Axborot madaniyati bugungi axborot oqimi mislsiz sur’atda ko’payayotgan yoki yangilanayotgan jarayon ichida eson-omon yashash hamda faoliyat yuritishga zamin yaratadi, doimiy yordamchiga aylanadi. Murakkabdan-murakkab, serqatlam axborot almashinuv jarayoni sohalar, jamiyatlar, mamlakatlar, mintaqalar va dunyo miqyosida keng ko‘lamlarda kechayotganini tasavvur qilib ko‘rsak, so‘z yuritilayotgan mavzuning ham ilmiy, ham amaliy ahamiyati naqadar ulkanligi ayonlashadi. Biroq mazkur haqiqatni to‘la anglashga tasavvurimiz hamda aql-idrokimiz imkoniyatlari qodirmikan? Qodir bo‘lmagani uchun ham inson bu qadar mislsiz, zalvorli yukni axborot vositalari zimmasiga yukladi. Gazeta, jurnal, kitob, radio, televideniye, telefon, faks, kompyuter, internet, mobil telefon sharofati bilan Yer yuzi mo‘jaz “qishloq”qa aylandi-qo‘ydi. Ikki dunyoni bir qadamga aylantirgan ham axborot, globallashuv jarayonlari maxraji, ustqurmasi ham axborot. Zamonaviy taraqqiyot, farovonligu farog‘atning noni, suvi, havosi ham shu! Sanab o‘tilgan axborot vositalarining ko‘zga ko‘rinmas changalidan tashqarida yashayotgan odam yo‘q hisobi. Ularning barchasi oddiy turmush tarzining ajralmas zaruratiga, ta’bir joiz bo‘lsa, tanamizning “a’zosi”ga aylanib bo‘ldi. Shu munosabat bilan g‘oyat qiziq va g‘alati holat vujudga keldi: yakka axborot vositalari, guruh axborot vositalari, ommaviy axborot vositalari rivojlangani sayin insonning axborotga bo‘lgan ehtiyoji yetarli darajada qondirilmayotgani ma’lum bo‘lmoqda, aksincha, axborot taqchilligi, yetishmovchiligi zo‘raygandan zo‘rayib bormoqda. Nega? Sabab nimada? Chindan ham shundaymi?
Yangilikka o‘chlik boyagina olingan axborotning o‘sha zahoti eskirishiga olib kelmoqda. Hozirgina yuz mashaqqat bilan topgan yangiligimizni to‘la anglab-idrok etib ulgurmasimizdan chiqitga chiqaryapmiz. Bir qarashda, buning yomon tomoni yo‘q, ammo har bir yangilik ortidagi voqelik yuzasidan chuqur mulohaza yuritish, tosh-taroziga solish hamda hayotiy xulosalar chiqarishga bo‘lgan moyillik unutilib bormoqda. “Bu ahvolda internet to‘lqinlarida soat sayin “bolalayotgan” nashrlar shu tariqa yengil shov-shuvga o‘ch, shundan narini ko‘zlamaydigan, tahlilu mulohazalardan yiroq avlod vakillarini shakllantiruvchi “maktab”larga aylanib qolmasmikan?!” degan xavotir ham yo‘q emas.
Dostları ilə paylaş: |