Har qanday tabiiy, ijtimoiy hodisa, voqea, narsa, predmet ma’lum axborot tizimining tashuvchisidir. Ular bir-biri bilan turli darajada bog‘langan, bir-biriga ta’sir ko‘rsatadi. O‘zaro ta’sirni ularning axborot almashuvi deb hisoblash mumkin. Barcha fanlar o‘z predmetlari nuqtai nazardan, birinchidan, o‘rganyotgan ob’ektlarida mavjud bo‘lgan ob’ektiv ahborotni aniqlaydi. Ilmiy tadqiqot – bu, avvalo, o‘rganilayotgan narsa va hodislar to‘g‘risida xolis va haqqoniy axborotni to‘plash, tahlil qilish va umumlashtirishdir. Ikkinchidan, o‘rganilayotgan narsa va hodisalarning boshqa narsa va hodisalar, tabiiy va ijtimoiy muhit bilan aloqalari, o‘zaro ta’siri, bu ta’sir ostida ularning o‘zgarishi, evrilishi, tadriji, ya’ni o‘zaro axborot almashuvi, birgalikdagi tadriji (koevolyusiyasi), yangi sifatlarga o‘tishi to‘g‘risida axborot to‘playdi, xulosalar chiqaradi, rivojlanish xususiyatlari va qonuniyatlarini aniqlaydi. Demak, ilmiy tadqiq etishga, umuman bilish jarayoniga axborotlashish metodologiyasidan kelib chiqib yondashish mumkin va joizdir. Axborot yondashuvi (informatsion yondashuv) zamonaviy ilmiy metodologiyaning istiqbolli usullaridan biriga aylanib boryotir.
Narsa va hodisalarning o‘zaro ta’sirini mexanik, fizikaviy, kimyoviy, biologik, ijtimoiy axborot almashuv shakllariga bo‘lish mumkin. O‘simlikka vegetatsiya davrida quyosh energiyasi, tuproq va uning tarkibidagi mineral va organik moddalar, namlik, havo (atmosfera) mo‘tadil va o‘simlik uchun optimal ta’sir ko‘rsat-sa, u yaxshi rivojlanadi va, aksincha, harorat haddan oshib ketsa, namlik etishmasa, u qurib qolishi mumkin. Chunki uning tashqi muhitdan, tabiatdan olgan axboroti undagi yashash genlari faoliyatini to‘xtatib, o‘lim, halok bo‘lish genlarini harakatga keltiradi. Kuz kelib, havo harorati va bosimi o‘zgarishi, quyosh radiatsiyasi kamayishi, kunlar qisqarib daraxtlarning tanasidagi shiraning shox va tanadan ildiz tomon harakat qilib, ildizda to‘planishiga olib keladi. Daraxt tabiatdan olgan axborotiga binoan barglarini to‘kadi, tanasidagi namlikni minimallashtiradi. Aks holda qattiq sovuq tushsa, daraxt tanasidagi namlik (suv) muzlab, to‘qimalarini uzib, parchalab yuboradi, daraxt halok bo‘ladi.
Informatsion yondashuv ayniqsa murakkab tabiiy va ijtimoiy hodisalarni bus-butunlik va tizim sifatida o‘rganishda yaxshi samara beradi. Bus-butunlik va uning qismlari, tizim va uning tuzilmalari o‘rtasidagi o‘zaro aloqalar va ta’sirlarni o‘rganishda, qismlarning bus-butunlik doirasida, tuzilmalarning tizim (sistema) doirasida bir-biriga ta’siri, birgalikda harakat qilishi, ma’lum funksiyalarni bajarishi, umumiy funksiyaning u yoki vazifalarining qismlar, tuzilmalar o‘rtasida “taqsimlanishi”, ya’ni o‘ziga xos ular o‘rtasida “mehnat taqsimoti”ni to‘laroq va teranroq bilib olishda informatsion yondashuv katta ahamiyat kasb etadi. Yana axborotlashuv evolyusiyasiga qaytamiz.
Qog‘ozning kashf etilishi va kitobot san’atining vujudga kelishi barcha bilimlarni, jumladan ilmiy bilimlarni to‘plash va avloddan-avlodga uzatish borasida inqilob yasadi. Dastlab kitoblar qo‘lyozma shaklida edi. Kitob bosishning kashf etilishi, matbaachilikning vujudga kelishi yana bir inqilobga sabab bo‘ldi. Uch-to‘rt nusxada qo‘lda ko‘chiriladigan, zarurat tug‘ilsa, yana ko‘chiriladigan, shu bois juda cheklangan miqdorda va cheklangan darajada ma’lum-mashhur bo‘lgan ilmiy bilimlar, endi matbaachilik tufayli ulkan adadlarda chop etilish va ulardan dunyoning istagan mintaqasiga olib borib, foydalanish imkoni paydo bo‘ldi. Ilmiy bilimlarning to‘planishi, mujassamlanishi, o‘zlashtirilishi natijasida ilm-fanning tez rivojlanishi uning yangi tarmoqlari va yo‘nalishlarining vujudga kelishi tufayli ijtimoiy taraqqiyotga axborotning ta’siri yildan-yil kuchaya boshladi. XIX asr yozuv mashinkasining, XX asrda teletayp va kompyuterlarning ixtiro qilinishi, maxsus ilmiy, ilmiy-ommabop, adabiy, ijtimoiy-falsafiy, ma’naviy-ma’rifiy jurnallar qatorida sof ilmiy, ilmiy-referativ jurnallarning, nashrlarning paydo bo‘lishi mazkur jarayonni yanada jadallashtirdi.
Axborot sohasida “portlash” yuz berdi. An’anaviy usullarda to‘plangan, chop etilgan kerakli mavzulardagi mavjud ilmiy informatsiyani izlab topishning, tahlil etishning o‘zi qiyin muammoga aylandi. Zarur ilmiy ma’lumotni topishdan qayta kashf etish ba’zan osonroq bo‘lib qoldi. Ilm-fanda takrorlanishlar, parallelizm, hal qilingan muammolarni, kashf qilingan ixtirolarni qayta hal etish, qayta kashf qilish hollari qo‘paydi. Ilmiy tarqoqlik, takrorlanishlar olimlarning, ilmiy markazlarning bir-birining tadqiqotlari natijalaridan yetarlicha xabardor emasligi tufayli (maxfiy, texnologiyalar va sh.k.lar bilan bog‘liq alohida tadqiqotlar – boshqa gap ) yuz bermoqda.
Masalan, ayrim mavzularga, aytaylik, Amir Temur, Yu.Sezar, Napoleon kabi buyuk tarixiy shaxslar, yozuvchilar, olimlar hayotiga, faoliyatiga, ijodiga, alohida olingan asarlariga bag‘ishlangan turli tillardagi tadqiqotlar, kitoblar soni keyingi ikki asrda har biri bo‘yicha 3-5 ming va undan ortiq raqamni tashkil etadi. Yangi tadqiqotchi ularning hammasini, birinchidan, topolmaydi, bir joyga yig‘olmaydi, ikkinchidan, tahlil qilish u yoqda tursin, hatto to‘liq o‘qib chiqishga ulgurmaydi.
Shu sababdan barcha ilmiy bilimlarni (boshqa turdagilarni – tarixiy hujjatlarni, badiiy adabiyotni ham) axborotlashtirish, kompakt disklarga ko‘chirish, internet tarmog‘iga joylashtirish, elektron kutubxonalar tashkil etish, alifbo tartibida va tematik jihatdan tizimlashtirish dolzarb muammolardan biridir. Ushbu yo‘nalishda butun dunyoda izlanishlar va amaliy ishlar jadal olib borilmoqda.
Ilmiy bilimlarni (boshqa turdagi bilimlarni ham) axborotlashtirish ularning faqat elektron variantlarga o‘tkazilishinigina anglatmaydi. Shuningdek, ularni mavzularga, muammolarga bo‘lib tizimlashtirishni va zarur ilmiy axborotni izlab topishning qulay saytlarini, portallarni, kodlarini, nusxa ko‘chirish, o‘qish, foydalanish usullarini yaratishni ham bildiradi. Hech bir olim, tadqiqotchi o‘ziga kerakli ilmiy axborotni aks ettiruvchi barcha tillarni bilmaydi. Bu esa ularni jahonning keng tarqalgan asosiy tillariga o‘girish, yoki texnik vositalar yordamida tarjima qilish zaruratini tug‘diradi. Ilmiy axborotni tarjima qilish, fan sohalari bo‘yicha referativ jurnallar (yangi tadqiqot natijalarini kengaytirilgan annotatsiyasi, bayoni) chop etish va elektron variantda ham aks ettirish axborotlashtirishning yana bir shaklidir. Axborotlashtirish elektron tarjimalar, ikki va ko‘pjildli lug‘atlar yaratish bilan muvoziy olib borilmoqda. Bundan tashqari, axborotlashtirish elektron kitoblarni, maqolalar va ma’lumotlarni vizual olish qatorida “ovozli” olish, ya’ni eshitishga mo‘ljallanishi kerak. Chunki displeydagi, ekrandagi yozuvni o‘qish kishi ko‘zini tez toliqtiradi.
Fanni axborotlashtirish ilmiy bilimlarni axborotlashtirishga nisbatan kengroq tushuncha. U yuqorida aytilganlardan tashqari, fanning o‘zini, tadqiqot vositalarini, ilmiy qurilmalar, laborotoriyalar, markazlarni axborot texnologiyalariga asoslangan kompyuter dasturlari (umuman raqamli, dasturiy axborot) bilan ta’minlashni nazarda tutadi. sentrofugalardagi, sinxrofazotronlardagi, kollayderlardagi, elementar zarrachalarni tezlashtiruvchi boshqa qurilmalardagi jarayonlarni ko‘z bilan ko‘rib kuzatish, hisoblab borish, tadqiq qilish jismonan imkonsiz va havfli. Buning uchun elektron hisoblash uskunalari, jarayonlarni kuzatib, qayd qilib boradigan, eslab qoladigan, xavfsiz ekranlarga onlayn rejimida va aks ettiradigan keyin yeslab qoladigan, keyin ularni sekinlashtirib ekranlarda ko‘rsata oladigan “aqlli” mashinalar – kompyuterlar kerak. Zamonaviy fizikaviy, kimyoviy, biotexnologik eksperimentlarni, aniq hisob-kitoblarga, matematik modellashtirishga asoslangan nazariy tadqiqotlarni axborot texnologiyalari va kompyuter dasturisiz bugun amalga oshirish mumkin emas.
Axborotlashtirish hattoki yangi texnika jihozlari, asbob-uskunalar, mashinalardan tortib to maishiy ro‘zg‘or buyumlarining konstruksiyalarini yasashgacha, ularni sinovdan o‘tkazishgacha kirib keldi. Tegishli dasturlar bilan ta’minlangan 3D printerlari bunday buyumlar namunalarini yasab bermoqda. Biotexnologiyalarni, g‘arovli hujayralardan tananing kerakli organini o‘stirib, ishdan chiqqanlarini yangilashni, genetik modifikatsiyalashgan oranizmlarni va sh.k. kashfiyotlarni fanning tegishli sohalarini axborotlashtirmasdan, unga axborot texnologiyalarini joriy qilmasdan, umuman rivojlantirib bo‘lmaydi.
Axborotlashtirish bilish jarayonini osonlashtirish qatorida o‘rganilayotgan narsa va hodisalar haqidagi bilimlarni kengaytiradi va teranlashtiradi. Dastlab inson o‘rganilayotgan ob’ektning shakli, tuzilishi o‘lchovlari va boshqa miqdoriy ko‘rsatkichlarni aniqlaydi. Ularni narsa va hodisalarning voqe bo‘lishi, tashqi axborot deyish mumkin. Keyin uning xossalari, turli sharoitda bu xossaning o‘zgarishi, rivojlanishi kabi ichki sifat ko‘rsatkichlarini aniqlaydi, ichki axborotlarni umumlashtiradi. Bilish jarayonida tashqi muhit va unga moslashish tufayli narsa va hodisalarda hosil bo‘layotgan yangi axborot, yoki ilgari “o‘qitilmagan”, aniqlanmagan axborot to‘planib boraveradi. Natijada bilimlarning kengayishi va chuqurlashuvi yuz beradi. Bu jarayon davom etaveradi, to‘xtab qolmaydi. Bilish – bu o‘rganilayotgan ob’ekt haqidagi axborotning hodisadan mohiyatga, mohiyatning bir sathidan yanada chuqurroq ikkinchi sathiga, undagi yanada chuqurroq uchunchi sathiga va h.k. o‘tishidir. Masalan, zamonaviy tibbiyot insonni o‘rganishni avval uning anatomiyasi va fiziologiyasidan, har bir a’zosining tuzilishi, ularning qanday faoliyat yuritishi haqidagi axborotni to‘plash, tahlil qilish va umumlashtirishdan boshlagan. Keyin a’zolarning normal faoliyat yuritish parametrlarini, o‘lchovlarini, me’yorini aniqlagan. Agar kasallik yuz bersa, u yoki bu a’zoning normal faoliyatini tiklash, kasallikni davolash yo‘llarini izlagan. Har bir giyoh, dori, parhez, ovqatlanish rejimi, boshqa muolajalar ta’siri to‘g‘risida axborot to‘plab, o‘zaro qiyoslab, umumlashtirib borgan. Fan rivojlanishi inson a’zolarini chuqurroq o‘rganishga, qon bosimi, qon tarkibi, siydik, so‘lak, axlat kabilarning bioximik tahlili yordamida inson salomatligi haqida axborot olish yanada chuqurlashdi. Labaratoriya tahlili, rentgen XIX asr oxiri – XXasr boshlarida salomatlik to‘g‘risidagi axborotni yangi sifat bosqichiga ko‘tardi. Muolaja ham, yangi dori-darmonlarning kashf etilishi, yaratilishi ham o‘z navbatida yangi sifat bosqichiga ko‘tarildi. Bu jarayoning asosida amaliy tajribalar, nazariy izlanishlar natijasida to‘plangan, tahlil etilib, umumlashtirilgan tizimli axborot turibdi.
Molekular biologiya va genetika rivojlanishi tibbiyotni yana yangi sifat bosqichiga ko‘tardi. Inson genomida to‘plangan axborot ochildi. Endilikda tibbiyot inson haqida DNKlar tuzilishi, ba’zi-bir genlarning patologiyasi darajasida mulohaza yurita oladi. Tug‘ma, irsiy kasalliklarning ko‘pchiligini tibbiyot davolashni o‘rgandi. Yaqingacha insoning ayrim ishdan chiqqan organlarini almashtirish donorning organini unga o‘tkazish, transplatatsiya qilish orqali amalga oshirilgan, hozir ham transplatatsiya asosiy usul bo‘lib qolmoqda. Lekin bugun irsiy injeneriya, biotexnologiyalar va axborot texnologiyalari yordamida insoning ishdan chiqqan organini uning g‘arovli hujayrasi yordami sun’iy o‘stirish, 3D printerlari yordami almashadigan a’zoning aniq nusxasini yasash imkoni paydo bo‘ldi.
Oddiy kuzatuv (rangi, tili, tirnoqlari, ko‘zi, labi va badanidagi toshmalar, uchuq, badan harorati va sh.k), so‘rov (qaeri og‘riyotgani, nima bezovta qilayotgani haqida) orqali olinadigan kasallik haqidagi ichki va tashqi axborotdan tibbiyot dastlab bioximik tahlillar beradigan axborotga o‘tdi. Bu axborot endi rentgen, elektrokardiograflar, ultrotovush, tomograflar inson organizmiga, qon tomiriga kiritiladigan nano kameralar kabi uskunalar beradigan axborot bilan to‘ldirilmoqda. Axborot olishning texnik vositalari takomillashib borayotir. Bugun esa tibbiyot inson organizmining yana chuqurroq sathiga kirib, axborot olishning yanada yuksakroq darajasiga chiqdi – genetik darajaga.
Ko‘rinib turibdiki, tibbiyot(diagnostika) rivojlanishini inson organizmi va salomatligi to‘g‘risida axborot olishning rivojlanishi sifatida talqin qilish mumkin. Muolajana esa turli dori – darmonlar, vositalar, usullar ta’siri haqidagi axborotning rivojlanishi, deya talqin qilish mumkin. Ijtimoiy hodisalar, jarayonlarni, ma’naviyatini o‘rganuvchi fanlar taraqqiyotini ham informatsion yondashuv nuqtai nazaridan tibbiyot taraqqiyoti kabi tasavvur etish to‘g‘ri bo‘ladi. Masalan, Alisher Navoiy ijodi va asarlarini o‘rganishni olaylik. Yuz yil ilgari – XX asr 20-30 yillarida dastlab Alisher Navoiyning haqqoniy tarjimai holini, yozgan asarlarining to‘la ro‘yxatini aniqlash, bir joyga to‘plash, ilmiy tahlil qilish, noaniqliklarni oydinlashtirish zarur edi. Chunki Navoiy hayoti haqidagi haqqoniy dalillar har xil rivoyatlar, aniq isbotlanmagan taxminlar, farazlar bilan aralashib ketgan edi. Yozgan asarlari har xil qo‘lyozma kitoblarda tarqalib ketgan, xattotlar ba’zan ko‘chirishda xatolarga yo‘l qo‘ygan. Navoiy zamondoshlari asarlaridan, xotiralaridan, Navoiyning o‘zining asarlari, undan keyin yashab o‘tgan tarixchilar, adiblar, allomalar asarlaridan Navoiyga daxldor axborotlar yig‘ildi, tahlil etildi. Navoiyning 500 yilligiga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida yurtimizda filologiya ilmida alohida navoiyshunoslik sohasi vujudga keldi.
Zamon talablariga javob beradigan kadrlarni tayyorlash, ta’lim tizimini–umumta’lim maktablaridan to oliy ta’limgacha rivojlantirishning kelgusi muvaffaqiyatlari ham ATni joriy qilishga bog‘liq. Qadimgi dunyo, antik davr, o‘rta asrlar va yangi davr tarixini o‘rganayotgan o‘quvchi kompyuter ekranida mavzuga doir ma’lumotlarni, mamlakatlarni, voqealarni, odamlarni, me’moriy yodgorliklar va asoru atiqalarni, artefaktlarni ko‘rib aniq tasavvurga ega bo‘ladi. Yoki biologiya darsida o‘simliklardagi fiziologik jarayonlarni, o‘simlik tanasida tuproqdan olingan sharbatning (suvning), mineral moddaning, vitaminning harakatini o‘qituvchi aytayotgan, darslikda yoritilgan jarayonni o‘z ko‘zi bilan ekranda ko‘rsa, uning mohiyatini, mexanizmini teranroq tushunadi, idrok etadi. Ta’lim jarayoni yanada intensivlashadi. Xullas, axborotlashtirish ilm-fanni rivojlantirish va modernizatsiya qilishning yangi vositasiga va tendensiyasiga aylandi.
Zamonaviy fan ijtimoiy hodisa sifatida nafaqat olam, voqelik haqida ob’ektiv, ilmiy bilimlar to‘plash va ulardan amaliyotda foydalanish vositasidir. U ayni paytda ishlab chiqaruvchi kuchga aylanmoqda. Bu yuksak texnologiyalarga asoslangan ishlab chiqarish qatorida insonning o‘ziga, uning kasbiy bilimlari, mahorati, malakasi va mehnat ko‘nikmasiga ham taalluqli. Ishlab chiqarish konveeri bugun kompyuterlar yordamida boshqariladi. Xavfli va o‘ta aniqlikni talab qiladigan ishlab chiqarish, konveerlari avtomatlashtirilmoqda, ularda har xil dasturlashtirilgan axborotlardan foydalanilmoqda. Yana bir muammo. Tabiat resurslari cheksiz emas, qazilma boyliklar kamayib, tugab borayotir, yoki yetishmayotir. Ularning o‘rnini bosadigan sun’iy xomashyo, sun’iy tolalar, sintetik yoqilg‘i, plastmassalar, polietilenlar, sun’iy kristallar, yarimo‘tkazgichlar va h.k.larga talab kundan-kun ortib bormoqda. Bularni ishlab chiqarish korxonalariga zamonaviy ilm-fan yetkazib bermoqda. Boshqacha aytganda, zamonaviy fan ishlab chiqaruvchi kuch sifatida namoyon bo‘layotir. Bu tendensiya yidan-yil kuchayib, rang-baranglashib bormoqda.
Zamonaviy energetikani, ayniqsa atom elektr stansiyalarini, atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanishni, har xil izotoplarni ishlab chiqarish va tibbiyot sohasida qo‘llashni fan yutuqlarisiz tasavvur etish qiyin. Ilgari ma’lum texnik detalni, butlovchi qismni ishlab chiqarishga keng joriy qilish uchun avval uning etalon namunasini eng malakali, yuksak razryadli ishchi dastgohda chizmalar asosida yaratgan. Loyiha-konstruktorlik muassasalarida yuzlab kishilar uning chizmalarini tayyorlagan. Zavodning qoshidagi konstruktorlik byurosining injener-texnikalari va yuksak malakali ishchilari yuqorida aytilgan etalon-namunasini yasagan. Endi chizmalarning aksariyatini kompyuter yordamida yaratish, raqamli dasturlashtirilgan dastgohlar yordamida etalon-namunani yaratish imkoni paydo bo‘ldi. Dastgohni boshqaradigan qurilma xotirasiga etalon-namunaning parametrlari kiritilsa bas, qolgan ishni dastgohning o‘zi bajaradi. Yuz yil avval ishchi boshlang‘ich ma’lumotga ega bo‘lsa, ishlab chiqarish instruksiyalarini o‘qib tushuna olsa, kifoya edi. 50 yil burun malakali ishchidan 7-8 yillik umumiy va 1-1,5 yarim yillik kasb-hunar ma’lumotini egallash, chizmalarni tushunish talab qilinar edi. Bugun malakali ishchidan axborot texnologiyalarini kasbi taqozo etadigan darajada o‘zlashtirish, umuman o‘rta maxsus bilimga ega bo‘lish talab etilmoqda.
Kelajakda energiyaning muqobil turlaridan keng foydalanish, uning ulushini yildan-yil oshirib borish, inson sog‘lig‘iga zarar yetkazmaydigan irsiy modifikatsiyalashgan serhosil o‘simliklar navlarini, chorva mollari, parrandalar zotini yetishtirish istiqbollari bevosita ilmiy-texnika taraqqiyotiga bog‘liq. Aytilganlardan oydinlashadiki, fan zamonaviy jamiyatda ishlab chiqaruvchi kuchga aylanib borayotir. Yuksak texnologiyalarga asoslangan iqtisodiyot sohalarida u allaqachon ishlab chiqarish kuchiga aylanib bo‘ldi. Masalan, atom elektr stansiyasi ilmiy-tekshirish institutlaridan kam farq qiladi, biotexnologik ishlab chiqarish korxonasi laborotoriyaga o‘xshaydi. Gap ularning tashqi o‘xshashligida emas, balki ish jarayonining ilmiy sig‘imi, ITI (ilmiy-tekshirish institutlari) va ilmiy laboratoriyadagidek kattaligida. Iqtisodiyotning boshqa sohalarida ham bu jarayon jadal sur’atlarda davom etmoqda.
Fanning bevosita ishlab chiqaruvchi kuchga aylanishi katta ijtimoiy va ma’naviy ahamiyatga ega. Birinchidan, bu turmush farovonligining yuksalishiga xizmat qiladi. Ikkinchidan, insonni og‘ir qo‘l mehnatidan, individual texnologik xavf-xatardan (masalan, charchoq bosib dastgoh ortida, shofyorning rulda bir necha soniya ko‘zi yumilib, avariyaga uchrashidan) xalos qiladi. Uchinchidan, ish kuni soatlarini qisqartirib, odamlarning bo‘sh vaqtini, dam olish va o‘z ustida ishlash imkoniyatlarini ko‘paytiradi. To‘rtinchidan, inson ma’naviyatini, dunyoqarashini yangi ijobiy bilimlar bilan boyitadi, kasbiy malakasini yuksaltiradi. Beshinchidan, xalqlarni, milliy madaniyatlarni yanada yaqinlashtiradi.
Lekin, alohida ta’kidlash joizki, fanning bevosita ishlab chiqaruvchi kuchga aylanishi, u talab qiladigan kadrlarni tayyorlashda ilmiy-texnik axborotlar hajmi va sifati keskin oshishi, agar ma’naviy tarbiyaga, ta’limni gumanitarlashtirishga yetarli e’tibor berilmasa, bir tomonlama texnokratik qarashlar kuchayishiga olib kelishi mumkin. Demak, fanning ishlab chiqaruvchi kuchga aylanishi, ta’lim-tarbiya tizimini yanada gumanitarlashtirishni talab qiladi. Globallashuv va boshqa ob’ektiv zarurat tufayli dunyo miqyosida yagona axborot maydonining (makonining) vujudga kelishi ijtimoiy-tarixiy taraqqiyotning qonuniyatidir. Yagona axborot maydoni – ob’ektiv va zaruriy ijtimoiy hodisa. U kimningdir, qaysidir guruhlarning, manfaatdor kuchlarning xohish-istagi tufayli paydo bo‘lgani yo‘q. Yagona axborot maydoni milliy chegaralarni bilmaydi, uni sun’iy toraytirish va cheklash imkonsiz. Faqat radio, televidenie, kompyuterlar, mobil va telefon aloqalaridan voz kechib, boshqa biror davlatga fuqarolarni deyarli chiqarmasdan, begonalarni deyarli kiritmasdan, ya’ni milliy mahdudlikka yuz burib, faqat o‘z qobig‘iga o‘ralib, o‘rta asrlar turmush tarziga qaytib yagona axborot maydonidan ihotalanish mumkin. Tarix g‘ildiragi ortga aylanmaydi. Bundan tashqari, hech kim shamga, qora moy chiroqqa, eshak va ot aravaga, omochga, qo‘shga qaytishni istamaydi.
Shunday ekan, bizning o‘zimiz jahon axborot maydoniga moslashmog‘imiz, ziddiyatli axborotlar qurshovida yo‘limizni to‘g‘ri topishni o‘rganmog‘imiz zarur. Bugun yoshlarimiz radio, televidenie, matbuot va internet orqali har xil ma’lumotlar, axborotlar olayotganiga fikr bildirib, Islom Karimov adolatli ta’kidlaganidek: “Jahon axborot maydoni toboro kengayib borayotgan bir sharoitda bolalarimizning ongini faqat o‘rab chirmab, uni o‘qima, buni ko‘rma, deb bir tomonlama tarbiya berish, ularning atrofini temir devor bilan o‘rab olish, hech shubhasiz, zamonning talabiga ham, bizning ezgu maqsad-muddaolarimizga ham to‘g‘ri kelmaydi...biz davlatimiz kelajagini o‘z qobig‘imizga o‘ralib qolgan holda emas, balki umumbashariy va demokratik qadriyatlarni chuqur o‘zlashtirgan holda tasavvur etamiz”.1 Ayni paytda bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish zarur. Shu bois O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi 2017 yil 15 avgustda tegishli qonunni qabul qildi. Senat tomonidan u 24 avgustda ma’qullandi va Prezident uni 8 sentabrda imzoladi.
Globallashuv va fanning bevosita ishlab chiqarish kuchiga aylanishi, texnologiyalar yangilanishining tezlashuvi, “axborot portlashi”, ijobiy va salbiy mazmundagi axborotlar o‘rtasidagi chegaraning yanada nisbiylashib, ko‘p hollarda yo‘qolib, ekletik xarkaterdagi axborotlar ko‘payib borayotgani dunyo miqyosida axborotni tizimlashtirishni, xalqaro internet tarmog‘ini ijobiy yo‘nalishda yanada rivojlantirishni taqozo etmoqda. Xalqaro miqyosda kiberxavfsizlik, axborot xavfsizligi bo‘yicha samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yib, huquqiy (xalqaro va milliy huquq) jihatdan mustahkamlash har tomonlama dolzarb muammoga aylandi. Xalqaro miqyosda so‘z erkinligini, axborot olish erkinligini va huquqiy, vijdon va e’tiqod erkinligini ekstremizm, terrorizmni targ‘ib etishning oldini olish zarurligi bilan bog‘lab yangicha talqin etish maqsadga muvofiqdir. Ushbu tushunchalarning yarimasr avvalgi talqini bugungi globallashuv, axborot texnologiyalari va xalqaro ziddiyatlarning kuchaygan davri talablariga yetarlicha javob berolmay qoldi.
Globallashuv insoniyat hayotining barcha sohalarini, yo‘nalishlarini qamrab oldi. Globallashuvning o‘zi qaysidir ma’noda axborotning miqdor va sifat jihatdan tez ko‘payishi va tarqalishi oqibatida vujudga keldi. Uning davom etishi va rivojlanishi yana axborot va aloqa tizimlarining rivojlanishiga bog‘liq. Ijtimoiy hayot va faoliyatning har bir shakli, yo‘nalishi, yirik voqealari va jarayoniga oid axborotlarni tizimlashtirish va tez tarqalishini ta’minlash globallashuvni oziqlantiruvchi, rag‘batlantiruvchi omil bo‘lib qolaveradi. Fanning bevosita ishlab chiqaruvchi kuchga aylanishi, bir tomondan, ilm-fanning integratsiyasini hamda differensiyalashuvini kuchaytirib, yangi fanlar, fan tarmoqlarini shakllantirmoqda. Ikkinchi tomondan – yana to‘plangan ilmiy bilimlarni, axborotlarni tizimlashtirishga, internet tarmog‘ini yanada rivojlantirishga ehtiyojni kuchaytirmoqda.
Internetdagi axborotlarning geometrik progressiyada o‘sishi ularni tizimlashtirish qatorida internet tarmog‘ini buzg‘unchi g‘oyalardan, terrorizm va ekstremizmni targ‘ib etuvchi axborotdan tozalashni, himoyalashni dolzarblashtirmoqda. Bu borada xalqaro huquq tizimi takomillashuvi, qonun yo‘li bilan internet tizimiga axborotlarni joylashtirish masalalari tartibga solinishi zarur. Mamlakatlar o‘rtasida ham, internetning Google, Facebook va boshqa tarmoqlari egalari va provayderlari bilan ham axborotlarni sistemalashtirish, tarmoqni qo‘poruvchilik, ekstremistik, pornografik mazmundagi axborotdan himoyalash borasida kelishuvlarga erishish zarur.
Mustaqil O‘zbekistonning har tomonlama barqaror rivojlanishi bizning jahonning umumiy axborot makoniga, internet tizimiga qanday, qaysi tomoyillar asosida integratsiya bo‘lishimizga, barcha foydali, ijobiy ilmiy, ilmiy-texnikaviy, texnologik, ijtimoiy-siyosiy, huquqiy, badiiy-estetik axborotlarga keng yo‘l ochib, ulardan xalqimiz keng qatlamlarini, birinchi galda mutaxassisliklarni egallayotgan yoshlarni bahramand etishimizga, har qanday salbiy mazmundagi g‘oyalarni, qarashlarni tarqatadigan axborotdan himoyalana olishimizga, yoshlarda mafkuraviy immunitetni shakllantirishimizga bog‘liq.
Aslini olganda, kompyuter bandiligining 90 %i – axborot bandiligidir. Internet, ijtimoiy tarmoqlar, instagramalar, hatto elektron o‘yinlarning aksariyati yangi axborot olishga yoki tarqatishga intilishdir. Bandi inson miyasi giyohvand miyasi kabi tashqi qitiqlovchiga o‘rganib qolgan. Usiz qonga adrenalin, yoki o‘zini tinch – xotirjam, baxtli sezish uchun zarur garmonlarni yetarlicha ajratmay qo‘yadi. Faqat giyohvanddan, alkogolikdan farqli, kompyuter bandisi narkotik yoki spirtli ichimlik emas, yangi axborot olishi kerak. Bu axborot qanday mazmunda bo‘lishi, uning kerakli yoki keraksizligi, foydali yoki zararligining ahamiyati yo‘q. Axborot bo‘lsa bas. Shu sababdan yoshlarning axborot bandiligiga tushib qolishining oldini olish lozim. Buning asosiy yo‘llaridan biri sifatli va foydali axborotni o‘zining uni o‘zlashtirish real imkoniyatlaridan kelib chiqib olishdir. Buning asosiy vositasi esa kitobxonlik, kitob o‘qishdir(shu jumladan, elektron shakldagi kitoblarni o‘qish). Albatta, mazmuni shubhali, buzg‘unchi g‘oyalarni, behayolik va zo‘ravonliki targ‘ib etadigan kitoblarni o‘qish foyda bermaydi. Yuksak did, mafkuraviy immunitet haqida ko‘p gapirilishi bejiz emas.
Kitob o‘qish orqali o‘zlashtiriladigan axborot insonning aql eldagidan o‘tadi, bemalol tahlil qilinadi. TV va boshqa vizual – elektron vositalar orqali esa tayyor xulosalar, fikrlar odamga singdiriladi. Davlatimiz rahbarining 2017 yil 12 yanvar farmoyishi qabul qilingani sababi ham shunda.