Alisher navoiy nomidagi



Yüklə 238,56 Kb.
səhifə3/6
tarix15.07.2022
ölçüsü238,56 Kb.
#62783
1   2   3   4   5   6
302.Yuldasheva Nilufar. Kurs ishi Zulfiya she\'riyati

1.2. Zulfiya siymosi
Ayni zamonda, ayni soatda, ayni soniyada tug‘ilgan go‘dakning shu zamon va soniyadagi butun dunyoning ishlariga daxldorligi bo‘ladi. Chunki odamzot bitta, tole va quyosh bitta. Ishonmasangiz, istagan vaqtda osmonga qarang: hammasi ko‘rinib turibdi. Ichki ko‘zlar barini to‘xtovsiz ilg‘aydi.
Har birimizning yorug‘ olamga kelishimizdan ketishimizgacha tasodifmikin? Tasodiflar qo‘shilib, birlashib qonuniyatga aylanmasmikin?
Shoira Zulfiyaning dunyoga kelishi, shoir va xalqaro miqyosdagi jamoat arbobi bo‘lib yetilishi tasodifmikin?
Ko‘hna Shoshning eng qadimgi hunarmandlar va ziyolilar o‘chog‘i – O‘qchilar mahallasida katta fayziyob xonadonda qalin qora jingalak sochli qizaloq tug‘ilganda sana 1915 yil 1 mart edi. Bunday jingalak qora sochli bola tug‘ilganda atrofdagi barchaning yuzi yorishib, quvonchlaridan lablarini yig‘ishtirolmay, barobar: “Qo‘zichoq tug‘ildi!” – deydilar. Chaqaloqning onasi Hadicha aya biroz mashaqqat chekkan bo‘lsa-da: “Voy, bu nomi bilan tug‘ildi, sochlarining qo‘ng‘iroqlarini qarang… Zulfizar bu Zulfizar!” – deb juda ohangdor qilib aytti. Uning ismini Zulfiya qo‘ydilar.
Birinchi jahon urushi avjga minib borardi. Bolqonda, Boltiq bo‘ylarida, Dnepr, Dnestr, Don tomonlarda, Yaqin Sharqda, Shomda,Afrikada dunyoni qayta bo‘lish uchun qattol urush borardi. Yuz ellik milliondan ortiq odam uning komiga tortilgandi. Shoshning ko‘hna O‘qchi mahallasi garchi u qon daryo bo‘lib oqqan yerlardan juda olisda edi, lekin biri-biridan dahshatli xabarlar kelib turardi. Ular o‘sha paytlarning jasoratli “Turon”, “Taraqqiy”, “Sadoi Turkiston”, “Sadoi Farg‘ona”, “Oyina” degan gazeta-jurnallarida bosilardi. Behbudiy kabi ulug‘ taraqqiyparvarlar voqea joylaridan o‘z ko‘rgan-kechirganlarini bayon qilardilar, avomning ko‘zlarini ochishga intilardilar.
Zulfiya tug‘ilganda, o‘lkada ijtimoiy fikr shakllanish pallasiga kirgandi.Zulfiya tavallud topgan katta qo‘rg‘on xonadonda zamon voqealari qizg‘in muhokama qilinardi, gazetalar o‘qilardi, karvonlar qabul qilinardi, zero ular bu xonadon ustaxonasida tayyorlangan temir-cho‘yan-po‘lat-tunuka mahsulotlar o‘zining sifati, pishiqligi, uzoq xizmat qilishi bilan dovruq qozongandi. Juda katta temirchilik ustaxonasida ish doim qizg‘in edi. Ishga yaroqli barcha xesh-aqrabolar, mahallalik shogirdlar bunda sidqidildan xizmat qilishardi. Zulfiyaning qulog‘iga Hadicha aya aytgan jonuzor allalar bilan birga ustaxonaning daranglagan chaqmoq sadolari ham to‘xtamay kirgan. Shuning uchun “o‘t”, “chaqmoq”, “alanga” va barcha o‘t bilan bog‘liq obrazlar, tashbehlar uning uchun tug‘ma va tabiiy.
Mashhur Amerika tilshunosi Noam Chomskiy “Til va tafakkur” (“Yazыk i mыshleniye», M, 1972) kitobida tilshunoslikda yangi –g‘oyalarni ilgari surarkan, ular bilan birga yangidan yangi terminlar va ilmiy tushunchalarni ham qo‘llaydi. Ular, chunonchi, “vrojdennaya umstvennaya struktura”, “vrojdennaya ideya”, “ovladeniye znaniyem i povedeniyem” ( “tug‘ma aqliy tuzilma”, “tug‘ma g‘oya”. “bilim va xulqni egallash” singari) kishini til falsafasi bilan bog‘liq tarzda juda qattiq o‘ylatadi. Bularning tagiga yetib borish oson bo‘lmasa ham, ular o‘z ilmiy jozibasiga ega. Zulfiyada shunday tug‘ma aqliy tuzilma tushunchasi bilan aniq izohlanadigan badiiy hodisalar oz emas. Tug‘ma xususiyatga ega obrazlar va fikrlash tarzi oz emas. Falsafada ratsionalizm va syurratsionalizm yo‘nalishining otasi fransuz faylasufi Bashlyar biron san’atkor o‘z ijodida ma’lum bir stixiyali obrazlarga muntazam va ko‘p murojaat etayotgan bo‘lsa, bu uning yuragida kompleks harakat qilayotganligini bildiradi. Shu kompleksni topilsa, badiiy asarni yaxshi tushunish mumkin. Asar shu kompleks orqali yaxlitlik kasb etadi. Agar kompleks bo‘lmasa, o‘zakdan mahrum asar g‘ayrishuurga yetib bormaydi va sovuq uydirma, soxta bo‘lib tuyuladi. Bashlyar tabiat asosidagi to‘rt unsur –suv, o‘t, havo, tuproqni – tasavvur gormonlari deb ataydi. Ushbu stixiyalar ongda o‘z dinamik harakatiga ega. Ular obrazlar to‘dalari (uyurlari)ni harakatga soladi. Ular borliqni intim tarzda o‘zlashtirish va o‘zgartirishga yordam beradi, katta sintezni yuzaga chiqaradi va tasavvurni muntazam tusga kiritadi. Shoirona yagonalik va xayol quvvati shulardan hosil bo‘ladi.
Zulfiya nur to‘la, uchqun to‘la muhitda dunyoga keldi va shular bag‘rida o‘sdi, xayollari shulardan quvvatlandi. U shu muhitning tug‘ma g‘oyalariga bag‘irdosh edi. Shuning uchun uning tashbehlari nur, uchqun, o‘t-olov, chaqmoq… zamirida tug‘iladi. Zulfiyaning she’riy energetik komplekslari shular. Istagan she’ringizda bular badiiy oqim maqomida. Hayot va ijodda shaxsning o‘rniga juda katta ahamiyat berib qaragan personalistlar sharoitni yengib chiqish, sharoit taqozo etgan shartlarni yengib o‘tish san’at shaxsiyatining eng yuksak faolligidir (Nedonsel) deyishadi. Zero Zulfiyaning faolligi – she’riyat va o‘z navbatida she’riyatning faolligi shaxsiyat. Uning she’riyatining har qatorida she’r yaratuvchi qiyofa turadi, har qatorda qiyofa shakllanadi va bu qiyofa har damda hayotiy butunlik sari harakatlanadi. Butunlik sari harakat Zulfiya ijodiyotining insoniy, badiiy falsafasidir. Butunlikni, ya’ni odamning o‘zini to‘la odamday his qilishi va to‘la odamday ish qilishini falsafa deyish mumkinmi? To‘rt tomondan hayot chegaralanganda butunlik hissi bo‘ladimi? Butunlik moddiy; butunlik jismoniy; butunlik ruhoniy, Zulfiya she’riyatida bular g‘oyalar kompleksiga aylanib ulgurgan. Shaxs g‘oyasi ijod g‘oyasi bilan chambarchas bog‘langan. Ijod g‘oyasi Zulfiya borlig‘ining asosi: “She’r bo‘lib el ichra yuraman men chaqnoq”. Butunlikka to‘siq bo‘luvchi, uni parchalovchi kuchlar ham mudom mavjud va bular she’riyatning mangu ziddiyatlarini yuzaga chiqaradi.
Yigirmanchi yillarning boshi va birinchi yarmida xotin-qizlar bilim yurti (dorilmuallimot) deb atalgan ilk o‘quv dargohlarida oz sonli qizlar qatorida bilim olgan mashhur Oydin Sobirovalar (yozuvchi, shoira, jamoat arbobi Oydin) davrida o‘zbek xotin- qizlari zulmatdagi mazlumalar deb atalar va ularning sotsialistik baxtiyorlikka intilayotgani va hatto erishgani har qadamda qattiq ta’kidlanardi. Oydin Sobirova erkiga erishgan xotin-qizlar timsoli kabi taqdim, targ‘ib va tashviq qilinardi. Oydin Sobirova ham shu ijtimoiy teatr sahnasidagi rolni to‘la qabul qilib o‘zlashtirgan, uni muvaffaqiyat bilan o‘ynar va bu o‘ziga ham juda yarashar va yoqardi.
Zulfiya 1931-yilda xotin-qizlar bilim yurtiga o‘qishga kirganda, (bilim yurti ularning O‘qchi mahallasida joylashgan edi), bilim yurtini bitirgach va to qirqinchi yillarning yarmigacha asosan Oydin Sobirovaning ta’sirida bo‘ldi va unga shogird ekanligidan faxrlanardi. Lekin o‘ttizinchi yillarda endi yigirmanchi yillardan farqli o‘laroq Zulfiya kabi yangroq qizlar zulmatdan chiqqan, qutulgan, mazlumalik paranjilari, paranji — chachvon ichidagi qoloqliklardan qutulgan, baxtiyor nurli kelajak sari dadil odim otayotgan hisoblanardilar. Zulfiya shu davr ijodini eslashni yoqtirmaydi, Balki sotsialistik erk ichida yangi tusdagi erksizlik zanjirlari quyilganligini u o‘ta zukkolik bilan fahmlab qolgan edi. O‘sha davrdagi fikrlovchi shaxsiyatlarning juda ko‘p ziddiyatlari asosan shundan – yangi mafkuraning munofiqliklaridan kelib chiqardi. Va qanchalab asl jonajon ayollar bunaqa taraqqiyotni qabul qilishni istamaganliklari uchun jazo koloniyalariga tortildilar, taqdirlari mahv etildi.
Zulfiya Oydin Sobirova izidan borib nashriyotda ishladi, akademiya aspiranturasida o‘qidi. 1932 yilda Zulfiyaning taqdirida burilish boshlandi. U Hamid Olimjon, Uyg‘un, G‘afur G‘ulom, Oybek, Muzayyana Alaviya bilan yaqindan tanishdi, ilk she’rlari bilan yozuvchilar davralariga kirdi. Hamid Olimjon, G‘afur G‘ulom, Oybek, Uyg‘un adabiyotda hayqiriq solgan yillar edi. Ularga ergashdi.Ular tiyrak va o‘ta tuyg‘un qizchaning intilishlarini bajonidil qo‘llab-quvvatladilar.
Zulfiyaning zakovati kuchli edi. Qo‘llov uning tug‘ma talantini ochdi. 1914 – 15 yillar Turon-Turkiston diyorlari uchun uzoq davom etgan umidsizlik, tushkunlik, kelajakni ko‘rolmaslik va bulardan o‘zini batamom ojiz sezish vaqtlari tugab — bir zamonlar mislsiz ulug‘ ishlarni ro‘yobga chiqargan diyor endi jahon urushi zamonida yana ijtimoiy burilish yasashga qodirdek ko‘rinardi. Zulfiya shunday mamlakat hayotida yangilanish boshlanadigan damda dunyoga keldi. Bu tug‘ilishda azal sirli ma’rifatning yana ham sirliroq intilishlari zuhur etmagan deb kim aytoladi? Behbudiy, Almaiy, Avloniy, Qodiriy, Cho‘lpon, Munavvarqori, Tavallo,Xislatning o‘tli faryodlari bu tug‘ilishda in’ikos etmagan deb kim ishontira oladi? Bu mistika yoki metafizika emas, bu tarix va xalq o‘ziga kerakli farid zotlarni ayni o‘z paytida kechikmay yaratishiga yana bir dalildir. Xalqning asablari bunday tarixiy onlarda tarang tortilmasa, Zulfiya singari xotin-qizlar taqdirida yangi xalqa, yangi tole anjumani boshlanarmidi? Nega esa u sochlari timqora jingalak zulfizar qiz bo‘lib tug‘ildi? Azamat o‘g‘illar izidan Isroil degrezning ulug‘ xonadonida orzuli qiz bo‘lib tug‘ildi. Oydan, kundan tug‘ilgandek bo‘lib tug‘ildi. Nega qizcha 1932 yili chiqqan ilk kitobchasini “Hayot varaqlari” deb atadi? Rus tilidan kirgan emasmi bu fikrlash yo‘sini? Til bilish orqali ko‘ngil ko‘zi bilan birga fikrlash ko‘zi ham keng ochildimi? O‘zini ilk mashqlari bilan birga ayni hayot bilan chambarchas bog‘ladimi? Keskin realistik yo‘l tanladimi? U keyinroq yozgan qisqagina tarjima holida hayot varaqlarining ma’nosini tushuntirib o‘tganday bo‘ldi: “… asl ustozim hayotning o‘zi edi” dedi. Hayot esa kunlar, haftalar, oylar, yillar, fasllardan iborat va har bir damu soatning o‘z varag‘i bor edi uning nazarida. Va u butun ijodiy hayoti davomida bu varaqlar obraziga doim murojaat qilib turdi. Hatto so‘nggi “Xotiram siniqlari” asari ham qay bir tarzda varaqlar bilan chambarchas bog‘lanadi-da, Zulfiya ijodiyotiga mundarija tomondan bir butunlik bag‘ishlaydi. Ushbu varaqlar hammadan ortiqroq muallim, ibrat va zakoning koni edi. U degrezning qizi ilk she’rlarini balki “Hayot ko‘rasi” deb ataganda ma’noliroq bo‘larmidi? Ya’ni hayot cho‘g‘lari alangalanadigan degrez ko‘rasi, rus tilida buni gornilo degan shoirona so‘z bilan yuritishadi.”Doim olov isi kelardi otamdan. Otam po‘lat quyuvchi edilar. Men otamning cho‘g‘day po‘latni istagan shaklga sola olganlarini, undan turli buyumlar yasaganlarini, bundan rosa hayratga tushganlarimni ham kechagiday eslayman… otam… uning qo‘lida jilmayib turgandek qizg‘ish cho‘g‘…” Axir bo‘lajak shoira otasining hech qachon o‘chmaydigan ko‘rasidan toblanib chiqmadimi, ko‘zlari po‘lat eritadigan cho‘g‘larning alangasidan yulduzday porlamadimi va o‘zi yigirma to‘rt yosh, aqli esa ming yosh Hamidni maftun qilib qo‘ymadimi? Zulfiyaning yarqiroq yulduzi yer yuziga kelib tushguncha degrezlarning necha-necha avlodlari hayot otashgohiga kelib ketmadi? O‘qchilar, degrezlar, cho‘yan quyuvchilarning avlodlari mashhur edilar ko‘hna Shoshu Iloq diyorida! Uzoq ko‘z ilg‘amas tarixdan mashhur ko‘hna Shosh kamonchilari! Oybolta, kamon, shamshir, qozon ustalari! Yuz yil kapkir urilganda ham teshilmas, siyqalanmasdi ularning turmushbop, ro‘zg‘orbop qozonlari! Temir g‘o‘lalari mumday erirdi va muloyim bo‘lib qilichlarga do‘nardi! To‘rt unsurdan biri cho‘g‘ dunyo yaralishi va qurilishida hamisha faol qatnashadi. Suv va havodan cho‘g‘ning kuchi ortadi va toshlarni eritadi, Zulfiya bobosi mulla Muslim va otasi usta Isroilning ko‘rasida lovullagan cho‘g‘day edi. Uning jingalaklarida olam va tiriklikning sirlari o‘ynardi. Uning Akmal Ikromov kadrlari qatorida yuksak lavozimlarda jon kuydirib ishlagan akasi Normat Isroilov suyukli singlisining ilk kitobchasini qo‘liga olib shunday azamat burgutday yigit to‘liqib ketib yig‘lab yuborgan edi.
” To‘rt akam bor edi, biri biridan ko‘rkam, kuchli, mard yigitchalar… yerga ursa ko‘kka sapchiydigan akalarim… Ajoyib do‘stlar edik… Ba’zan she’rlarimga o‘sha shaffof kunlarimning parchalari oqib kiradi. Lekin u bir tomchi xolos, balki bolaligim, uni bezagan yaqinlarim haqida kitob yozish baxti menga nasib etar…”( Hulkar Olimjonova shoira bu orzuli armonli ishga to‘qsoninchi yilarning boshlarida qizg‘in kirishganliklari va ancha voqealarni qog‘ozga tushirganliklarini aytadilar. Bu “Xotiram siniqlari” yozilayotgan paytlar edi, Shoira nihoyat o‘zining uzoq orzu qilgan eng suyukli yozuviga o‘tirgandi. Ammo u shiddatdan ayrim parchalargina qoldi, shoira o‘zi tug‘ilib voyaga yetgan ota-ona, ajdodlar xonadonining tafsilotlariga hayot ekan, juda oz to‘xtalgan edi: “Men esa hanuzgacha yozmaganman, lekin yozgim keladi” degan edi shoira buyuk armon bilan, holbuki, “biz ajoyib do‘stlar edik” deydi shoira. Ular hamalari qo‘ng‘iroq sochli quvnoq va tiyrak qizcha Zulfiya singillarini g‘oyat sevishar, erkalatishar, doim unga madad berishardi, biz bu o‘rinda shoiraning tug‘ishganlari – usta Isroil hamda chevar ayol Hadicha ayaning farzandlari haqida qisqacha ma’lumot keltirib o‘tishni zarur deb bilamiz. Ismoil Isroilov. Ixtisosliklari veterinar vrach. Turli idoralar va viloyatlarda faol tashkilotchilik ishlarida faoliyat olib borganlar. Olti farzandlari bor. Taxminan 1898 yillarda tug‘ilib 80 yoshlarida olamdan o‘tganlar. Qodirjon Isroilov. Farzandlari Minavar ayaning hikoya qilib berishlaricha, 1902 yilda tug‘ilganlar. Oliy ta’lim olganlar va turli hukumat idoralarida ishlaganlar. Siyosiy jarayonlarning o‘zgarishlari bois keyinchalik ota kasbi degrezlikni davom ettirganlar. Ikkinchi jahon urushi yillarida Toshkent tramvay-trolleybus deposida xizmat qilganlar. 1992 yili olamdan o‘tganlar. Minavar, Qaynar, Bahodir, G‘ayrat, Ahmadjon, Karimjon singari farzandlari bo‘lgan. Normat Isroilov. Tug‘ilgan sanalari 1905 (taxminan). Moskvada oliy tahsil olganlar. Yirik siyosiy-jamoat arbobi bo‘lib yetishgan. Repressiya qurboni bo‘lgan. Ahmadjon Isroilov. Moskvada tahsil olgan. Shamollab og‘rib Toshkentda yosh vafot etgan. Buvinisa Isroilova. Chevar. Uyda do‘ppi ko‘ylaklar tikishardi. Oyoqlariga igna kirib zaharlanib yosh qazo qilgan. Karim Isroilov.Pedagogika instituti talabasi. Noxush falokat natijasida yosh halok bo‘lgan.
Zulfiya Isroilova. (1915. 1 mart – 1996. 1 avgust). Ulug‘ shoira va jamoat arbobi. Usta Muslim boboning Isroil, Hamdam (adib Adham Hamdamning otasi), Fayzi (adib Ilyos Muslimning otasi), Rahmatjon, Huri, Jo‘ravoy singari farzandlari bo‘lgan. Bizga bu muxtasar ma’lumotlarni olishda Minavar ayaning qizi kuyunchak xalq ta’limi xodimi Gulchehra Shoumarova lutfan yordamlashdi. Gulchehra ko‘p vaqtini Zulfiya opaning yonida o‘tkazar, shoiraga yaqindan ko‘maklashardi. Opa uni suyub she’r ham bag‘ishlagandi. Bu she’rning qo‘lyozmasi saqlanib qolgan. Gulchehraning ijozati bilan uni birinchi marotaba bu yerda keltirib o‘tamiz:
“GULCHЕHRAGA
Gulchehram, kiyiknig ko‘zidek
Ko‘zlaring ko‘zimga mudom jo.
Qalbimni bilasan o‘zimdek,
Darkormas iltimos, iltijo.
Tilingdan to‘kilgan shakar so‘z
Mehringdan yayraydi dilginam
Ilohim, surmali qora ko‘z
Ko‘zyoshin bilmasin, qizginam!
Dillarni xush etar isming bor,
Donolik, odobing – latofat.
Vaqt kelib bo‘lajak senga yor
Yigit ham baxsh etsin saodat.
O‘shanda ko‘zlaring meningmas,
Sevganing qalbiga bo‘lsin jo!
O‘zing-la olib bor quvonch, baxt,
Kutmayin iltimos, iltijo!
1983 yilda yozilgan bu she’r 20 noyabr 1984 yilda Gulchehraga shoira tomonidan qo‘lyozmada taqdim etilgan).
Dunyo yaralishida cho‘g‘ning sifatlari ko‘p. Bittasi shuki, u doim o‘z davrasiga tortadi. Jozibasi bilan jamlaydi. Yana bir siri: u chorlaydi, birlashtiradi: yer zimistonligida hayot davom etayotganligidan darak beradi. Ana endi shulardan keyin Zulfiyaning butun she’riyatida jamlash, birlashtirish, davraga chorlash g‘oyasi nihoyatda kuchli jaranglaganligini va bu yuqoriroqda aytganimiz tug‘ma g‘oya ekanligini anglatadi. Loaqal mashhur “Mushoira”ni, loaqal “Quyoshli qalam”ni, loaqal “Xotiram siniqlari”ni eslaylik. Umuman uning qaysi bir she’ri va qaysi bir satri bu g‘oyalardan xoli! Sababini anglagandirsiz: bu axir o‘sha Isroil usta ko‘rasidagi cho‘g‘ning shu’lalari! Ko‘radagi azaliy cho‘g‘lardan emasmi bu:
Harorat ne o‘zi?
Harorat, harorat
ming yillar…
Bezovta etgan his emasmi harorat?
Zero yurakdagi hislar ko‘radagi cho‘g‘lar kabi emasmi Zulfiya she’riyatida? Zulfiya taqdirida bir emas ikkita jahon urushi aks etadi. U keyinchalik faoliyatining xalqaro miqyosiga ko‘ra ozodlik va tenglik, adolatga intilgan xotin-qizlarning ovoziga aylandi. Uni Osiyo kengliklarida timsol deb qabul qildilar. Jom dashtlarida har bahorda lolalar chaman ochilsalar, bu besabab emas. Yer tug‘ilganda bu yerlarga anvoyi lolalar urug‘ini tashlagan, lolalar makon topgan, Zulfiya pedbilim dargohida o‘qib yurgan,(Matbuot ma’lumotlariga ko‘ra, 1918 yilning iyulida yangi sho‘ro maktablari uchun muallimlar tayyorlaydigan pedagogik kurslar ochilgan. 1919 yildan ular olti oylik kurslarga aylangan. 1919 yilning fevralida turk tilidan o‘qitiladigan pedkurs ochilib, unga Munavvarqori mudir tayinlangan. Ayni paytda xotin-qizlar pedkursi ishga tushgan, keyin shu asosda pedbilim yurti tashkil bo‘lgan. S.Jiyanxonov va M.Islomovaning kitobchasida yozilishicha, (“Qutlug‘ dargoh”, Toshkent -2002) o‘quv rejalari va dasturlarini Munavvarqori tuzgan. 1920 yildan bular inprosga aylantirilgan. 1923 yilda inprosni o‘zbek tilida yettita xotin-qiz bitirib chiqqan. Saodat Shamsiyeva, Jahon Obidova singari ilg‘or talantli ayollar shu inprosni birinchi bitiruvchilardan bo‘lganlar. 1930 -31 yilda ta’lim-tarbiya texnikumini 11 qiz va uch yigit bitirdi. Bu yerda Toshpo‘lat Normuhamedov (Talas), Oqil Sharafiddinov, Zufar Qodirov dars bergan, Zulfiya 1931-32 yillarda shu pedbilim yurtida o‘qidi.
Bilim yurtidan ko‘p mashhur kishilar yetishib chiqdi. Adiblardan Uyg‘un va Ramz Bobojon ham shu dargohda o‘qiganlar). Toshpo‘lat Sa’diy va Muzayyana Alaviyadan Navoiyni o‘rganayotgan chog‘laridayoq tiyrak qiz tuyg‘unlik bilan o‘zini anglashga va bu orqali shaxsiyatini she’rda namoyon etishga jazm etgan edi. Zero u bir so‘zli usta hunarmandning qizi — azmi uzoqlarni ko‘zlagandi. Unda o‘zni namoyon etmoqlikning barcha yashovchan kurtaklari mavjud va jazm bilan o‘sishga intilardi. So‘fizoda, Hamza,Cho‘lpon, Avloniy, Oybek, G‘afur G‘ulom kabi ulug‘ ijtimoiy ovoz shoirlari tinmay xotin-qizlarni ozodlik, faollikka chaqirardilar. O‘zlikni namoyon etish zamonning o‘tli shiorlaridan edi. Baxtli damlarning qabariq yulduzlari kulib boqardi Zulfiyaga. “Bu yillarda mening hayotimga yana bir quvonch to‘lqini kirdi. Bu – Hamid Olimjon edi… Hamid Olimjon mening uchun talabchan ustoz, mehrli do‘st edi. She’rlarimni ilk bor hayajondan titrab unga o‘qirdim. U ayovsiz tahrir etardi. Yillar o‘tdi, yillarning biri bilan qo‘shilib Hamid Olimjon ham o‘tdi… So‘ng hayotimga yo‘llar kirib keldi…”
Quyoshdan to‘kilganman
Ushlay olaman o‘tni –
deydi Zulfiya. Tug‘ma g‘oyalarga hayratlanmay ilojing yo‘q. Bu g‘oyadan u so‘nggi damgacha voz kechmadi: Sakson yil lovullab so‘nmagan o‘tman, dedi u oxirida.
Zulfiya xayol bilan qalin do‘stlashgan va mudom xayol dunyosiga g‘arq edi. Savdo-sotiq, bozor dunyosi uni hech qachon qiziqtirmagan, qachon biron do‘kon ostonasiga qadam qo‘yganligini ham eslolmasdi.
Zulfiyani qiynagan, azoblarga qo‘ygan narsa: u hech qachon o‘tmish yuklaridan qutulolmasdi, bu yuklarning zalvori doim yelkalarini ezib yotar va bir zum ham o‘z iskanjasidan bo‘shatmasdi. Ota-onadan ayrilish, azamat akalarining dog‘i-hijroni, go‘zal singlisi Buvinisaning alamli o‘limi, talaba ukasining hech kutilmagan halokati, ayniqsa, 1944 yilda suyukli umr hamdami Hamid Olimjonning falokatga uchragani hayotsevar ayolning qalbida hech o‘chmas chandiqlar qoldirdi. Bu chandiqlar vaqt o‘tib bitganday bo‘lsa ham, tinimsiz og‘rirdi. Nega deganda, Zulfiya ularning hammalarini behad sevardi, hayotini ularsiz tasavvur qilolmasdi. Ular ulkan sevgi va mehrga arziydigan odamlar edilar. Bu ayriliqlar azobini yanada kuchaytirardi: kazolikal azobu va la azobul oxirati akbaru lav konu ta’lamun (Azob shunday. Agar bilsalar, oxirat azobi yanada katta. Qalam,33). Zulfiyaning real hijron va ayriliqlar azoblari, dardlari haqida yozganlari allaqachonlar uning tarjimayi holining intim doirasidan toshib chiqib ketgan va tor doiraga mutlaqo sig‘may qolgan:
Hijronning, faryodning dudlarin to‘kdim,
Yuragim so‘kildi bo‘lak va bo‘lak…
Yig‘lab kelib, yig‘lab ketar odamzot
Libosimday qora she’rlarni yozdim…-
Hijron yurakdan chiqib she’rga ko‘chib, ijtimoiy narsaga, ijtimoiy hodisaga aylandi. Urush va urushdan keyingi yillarda millionlab yurak-bag‘ri dog‘li ayollarning nola-faryodlariga hamohanglik topdi. Zulfiya o‘z dardida ularning barchalariing dardlarini olovli so‘zlarda ifodalaganday bo‘ldi. Zulfiyaning o‘zi ham jumla jahon dardli karvoniga qo‘shilib borayotib umuminsoniyat dardini kuylayotganini bildi, buni yurakdan tuydi, bu kuylar qalbining juda nozik chilvir torlariga mangu esh bo‘lib qolganligini angladi. Shu anglamda ijtimoiy inson tug‘ildi, ijtimoiy inson yuzaga chiqdi. Hatto butun insoniyatning dard-alamga limo-lim she’r so‘zini hisobga olganda ham, favquloddaligi bilan ajralib turadigan ifodalar yurak qa’rlaridan otilib chiqdi;
Hijroning qalbimda, sozing qo‘limda,
Hayotni kuylayman, chekinar alam.
Tunlar tushimdasan, kunduz yodimda,
Men hayot ekanman, hayotsan sen ham!
Bunda hijrondan ham kattaroq, buyukroq bir narsa bor. Zulfiya katta yurak va katta aql egasi – shu narsani topgan va fikr qudug‘idan tortib olgan. Bu matonat, qat’iyat, sadoqat, nazokat, adolat hammasi bir bo‘lib jamlangan, insonning borliq mazmuniga aylangan bir narsa. Uning nomi bor. Lekin bu nomni – bir so‘zni aytish, topib joyiga qo‘yish juda qiyin. Tinimsiz o‘ylash, Zulfiya kabi tinimsiz xayol olamiga g‘arq bo‘lishning natijasi kabi topiladi u yagona so‘z! Zulfiya bu favqulodda porloq so‘zlarni ayni o‘ttiz yoshga to‘lganda, 1945 yilda yozgan. Bu so‘zlar ahd maqomiga ko‘tarildi. Yuksak ahd-paymonday eshitildi va ahd-paymonday qabul qilindi. Keyin Zulfiya to to‘qsoninchi yillarning o‘rtalarigacha nima yozmasin, har bir satrining har bir so‘zida bu quyosh so‘zlar shu’la sochib, har bir so‘zini yoritib, ichidan ham, tashqarisidan ham ma’nodor va mazmundor qilib turdi. Millionlab ayollarga dalda bo‘ldi bu so‘zlar! Yana millionlagan ayol zotiga kelajakda dalda bo‘lajak! Zulfiyaning qaysi she’rini ochib qaramang, shu ohang, shu umidbaxsh matonat, toqat va iroda yangrab turadi. Shu ulug‘ so‘zlarni yozib Zulfiya behad xayolchan bo‘lib qoldi. Shunda uning lablariga nimtabassum qo‘ndi. U o‘lmaydigan irodaning tabassumi edi. Dardlar tug‘yonlari ko‘zyoshlari bo‘lib quyulgan chog‘larda ham uning labidan bu nimtabassum arimadi. Iroda agar odam shakliga kirsa shunday tabassum qiladi. Uning behad xayol dunyosiga g‘arq bo‘lganligining boisi shunda:
Ajinlar iz solgan keng peshonamni
Istiqbol hayotbaxsh qo‘li silasin.
Qatag‘on yillari yutgan jigarlar
Dog‘ini tortmoqqa toqat tilasin!
Yillar,
Nodir onlar,
Sevgi,
Hijronim,
Dilimni zamzamlab, ketmagan uchib…
Bor bo‘lsa beshmi, o‘n muxlis she’rxonim,
Yozmoq – baxt qalamim uchini o‘pib…
Bu satrlarni Zulfiya 1994 yilda yozdi. 45- yilda yozilgan yuksak ahdga bu satrlarni qiyos qilib Zulfiyaning inson va ijodkor sifatida kimligi va shaxsiyatining miqyosini anglaymiz. Nima uchun Tixonovday, G‘afur G‘ulomday, Qaysin Quliyevday, Rasul Gamzatovday.Indira Gandiday, Mustay Karimday, Chingiz Aytmatovday buyuk insonlar uning missiyasini ardoqlaganliklariga tushunib yetamiz. Zulfiya yuqorida parcha keltirilgan she’rini “Iqrorga vaqt yetdi” deb atagan edi. Uning iqrorlari o‘ylovchi, anglovchi aqllarni larzaga soldi.
Zulfiya hayot po‘rtanalariga har damda duch kelib, so‘ng ijtimoiy tayanch izladi. O‘tganlar yodi va she’r unga shunday tayanch bo‘ldi. Hamid Olimjon unga she’riyatning sir asrorlarinigina emas, insoniy ma’rifat bilan ham oshno qildi. Zulfiya Hamid Olimjondan qat’iyat va iroda bilan yashashni o‘rgandi. Zulfiyaning fe’l-atvorida, azal zuvalasida qonida bu xususiyatlar bor edi, Lekin Hamid Olimjon ohangrabosi bois bular Zulfiya jonida intizom tusiga kirdi. Bilim yurtida Zulfiyaning intizomiga havas qilishardi. Bu unga onasi Hadicha ayadan o‘tib kelayotgan tug‘ma fazilat edi. Ammo fazilat Hamid Olimjon tufayli intizomli qat’iyat va intizomli hodisa. U rang-barang shakllarga kiradi, qahramonlik darajasiga ko‘tariladi.
Men Zulfiya she’riyatida mayinlikni uchratmaganman. Menga Zulfiya she’riyati boshdan oyoq qirrador bo‘lib tuyuladi. Bunda har bir so‘z, qofiya, ibora, jumla qirrador. Zulfiya chaqmoq tashbehiga tez-tez murojaat etadi. Nega? Chunki uning she’ri intiutiv tarzda qirradorlikka intiladi. Chaqmoq qirrador. Olmos qirrador. Ildiz qirrador. Bular qirrador bo‘lmasaydi hayot degan narsani yaratmasdi. Zulfiya she’riyatida qirradorlik uning shaxsiyati bilan chambarchas bog‘liq holda tashqi ongdan ko‘ra ongosti hodisalari bilan ko‘proq bog‘liq.
Bu hatto Zulfiyaning badiiy tarjimalarida, Lesya Ukrainka, Pushkin, Nekrasovdan qilgan tarjimalarida ham badiiy poetik shakl sifatida ko‘zga tashlanadi. Qayerdan bu qirradorlik? U po‘lat erituvchilar olis avlodlaridan, Muslim bobo, Isroil degrezdan o‘tib kelayotgan, tomirlarda oqayotgan tug‘ma genetik bog‘lanish. Badiiy qirradorlik oxiri 90- yillarda yaratilgan she’rlar va ayniqsa, “Xotiram siniqlari”da o‘zini to‘la badiiyat bilan namoyon etdi. Mangu og‘riqlar tilga kirdi. Ana endi shu qirrador qat’iyat hayotning barcha katta-kichik voqea- hodisalarini tartib-nizomga kiritib izga soldi va to‘la hukmparmo bo‘ldi. Bilim yurtida ne-ne nurga yo‘g‘rilgan xayollar quchog‘ida yurgan o‘n yetti yashar qizcha “Hayot varaqlari”da shuni orzu qilmaganmidi, alp qomat akasi Normat kitobchada oltmish yil keyin keladigan voqealarni ko‘rib ko‘ziga quvonch yoshlarini olmaganmidi? Intizomli qat’iyat, qirrador intizom Zulfiya siymosida tom kamolga yetmadimi? Zulfiyaning intizomi ilhom yaratardi. Bu noyob, shukuhli, she’riyat parvozidagi intizom edi, U she’riyatda falsafaga, falsafiy g‘oyaga aylangandi.
Uning siymosida so‘z bilan ifodalanmagan, aytilmagan qimmatlar chamasi, aytilgan va ifodalanganlaridan beqiyos ko‘proq. Uni o‘rtagan, qiynagan, og‘ir iztiroblar iskanjasiga solgan hollar – uni erkalagan, sharaflagan, ardoqlagan, she’riyat gultojini boshiga kiydirgan hollardan ko‘proq edi.
Shodiyonada qayg‘u, qayg‘uda shodiyona omuxta edi. Va bunga o‘sha zamonada chora, davo, xalos yo‘q edi. U “birlik,birodarlik bor yerda yuksalish bor” deb o‘tdi. Va oxirida “ asl ustozim hayotning o‘zi edi” dedi va baxtiyor, beg‘ubor, injuday bolaliligiga qaytdi. Yana o‘n yetti yoshdagi o‘z “hayot varaqlari”ga tugal sodiq qoldi.
QABARIQ YULDUZ BOLALIGINING MUSAFFO OSMONIGA KO‘TARILDI.
“Salom! – deyman xayol binafshasiga,-
Sensiz ko‘ngil bog‘im qolardi g‘arib!
…Hech mast bo‘lganmisiz sof nash’asiga
Boshin xiyol egib tursa jilmayib?…





Yüklə 238,56 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©www.azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin