilgacha bo’lgan muddat oralig’ida mamlakatimizda olib borilayotgan kuchli ijtimoiy himoya siyosati tufayli chaqaloqlar o’limi 2,5 barobarga (1000 ta tirik tug’ilgan chaqaloq hisobidan 1989 yilda 38,1 va 2010 yilga kelib, 16,7 miqdorga kamaydi, 2009 yilda bu ko’rsatgich yanada pastladi), onalar o’limi ham qariyb ikki barobardan ziyodga kamaydi (mos ravishda 100000 tirik tug’ilgan bolaga nisbatan 42,8 – 1989 y.; 26,9 – 2010 y.)17.
Shuni ta’kidlash joizki, zamonaviy oila a’zolari hech nimaga qaramay, oilada kam sonli (bizda o’rtacha 2-3 ta) bolani tarbiyalashga bog’liq ustanovkalarga ega. Psixologik tadqiqotlar ko’p bolali oila a’zolarining psixodiagnostik testlardagi ko’rsatkichlari boshqalarnikiga nisbatan past ekanligini ko’rsatdi. Bu ularning intellektual va ijobiy rivojlanishi ko’rsatkichlariga, ijtimoiy adaptasiyasi va salomatligiga ko’proq taalluqlidir. Amerikalik tadqiqotchilar ko’p farzandli oilaning salbiy oqibatlariga ko’proq e’tiborni qaratadi, lekin ularning ko’pgina xulosalari bizning muhitimiz, bola tarbiyalash an’analarimizga mos emas. Bizda nekluar oilada ko’p farzandni tarbiyalash mushkulligi to’g’risidagi tasavvur bor, lekin katta bo’lmagan oila sharoitida 3-4 ta va undan ortiq bolani tarbiyalashdagi qator ijobiy tajriba va xulosalar ham yo’q emas.
Nima bo’lganla ham shuni ta’kidlash joizki, zamonaviy o’zbek oilalarida ham reproduktiv ustanovkalar o’zgargan va yoshlar, hattoki, ota-onalar ham katta oilaning tashvishlarini yaxshi tasavvur etadilar. Oila tarbiyasida umuminsoniy qadriyatlar bilan milliy qadriyatlarni uyg’unlashtirish oilaning barcha a’zolari tarbiyalanganlik darajasini oshirishning muhim omillaridan biridir.
O’zbekistonda oila, onalik va bolalikni ijtimoiy muhofaza qilish, ularning har tomonlama kamol topishi va farovonligi uchun shart-sharoitlar yaratish davlat tomonidan kafolatlanadi. Shu o’rinda oila borasida davlat siyosatining shu tarzda qonunan kafolatlangan, maqsadga yo’naltirilgan tarzda olib borilishi zarurati nimalarga asoslanadi, degan o’rinli savol paydo bo’ladi.
Davlat tomonidan oila siyosati, uning bazasini mustahkamlash siyosatining olib borilmasligi ushbu noyob ijtimoiy instittutning boshqa ijtimoiy instittular qatoridan munosib o’rin ololmasligiga olib kelishi va buning oqibatisifatida oila va nikoh munosabatlari bo’hronga uchrashi, insonlar o’rtasidagi munosabatlarga zarba berilish, turli muammolar ko’payib, yosh avlod tarbiyasining dastlabki o’chog’ida ma’naviy inqirozlar kuzatilishi mumkin. mumkin. Shuning uchun muttasil taraqqiyot va xalq farovonligiga erishish yo’lidan sobit qadamlik bilan boradaigan jamiyat va undagi davlat tizimlari oilaning mustahkam va barqaror bo’lishidan, avlodlararo vorislik yo’qolib ketmasligidan manfaatdordir.
Shunday qilib, Oila siyosati – bu davlat organlari, siyosiy partiyalar, jamoat tashkilotlari, NNT larining shaxs va jamiyat manfaatiga mos keladigan oila deb atalmish er-xotin va ularning ikki va undan ortiq farzandlaridan iborat ijtimoiy tuzilmani har tomonlama qo’llab-quvvatlash va himoya qilishga qaratilgan faoliyatidir. Bu oilaviy turmush tarzini barqarorlashtirish, har bir insonning o’z oilasi va shajarasi bo’lishi istagini ro’yobga chiqarish uchun aholini qo’llab-quvvatlash siyosatidir. Uning tom ma’nosi shundaki, davlat va jamiyat to’liq oilalarning imkon darajasida ko’p bo’lishidan, unda avlodalraro vorislik, shajaralarning bardavomligi, yoshlarning oila va nikohni qadriyat sifatida e’tirof etishidan yurt tinchligi, Vatan taraqqiyoti va xalq farovonligi ta’minlanishiga ishonchini bildiradi.
E’tirof etish joizki, mustaqillik yillarida O’zbekistonda oila institutini amalda mustahkamlash borasida talay ijobiy ishlar amalga oshirildi. Eng avvalo oila va nikoh munosabatlarini takomillashtirishning qonuniy bazasi yaratildi. 1998 yilda qabul qilingan “Oila Kodeksi”da ushbu munosabatlarning barcha jabhalari reglamentasiya qilingan.
Bundan tashqari, O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan qabul qilingan boshqa qator Kodeks va qonunlarda ham bevosita oila a’zolarining, jumladan, xotin-qizlar va bolalarning manfaatlari himoya qilingan. Misol tariqasida quyidagilarni keltirish mumkin:

  • O’zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksida oila a’zolarining mulkiy munosabatlari, ularning ulushlari, merosxo’rlik, vorislik huquqlari;

  • O’zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksida farzandi bor ayollarga tadbiq etiladigan imtiyozlar, fuqaro sifatida barcha oila a’zolarining mehnat qilish huquqlari;

  • O’zbekiston Respublikasining Uy-joy kodeksida mulk sifatida uy-joyga ega bo’lish huquqlari;

  • “Fuqarolarning davlat nafaqa ta’minoti to’g’risida”gi qonunda oilaning kattalari hamda mehnat yoki salomatligi tufayli nafaqaxo’r bo’lganlarning ijtimoiy himoyasi;

  • “Aholini ish bilan ta’minlash to’g’risida”gi Qonun (1998) da ko’p bolali, nogiron bolasi bor bo’lgan oilalarga beriladigan imtiyozlar, kvotalarni taqdim etish tartiblari va h-zo;

  • “Fuqarolar sog’lig’ini saqlash to’g’risida”gi Qonunda (1995 y.) oilada xotin-qizlarning salomatligi, jumladan, reproduktiv salomatlikning davlat tomonidan muhofaza etilishi tartiblari;

  • “Xotin-qizlarga beriladigan qo’shimcha imtiyozlar to’g’risida”gi Qonunda farzandi bor hamda og’ir mehnat sharoitida ishlaydigan ayollarga beriladigan imtiyoz va qo’shimcha imkoniyatlar borasidagi qoidalar o’z ifodasini topgan.

Qonunlarning amaldagi ijrosi mustaqillik yillarida qabul qilingan va amaliyotga joriy etilgan O’zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmon va Farmoyishlari, O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining o’nlab qarorlari asosida ta’minlanadi, ularda aynan oilaning ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatini mustahkamlash, kam ta’minlangan oilalar sonining oila a’zolari bandligini ta’minlash, mehnat huquqlarining kafolatlanishi orqali kamaytirish choralari belgilangan. 1994 yildan buyon qabul qilinayotgan va amalda muvaffaqiyat bilan ijrosi ta’minlanayotgan Davlat dasturlarida ko’p bolali va kam ta’minlangan oilalar, onalik va bolalikning davlat tomonidan muhofaza etilishi o’z aksini topmoqda. Bularning eng muhimlari:

  • Prezidentimizning “O’zbekiston xotin-qizlar qo’mitasini qo’llab-quvvatlash borasidagi qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risda”gi Farmoni (25 may 2004 y.) va Vazirlar Mahkamasining Farmon ijrosini ta’minlash bo’yicha 299-chi sonli qarori;

  • “Fuqarolarga xizmat ko’rsatish uchun birvaqtlik yordam pullari to’g’risida” Vazirlar Mahkamasining qarori(2002 yil);

  • “Oliy o’quv yurtlarida to’lov-kontrakt asosida tahsil olish uchun umumta’lim kreditlarini taqdim etish to’g’risida” Vazirlar Mahkamasining qarori (2001 yil);

  • “Bolalik oilalarni ijtimoiy qo’llab-quvvatlashni kuchaytirish bo’yicha chora-tadbirlar to’g’risida” Vazirlar Mahkamasining qarori (1996 yil);

  • “Ishlayotgan nafaqaxo’rlarga nafaqalarni to’lash to’g’risida” O’zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori (1995);

  • “Kam ta’minlangan oilalarni ijtimoiy himoyalashni tashkil qilish masalalari haqida” Vazirlar Mahkamasining qarori (1994 yil);

  • “Yosh oilalarni moddiy va ma’naviy qo’llab-quvvatlashga doir qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida”gi O’zbekiston Respublika Prezidentining 2007 yil 18 maydagi Farmoni va boshqa o’nlab Farmon, normativ hujjatlar va qarorlarni keltirish mumkin.

Yurtimizda oilani mustahkamlash borasidagi davlat siyosatining afzalligi shundaki, davlat oilaning o’ziga xos suveren tuzilma sifatida qadrlaydi, uning ichki ishlariga aralashmaydi, lekin u yoki bu sabablarga ko’ra, oilada ba’zi qiyinchiliklar paydo bo’lgan bo’lsa, mahalliy o’zini-o’zi boshqarish organlari, mahalla qo’mitalari, unda faoliyat yuritayotgan jamoatchilik komissiyalariga murojaat qilib orqali fuqarolar o’z manqaatlarini himoya qilishlari va davlatning madadiga erishishlari mumkin.
Ikinchi tomondan, oila ikki oilaning, unda tarbiyalanayotgan ikki yoshning ixtiyoriy kelishuvi, tanlovidan hosil bo’lgan ittifoq bo’lgani uchun ham ushbu jarayonlarga ham aralashmaydi, chunki bu shaxsiy muammo. Lekin davlat fuqarolarning “erkin nikohlari”ga, xohlagan paytda xohlagan inson bilan o’zi bilganicha nikohga kirib yoki kirmay yashashiga befarq bo’la olmaydi. Chunki bu jamiyatning ahloqiy tomirlarini kesishi mumkin. Shuning uchun turli xil oilani qo’llab-quvvatlovchi tuzilmalar borki, ular oila-nikoh borasidagi nohaqliklar bo’lgan sharoitda, oilada bir yoki bir necha a’zoning insoniy manfaatlari tahqirlangan sharoitda, farzandlar ota-onasining nojo’ya harakatlari tufayli ko’chada qolib xavfi paydo bo’lganda o’zining jamoatchilik tashkilotlar, jumladan, xotin-qizlar komissiyalari, yarashtirish komissiyalari, “Oila” markazlari, oqsoqollar orqali bu kabi salbiy holatlarning oldini olish va bartaraf etish bo’yicha aniq chora-tadbirlar ko’radi, kerak bo’lsa, ularni xukumat dasturlari yoki qarorlari asosida mustahkamlaydi.
Oilaning musathkam va barqaror bo’lishi uning a’zolari salomatligiga, ota-onalikka psixologik jihatdan tayyorligiga bevosita bog’liq bo’lgani uchun ham mamlakatimizda bu borada aniq mexanizmlar ishga solingan. Jumladan, O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy ko’rikdan o’tkazish to’g’risidagi 365-sonli qarorining amalda joriy etilishi, akademik liseylar va kasb-hunar kollejlarida o’qitilayotgan “Oila psixologiyasi” kurslarining uzluksiz ta’lim tizimiga kiritilganligi kabilarning davlat tomonidan moliyalashtirilayotganligi ham fikrimizning dalilidir. Ko’pchilik nikohlarni baxtli ham baxtsiz ham deb atash mushkul, chunki ularda er-xotinlarning bir-birlarini sekin-asta tarbiyalab borishlari va taqdir taqozosi bilan bora-bora munosabatlar chuqurlashib, tushunish hissi va do’stona munosabatlar sayqal topib, u hattoki, romantik muhabbat darajasiga ko’tariladi.
Nikoh modeli. Oila va nikoh bo’yicha ko’plab mutaxassislar Z.Freyd va A.Adlerning g’oyalarini ma’qullagan holda shuni ta’kidlaydilarki, oila qurayotgan yosh kelin-kuyovlar o’zlari anglamagan ravishda o’zlari tarbiya topgan oilalarining modelini yangi oilaga tadbiq eta boshlaydilar.
Ota-ona oilasi Z.Freydning psixoanalitik nazariyasi mos keladi. Unga muvofiq, bola o’zi katta bo’lgan oilasidagi o’z jinsiga mos ota yoki ona obraziga o’zini identifikasiya qilib, hayoti mobaynida ko’rgan-kechirganlarini xatti-harakatlarida takrorlaydi, qarama-qarshi jins vakili bo’lmish ota-onaning obrazi esa turmush o’rtog’ini tanlashni belgilaydi. Agar ushbu obraz ijobiy bo’lgan bo’lsa, masalan, qiz bola uchun otasi ideal, namunali tuyulsa, kelajakda shu qiz o’z turmush o’rtog’i bilan kelishib yashashga moyil bo’ladi. Mobodo obraz salbiy bo’lsa (ota ichuvchi yoki bevafolik qilib tashlab ketgan), unga o’xshamagan insonni qidiradiyu, aslida topgan taqdirda ham u bilan kelishib yashashiga o’zi ham ishonmaydi, ruhiy iztirobda bo’ladi, ko’p ikkilanadi. Agar o’zi o’sib ulg’aygan oila kichik bo’lsa, istiqbolda u ham aynan detosentrik, kichik oila qurishga intiladi.
Opa-singil, aka-inilik munosabatlariga asoslangan oila modeli A.Adler g’oyalari ta’sirida ishlab chiqilgan. Unga ko’ra, er-xotin aloqalari mustahkam va barqaror bo’lishi uchun ikkasi o’z munosabatlari jarayonida akalari yoki opa-singillari bilan bo’ladigan hamkorlik, liderlik, hukmronlik, mas’uliyat, g’amxo’rlik, tobelik kabi qator munosabatlarini ro’yobga chiqarishlari lozim (sibling yondashuv). Bu aloqalarning bir ko’rinishi shundayki, unda er va xotin bir-biriga akaday, singilday u yoki bu munosabatlardagi kemtikliklarni to’ldirib borishlari mumkin (komplementar nikoh). Bu bizdagi munosabatlarga ham xos bo’lib, ko’pgina o’zbek oilalarida xotin erini “aka” deb atasa, er birinchi farzand tug’ilgach, xotiniga to’ng’ich farzandning ismini aytib murojaat qiladi. Bu holat ayniqsa, er o’z oilasida singillarining akasi bo’lgan bo’lsa, yoki xotin ham o’z navbatida ota-onasining uyida akalarning singlisi bo’lgan bo’lsa komplementar tarzda uyg’unlik kashf etadi, ular oilaviy munosabatlarda kim ustun, kim tobe kabi muammolarga duch kelmaydilar. Agar xotin o’z oilasida biriga singil, biriga opa bo’lib katta bo’lgan bo’lsa, u yoki bu tajriba eri bo’lgan munosabatlarda qisman komplementar vazifani bajaradi. Nihoyat, agar er o’z oilasida to’ng’ich farzand va xotin ham o’z oilasida to’ng’ich bo’lgan bo’lsa, unda er-xotin munosabatlari nokomplementar nikohga to’g’ri keladi, ya’ni, ular teng mavqeli bo’lgani uchun odatda o’zaro munosabatlarida liderlik va o’zaro adaptasiya holatlari muayyan qiyinchiliklar va muammolar bilan kechadi, tez-tez bir-biriga nimalarnidir da’vo qiladigan, o’z fikrini uqtirish va amalga oshirishga moyillik kuzatiladi. Odatda bunday nikoh ikki ziyoli inson o’rtasida tuzilgan bo’lsa, ular baxtli bo’lishlari mumkin, ayniqsa, hozirgi davrda, lekin o’zaro til topishib, ko’nikib ketishlariga anchagina vaqt, sabr-toqat kerak bo’ladi.
Ota-onasining oilasida ko’rgan-kechirganlari bolaning bo’lg’usi oilasi, undagi er-xotin munosabatlari, farzandlar tarbiyasi, qarindosh-urug’lar bilan bo’ladigan murakkab o’zaro aloqalarning qanday kechishini belgilovchi muhim omildir. Ushbu omilning ta’sirini batafsil o’rgangan olimlardan biri N. Pezeshkian bo’lib, u bunday ta’sirchanlikning 3 jihatini alohida ajratadi:

  • turli stresslarga nisbatan munosabat;

  • hissiyotlarga beriluvchanlik va uning oqibatlari – ijtimoiy xatti-harakat me’yorlari;

  • oilaviy munosabatlar.

Pezeshkian ota-ona oilasida ko’rgan-kechirganlari ta’sirida turlicha stresslarga hozirjavoblikning to’rt xil tipik usullarini, yo’llarini ajratadi: Avvalo, bu – tana reaksiyalari yoki vujud bilan javob berish bo’lib, u turli psixosomatik kasalliklar yoki holatlarga nisbatan inson vujudining javobi (masalan, uyqu, kayf bo’lish, ochlik yoki to’qlik kabi) sifatida namoyon bo’ladi. Bunda masalan, ota-ona oilasida urf bo’lgan xazil-xuzul, aytishuvlar orqali u yoki bu zarar etkazuvchi tangliklarning oldini olish tajribasi nazarda tutiladi.
Faoliyat ham stressning oldini olish vositasi sifatida muallif tomonidan ikki yo’nalishda bo’lishi mumkinligi qayd etiladi. Masalan, birinchisi – ishga mukkadan ketish orqali stressni echish bo’lsa, ikkinchisi – u yoki bu sohadagi yutuqlar va qo’lga kiritilgan natijalar orqali o’zini-o’zi tinchlantirish, tangliklardan “qochish”ni anglatadi.
Muloqot yoki bevosita muomala shaklida odam ko’proq turli suhbatdoshlarni topib, ular bilan kirishib ketish orqali yoki aksincha, o’zini yolg’izlikka mahkum etish orqali stressni engillatish usuli bo’lsa, oxirgi yo’l – xayolga berilish, ya’ni, real harakatlarni ramziy taassurotdagi obrazlar bilan almashtirish hisobiga tangliklardan uzoqlashishdir.
Hissiyotlarga berilish hamda uni ijtimoiy xatti-harakat normalariga muvofiqlashtirish – bu ko’rgan-kechirgan hissiyotlar va xulq namunalari to’g’risidagi tasavvurlar. Pezeshkian bevosita hissiy-emosional normalarga sevgi-muhabbatni, ishonch, umid, sabr-qanoat, o’zgalarga e’tiborli bo’lish, o’zgalar bilan yaqin samimiy munosabatlarga kirisha olish, e’tiqodlilik, diniy hissiyotlarni kiritadi. Bunday hissiyotlar odatda ota-onasi, yaqinlari, aka, opalar, uka-singillar bilan o’zini identifikasiya qilish, o’zini ular bilan solishtirish, o’xshashlikka intilish jarayonida shakllanadi. Aynan shu sababli inson kimgadir ishonishga, samimiy muruvvat ko’rsatishga o’rganadi. Oila muhitida boshdan kechirgan hissiyotlar oqibati bo’lmish xatti-harakatlar normalariga esa bir so’zlilik, saranjom-sarishtalik, ozodalik, samimiyat, adolatlilik, intiluvchanlik, tejamkorlik, sadoqat, ishonch, xalollik kabilar kiradi. Pezeshkian, ayni emosional sohalarda er-xotin o’zaro munosabatlarining o’xshamasligini er-xotin nizolarida asosiy nizo keltirib chiqaruvchi sabab, deb hisoblaydi. Xatti-harakat normalaridagi kelishmovchiliklar ham muhim, lekin ular psixoterapevtik amaliyotda biroz yumshoqroq hisoblanadi.
Ijtimoiy va oilaviy munosabatlar. Bola tajribasining asoslaridan biri undagi ota-ona oilasi ta’sirida shakllanadigan ijtimoiy fe’l-atvordir. Ya’ni, o’zaro ishonch, o’zini-o’zi baholash, Men-konsepsiyasi ota-onasi, aka-ukalari, opa-singillari ta’sirida bola ongida shakllanadigan hislatlardir. Bola ota-onasining o’zaro muloqotlariga qarab, umri mobaynida kuzatib, bilib-bilmay ularga taqlid qilib, tinchlik – xotirjamlikda, o’zaro hamjihatlikda yashashga o’rgansa, aka-uka, opa-singillariga qarab, jamiyatdagi murakkab o’zaro muomala holatlarida o’zini qanday tutishga o’rganadi, hayotning ma’nosini tushunib boradi, dunyoqarashi, dunyoviy hamda diniy e’tiqodlarining shakllanishi ham ayni shu munosabatlar ta’sirida ro’y beradi.
Er-xotin munosabatlari avvalo adaptasiya, ya’ni bir-biriga asta-sekin ko’nikib, moslashib borish jarayonidan boshlanadi, zero, ularning har biri yangi muhitga, yangi ro’zg’orga o’z oilasida orttirgan shaxsiy tajribasi, oila to’g’risidagi ijtimoiy tasavvurlari bilan kirib keladi. Natijada ota-onasi oilasida olgan tajribaning bir qismidan voz kechgani holda, yangi munosabatlar uchun yangi fazilatlarni o’zida tarbiyalay boshlaydi.

Yüklə 1,82 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   116   117   118   119   120   121   122   123   124




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©www.azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin