1. Oltin tanga standarti Oltin standarti birinchi marta XVIII asrda Angliyada va XIX asrning oxirlarida boshqa mamlakatlarda joriy etildi. Bu standart oltin monometalizmi deb ham ataldi. Oltin tanga standarti oltin standartining ilk ko‘rinishidir. Bu standart I Jahon urushi boshlanishiga qadar hukm surdi.
Oltin tanga standartiga xos bo‘lgan belgilar quyidagilardan iborat bo‘lgan: tovarlarning baholari faqatgina oltinda o‘lchanishi; oltin tanganing muomalada bo‘lishi; davlat xazinasi tomonidan cheklanmagan miqdorda moneta zarb qilinishi; kredit pullarni ularning nominali bo‘yicha oltinga erkin almashtirilishi; oltinni olib kirish yoki olib chiqishning taqiqlanmaganligi; ichki bozorda oltin moneta va banknotalar bilan birga haqiqiy qiymatga (ya’ni, to‘la haqiqiy qiymatga) ega bo‘lmagan chaqalar va ma’lum kursga ega bo‘lgan davlat qog‘oz pullarining muomalada bo‘lishi.
Bu tizim mustahkam pul tizimi bo‘lib, inflyatsiyani inkor etar edi. Muomala uchun zarur bo‘lmagan oltin miqdori yana xazina ko‘rinishiga qaytar edi. Ammo kapitalizmning krizisi davrida bu muvozanat izdan chiqdi. II Jahon urushi davrida AQShdan boshqa urushayotgan davlatlar banknotalarni oltinga almashtirishni va oltinni chetga olib chiqishni bekor qilishdi. Oltin muomaladan surib chiqarilib xazinaga aylantirildi. AQShda esa oltin monetalar 1934 yilga qadar muomalada bo‘ldi.
2. Oltin quyma standarti I Jahon urushidan keyin, 20-yillarda ba’zi mamlakatlarda oltin quyma standarti joriy qilindi. Bu standartning oltin tanga standartdan asosiy farqi shunda ediki, muomaladagi banknotalar 12-12,5 kg. atrofidagi oltin quymalarga almashtirilardi. 12,5 kg. lik quymaga banknotani almashtirish uchun Angliyada 1700 ft. st., Frantsiyada 215 ming fr. talab qilinar edi. Bu bilan oltin muomaladan xalqaro aylanmaga chiqarildi. Ichki aylanmada esa bunday imkoniyatga faqatgina yirik firmalar va puldorlar ega bo‘lib qoldilar, xolos.
3. Oltin deviz standarti Oltin quyma standartga kirmagan mamlakatlarda banknotalarni bevosita oltinga almashtirish tiklanmadi. Bu mamlakatlar o‘z kredit pullarini oltin quyma standartga kiruvchi mamlakatlarning devizlariga (ya’ni valyutalariga) almashtirishni mo‘ljallangan edilar. Bu bir mamlakat valyutasining ikkinchi davlat valyutasiga bog‘liqligini keltirib chiqarar edi. Pul tizimining bu ko‘rinishi oltin deviz standarti nomini oldi.
1929-33 yillardagi jahon inqirozidan keyin barcha mamlakatlarda oltin deviz standartining ba’zi elementlarini oltin dollar standart o‘zida olib qoldi. Bu standartning o‘ziga xos xususiyati Shunda ediki, birinchidan, bu standartdan foydalanish huquqi faqatgina chet el emission banklari uchungina saqlab qolingan edi, ikkinchidan, bu standartda faqatgina AQSh dollarigina oltin bilan aloqasini saqlab qolgan edi xolos. 1971 yil dekabr oyidan boshlab dollarning oltin pariteti bekor qilinishi bilan oltin standartining barcha ko‘rinishlari o‘z kuchini yo‘qotdi.
Oltin standarti barbod bo‘lishi va iqtisodiyotni davlat ishtirokida boshqarilishiga o‘tilishi bilan metall pul nazariyasi boshqa nazariya bilan almashtiriladi. Metalizimning asosiy kamchiligi shundaki, ular iqtisodiyotni davlat tomonidan boshqarilishi bilan oltinga almashtirilmaydigan kredit pullar orasida ichki bog‘liqlikni e’tiborga olmadilar.
Jamiyatda ijtimoiy – iqtisodiy jarayonlarning taboro rivojlanib borishi, shu bilan birga kishilarning ehtiyoji ortib borishi natijasida ayirboshlash munosabatlari hajmining o‘sishi, ishlab chiqarish hajmining keskin sur’atlar bilan ko‘payishi muomalada foydalanib kelingan metall tangalar bilan parallel ravishda qog‘oz pullar ham to‘lov vositasi sifatida amal qila boshladi, evolyusion tarzda ma’lum ijtimoiy – iqtisodiy o‘zgarishlar oqibatida metall (kumush va oltin) pullar o‘z o‘rnini qog‘oz pullarga bo‘shatib berdi. Bu pulning nominalist nazariyasining vujudga kelishiga zamin yaratdi.
Nominalizm quldorlik tizimi davridagi faylasuflar ta’limotida yuzaga kelgan bo‘lib, bu ilk nominalizmdir. Birinchi nominalistlar tanga tarkibini buzish (tanganing og‘irlik miqdorini kamaytirish)ni ko‘rko‘rona madh etuvchilar bo‘lganlar. Yemirilib ketgan tangalarni teng qiymatli tangalar bilan muomalada bir xilda yurganligiga asoslanib, ular pulning metall miqdori emas, balki nominali muhimdir deb da’vo qilib chiqdilar.
Nominal pul nazariyasi tarafdorlari ushbu nazariyaning asosida qog‘oz pullar e’tirof etilishini e’tiborga oladigan bo‘lsak, shuningdek nominal pul nazariyasining amal qilishining asosiy omili sifatida pul nominallarini davlat tomonidan belgilanishi va uning ta’minlanishi ham davlat tomonidan amalga oshirilishini nazarda tutadigan bo‘lsak, nominal pul nazariyasini “qog‘oz pullar nazariyasi” tarzida ifodalash ham mumkin bo‘ladi.
Nominal pul nazariyasini “qog‘oz pul nazariyasi” tarzida yuritilishi uning aniqliligini, metall pul nazariyadan ushbu nazariyani, nominal pul nazariyasini qanday farqlari mavjudligini ortiqcha qiyinchiliklarsiz aniqlash imkonini beradi.
Nominal pul nazariyasi xususidagi dastlabki qarashlarni quldorchilik, keyinchalik feodal tuzumi sharoitidagi qadimgi faylasuflar ta’limotlarida kuzatish mumkin. Pulning nominal nazariyasi XVII – XVIII asrlarda, muomalaga haqiqiy bo‘lmagan metall pullar kiritilgan davrda shakllangan. Dastlabki nominal pul nazariyasining asosini qog‘oz pullar emas, balki haqiqiy bo‘lmagan tanga monetalar tashkil etgan.
Pulning nominal nazariyasini ilgari surgan dastlabki iqtisodiy nazariya vakillari Dj.Berkli (1685 – 1780) va Dj.Styuart (1712 – 1780) hisoblanadi. Ularning nazariyalari asosida quyidagi ikkita holat yotardi: pul davlat tomonidan yaratiladi va pulning qiymati uning nominali bilan aniqlanadi. Pul birligining sotib olish qobiliyati uning nominali asosida, ya’ni qog‘oz pulda ko‘rsatilgan nominal qiymati bilan aniqlanadi.
Nominal pul nazariyasi tarafdorlarining asosiy zaifligi shundaki, ularning ta’limotiga ko‘ra pulning qiymatini davlat belgilaydi. Bu bilan ular pulning mehnat mahsuli nazariyasi va tovar tabiatiga ega ekanligini inkor qiladi. Biroq bozor iqtisodiyoti sharoitida pulning sotib olish qiymati talab va taklif asosida belgilanadi, shuningdek, milliy xo‘jalik doirasida to‘lov vositasini bajaradigan pullarning kursi xalqaro miqyosda amal qiladigan xorijiy valyutalarga bo‘lgan talab asosida o‘zgarib turadi.
Nominalist pul nazariyasi vakillarining rivojlangan davri asosan XIX asrning oxiri va XX asrning boshlariga to‘g‘ri kelib, uning ko‘zga ko‘ringan tarafdorlaridan biri, nemis olimi G.Knapp (1842 – 1926) hisoblanadi. G.Knappning pul nazariyasini, uning ta’limoticha ma’lum qiymatga ega bo‘lmagan monetalarda emas, balki xazina biletlari asosida asoslashga harakat qiladi.
Nominal pul nazariyachilarining asosiy kamchiligi shundaki, ularning ta’limotida pulning qiymati davlat tomonidan belgilanadi degan g‘oya ilgari suriladi. Kredit pullar (veksellar, banknotalar, cheklar) esa ularning ta’limotida inobatga olinmaydi va e’tibordan chetda qoldiriladi. Chunki kredit pullarning qiymati davlat tomonidan emas, balki ularning emitentlari tomonidan belgilangan nominal qiymatga ega bo‘lib, ushbu qiymat o‘zgarishga moyildir, ya’ni ularni muomalaga chiqargan emitentlar kredit pullarining dastlabki qiymatda saqlab qolish imkoniyatiga ega bo‘lmaydilar.
Bizning nazarimizda, nominal pul nazariyasi vakillari qog‘oz pullarning qiymatini nafaqat oltin qiymatidan, balki tovarlar qiymatidan ham ajratib oldilar va ularning nominal qiymatining barqarorligi, sotib olish qobiliyati davlatning tegishli hujjatlari asosida aniqlanadi degan mantiqsiz g‘oyani ilgari suradilar.
Nominal pul nazariyasi vakillarining ta’limoti Germaniya tomonidan birinchi jahon urushini moliyalashtirish uchun muomalaga chiqarilgan katta miqdordagi emissiya jarayonida namoyon bo‘ldi. Biroq, ushbu ta’limotning haqiqatga yaqin emasligi Germaniyada 1920 yillarda yuz bergan giprinflyasiya sharoitida isbotlandi. Muomalaga asossiz ravishda emissiya qilingan juda katta miqdordagi qog‘oz pullar juda tez muddatda 700 – 800 foiz darajasida inflyasiyaga uchrashi natijasida mamlakatda pul – kredit, moliya tizimi izdan chiqdi. Buning natijasida ishlab chiqarishga bo‘lgan qiziqish pasayib, kishilar moddiy ne’mat yaratish hisobiga emas, balki mavjud moddiy ne’matlarni sotish hisobiga qo‘shimcha daromad olish payiga tushib qoldilar. Chunki ishlab chiqarish va qo‘shimcha moddiy ne’matlarni yaratish ma’lum darajadagi vaqtni talab etar, bu vaqtda esa ishlab topilgan daromad inflyasiya natijasida o‘zining qiymatini yo‘qotar edi.
Tahlillar natijasi shuni ko‘rsatadiki, nominal pul nazariyasi iqtisodiyotning markazdan boshqarish tuzumi sharoiti va talablariga mos keladi. Chunki ushbu tuzumda pulning nominal qiymati davlat tomonidan o‘rnatilib, uning amal qilishi ham to‘liq nazorat ostiga olinadi. Shunda ushbu nazariya tarafdorlari tomonidan ilgari surilgan ta’limot o‘zini oqlaydi. Ta’kidlash joizki, markazdan boshqarish tuzumi yoki markazdan rejalashtirish tuzumi sharoitida qog‘oz pullarning nominali davlat tomonidan o‘rnatilishi bilan birga, yaratilgan tovar moddiy qimmatliklarning bahosi ham yuqoridan belgilanadi. Shu bilan birga, muomalaga emissiya qilinadigan pulning miqdori, ularning harakati va amal qilish kabi barcha jarayonlar ham davlat tomonidan rejalashtirilib, ushbu rejaning bajarilishi to‘lig‘icha tegishli organlar tomonidan nazorat qilib boriladi. Biroq, bozor iqtisodiyoti sharoitida nominal pul nazariyasini amaliyotga joriy etish va uning amal qilishining imkoniyati mavjud emas. Chunki davlat banklari tomonidan muomalaga emissiya qilingan pul belgilari tegishli talab va taklif asosida tovar moddiy qimmatliklarning bahosini belgilaydi. Uning sotib olish qobiliyatini mustahkam yoki zaif bo‘lishi davlatning nazdidan anchagina yiroqda bo‘lib, davlat unga ta’sir o‘tkazish imkoniyatiga ega bo‘lmaydi. Bunday holat pulning miqdoriy pul nazariyasini vujudga kelishiga sabab bo‘ldi.
Pulning miqdoriylik nazariyasi klassik maktab iqtisodchilari tomonidan XIX-XX asr boshlarida ishlab chiqilgan edi va umumiy daromadnini nomimal qiymatini aniqlashga bag‘ishlangan edi. Bu nazariya berilgan umumiy daromad miqdorida qancha pul mavjudligini izohlashi bois, u pulga talab nazariyasi ham hisoblanadi. Ushbu nazariyaning eng muhim hususiyati shundaki, u foiz stavka pulga bo‘lgan talabga ta’sir etmaydi deb ta’kidlaydi.
Miqdoriy pul nazariyasida pulning sotib olish qobiliyati va baho darajasi muomaladagi pul miqdori bilan belgilanadi. Miqdoriy pul nazariyasining asoschisi fransuz iqtisodchisi J.Boden (1530 – 1596) hisoblanadi. Keyinchalik ushbu nazariyani ingliz iqtisodchilari D.Yum (1711 – 1776) va Dj.Mil (1773 – 1836), shuningdek fransuz Sh.Monteske (1689 – 1755) rivojlantirdi.
D.Yum Angliyaga XVI – XVII asrlarda Amerikadan katta hajmda nodir metallarning kiritilishi natijasida baholarni ortib ketishini kuzatib: “pulning qiymatini uning miqdori belgilaydi” degan ta’limotini ilgari suradi.
Miqdoriy pul nazariyasining dastlabki vakillari pulni faqat to‘lov vositasi sifatidagi vazifasiga e’tibor qaratadi, ularning fikricha pul va tovar ayirboshlash jarayonida uchrashishi natijasida pulning qiymati aniqlanadi degan noto‘g‘ri g‘oyani ilgari suradilar. Shuningdek, ularning ta’limotidagi ikkinchi kamchilik muomalaga chiqarilgan barcha pullar muomala jarayonida ishtirok etadi deya ishonishlaridir. Haqiqatda esa ob’ektiv iqtisodiy qonunlar muomalaga zarur bo‘lgan pulning miqdorini aniqlaydi. Bu bilan ular pulning jamg‘arma, to‘lov vositasi kabi funksiyalarini e’tibordan chetda qoldirishadi.
Kredit va qog‘oz pul muomalasiga asoslangan miqdoriy pul nazariyasining zamonaviy sharoitdagi talqini yirik iqtisodchi olimlar L.Marshall, I.Fisher, G.Kassel, B.Xansen, M.Fridmanlarning asarlarida bayon etilgan.
Ularning miqdoriy pul nazariyasi ikkita yo‘nalishdagi ta’limotga asoslangan bo‘lib:
– birinchisi, I.Fisher va M.Fridman boshchiligidagi monetaristlarning “tranzaksion variant” ta’limoti;
– ikkinchisi, A.Pigu boshchiligida angliya Kembrij maktabi vakillari, ikkinchi jahon urushidan keyin esa D.Patinkinning “kassa qoldig‘i” konsepsiyasi ta’limoti hisoblanadi.