13-mavzu: O‘zbekiston va jahon hamjamiyati Reja



Yüklə 127,82 Kb.
tarix19.03.2023
ölçüsü127,82 Kb.
#88773
O‘zb tarix 15-mavzu O‘zbekiston va jahon hamjamiyati Reja


13-mavzu: O‘zbekiston va jahon hamjamiyati


Reja:
1. O‘zbekistonning tinchliksevar tashqi siyosati va uning jahon hamjamiyati tomonidan tan olinishi.
2. O‘zbekiston Respublikasining BMTga qabul qilinishi va jahon hamjamiyatidagi o‘ziga xos o‘rni.
3. O‘zbekistonning xalqaro tashkilotlar bilan iqtisodiy va siyosiy aloqalarining yo‘lga qo‘yilishi.

XXI asr bo‘sag‘asida xalqaro vaziyat. Mustaqil O‘zbekistonning tinchliksevar tashqi siyosati va jahon hamjamiyatiga qo‘shilishi. XX asrning 90 yillariga qadar dunyo ikki qutbli bo‘lib, bir-biriga qarama-qarshi bo‘lgan kuchlar nisbati ikki joyda – SSSR va AQSH etakchilik qilgan ikki ijtimoiy-siyosiy tuzum, ikki harbiy-siyosiy kuchlarning qo‘lida edi. Xalqaro vaziyatning tinchligi va xavfsizlik tizimi shu ikki tomonning o‘zaro muxoliflik muvozanatiga asoslangan edi. Dunyoda «sovuq urush» siyosati hukmronlik qilardi. Butun insoniyat yadro urushi xavfi ostida yashardi. Biroq sobiq Ittifoqning parchalanishi natijasida uning tarkibidagi 15 ta mustaqil davlat, jumladan mustaqil O‘zbekiston davlati vujudga keldi. «Sovuq urush» siyosati barham topdi. XXI asr bo‘sag‘asida xalqaro vaziyatning o‘zgarishi jahon tapaqqiyotininr holatini ham tubdan o‘zgartirib yubordi. Endi dunyo ko‘p qutbli bo‘lib qoldi. Dunyoning geosiyosiy holati yangi pallaga ko‘tarildi.


Dunyo yangilanishi jarayonida har bir davlat o‘z taraqqiyot ko‘lami bilan jahon hamjamiyatidan munosib o‘rin olish uchun harakat boshladi. SHular qatori O‘zbekiston ham jahon hamjamiyatidan munosib o‘rin olishga kirishdi.
O‘zbekiston Respublikasi O‘rta Osiyodagi yirik suv yo‘llari bo‘lgan Amudaryo va Sirdaryo oralig‘ida joylashgan. Mamlakat maydoni 447,4 ming km2 tashkil qiladi. Bu Buyuk Britaniya, Belgiya, Daniya, Avstriya va SHveysariya hududlarini qo‘shib hisoblaganda ulardan ko‘pdir. Markaziy Osiyo mintaqasida muhim o‘rin tutgan O‘zbekiston qadimda ham, hozir va kelajakda ham SHarq va G‘arb, SHimol va Janub orasidagi aloqalarni bir-biri bilan bog‘lovchi mamlakatdir. 2005 yilgi ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston o‘zining ma’muriy-hududiy tuzilishi jihatdan 12 viloyat, 164 ta tuman, viloyat va respublikaga bo‘ysunuvchi 51 shahar, tumanga bo‘ysunuvchi 91 ta shahar, 108 ta shaharchalar, 1451 tadan oshiq bo‘lgan qishloq va ovullarga ega.
O‘zbekiston Respublikasi o‘ziga xos geografik tuzilishi bilan O‘rta Osiyo mintaqasidagi davlatlar orasida alohida ajralib turadi. Bunday geografik joylashuvning qulay va noqulay tomonlari mavjud bo‘lib, ular respublikaning geosiyosiy vaziyati va geostrategik manfaatlari hamda uning ichki va tashqi siyosatini tanlash va belgilashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Mustaqil O‘zbekistonning qulay geosiyosiy imkoniyatlari quyidagicha:

  • Uzoq o‘tmishdan SHarq va G‘arb o‘rtasidagi qadimgi savdo-sotiq, tijorat, madaniy-ilmiy va diplomatik aloqalar yo‘li bo‘lgan Buyuk Ipak yo‘li O‘zbekiston hududidan o‘tgan. Hozirda ham Evropa va YAqin SHarqdan Osiyo – Tinch okeani mintaqasiga olib boradigan yo‘llar O‘rta Osiyodan, uning o‘rtasida joylashgan O‘zbekistondan o‘tadi;

  • O‘rta Osiyoning markazida joylashgan O‘zbekiston o‘zining geosiyosiy holatidan kelib chiqib, mazkur mintaqada kuchlar nisbati va muvozanatini saqlash, iqtisodiy integratsiya jarayonini rivojlantirish, barqarorlikni ta’minlash, hamkorlikni mustahkamlash imkoniyatiga ega. O‘zbekiston bugungi kunda qo‘shni davlatlar – Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va Afg‘oniston o‘rtasida bog‘lovchi halqa vazifasini o‘tab kelmoqda. Mintaqa doirasida manfaatli munosabatlar o‘rnatish imkoniyati O‘zbekiston orqali ochiladi. O‘rta Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlikni va kuchlar muvozanatini ta’minlash jarayonida O‘zbekiston sezilarli rol o‘ynash uchun hamma imkoniyatlarga ega;

  • O‘zbekiston o‘zining joylashuviga ko‘ra O‘rta Osiyoning transport, energetika, kommunikatsiya, suv tizimi markazida joylashgan. Respublikaning muhim xususiyati shundan iboratki, bu erda aholining o‘sish sur’atlari yuqori. Mustahkam mehnat salohiyati, ilmiy-texnikaviy va boshqa imkoniyatlari jihatidan mintaqadagi boshqa davlatlardan ma’lum darajada ustun turadi;

  • Tabiiy-iqlim sharoiti qulay, ulkan mineral–xom ashyo zaxiralari va strategik materiallarga ega, dehqonchilik madaniyati rivojlangan, oziq-ovqat bilan o‘zini ta’minlashga qodir. O‘zbekistonda sanoatining bazaviy va zamonaviy tarmoqlari mavjud. O‘zini neft, gaz, rangli metallar bilan ta’minlabgina qolmay, ularni eksport qilish imkoniyatiga ega. Bu ko‘rsatkichlar quyidagilardan iborat: O‘zbekiston Respublikasining er ostida amaldagi Mendeleev davriy tizimining barcha elementlar mavjud. Hozirga qadar davlatimiz hududida 2700 dan ortiq kon va foydali qazilmalarining istiqbolli ruda hosillari topilgan. Ular 100 ga yaqin mineral–xom ashyo turlarini o‘z ichiga oladi. SHulardan 60 dan ortig‘i ishlab chiqarishga jalb etilgan. Topilgan va ishlov berishga tayyorlangan 900 ta kondagi mineral–xom ashyoning zaxiralari 970 milliarddan ortiq AQSH dollari bilan, mamlakatning umumiy mineral–xom ashyo salohiyati 3,3 trillion AQSH dollari bilan baholanadi. O‘zbekiston oltin zahirasi bo‘yicha dunyoda 4-o‘rinda, uni qazib chiqarish bo‘yicha 7-o‘rinda, mis zahirasi bo‘yicha 10-11-o‘rinda, uran zahirasi bo‘yicha 7-8-o‘rinda turadi. Markaziy Qizilqumda joylashgan Murontovdagi noyob kon Evroosiyo qit’asida ma’lum bo‘lgan konlarning eng kattasi bo‘lib, asr kashfiyoti deb atalgan. Hozir yiliga millionlab kub metr tog‘ jinsi chiqarilib, undan «to‘rtta–to‘qqizlik» sofligidagi oltin olinayotgan Murontov ochiq koni oltin qazib chiqarish sanoatida beqiyosdir. Respublikada marmarning 20 ta konlari aniqlangan bo‘lib, ularga ishlov berish yo‘lga qo‘yilgan. Mamlakatimizda 160 dan ortiq gaz, neft, ko‘mir konlari qidirib topilgan va ochilgan, ularning ko‘pi ishlatishga topshirilgan. O‘zbekistonda Markaziy Osiyodagi yagona Angren kaolin-ko‘mir koni joylashagan bo‘lib, undan kaolion tuprog‘i qazib olinadi. O‘ta muhim strategik manbalar deb hisoblangan qimmatbaho metallar bo‘yicha – 40 dan ortiq, rangli, nodir va radioaktiv metallar bo‘yicha – 40, konchilik –kimyo xom ashyosi bo‘yicha 15 ta kon qidirib topilgan. Mamlakatimiz katta gidroenergiya salohiyatiga ega. CHirchiq, G‘azalkent, Farhod GESlari, jami 28 ta gidroelektroenergetik stansiyalari ishlamoqda;

  • O‘zbekiston insoniyat sivilizatsiyasida salmoqli o‘ringa ega. YUrtimizning dunyoga mashhur boy ma’naviy va tarixiy merosi bor, shu tufayli u dunyoning ma’naviy va siyosiy jarayonlariga ta’sir o‘tkazib kelgan.

Mazkur imkoniyatlar orqali O‘zbekiston geosiyosiy joylashuvining noqulayliklardan mustasno deb bo‘lmaydi, bunday kamchiliklar barcha joyda mavjud. Geosiyosiy jihatdan O‘zbekiston Respublikasiga qiyinchiliklar tug‘diruvchi quyidagi omillar ham mavjud:

  • O‘zbekiston o‘zining geosiyosiy holati jihatidan kollektiv xavfsizlik tizimini o‘rnatishga intilayotgan, lekin bu jarayon hali izchil yo‘lga qo‘yilmagan O‘rta Osiyo mintaqasida joylashgan. Respublikamiz Fors ko‘rfazi, Kaspiy dengizi havzasi va Tarim havzasining neft va gazga juda boy konlari joylashgan yarim halqaning strategik markazida joylashgan. SHuning uchun bu hududda butun dunyoda energiya taqchilligi sharoitida ko‘pgina davlatlarning bir-biriga mos kelmaydigan manfaatlari o‘zaro to‘qnashmoqda. Dunyodagi kuchli davlatlar mazkur mintaqada o‘z manfaatlarini izlamoqda;

  • O‘rta Osiyoda joylashgan davlatlarning imkoniyatlari bir xil bo‘lmay, ularning rivojlanish holati ham har xil. YA’ni O‘zbekistonni etnik, demografik, iqtisodiy va boshqa muammolar yuki ostida qolgan respublikalar qurshab turibdi. SHu bilan birga O‘zbekiston mintaqadagi etnik murosasizlik, narkobiznes va har xil tashqi kuchlar tomonidan rag‘batlantirilib kelinayotgan, ichki mojarolar xali ham tugatilmagan Afg‘oniston kabi davlat bilan chegaradoshdir. Bu erda 2001 yilning oktyabr oyidan AQSH tomonidan diniy ekstremizm va terrorizmga qarshi qaltis harbiy harakatlar olib borilishi natijasida Afg‘onistondagi vaziyat qisman o‘zgardi;

  • sobiq sovet hukumati davrida O‘rta Osiyoda, jumladan O‘zbekistonda kommunikatsiyalar nomaqbul ravishda shakllantirildi. Janubiy yo‘nalishda transport kommunikatsiyalari amalda rivoj topmadi. Sobiq Ittifoq parchalangach, kommunikatsiyalar muammosi O‘zbekiston uchun yanada keskinlashdi. O‘zbekiston bevosita dengizga chiqa olmaydigan, buning ustiga dengiz portlaridan eng uzoqda joylashgan mamlakat hisoblanadi. Qora dengiz, Boltiq dengizi, YApon dengizi va SHimoliy dengizlarga olib chiquvchi eng qisqa temir yo‘li qariyb 3 ming kilometrni tashkil etadi. Bu masofani kesib o‘tish uchun esa bir necha davlatlar hududidan o‘tish lozim. Mazkur holat katta sarf-harajat talab qilib, O‘zbekistonning iqtisodiy aloqalarini cheklaydi, yuk tashishini qimmatlashtirib, mahsulotlarni raqobatga bardosh berolmaydigan qilib qo‘yadi;

  • Mustaqil O‘zbekistonning umuman hamma daryolari hamda respublika hududini kesib o‘tadigan, uzunligi 150 va undan ko‘p kilometrli daryolar 50 tadan oshgan bo‘lishiga qaramasdan, uning suv resurslari cheklangan va ekologik muammolari ham bor. Orol fojiasi ham mamlakatimiz uchun noqulaylik omilidir. Uni saqlab qolish borasida amaliy tadbirlar o‘tkazilgan bo‘lishiga qaramasdan, so‘nggi yillarda Orol dengizining sathi 12-15 metr pasayb ketdi. Uning maydoni ancha qisqarib, qirg‘og‘i o‘nlab kilometr qochib ketgan.

O‘tish davrida bu kiyinchiliklarni bartaraf etish, yurtimizning geosiyosiy imkoniyatlarini rivojlantirish borasida muhim tadbirlar amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligini qo‘lga kiritishi uning xalqining asriy orzu maqsadlarini to‘la ma’noda ro‘yobga chiqarish tomon keng ufqlar ochibgina qolmay, ayni paytda mustaqil yosh davlatimizning jahon hamjamiyatiga qo‘shilishi uchun ham imkoniyat yaratdi. SHu boisdan mamlakatimiz rahbariyati istiqlolning ilk kunlaridan e’tiboran O‘zbekistonning milliy manfaatlariga mos keladigan puxta tashqi siyosiy yo‘lni belgilash, jahon hamjamiyatiga qo‘shilish, xorijiy davlatlar bilan siyosiy, diplomatik, iqtisodiy, ilmiy – texnikaviy, madaniy aloqalar o‘rnatish masalalari dolzarb vazifa sifatida ko‘ndalang bo‘lib turardi. YUrtimiz mustaqilligini mustahkamlash, mamlakatimizning xavfsizligi, barqarorligi va taraqqiyoti ko‘p jihatdan ana shu vazifalarning hal etilishiga bog‘liq bo‘lib qolgan edi.
Ma’lumki, 130 yil davom etgan istibdod davrida mamlakatimiz to‘la mustaqil ravishda tashqi siyosat va diplomatik faoliyat yuritish, xorijiy davlatlar va xalqaro nufuzli tashkilotlar bilan aloqalarni o‘rnatish kabi huquqlaridan maxrum etilgan edi.
O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti I.A.Karimov ta’kidlaganidek, «O‘zbekiston Respublikasi uchun mustaqil tashqi siyosat yuritish – davlat faoliyatining yangi va amalda qo‘llanilmagan yo‘nalishlaridan biridir. YAkkahokimlik tizimi sharoitida O‘zbekiston xalqaro maydonga to‘g‘ridan-to‘g‘ri va ochiq chiqish imkoniyatidan mahrum etilgan bo‘lib, o‘zining tashqi siyosiy davlat idoralariga, etarlicha diplomatlariga va tashqi iqtisodiy faoliyat sohasidagi mutaxassislariga ega emas edi». Sobiq sovet davrida, Ittifoq konstitutsiyasiga muvofiq O‘zbekiston teng huquqli suveren davlat hisoblanib, mustaqil tashqi siyosat yurgizish, xorijiy mamlakatlar bilan shartnomalar tuzish va diplomatik vakolatlarini ayirboshlash va boshqa huquqlarga ega bo‘lgan suveren respublika hisoblanardi. Ammo real hayotda esa buni aksini ko‘rish mumkin edi. O‘zbekiston o‘zining tashqi siyosiy davlat idoralariga, etarlicha diplomatik vakillariga va tashqi iqtisodiy faoliyat sohasidagi mutaxassislariga ega emas edi. O‘zbekistonda Markaz ko‘rsatmasi bilan 1944 yil 27 sentyabrda Tashqi ishlar vazirligi ochilgan. Biroq u kichikkina bir idoracha bo‘lib, hech qanday vakolatlarga ega emas edi. Bu vazirlik markazning ko‘rsatmalarini bajarar, chet ellardan kelgan mehmonlarni qabul qilish va ularga xizmat ko‘rsatish bilan cheklanardi. Tashqi ishlar va diplomatik soha Markaziy Osiyo mintaqasi mahalliy millatlari, shu jumladan o‘zbek millati, eng kamsitilgan tarmoqlardan biri edi. Sobiq SSSR Tashqi ishlar vazirligi tizimida rasmiy ravishda ishlaydiganlarning 92 % bir millatning vakillari edi. Ikkinchi jahon urushi tugagandan so‘nggi 45 yil ichida (1945 – 1990 yillar) O‘zbekistonning faqat 7 vakili SSSRning chet eldagi favqulodda va muxtor elchisi bo‘lib ishlash imkoniyatiga ega bo‘ldi (A. Abdullaev, Bahodir Abdurazzoqov, Sarvar Azimov, Latif Maqsudov, Nuriddin Muhiddinov, Rafiq Nishonov va Anvar Qo‘chqorov). SHulardan faqat uchtasi (A.Abdullaev, B.Abdurazzoqov va L. Maqsudov) maxsus diplomatik oliy ma’lumotga ega edilar xolos. Markaziy Osiyo respublikalari vakillari jahonning etakchi davlatlariga mas’ul lavozimlarda belgilanmas, ularni odatda, «o‘rtacha» davlatlarga ishga belgilar edilar (Somali, Pokiston, Livan, SHri Lanka, Gabon, Suriya va boshqalar). Oqibatda o‘zbek millatining farzandlari xalqaro munosabatlarning hal qiluvchi yo‘nalishlaridan chetlatilgan edilar. Holbuki, ular jiddiy ahamiyatga ega qator takliflarni kiritib, tashqi ishlar va munosabatlarda asosli va mustaqil fikrlarni olg‘a surganlar.
Bu holatga sobiq SSSRning parchalanishi bilan barham berildi. Tarixan o‘ta qisqa davr ichida o‘tmishdan qolgan «kamchiliklar»ni bartaraf etish borasida muhim islohotlar amalga oshirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti I.A. Karimov o‘zining «O‘zbekistonning o‘z istiqlol va taraqqiyot yo‘li» va boshqa asarlarida mustaqil tashqi siyosat yuritish qoidalarini nazariy va amaliy jihatdan puxta asoslab berdi. O‘zbekiston Respublikasining mustaqil tashqi siyosiy faoliyatining huquqiy asoslari, prinsiplari, mazmuni, maqsad va vazifalari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining IV bob 17-moddasida o‘zining qonuniy aksini topdi. Konstitutsiya 17-moddasiga muvofiq, «O‘zbekiston Respublikasi xalqaro munosabatlarning to‘la huquqli sub’ektidir. Uning tashqi siyosati davlatlarning suveren tengligi, kuch ishlatmaslik yoki kuch bilan tahdid qilmaslik, chegaralarning daxlsizligi, nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish, boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik qoidalariga va xalqaro huquqning umum e’tirof etilgan boshqa qoidalari va normalariga asoslanadi.
Respublika davlatning, xalqning oliy manfaatlari, farovonligi va xavfsizligini ta’minlash maqsadida ittifoqlar tuzish, hamdo‘stliklarga va boshqa davlatlararo tuzilmalarga kirishi va ulardan ajralib chiqishi mumkin».
Konstitutsiyaning boshqa bo‘limlarida esa hukumat idoralari va davlat boshlig‘ining (93-moddasida) tashqi siyosiy vakolati belgilangan.
Mustaqillikning zafarli o‘n yilligi ichida yurtimizda tashqi siyosat va diplomatiya sohasida ko‘plab ishlar amalga oshirildi va davr talabi bilan konstitutsiya asosida bu sohaga oid bir necha hujjatlar qabul qilindi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi faoliyatini tashkil etish masalalari to‘g‘risida»gi Qarori, 1992 yil 25 may.
2. «O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatiya vakolatxonalari boshliqlarini tayinlash va chaqirib olish tartibi to‘g‘risida»gi Qonun, 1992 yil 2 iyun.
3. «O‘zbekiston Respublikasining diplomatiya xodimlari uchun diplomatiya daraja va martabalarini belgilash to‘g‘risida»gi Qonun, 1992 yil 3 iyul.
4. O‘zbe­kiston Respublikasi Birinchi Prezidenti I.A. Karimovning «O‘zbekis­ton Respublikasi Tashki ishlar vazirligi faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida»gi Farmoni, 1994 yil 25 fevral.
5. O‘zbe­kiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston Respublikasi Tashki ishlar vazirligi faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida»gi Qarori, 1994 yil 16 mart.
6. «O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining chet elga borishlari tartibini va O‘zbekiston Respublikasining diplomatik pasporti to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida»gi Qonun, 1995 yil 6 yanvar.
7. «O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari to‘g‘risida»gi Qonun, 1995 yil 22 dekabr.
8. «O‘zbekiston Respublikasining Konsullik Ustavini tasdiqlash to‘g‘risida»gi Qonun, 1996 yil 29 avgust.
9. «O‘zbekiston Respublikasi tashqi siyosiy faoliyatining asosiy prinsiplari to‘g‘risida»gi Qonun, 1996 yil 26 dekabr va boshqa qonunlar ana shular jumlasidandir.
Ushbu qonunlar mustaqil O‘zbekistonning xorijiy davlat va xalqaro tashkilotlar bilan teng huquqli asosda munosabat o‘rnatishida muhim ahamiyat kasb etdi. Xalqaro huquq normalarining ichki qonunlardan ustunligi respublika qonunchilik faoliyatida o‘z ifodasini topmoqda. O‘zbekiston xalqaro huquqning boshqa sub’ektlari bilan diplomatik aloqalarni amalga oshirib, ikki tomonlama va ko‘p tomonlama xalqaro shartnomalarni tuzib, bevosita davlatlararo munosabatlarda qatnashmoqda.
Mustaqillikning dastlabki yillaridan boshlab O‘zbekiston Respublikasi tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy aloqalarini ta’minlab beruvchi davlat organlari shakllantirildi. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining funksiyalari va faoliyatining yo‘nalishlari tubdan o‘zgartirildi. 1991 yil 7 sentyabr O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimovning Farmoniga binoan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy aloqalarni yo‘lga qo‘yish maqsadida 1990 yil 12 iyulda tashkil etilgan O‘zbekiston SSR Tashqi savdo va xorijiy aloqalar davlat ko‘mita­si 1992 yil 12 fevralda Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligiga aylantirildi. 1992 yil 21 fevralda esa O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimovning «O‘zbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligini tashkil etish to‘g‘risida»gi Farmoni qabul qilindi. 2002 yil 21 oktyabrdagi «Tashqi iqtisodiy aloqalar sohasida boshqaruv tizimini yanada erkinlashtirish va takomillashtirish to‘g‘risida»gi farmonga asosan bu vazirlik O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar agentligi etib qayta tashkil qilindi. 2005 yil 21 iyuldagi «Tashqi iqtisodiy va savdo aloqalari, xorijiy investitsiyalar­ni jalb etish sohasida boshkaruv tizi­mini takomillashtirish to‘g‘risida»gi farmonga asosan, O‘zbekistan Respub­likasi Tashqi iqtisodiy aloqalar agen­tligi O‘zbekistan Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi etib qayta tashkil qilindi.
O‘zbekistonda tashqi savdo bilan shug‘ullanuvchi firmalarning maxsus tizimi ham shakllantirildi. Respublikada diplomatik ishlar uchun, xalqaro huquq va tashqi iqtisodiy aloqalarda faoliyat yuritadigan mutaxassislar tayyorlashga katta e’tibor berildi. SHu maqsadda 1992 yil 23 sentyabr Respublika Birinchi Prezidentining Farmoniga ko‘ra Toshkentda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti tashkil etildi. SHuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi va boshqa universitetlarda tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy faoliyat sohasi uchun mutaxassis kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yildi.
O‘zbekiston tashqi siyosatida iqtisodiy omillarning xal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lishi muhimdir. Mamlakatimiz mana shu muhim sohani o‘zlashtira borib, o‘z mustaqilligini uning eng jiddiy yo‘nalishi bo‘lgan iqtisodiyotida mustahkamlanmoqda. O‘zbekistonda iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishga, uning jahon hamjamiyati bilan integratsiyalashuviga xalqaro moliyaviy, iqtisodiy tashkilotlar – Xalqaro valyuta fondi, Jahon banki, Xalqaro moliya korporatsiyasi, Evropa tiklanish va taraqqiyot banki ham ko‘maklashmoqdalar. Xalqaro savdo markazi (UNKTAD), Tariflar va savdo Bosh bitimi (GATT) bilan hamkorlik qilinmoqda.
Istiqlolning ilk yillaridan boshlab tashqi aloqalar muassasalari tomonidan xorijiy davlatlar bilan xalqaro aloqalarning umum e’tirof etilgan qoida va normalari asosida respublikaning diplomatik faoliyati turli yo‘nalishlarda olib borildi. Bu birinchidan, siyosiy munosabat va iqtisodiy aloqalar; ikkinchidan, ilmiy-texnikaviy aloqalar; uchinchidan, madaniy aloqalar, turizm, sport va boshqa sohalardagi xalqaro aloqalardir. Respublika tashqi siyosatiga tinchlik, barqarorlik, hamkorlik yo‘li asos qilib olindi.
O‘zbekiston Respublikasi tashqi siyosatining asosiy tamoyillari quyidagilardan iborat:

  • mafkuraviy qarashlardan qati nazar hamkorlik uchun ochiqlik, umuminsoniy qadriyatlarga, tinchlik va xavfsizlikni saqlashga sodiqlik;

  • davlatlarning suveren tengligi va chegaralar daxlsizligini hurmat qilish;

  • boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik;

  • nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish;

  • kuch ishlatmaslik va kuch bilan tahdid qilmaslik;

  • inson huquqlari va erkinliklarini hurmatlash;

  • ichki milliy qonunlar va huquqiy normalardan xalqaro huquqning umum e’tirof etilgan qoidalari va normalarining ustivorligi;

  • davlatning, xalqning oliy manfaatlari, farovonligi va xavfsizligini ta’minlash maqsadida ittifoqlar tuzish, hamdo‘stliklarga kirish va ulardan ajralib chiqish;

  • tajovuzkor harbiy bloklar va uyushmalarga kirmaslik;

  • davlatlararo aloqalarda teng huquqlilik va o‘zaro manfaatdorlik, davlat milliy manfaatlarining ustunligi;

  • tashqi aloqalarni ham ikki tomonlama, ham ko‘p tomonlama kelishuvlar asosida rivojlantirish, bir davlat bilan yaqinlashish xisobiga boshqasidan uzoqlashmaslik.

Mamlakatimizning jahon xalqlari tinchligi va xavfsizligiga mos bo‘lib tushgan tinchliksevar tashqi siyosati, uni jahonda mustaqil davlat cifatida tezda tan olinishini ta’minladi. O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligini 165 ta davlat tan oldi. 1991 yil 26 sentyabrda resspublikamizda birinchi diplomatik aloqalari yo‘lga qo‘yildi. Mazkur sanada mustaqil O‘zbekiston bilan Avstraliya o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatildi. 1992 yildan boshlab O‘zbekiston tashqi siyosati va diplomatiya sohasidagi faoliyati yanada kengayib birin-ketin Xitoy, YAponiya, Angliya, AQSH, Fransiya, Turkiya, Germaniya singari jahonning rivojlangan etakchi davlatlari bilan diplomatik, iqtisodiy va madaniy aloqalar yo‘lga qo‘yildi. Ushbu davlatlar bilan hamkorlik aloqalarimiz hozirda yuqori darajaga ko‘tarildi.
Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi jahonning 142 davlati bilan diplomatik aloqalarni o‘rnatdi. Toshkentda 43 mamlakatning elchixonalari, 3 ta savdo vakolatxonasi (Vengriya, Belgiya, AQSH savdo palatasi), 10 ta xalqaro tashkilotning vakolatxonasi ishlab turibdi. Mamlakatimizda 7 ta faxriy konsullar ishlab kelmoqda. O‘zbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi elchixonalarining soni esa 30 tani tashkil etadi. SHuningdek, 11 ta bosh konsulxonasi mavjud. Respublikada 88 ta xorijiy mamlakat vakolatxonalari akkreditatsiya qilingan. O‘zbekiston 41 ta nufuzli xalqaro iqtisodiy va moliya tashkilotlarining teng huquqli a’zosi. Hozirda ulardan beshtasining vakolatxonasi respublikada faoliyat ko‘rsatmoqda.
O‘zbekiston Respublikaning mustaqil davlat sifatida xalqaro hamjamiyati doirasida munosib o‘rin olishida xalqaro nufuzli tashkilotlarga a’zo bo‘lishi va ular bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yishi katta ahamiyatga ega edi. 1992 yil 29 yanvarda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Xavfsizlik Kengashi o‘zining 737-sonli Qarorini ovozga qo‘ymasdan qabul qildi va Bosh Assambleyaga O‘zbekiston Respublikasini BMTga qabul qilishni tavsiya etdi.
1992 yil 2 martda BMT Bosh Assambleyasining 46-sessiyasida O‘zbekiston Respublikasi ovozga qo‘yilmasdan, yakdillik bilan ma’qullash asosida Birlashgan Millatlar Tashkilotiga qabul qilindi. SHu kuni BMT Bosh Assambleyasi binosi oldida O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i ko‘tarildi. 1993 yil 24 avgustda BMTning Toshkentdagi vakolatxonasi ochildi. BMTda O‘zbekistan Respublikasi vakolatxonasi ish boshladi.
O‘zbekiston BMTning to‘laqonli a’zosi sifatida bu tashkilotning yig‘ilishlarida ishtirok etishi bilan o‘zining xalqaro hamjamiyatga kirish jarayonini davom ettirdi. O‘zbekiston rahbariyatining dunyodagi global muammolarga jahon miqyosida e’tiborini qaratishi O‘zbekistonning tashqi siyosatda tutgan aniq o‘rnini belgilab berdi. CHunonchi, 1993 yil 28 sentyabrda O‘zbekistonning Birinchi Prezident Islom Karimov BMT Bosh Assambleyasining 48-sessiyasida BMT minbaridan turib so‘zlagan nutqida bir qator aniq takliflar kiritdi:

  • Markaziy Osiyoda xavfsizlik va hamkorlik masalalari bo‘yicha BMTning doimiy ishlovchi seminari chaqirilishini;

  • BMT Xavfsizlik Kengashi huzurida yuzaga kelayotgan mojarolarni tahlil qilish va istiqbolini belgilash bo‘yicha maxsus guruh tuzish;

  • Markaziy Osiyoni yadrosiz zona deb e’lon qilish;

  • Markaziy Osiyo mintaqasida kimyoviy hamda bakteriologik qurolini taqiqlash bo‘yicha xalqaro nazorat o‘rnatish;

  • YAdroviy qurolni tarqatmaslik;

  • Markaziy Osiyoda narkobiznesga qarshi hamkorlikda kurashish uchun BMTning mintaqaviy komissiyasini tuzish;

  • Orol muammosi bo‘yicha BMTning maxsus komissiyasini tuzish;

  • Xavfsizlik Kengashi hozirgi dunyoning ijtimoiy – iqtisodiy, etnik – madaniy, diniy, ma’naviy jihatdan g‘oyat xilma – xilligini bab – baravar tarzda aks ettirsin.

1995 yilning 24 oktyabrNyu-Yorkda BMT ning 50 yiligi munosabati bilan bo‘lib o‘tgan Bosh Assambleyaning maxsus tantanali yig‘ilishida Birinchi Prezident I.A. Karimov nutq so‘zlab, Afg‘onistondagi urush afg‘on xalqi boshiga mislsiz kulfatlar solganligini qayd etib, uni bartaraf etishga doir quyidagi takliflarni ilgari surdi:

  • Afg‘onistondagi keskinlikni hal etish kaliti eng avvalo tashqi kuchlarning aralashuvini bartaraf etish;

  • BMT xavfsizlik Kengashiga kim tomonidan bo‘lmasin Afg‘onistonga qurol olib kirishni ta’qiqlab qo‘yish;

  • Afg‘oniston urush emas, tinchlik va barqarorlik ob’ekti bo‘lishi lozim degan taklifni kiritdi.

Mazkur tantanali yig‘ilishda O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov BMT tuzilmalarini isloh qilish, uning faoliyati samaradorligini oshirish to‘g‘risida to‘xtalib quyidagi takliflarini zarur deb qayd etdi:

  • birinchidan, Xavfsizlik Kengashi safini kengaytirish, unga misol uchun bugungi kunda jahon siyosatida muhim o‘rin egallagan Germaniya va YAponiya singari davlatlarni doimiy a’zo sifatida kiritish lozim;

  • ikkinchidan, BMT qabul qilgan qarorlarni tezkorlik bilan amalga oshirish uchun BMT Bosh Kotibi vakolatlarini kuchaytirish lozim;

  • uchinchidan, ziddiyatli vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish manfaatlarini ko‘zlab, BMTning xalqaro mintaqaviy tashkilotlar bilan o‘zaro munosabatini kuchaytirish zarurligi ham, bu tashkilotning o‘ziga qarshi mintaqaviy tuzilmalarini yanada rivojlantirish zarurligi ham tobora ayon bo‘lib qolmoqda.

2000 yil 8 sentyabrda BMT Bosh Assambleyasining 55-sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Mazkur «Ming yillik sammiti» muhim global chaqiriqlarga e’tiborni qaratish uchun 189 mamlakat rahbarlarini to‘pladi. Ular ushbu dunyoni butun insoniyat uchun yaxshiroq qilish majburiyatini o‘z zimmalariga oldilar. Davlatlar qashshoqlikka qarshi kurashish, asosiy xizmatlardan, asosiy turlaridan bahramand bo‘lishni yaxshilash, kasalliklar tarqalishini kamaytirish va atrof muhitni himoyalash uchun kuch-g‘ayratni birlashtirish borasida noyob imkoniyatga ega bo‘ldilar. Birinchi Prezident Islom Karimov BMT minbaridan turib nutq so‘zlab, quyidagi takliflarni ilgari surdi:
Ekologik xavfsizlik sohasidagi xalqaro hamkorlikka ko‘mak berish, xalqaro tuzilmalar va donor davlatlarning moliyaviy mablag‘larini jalb etish maqsadida BMTning atrof-muhit bo‘yicha dasturi huzurida Orol va Orolbo‘yi muammolari kengashini tuzishni taklif qildi.
BMTni isloh qilish, uning mintaqaviy va global muammolarni hal etishdagi o‘rni va ahamiyatini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi qabul qilinishi jihatdan quyidagilarni amalga oshirish zarurligi qayd etildi:

  • birinchidan, BMT Xavfsizlik Kengashini bosqichma-bosqich isloh qilish darkor. Uning doimiy a’zolari tarkibi nafaqat rivojlangan, balki rivojlanayotgan davlatlar hisobidan ham kengaytirilishi lozim. Xavfsizlik Kengashining ham doimiy, ham muvaqqat a’zolari sonini oshirish maqsadga muvofiq.

Birinchi qadam sifatida Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zolari tarkibiga jahon siyosatida muhim rol o‘ynayotgan Germaniya va YAponiyani kiritishni taklif qilaman. Ushbu davlatlar bugungi kunda BMT faoliyatini, shuningdek, insonparvarlik va xayriya yo‘nalishidagi boshqa ko‘plab loyiha va dasturlarni moliyalovchi asosiy homiylar hisoblanadi;

  • ikkinchidan, global va mintaqaviy tahdidlarga munosabat bildirishda tezkorlikni oshirish uchun Bosh Kotib vakolatlarini kengaytirish zarur;

  • uchinchidan, Xavfsizlik Kengashining qurolli mojarolarning oddini olish, ziddiyatlar va nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish vositalari hamda mexanizmlaridan, shu jumladan, uzoq vaqt davom etayotgan mojarolarni bartaraf etishda «tinchlikka majbur qilish» deb ataluvchi mexanizmdan samarali foydalanish masalalaridagi o‘rni va mas’uliyatini kuchaytirish lozim.

2000 yil 8 sentyabrda Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan «Mingyillik Deklaratsiyasi» qabul qilindi. Bu deklaratsiya 21 asrga mo‘ljallangan Global kun tartibini belgilab berdi hamda Mingyillik Rivojlanish Maqsadlari (MRM) sifatida ma’lum bo‘lgan sakkizta konkret maqsadga erishishga qaratilgan vazifalarni qo‘ydi. SHunday qilib, «Mingyillik Deklaratsiyasi» jahon etakchilarining azmu qarorlarini aks ettiradi, 2015 yilgacha bo‘lgan davrda rivojlanishning «yo‘l xaritasi» hisoblanadi.
2010 yil 20 sentyabrda BMT Bosh Assambleyasining 65-sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Ushbu sessiya mingyillik rivojlanish maqsadlariga bag‘ishlandi. Unda Prezident Islom Karimov nutq so‘zlib, quyidagi global muammolar ko‘tarildi:

  • 30 yildan buyon harbiy harakatlar davom etayotgan jafokash Afg‘oniston muammosi va bu muammoni hal etishni harbiy yo‘l bilan emas, balki uning muqobil yo‘llarini topish masalasi;

  • 2010 yilning iyunida Qirg‘izistonda ro‘y bergan fojiali voqealar Markaziy Osiyo mintaqasidagi vaziyatni izdan chiqarishga jiddiy xavf solmoqda. Buni oldini olish uchun xolis va mustaqil xalqaro tekshiruvlarni o‘z vaqtida o‘tkazish, xalqaro hamjamiyatning bu boradagi qat’iy prinsipial pozitsiyasi Qirg‘iziston janubida qirg‘iz va va kamsonli o‘zbeklarning murosaga kelishi va totuvligini ta’minlash uchun yo‘l ochib berishi mumkin;

  • Markaziy Osiyoda ekologik muvozanatni buzilishiga olib kelayotgan Orol muammosi. Orol bo‘yi hududi ikkita asosiy manba – Amudaryo va Sirdaryo hisobidan suv bilan ta’minlanadi, ushbu daryolar oqimining kamayishi mazkur keng mintaqaning shundoq ham zaif ekologik muvozanatini butunlay o‘zgartirib yuborishi mumkin. «Qurib borayotgan Orol muammosi – ushbu mintaqada yashayotgan BMT dek nufuzli tashkilotlarga umid bilan yordam so‘rab murojaat qilayotgan millionlab odamlarning muammosidir»;

  • O‘zbekistonda Mingyillik rivojlanish maqsadlarini amalga oshirilishining tahlili.

O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov BMT Bosh Assambleyasining 65-sessiyasida so‘zlagan nutqi jahon hamjamiyatining e’tiborini yana bir bor Markaziy Osiyodagi murakkab muammolarni hal etish yo‘llariga qaratdi. O‘zbekistonda jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi davrida Mingyillik rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishga doir muhim ko‘rsatkichlarini tahlil etib berdi.
Mustaqillik yillarida O‘zbekiston bilan BMT o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari yaxshi yo‘lga qo‘yildi. O‘zbekiston rahbariyati va BMT rahbarlarining sa’y-harakatlari natijasida O‘zbekiston BMTning Xalqaro telekommunikatsiya uyushmasi, Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasi, Qochoqlar ishi bo‘yicha oliy ko‘mitasi, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti, Xalqaro atom energiyasi agentligi, Aholi joylashish jamg‘armasi, Narkotik moddalarni nazorat qilish dasturi, Sanoat taraqqiyoti tashkiloti, Oziq-ovqat qishloq xo‘jaligi tashkiloti singari ixtisoslashgan muassasalarga a’zo bo‘ldi.
O‘zbekistonning tashabbusi bilan va BMT rahnamoligida 1995 yil 15-16 sentyabr kunlari Markaziy Osiyoda xavfsizlik va hamkorlik masalalariga bag‘ishlangan Toshkent kengash – seminari bo‘lib o‘tdi. Xalqaro kengashda ishtirok etgan 31 davlat va 6 xalqaro tashkilotdan kelgan muxtor vakillar mintaqa xavfsizligining, mojarolarning oldini olish, integratsiya jarayonlarini chuqurlashtarishning ishonchli tizimini barpo etish masalalari yuzasidan o‘z fikrlarini, takliflarini aytdilar. Kengash yakunlari yuzasidan qabul qilingan Bayonot jahon xalqlarini, xususan Markaziy Osiyo xalqlarini, turli siyosiy kuchlarni mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlashga, iqtisodiy va ekologik hamkorlik tizimlarini barpo etishga chaqirdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tashabbusi bilan Markaziy Osiyoning yadro qurolidan xoli hudud maqomini olishida ham BMT bilan hamkorlik alohida ahamiyat kasb etdi. Butun dunyoda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotga ko‘maklashish, yadro quroli tarqalishining oldini olish yo‘lida jahon hamjamiyatini birlashtirishga intilayotgan BMT bu xayrli g‘oyani keng qo‘llab-quvvatladi.
1997 yil 15-16 sentyabr kunlari Toshkentda «Markaziy Osiyo – yadro qurolidan xoli zona» mavzuida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Uning ishida 56 davlat va 16 xalqaro tashkilotdan vakillar ishtirok etdi. Ushbu masala yuzasidan Markaziy Osiyo mamlakatlari tashqi ishlar vazirliklarining Bayonoti imzolandi. Markaziy Osiyo mintaqasining yadro qurolidan xoli zonaga aylanishi mazkur mintaqa xavfsizligini mustahkamlaydi.
2000 yil oktyabr oyida Toshkentda Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash, giyohvand moddalar tijorati, uyushgan jinoyatchilik va terrorizmga qarshi kurash mavzusida xalqaroo konferensiya bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan 2001 yilda BMT Xavfsizlik Kengashining terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha maxsus qo‘mitasi ta’sis etildi. 2002 yil 18-20 oktyabr kunlari BMTning o‘sha vaqtdagi Bosh kotibi Kofi Annan O‘zbekistonga keldi.
2010 yilning aprel oyida amaldagi Bosh kotib Pan Gi Mun mamlakatimizga tashrif buyurdi. Ushbu tashrif asnosida BMT Bosh kotibi ilk bor Orolbo‘yida bo‘ldi va u erdagi butun dunyoga ta’sir ko‘rsatayotgan ekologik bo‘hron bilan bevosita tanishdi. Bu Markaziy Osiyodagi global ekologik muammoga jahon hamjamiyati e’tiborini yanada kuchaytirishda muhim omil bo‘ldi.
Hozirgi kunda O‘zbekiston BMT doirasidagi ixtisoslashgan muassasalar – Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, Xalqaro mehnat tashkiloti, Jahon intellektual mulk tashkiloti, Xalqaro bolalar jamg‘armasi (YUNISEF), Xalqaro pochta ittifoqi, Elektr aloqasi bo‘yicha xalqaro ittifoq, Jahon meteorologiya tashkiloti, Xalqaro Olimpiada qo‘mitasi, Xalqaro avtomobilchilar ittifoqi va boshqa tashkilotlarning a’zosi, ular bilan hamkorlik qilmoqda.
O‘zbekistonning BMT homiyligidagi ta’lim, fan va madaniyat bilan shug‘ullanuvchi xalqaro tashkilot – YUNESKO bilan aloqalari tobora mustahkamlanib bormoqda. 1993 yil 29 oktyabrda YUNESKO ning Parijdagi qarorgohida O‘zbekistonni YUNESKOga a’zolikka qabul qilish marosimi bo‘ldi. O‘sha kuni Ulug‘bek tavalludining 600 yilligini nishonlash YUNESKO dasturiga kiritildi. 1994 yil oktyabrida Parijda Ulug‘bek haftaligi tantana bilan o‘tdi. Xiva va Buxoro YUNESKO ning jahon madaniy qadriyatlar ro‘yxatiga kiritildi. Bu ro‘yxatda 411 ta ob’ekt bor.
1994 yil dekabrda respublikamizda YUNESKO ishlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi milliy komissiyasi tashkil etildi, u idoralararo organ bo‘lib, tarkibiga ta’lim, fan, madaniyat va axborot sohasidagi vazirliklar va idoralardan 49 kishi a’zo bo‘ldi.
YUNESKO Markaziy Osiyo taraqqiyotini o‘rganish, tiklash va ommalashtirishga katta ahamiyat bermoqda. «Ipak yo‘li – muloqot yo‘li» deb nomlangan yirik tadqiqotda Markaziy Osiyoga birinchi darajali ahamiyat berildi. 1995 yil iyul oyida YUNESKO qaroriga binoan Samarqandda Markaziy Osiyo tadqiqotlari xalqaro instituti tashkil etildi. YUNESKO Bosh direktori Federiko Mayorning O‘zbekistondagi rasmiy tashrifi chog‘ida 1995 yil iyul oyida mazkur institut ochildi.
YUNESKO Amir Temur tavalludining 660 yilligini xalqaro miqyosda nishonlashga qaror qildi va 1996 yil oktyabrda Parijda Amir Temurga bag‘ishlangan bir haftalik xalqaro anjuman bo‘lib o‘tdi.
Amir Temur tavallud topgan SHahrisabz shahri YUNESKOning madaniy qadriyatlar ro‘yxatiga kiritildi.
1997 yilda jahon madaniyatning durdonalaridan hisoblangan Buxoro va Xiva shaharlarining 2500 yillik muborak sanalari Parijda keng nishonlandi, xalqaro anjuman va ko‘rgazmalar o‘tkazildi. Bu O‘zbekiston bilan BMTning nufuzli xalqaro tashkiloti YUNESKO o‘rtasidagi hamkorlikning yana bir yorqin ifodasi bo‘ldi. 1997 yil 19-20 oktyabr kunlari Vatanimizda Buxoro va Xiva shaharlarining 2500 yilligi munosabati bilan bo‘lib o‘tgan ulkan tantanalarda BMT, YUNESKO va boshqa ko‘plab xalqaro tashkilotlar va xorijiy mamlakatlarning elchilari va vakillari, bir qator mehmonlar ishtirok etdilar.
2003 yil 28-29 may kunlari Moskvada bo‘lib o‘tgan sammitda SHHT oliy organlari: Davlat boshliqlari Kengashi, Hukumat boshliqlari Kengashi, Tashqi ishlar vazirlari Kengashi, Milliy muvofiqlashtiruvchilar Kengashi, vazirlik va (yoki) idoralar rahbarlari Yig‘ilishi, Kotibiyat, shuningdek, MATT hamda SHHT kotibiyati qoshidagi a’zo davlatlarning doimiy vakillari haqidagi Nizomlar tasdiqlandi. SHu bilan birga tashkilotning gerbi va bayrog‘i qabul qilinadi. SHHTning birinchi ijro etuvchi kotibi Xitoy Xalq Respublikasining Rossiyadagi elchisi CHjan Deguan saylangan.
2003 yil sentyabr oyida SHHTning Pekin sammit bo‘lib o‘tgan. Unda «SHHTga a’zo davlatlarning 20 yilga mo‘ljallangan savdo-iqtisodiy hamkorlik dasturi» qabul qilinib, maxsulot, sarmoya, texnologiya va xizmatlar erkin aylanishi shartlari belgilab olinadi, tashkilotning moliyaviy byudjeti ko‘riladi.
2004 yil 17 iyunda SHHTning Toshkent sammiti tashkilot faoliyatidagi muhim bosqich bo‘ldi. SHHTning Toshkent sammitida savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish masalasiga alohida e’tibor berildi. Sammitda iqtisodiy hamkorlikning quyidagi yo‘nalishlarini rag‘batlantirishga kelishib olindi:

  • transport infratuzilmasini rivojlantirish;

  • tabiiy mineral xomashyo zahiralarini o‘zlashtirish;

  • suv–energetika zahiralaridan unumli foydalanish;

  • ekologiyaga oid masalalar, xususan, ichimlik suvi muammolarini hal qilish;

  • fan-texnika va yuqori texnologiya, energetika sohalarida integratsiyalashish;

  • investitsiyalar xavfsizligini kafolatlaydigan huquqiy poydevor yaratish, bu sohadagi to‘siq va muammolarni bartaraf etish.

Sammit yakunida Toshkent Deklaratsiyasi, SHHTning vakolatlari va immunitetlari to‘g‘risidagi konvensiya, «Narkotik vositalar va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashda hamkorlik to‘g‘risida»gi Bitim, tashkilot va uning organlari faoliyatiga doir hujjatlar – jami o‘nta hujjat imzolandi.
2005 yil 5 iyul SHHTning Ostona sammitida Eron, Pokiston, Hindiston va Mo‘g‘iliston kuzatuvchi maqomga ega bo‘lib tashkilot tarkibiga kirdi. Oliy darajadagi bu uchrashuvda mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash masalalari, jumladan, Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish, uning iqtisodiy infratuzilmasini birgalikda tiklash yuzasidan fikr almashilgan.
2007 yil 1 yanvargacha SHHTning ijro etuvchi kotibi lavozimida Xitoy Xalq Respublikasi vakili CHjan Deguan turdi. 2007 yil 1 yanvaridan SHHTning bosh kotibi lavozimi joriy etildi. Bu lavozimni Qozog‘iston Respublikasi vakili Bulat Nurgaliev egalladi.
SHanxay Hamkorlik Tashkilotining asosiy maqsad va vazifalari:

  • a’zo davlatlar o‘rtasida o‘zaro ishonch, do‘stlik va yaqin qo‘shnichilik aloqalarini mustahkamlash;

  • mintaqada tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni saqlash hamda mustahkamlash, yangi demokratik, adolatli va oqilona siyosiy hamda iqtisodiy xalqaro tartibni shakllantirishga ko‘maklashish maqsadida turli yo‘nalishlarda hamkorlikni rivojlantirish;

  • terrorizm, separatizm va ekstremizmning barcha ko‘rinishlariga qarshi birgalikda kurash olib borish, giyohvand moddalar va qurol-yarog‘ning noqonuniy savdosi hamda transmilliy jinoiy faoliyatning boshqa turlari, jumladan, noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish;

  • siyosiy, savdo-iqtisodiy, mudofaa, huquq-tartibotni saqlash, tabiatni muhofaza etish, madaniy, ilmiy-texnikaviy ta’lim, energetik, transport, moliya-kredit va boshqa sohalarda samarali mintaqaviy hamkorlikni qo‘llab-quvvatlash;

  • a’zo davlatlar xalqlari turmush darajasi va sharoitlarini uzluksiz yaxshilash maqsadida teng sherikchilik asosida mintaqada har tomonlama va barqaror iqtisodiy o‘sish, ijtimoiy hamda madaniy taraqqiyotga ko‘maklashish;

  • jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashuvda yondashuvlarni muvofiqlashtirish;

  • a’zo davlatlarning xalqaro majburiyatlari hamda milliy qonunchiligiga mos ravishda insonning huquq va erkinliklarini ta’minlashga ko‘maklashish;

  • boshqa davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan munosabatlarni yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish;

  • xalqaro nizolarni oldini olish hamda ularni tinch yo‘l bilan hal etilishida o‘zaro aloqalarni mustahkamlash;

  • XXI asrda vujudga keladigan muammolarning echimini birgalikda izlab topish.

SHanxay Hamkorlik Tashkiloti doirasidagi hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari:

  • mintaqada tinchlikni saqlash, xavfsizlik va o‘zaro ishonchni mustahkamlash;

  • barcha a’zo davlatlar umumiy manfaatlari mos bo‘lgan tashqi siyosiy masalalar yuzasidan xalqaro tashkilot va xalqaro forumlarda yaxlit nuqtai nazarini izlab topish;

  • terrorizm, separatizm va ekstremizm, giyohvand moddalar va qurol- yarog‘ning noqonuniy savdosi hamda transmilliy jinoiy faoliyatning boshqa turlari, jumladan, noqonuniy migratsiyaga qarshi birgalikda kurashish chora – tadbirlarini ishlab chiqish va amalga oshirish;

  • qurolsizlanish va qurol-yarog‘ ustidan nazorat qilish masalalarida sa’y – harakatlarni muvofiqlashtirish;

  • mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikning turli shakllarini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish, mahsulot, kapital, xizmatlar va texnologiyalarning erkin harakat qilishini ta’minlaydigan savdo hamda investitsiyalar uchun qulay shart-sharoit yaratilishiga ko‘maklashish;

  • transport va kommunikatsiya sohasidagi infratuzilmadan samarali foydalanish, a’zo davlatlar tranzit imkoniyatlarini takomillashtirish, energetika tizimini rivojlantirish;

  • tabiatdan, xususan, mintaqa suv zaxiralaridan oqilona foydalanishni ta’minlash, tabiatni muhofaza etish borasida maxsus dastur va loyihalarni birgalikda amalga oshirish;

  • tabiiy va texnogen xarakterdagi favqulodda vaziyatlarni oldini olish hamda ularning oqibatlarini bartaraf etishda o‘zaro yordam ko‘rsatish;

  • SHHT doirasida hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladigan huquqiy ma’lumotlar bilan almashish;

  • fan, texnika, ta’lim, sog‘liqni saqlash, sport va turizm sohalarida o‘zaro munosabatlarni kengaytirish.

Hozirda tinchlik, barqarorlik va mintaqaviy hamda milliy xavfsizlikni ta’minlashda SHanxay Hamkorlik Tashkiloti roli va ahamiyati yildan yilga oshmoqda. Bevosita bu tashkilotga a’zo bo‘lgan davlatlarning soni ham oshdi. Ularning soni 10 taga etdi. O‘zbekiston Respublikasi ushbu tashkilot doirasida mustaqil harakat qilib, SHHTning faoliyatida faol qatnashib kelmoqda
GUUAM – mintaqaviy tashkilot (atama tashkilotga a’zo bo‘lgan davlatlar ruscha nomlari bosh harflarini bildiradi). Unga 1996 yilda Avstriyaning Vena shahrida Gruziya, Ukraina, Ozarbayjon va Moldova davlat rahbarlari tomonidan asos solingan. 1999 yil aprel oyida O‘zbekiston ham unga qo‘shildi va bu tashkilot uyushgan davlatlarning nomidan olingan bosh harflar asosida GUUAM deb yuritiladi.
Tuzilmaning asosiy maqsadi 1993 yilda Bryuselda asos solingan Osiyo – Kavkaz – Evropa transport yo‘lagini barpo etishni ko‘zda tutuvchi TRASEKA loyihasini amalga oshirish, iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishdir. TRASEKA dasturining amalga oshishi xalqaro yuk tashishning global tizimini shakllantirish, SHarq va G‘arb mamlakatlarini bog‘lovchi Buyuk ipak yo‘lini tiklash, mamlakatlar o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish, tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
O‘zbekistan mazkur tuzilma tarkibiga kirishi tufayli Turkmanboshi (Turkmaniston) portidan Kaspiy dengizi orqali Bokuga, undan temir yo‘llar vositasida Gruziya g‘arbiy portlariga chiqish va nihoyat, Qora dengiz orkali Bolgariya, Ruminiya, Turkiya, Gretsiya hamda Evropaning boshqa mamlakatlari bilan savdo qilish, mahsulotlarni kam chiqim bilan xorijiy sheriklarga etkazib berish imkoniyatidan foydalanadi. GUUAM hech qanday siyosiy yoxud harbiy-siyosiy maqsadlarni ko‘zda tutmaydi va hech bir davlatga yoki xalqaro tashkilotga qarshi qaratilgan emas.
Tashkilotga a’zo davlatlar rahbarlarining 2001 yil iyun oyidi YAlta uchrashuvida GUUAM xartiyasi qabul qilindi. GUUAM doirasida yagona axborot makonini, erkin savdo zonasini vujudga keltirish masalalari, transport kommunikatsiyasi, savdo-iqtisodiy aloqalar bilan bir qatorda ilm-fan, texnologiya va ijtimoiy sohadagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari to‘g‘risida kelishib olingan.
O‘zbekiston va Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi. Hozirda halqaro tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha jahonda turli halqaro va mintaqaviy tashkilotlar mavjud bo‘lib, ularning orasida «Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH)» o‘ziga hos ko‘rinishga ega. MDH mintaqaviy tashkiloti – bir butun davlat yoki federatsiya emas, harbiy blok ham emas. Balki u o‘zining mohiyatiga ko‘ra ixtiyoriy iqtisodiy uyushma sifatida vujudga kelgan davlatlar hamdo‘stligining yangicha shakli va ko‘rinishidir.
1991 yil 8 dekabr Belorussiyaning poytaxti Minsk shahrida uch slavyan respublikasi – Rossiya, Ukraina, Belorus rahbarlari – B. Elsin, L. Kravchuk S. SHushkevichlarning uchrashuvi bo‘ldi. O‘sha kuni Minskga yaqin Belovejskoe Pushcheda uch slavyan davlatlari boshliqlari «Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH)ni tuzish to‘g‘risida»gi SHartnomani imzolashi asosida shakllandi. SHartnomada yagona iqtisodiy makon, yagona valyuta va moliya-bank sistemasi bo‘ladi, fan, ta’lim, madaniyat va boshqa sohalarda hamkorlik qilinadi, tashqi siyosat, armiya sohasidagi siyosat kelishilgan holda yuritiladi, deb belgilangan edi. Hujjatda SSSRning mavjudligi va SSSR Konstitutsiyasi to‘xtatiladi, deb e’lon qilindi.
Ukraina, Belorussiya, Rossiya parlamentlari MDHni tuzish haqidagi shartnomani ratifikatsiya qildilar va 1922 yil 30 dekabrdagi SSSRni tuzish to‘g‘risidagi shartnomani bekor etdilar.
1991 yil 21 dekabrda Almatida 11 davlat – Rossiya (B.Elsin), Ukraina (L.Kravchuk), Belorussiya (S.SHushkevich), Qozog‘iston (N.Nazarboev), O‘zbekiston (I.Karimov), Qirg‘iziston (A.Akaev),Tojikiston (R.Nabiev), Turkmaniston (S.Niyazov), Ozarbayjon (A.Mutalibov), Armaniston (Ter-Petrosyan), Moldaviya (M.Snegur) davlat boshliqlarining Kengashi bo‘lib o‘tdi. O‘sha kuni ular Belovejskoe Pushche shartnomasi yuzasidan protokol imzolab, «Teng huquqli va ahdlashayotgan oliy tomonlar» maqomida MDH muassisi bo‘ldilar. Kengashda Almati Deklaratsiyasi qabul qilindi. Deklaratsiyada quyidagilar haqida bayonot berildi:

  • hamdo‘stlik qatnashchilarining o‘zaro aloqalari ular o‘rtasidagi tenglik asosida tuziladigan bitimlar hamda bitimlarda belgilangan tartiblar doirasida faoliyat yuritadigan muvofiqlashtiruvchi muassasalar orqali amalga oshiriladi;

  • MDH davlat ham emas, davlatlar ustidagi tuzilma ham emas;

  • xalqaro strategik barqarorlikni va havfsizlikni ta’minlash maqsadida harbiy - strategik kuchlarning birlashgan qo‘mondonligi va yadro quroli ustidan yagona nazorat saqlab qolinadi;

  • MDH ochiqdir, uning barcha a’zolari roziligi bilan sobiq SSSR ning a’zolari va boshqa davlatlar ham unga qo‘shilishi mumkin;

  • umumiy iqtisodiy makonni, umumiy bozorni vujudga keltirishda va rivojlantirishda hamkorlik qilishga sodiqlik tasdiqlanadi;

  • MDHning tuzilishi bilan SSSRning mavjudligi to‘xtatiladi;

  • Hamdo‘stlik qatnashchilari o‘z Konstitutsiyalaridagi tartib, qoidalarga binoan sobiq SSSRning shartnomalari va bitimlaridan kelib chiqadigan halqaro majburiyatlarini bajarilishiga kafolat beradilar;

  • MDH qatnashchilari mazkur Deklaratsiya qoidalariga og‘ishmay rioya etish majburiyatini oladilar.

MDH kengashlarini tayyorlash bo‘yicha ishchi guruhini tuzish to‘g‘risida protokol imzolandi. SHu tariqa, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi tashkil topdi.
1993 yil yanvarda Minskda MDH Davlatlari boshliqlarining navbatdagi kengashi bo‘ldi. Unda MDHning Nizomi (1993 yil 22 yanvar) qabul qilingan bo‘lib, unda davlatlarining o‘zaro hamkorlik aloqalarining holati va yo‘nalishlari belgilab qo‘yildi. 1996 yil 19 yanvarda MDHning bayrog‘i qabul qilindi.
1993 yil 24 dekabrda Ashxabotda bo‘lib o‘tgan MDH dalatlari boshliqlarining Kengashi bo‘lib o‘tdi. Unda Gruziya Prezidenti E.SHevernadze qatnashdi va Gruziya MDHga a’zo etib qabul qilindi. SHu munosabat bilan MDHning tarkibi 12 davlatga etdi.
MDHning raisi lovozimi navbat bilan bir davlat rahbaridan keyingi davlat rahbariga o‘tadi. Davlat boshliqlari Kengashi bir yilda kamida ikki marta o‘tkaziladi. Bundan tashqari Kengashning navbatdan tashqari majlisi ham o‘tkazilishi mumkin. U MDH a’zosi bo‘lgan har qanday davlat tashabbusi bilan chaqiriladi. Davlat boshliqlari Kengashida ayrim davlatlar kuzatuvchi sifatida ishtirok etadi. Organlarining faoliyati MDH Nizomi bilan tartibga solinadi. MDHda faoliyat ko‘rsatayotgan a’zolar bilan bir qatorda, uning muayyan bir faoliyati bilan shug‘ullanuvchi a’zolar ham mavjud. MDH organlarining faoliyatini mablag‘ bilan ta’minlash (xarajatlari) a’zo davlatlarning xizmat yuzasidan bo‘lgan ishtiroki tartibi bo‘yicha taqsimlanadi va MDH organlari byudjeti to‘g‘risidagi maxsus bitim asosida o‘rnatiladi.
MDHning asosiy maqsadlarini amalga oshirish uchun hamdo‘stlik davlatlari o‘zaro munosabatlarida quyidagi qoidalarga rioya qiladilar:

  • davlat suverenitetini o‘zaro tan olish va hurmat qilish;

  • teng huquqlilik va bir-birilarining ichki ishlariga aralashmaslik;

  • iqtisodiy kuch yoki boshqa tazyiq uslublarini qo‘llashdan voz kechish;

  • bahsli muammolarni kelishtiruvchi vositalar va xalqaro huquqning boshqa hamma e’tirof etgan tamoyil va normalari asosida hal qilish.

SHuni ta’kidlash lozimki, MDH a’zolari xalqaro tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash, harbiy xarajat va qurollarni qisqartirish chora-tadbirlarini amalga oshirishda hamkorlik qilishga kelishib olganlar. SHu bilan birga, tomonlar bir-birining yadrosiz zona va beteraf davlat statusiga erishish uchun olib beriladigan harakatlarini qo‘llab quvvatlaydilar.
MDHning 1991-2000 yillardagi holatini kuzatadigan bo‘lsak, bu davr davomida davlat boshliqlarining 30 ga yaqin kengashi bo‘lib o‘tgan. Ularda hammasi bo‘lib iqtisodiy, ijtimoiy, harbiy-siyosiy, texnikaviy, tashkiliy va boshqa sohalarga doir 1400 dan ortiq masalalar muhokama etilib, tegishli normativ va tavsifiy hujjatlar, bitimlar, shartnomalar qabul qilingan. MDHda hamjihatlikni mustahkamlash va rivojlantirish jarayoni davom ettirilib, yilda bir necha bor sammitlar o‘tkazilib kelinmoqda. 2000 yilning o‘zida Moskvada ikki marta, ya’ni 24-25 yanvar hamda 21 iyun kunlari MDH davlat boshliqlarining sammiti bo‘lib o‘tdi. 2001 yil 29-30 noyabr kunlari Moskvada MDH tashkil etilgan kunning 10-yilligiga bag‘ishlangan yubiley sammiti bo‘lib o‘tdi. Sammit qatnashchilari Afg‘oniston voqealari to‘g‘risida bayonot qabul qildilar. 2004 yil sentyabr oyida Qozog‘iston poytaxti Ostanada bo‘lib o‘tgan MDHning sammitida hamdo‘stlikning strukturasini o‘zgartirish masalasi ko‘rilgan. Bunda terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha MDHning «Xavfsizlik Kengashi»ni tuzishga qaror qilinadi.
SHu bilan bir qatorda, MDH a’zolari hamkorlikning boshqa yo‘llarini topmoqdalar. MDH doirasida bir necha tashkilotlar vujudga keldiki, ularning faoliyati umumiy maqsadlar va muammolarga qaratildi. Bunga Kollektiv xavfsizlik to‘g‘risidagi shartnoma tashkiloti (ODKB) va Evroosiyo Iqtisodiy Hamjamiyati (EvrAzES)ni misol qilish mumkin.
Lekin MDH a’zo davlatlarning barchasi va har birining milliy manfaatlariga umuman mos kelgan bu tashkilot o‘z rivojlanishi va mustahkamlanishi mobaynida jiddiy qiyinchiliklarga duch keldi. SHuni ta’kidlash kerakki, hamdo‘stlik mamlakatlarining iqtisodiy integratsiyasi, madaniy aloqalari sekinlik bilan shakllanmoqda. Hamdo‘stlik doirasida ko‘plab hujjatlar qabul qilingan bo‘lsada, ammo ularning aksariyat ko‘pchiligi qog‘ozda aks etib qolmoqda. Bu holatni keltirib chiqarayotgan sabab tomonlarning muammolarni echishni istamayotgani emas, aksincha, o‘zaro hamkorlikni teng huquqli asosda, har bir mamlakatning milliy manfaatlarini hisobga olgan holda yuritilishiga intilayotgani bilan bog‘liq. MDHning zaiflashtirishga uning ayrim a’zolari o‘rtasida to‘rtlar shartnomasi, ikkilar ittifoqi tarzida qayta guruhlanish ham sabab bo‘lmoqda. Boshqa so‘z bilan izohlanganda, hamdo‘slik doirasida guruhbozlik, mavjud muammolarni hal etishga qaratilgan kelishuvlarga va bitimlarga to‘liq amal qilmaslik holati kuzatilmoqda. SHu bilan birga masalaning boshqa tomonlari ham mavjud. Xususan, Moldaviya va Ukraina hamda Turkmaniston MDH Nizomini ratifikatsiya(tasdiqlash) qilmagan. Bu esa mazkur davlatlarning rasmiy jihatdan hamdo‘stlik a’zosi emasligini bildiradi. Biroq, Ukraina MDHni tashkil etgan davlat darajasiga ega. 2005 yil avgustda Turkmaniston MDHning rasmiy a’zosi darajasidan chiqib, hamdo‘stlikning tashkiliy a’zosi – kuzatuvchi maqomini oladi. MDHda kuzatuvchi davlat sifatida Mo‘g‘iliston ham ishtirok etadi. Parlament ratifikatsiyasiga qadar Ozarbayjon (1993 yilning sentyabrigacha) va Moldaviya (1994 yilning apreligacha) MDHning tashkiliy a’zosi edi. 2008 yilning avgust oyida Gruziya Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligidan chiqish haqidagi istagini bildirdi. 2008 yil oktyabrda MDH Tashqi ishlar vazirlari Kengashi tomonidan 2009 yilning avgust oyidan Gruziyaning MDH ga a’zolik maqomini to‘xtatish to‘g‘risidagi qaror qabul qilindi.
Bugungi kunda MDHning tarkibiga 10 ta a’zo davlatlar: Rossiya, Ukraina, Belorussiya, Qozog‘iston, O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Ozarbayjon, Armaniston, Moldaviya va bitta kuzatuvchi Turkmaniston kiradi.
SHunday bo‘lsa-da, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi hozirgi kunda ham ahamiyatini yo‘qotgani yo‘q. MDH yon-atrofdagi voqealarga munosabat bildirishda yakdillik ko‘rsatish, xususan, terror, narkobiznes, uyushgan jinoyatchilik, ekstremizm kabi balolarga qarshi turishda hamjihatlikni mustahkamlash, bahamjihat harakat qilishda muhim o‘ringa ega. Hamdo‘stlikning yana bir ahamiyatli tomoni shundaki, globalizatsiya jarayonlari jadallashib borayotgan hozirgi sharoitda dunyoda yuz berayotgan iqtisodiy va siyosiy o‘zgarishlarga tayyor turish, turli inqirozlarni engishda barcha a’zo davlatlar uchun kerakli va foydali tashkilotdir.
O‘zbekiston milliy xavfsizlik strategiyasida «Kollektiv xavfsizlik to‘g‘risidagi shartnoma tashkiloti (ODKB)»ning o‘rni muhimdir. 1992 yil 15 mayda Armaniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston va O‘zbekiston Toshkentda «Kollektiv xavfsizlik to‘g‘risidagi shartnoma»ga imzo qo‘yadilar. 1993 yilda shartnomaga Ozarbayjon (24 sentyabr), Gruziya (9 sentyabr), Bellorusiya (31 dekabr) ham imzo qo‘yadi. 1994 yil 20 apreldan shartnoma kuchga kirgan. SHartnoma 5 yilga mo‘ljallangan bo‘lib, uni uzaytirish ham mumkin edi. 1999 yil 2 aprelda Armaniston, Belorussiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya va Tojikiston shartnomani keyingi besh yilga uzaytirish taklifi bilan Protokol imzolaydilar. Lekin Ozarbayjon, Gruziya va O‘zbekiston shartnomani davom ettirishdan voz kechdi. Mazkur yilning o‘zida O‘zbekiston GUUAM ga a’zo bo‘ldi.
2002 yil 14 may «Kollektiv xavfsizlik to‘g‘risidagi shartnoma»sining Moskvada bo‘lib o‘tgan sessiyasidagi kelishuvga ko‘ra uni yaxlit xalqaro tashkilotga – «Kollektiv xavfsizlik to‘g‘risidagi shartnoma tashkiloti (ODKB)» aylantirishga qaror qilinadi. 2002 yil 7 oktyabr Kishinyovada ODKB Nizomi va uning huquqiy statusi to‘g‘risidagi Ahdnoma imzolangan. Bu hujjatlar tashkilotga a’zo bo‘lgan barcha davlatlarda ratifikatsiya qilingan va 2003 yil 18 sentyabrdan kuchga kirgan.
2006 yil 16 avgust Sochida bo‘lgan uchrashuvda teng huquqli asosda «Kollektiv xavfsizlik to‘g‘risidagi shartnoma tashkiloti (ODKB)»ga O‘zbekistonning kirishi (a’zolikning qayta tiklanishi) to‘g‘risida qaror qabul qilinadi.
Bugungi kunda Armaniston, Belorussiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston va O‘zbekiston «Kollektiv xavfsizlik to‘g‘risidagi shartnoma tashkiloti (ODKB)» tarkibiga kiradi.
Tashkilotning tarkibiy tuzilishi:

  • Tashkilotning oliy organi – «Kollektiv xavfsizlik Kengashi» hisoblanadi.

  • «Tashqiishlar vazirlarining Kengashi»;

  • «Mudofaa vazirlari Kengashi»;

  • «Xavfsizlik kengashlarining kotibiyatlar qo‘mitasi»;

  • «Bosh Kotib»;

  • «Tashkilot Kotibiyati»(doimiy faoliyat yurituvchi organ);

  • «ODKBning birlashgan shtabi» (doimiy faoliyat yurituvchi organ);

ODKBning faoliyati xalqaro terrorizm va ekstremizm, giyovandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy muomalasini bartaraf etishga qaratilgan.
Evroosiyo Iqtisodiy Hamjamiyati (EvrAzES) – 1992 yil bojxona to‘siqlarini pasaytirish maqsadida «Bojxona ittifoqi» shaklida vujudga kelgan. 2000 yilning 10 oktyabr kuni Qozog‘iston poytaxti Ostonada u bojxona ittifoqidan MDH davlatlarining beshta a’zosi, ya’ni Belorussiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya va Tojikiston davlat rahbarlarining o‘zaro shartnomasi asosida (jumladan, bu uyushmada Moldaviya va Ukraina kuzatuvchi a’zo maqomiga ega) hamjamiyat darajasiga etdi.
2005 yil 6 oktyabrda EvrAzES tarkibiga –O‘zbekiston Respublikasi kiradi. Hamjamiyatning oliy organlari: «Davlatlararo Kengash», «Integratsion komitet», «Parlamentlararo Assambleya», «Hamjamiyat Sudi» hisoblanadi.
Hozirgi kunda EvrAzES tarkibiga Belorussiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya Federatsiyasi, Tojikiston, O‘zbekiston kirgan. Tashkilotning kuzatuvchi maqomidagi a’zolari: Moldaviya, Ukraina (2002) va Armeniya (2003).
Mustaqil O‘zbekistonning bugungi xavfsizligi, barqarorligi, taraqqiyoti va istiqboli nuqtai nazaridan Rossiya Federatsiyasi bilan hamkorlik masalasiga jiddiy e’tibor qaratilishi lozim. Zotan, Rossiya va O‘zbekistonning bugungi manfaatlari har qachongidan ham o‘zaro uyg‘unlik va tutashlik kasb etmoqdaki, bu holat uzoq istiqbolni qamrab olishi tabiiy.
2005 yil 14 noyabrida rasmiy tashrif bilan O‘zbekiston RespublikasiningBirinchi Prezidenti Islom Karimov Rossiya Federatsiyasida bo‘ldi. Uchrashuv chog‘ida oldingi aloqalar muhokama qilindi. O‘tgan yil davomida prezidentlar etti marotabauchrashgan. Rossiyadan O‘zbekistonga turli maqomdagi 32 delegatsiya kelgan. Muzokaralarda iqtisodiy doiralarda o‘zaro manfaatli yirik loyihalar rejalashtirilayotgani qayd etildi. Tashrif yakunida ikki davlat rahbari O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida ittifoqchilik to‘g‘risidagi shartnoma imzoladilar. SHuningdek, ikki mamlakat Savdo-sotiq palatalari o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi Bitim, psixotrop moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashda prekursorlarni nazorat qilishda hamkorlik to‘g‘risidagi Bitim imzolanadi.
2006 yil 10 aprelda Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi raisi Sergey Mironov O‘zbekistonga keldi. Uning tashrifi davomida ikki mamlakat parlamentining yuqori palatalari o‘rtasidagi hamkorlik to‘g‘risida hujjat imzolanganligi diqqatga sazovordir. 2006 yil 6 may kuni O‘zbekiston RespublikasiningBirinchi Prezidenti Islom Karimov Oqsaroyda Rossiya Federatsiyasi hukumati raisining o‘rinbosari Dmitriy Medvedevni qabul qildi. Muzokaralarda hamkorlikni yanada kengaytirish, isloh qilish to‘g‘risida fikr almashiladi. U tashrifi davomida turli muassasalarda bo‘ldi, ularning faoliyati bilan tanishib chiqadi.
2006 yil 12 may kuni Rossiyaning Sochi shahrida Rossiya Federatsiyasi Prezidenti V.V.Putin va O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti I.A.Karimov uchrashdi. Unda ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish, savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish masalalari, xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik muammolar yuzasidan fikr almashiladi. Uchrashuvda «O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomani ratifikatsiya qilish haqida»gi qonunni kuchga kiritish to‘g‘risida fikr almashildi.
Ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishda oliy darajadagi uchrashuvlarning muntazamlik kasb etgani ham muhim omil bo‘lmoqda. 2008 yilning fevral oyida O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov rasmiy tashrif bilan Rossiyaga bordi. Iyun oyida MDHning Sankt-Peterburgda o‘tgan norasmiy sammiti doirasida O‘zbekiston va Rossiya Prezidentlari yana uchrashdilar. Sentyabr oyida esa Rossiya Fedaratsiyasi hukumati raisi Vladimir Putin Toshkentga keldi.
Iqtisodiy hamkorlik borasida O‘zbekiston va Rossiya ishonchli sheriklardir. O‘zbekiston tashqi savdosining beshdan bir qismi Rossiya hissasiga to‘g‘ri keladi. 2008 yil yakunlariga ko‘ra, bu boradagi ko‘rsatkich qariyb 4 milliard AQSH dollarini tashkil qiladi. O‘zbekiston eksportida sanoat mahsulotlarining, xususan, avtomobillarning ulushi (jami eksportning 28.6 foizi) ortib borayotgani diqqatga sazovordir. Bundan tashqari, O‘zbekiston Rossiyaga xizmatlar (26.3 foiz), meva va poliz mahsulotlari (16.3), tabiiy gaz (11.3), to‘qimachilik buyumlari (5.7), kimyo sanoati mahsulotlarini (4.1) eksport qiladi. Rossiyadan esa, asosan, uskunalar, yog‘och, qora va rangli metalllar, tibbiyot, mikrobiologiya va oziq- ovqat mahsulotlari va xizmatlar import qilinadi. Aslida eksport-import operatsiyalarida qayd etiladigan tovarlar va xizmatlar ro‘yxati yanada katta va xilma-xil. Masalan, O‘zbekiston Rossiya to‘qimachilik sanoati korxonalariga paxta tolasi etkazib beruvchi asosiy eksportchi sanaladi. O‘z navbatida, Rossiya O‘zbekiston avtomobillarining eng yirik importchisidir.
O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimov taklifiga binoan Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Dmitriy Medvedev 2009 yil 22 yanvar kuni davlat tashrifi bilan mamlakatimizga keldi. O‘zbekiston va RossiyaОРР РРРРРРррР mamlakatlari BMT, SHHT, MDH kabi xalqaro tashkilot va tuzilmalar doirasida ko‘p tomonlama asosda ham hamkorlikni izchil rivojlantirayotgani qayt etildi. Prezidentlar mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash, xalqaro iqtisodiy inqirozning salbiy ta’sirini kamaytirish borasidagi hamkorlik masalalari yuzasidan fikr almashdilar. SHuningdek, Afg‘onistondagi vaziyat muhokama qilindi.
O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasida sarmoya sohasidagi aloqalar izchil rivojlanib bormoqda. So‘ngi yillarda bu sohada faollik keskin oshdi. Masalan, hozir yurtimizda faoliyat yuritayotgan 786 ta O‘zbekiston – Rossiya qo‘shma korxonasining uchdan bir qismi keyingi ikki yilda tuzilgan. Rossiya tomonidan bu korxonalarning nizom jamg‘armasini shakllantirishga kiritilgan sarmoya xajmi bir milliard AQSH dollorlaridan oshadi. O‘zbekistonda Rossiyaning 127 ta firma va kompaniyasi o‘z vakolatxonasini ochgan. Rossiyada o‘zbekistonlik ishbilarmonlar bilan hamkorlikda tuzilgan 349 ta qo‘shma korxona faoliyat ko‘rsatmoqda.
Markaziy Osiyodagi mustaqil davlatlar o‘rtasida ko‘p tomonlama hamkorlik bilan birga ular o‘rtasida ikki tomonlama aloqalar ham yo‘lga qo‘yildi.
O‘zbekistonning Qozog‘iston bilan ikki tomonlama munosabatlari 1992 yil 24 iyunda Turkiston shahrida O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidentining Qozog‘istonga rasmiy davlat tashrifi paytida N.Nazarboev bilan I.Karimov tomonidan imzolangan O‘zbekiston Respublikasi bilan Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasida do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma asosida mustahkamlanib bormoqda.
Qozog‘iston Prezidenti N.Nazarboev 1994 yil 10-12 yanvarda rasmiy davlat tashrifi bilan O‘zbekistonda bo‘ldi. Ikki Prezident O‘zbekiston bilan Qozog‘iston o‘rtasida tovarlar, hizmatlar, sarmoyalar va ishchi kuchlarning erkin o‘tib turishini nazarda tutuvchi hamda o‘zaro kelishilgan kredit, hisob-kitob, byudjet, soliq, narx, boj va valyuta siyosatini ta’minlash to‘g‘risidagi shartnomani imzoladilar. 1998 yil 31 oktyabrda O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida abadiy do‘stlik shartnomasi imzolangan.
O‘zbekiston va Qozog‘iston Prezidentlarining Toshkentda 2000 yil 20-21 aprel kunlari bo‘lgan uchrashuvida ikki davlat chegaralarini aniq belgilab olishga bag‘ishlangan uchrashuvi bo‘ldi. Muzokaralar yakunida «O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti I.A. Karimov va Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti N.A.Nazarboevning qo‘shma bayonoti» imzolandi. Ikki mamlakat mustaqilligi va chegaralari daxlsizligini ta’minlashga qaratilgan bu hujjat ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash va chuqurlashtirishda muhim ahamiyatga egadir. «Davlat rahbarlari, - deyiladi qo‘shma bayonotda, – O‘zbekiston Respublikasi bilan Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasidagi chegara ikki davlat qardosh xalqlarini birlashtiruvchi tinchlik, do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik chegarasi bo‘lib qolishda yakdildirlar».
2001 yil 16-17 noyabr kunlari O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov rasmiy tashrif bilan Qozog‘istonda bo‘ldi. Ikki davlat Prezidentlari O‘zbekiston – Qozog‘iston davlat chegarasi to‘g‘risidagi SHartnomani imzoladilar. 2440 km uzunlikdagi O‘zbekistonning Qozog‘iston bilan hamkorligi chegaraning 96 % belgilab olindi. Qolgan qismini kelishuv asosida delimitatsiya qilishga kelishildi. 10 oy davomida bu borada tegishli ishlar amalga oshirildi. 2002 yil 9 sentyabrda Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboevning taklifiga binoan Islom Karimov Ostona shahriga tashrif buyurdi. «O‘zbekiston – Qozog‘iston davlat chegaralarining alohida uchastkalari to‘g‘risida bitim» imzolandi. Ikki mamlakat o‘rtasidagi chegaraga oid dolzarb masalalar huquqiy jihatdan o‘z echimini topdi. Ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 2002 yilning birinchi yarmida 124 mln. AQSH dollarini tashkil etdi. 2002 yilda O‘zbekistonda 38 ta o‘zbek – qozoq qo‘shma korxonasi, Qozog‘istonda 92 ta o‘zbek – qozoq qo‘shma korxonasi faoliyat yuritar edi.
O‘zbekistonning Qirg‘iziston bilan ikki tomonlama hamkorligi O‘zbekiston Respublikasi bilan Qirg‘iziston Respublikasi o‘rtasida do‘stlik, hamkorlik va o‘zaro yordam haqida shartnoma asosida yo‘lga qo‘yildi va rivojlantirilmoqda. Bu shartnoma Qirg‘iziston Prezidenti Askar Akaevning O‘zbekistonga rasmiy davlat tashrifi paytida Toshkentda 1992 yil 29 sentyabrda I. Karimov va A. Akaev tomonidan imzolangan edi.
O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimovning 1993 yil avgustida Qirg‘izistonga qilgan rasmiy davlat tashrifi paytida O‘sh shahrida O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida 1994-2000 yillarga mo‘ljallangan iqtisodiy integratsiyani rivojlantirish to‘g‘risida Bayonot imzolandi. Bu hujjat ikkala respublikada ishlab chiqilgan milliy dasturlarni muvofiqlashtirishga, xomashyo va ishchi kuchidan, ilmiy salohiyatdan unumli foydalanishga qaratilgan. Ikki davlat o‘rtasida iqtisodiyot, savdo, madaniyat, sog‘liqni saqlash, fan va ta’lim, sport va turizm bo‘yicha hamkorlikni mustahkamlash haqida bitimlar imzolangan. 1994 yil 16 yanvarda O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti I. Karimov Kirg‘izistonda bo‘ldi. Rasmiy tashrif yakunida ikki davlat Prezidentlari tovarlar, xizmatlar, sarmoya, ishchi kuchlarining erkin yurishini, o‘zaro kelishilgan kredit hisob-kitob, byudjet, soliq, narx, bojxona va valyuta siyosatini belgilovchi shartnomani imzoladilar. O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida 1994 yil uchun savdo-iqtisodiy hamkorlik, madaniyat, sog‘liqni saqlash, fan va ta’lim, sport va turizm bo‘yicha hamkorlikni yanada mustahkamlash haqida bitimlar imzolandi. Bu hujjatlar asosida ikki mamlakat o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlik rivojlanib bormoqda. 2000 yilda O‘zbekistonda 22 ta o‘zbek – qirg‘iz qo‘shma korxonasi, Qirg‘izistonda 62 ta qirg‘iz – o‘zbek qo‘shma korxonasi faoliyat yuritdi.
Tojikistonda 1992-1996 yillarda davom etgan birodarkushlik urushi Tojikistonning iqtisodiy taraqqiyotiga salbiy ta’sir etdi, uning qo‘shni mamlakatlar, jumladan, O‘zbekiston bilan hamkorligiga ham salbiy ta’sir etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimovning taklifiga binoan 1998 yil 4 yanvar kuni Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmonov O‘zbekistonga amaliy tashrif bilan keldi. Ikki mamlakat rahbarlari tashrif yakunlari buyicha qo‘shma axborot imzoladilar. O‘zbekiston va Tojikiston Bosh vazirlari sog‘liqni saqlash, madaniyat va gumanitar soha, fan, texnika va axborot sohalari bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida bitimlarni imzoladilar. Ikki mamlakat hukumatlari o‘rtasida yuk tashish hamda gaz etkazib berish, Tojikistonning qarzi bo‘yicha o‘zaro hisob-kitob to‘g‘risidagi bitimlar ham imzolandi. O‘zbekiston va Tojikiston munosabatlari o‘zining yangi, mustahkamlanish va taraqqiyot davriga o‘tdi.
O‘zbekiston bilan Tojikiston o‘rtasida tovar ayirboshlash hajmi 1997 yilda 50 mln. AQSH dollaridan oshdi, bu avvalgi yilga nisbatan 50 foiz ko‘pdir. O‘zbekiston Tojikiston hududidan o‘tgan transport kommunikatsiyalaridan foydalanmoqda. 2000 yilda O‘zbekistonda 15 ta o‘zbek – tojik qo‘shma korxonasi, Tojikistonda 3 ta o‘zbek – tojik qo‘shma korxonasi faoliyat yuritdi.
1991 yilda O‘zbekiston va Turkmaniston Prezidentlari uchrashuvida O‘zbekiston Respublikasi bilan Turkmaniston Respublikasi o‘rtasida do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risida shartnoma imzolandi. Bu shartnoma ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, madaniy aloqalarga negiz bo‘lib
O‘zbekistonlik yoshlar Kohira universitetida, «Al – Azhor» va «Ayn SHams» universitetlarida, Misrliklar Toshkent texnika va agrar universitetlarida tahsil ko‘rmoqdalar. Toshkentda Misr Respublikasining fan va ta’lim markazi faol ishlab turibdi. 1992 yilda O‘zbekiston Pokiston, Eron va Turkiya tomonidan tuzilgan iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (EKO)ga a’zo bo‘lib kirdi.
O‘zbekistonning yirik mamlakat – Hindiston bilan aloqalari kengayib bormoqda. 1993 yil 23 – 25 may kunlari Hindiston Bosh vaziri Narasimxa Rao davlat tashrifi bilan O‘zbekistonda bo‘ldi. Safar kunlarida «O‘zbekiston Respublikasi bilan Hindiston Respublikasi o‘rtasida davlatlararo munosaboatlar va hamkorlik prinsiplari to‘g‘risida» shartnoma, foyda va mulkka ikki yoqlama soliq solmaslik to‘g‘risida, havo yo‘llari to‘g‘risida va savdo – iqtisodiy hamkorlik to‘g‘risida bitimlar imzolandi.
O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti I.A.Karimovning 1993 yil 17-19 avgust kunlari Hindistonga rasmiy tashrifi chog‘ida ikki mamlakat o‘rtasida iqtisodiy, savdo va ilmiy-texnikaviy hamkorlik to‘g‘risida bitim, madaniyat, sog‘liqni saqlash, fan, texnika, turizm, sport va ommaviy axborot sohasida hamkorlik qilish to‘g‘risida bitim imzolandi. O‘zbekiston bilan Hindiston o‘rtasidagi hamkorlik kengayib bormoqda. 1995 yil 25 avgust kuni Toshkent shahrida Hindistonning «TATA Projekte LTD» firmasi tomonidan qurib bitkazilgan 600 o‘rinli salomatlik zali, majlislar xonasi, servis xizmati, er osti garaji, sauna, barlari, katta restoranlari bo‘lgan zamonaviy mehmonxonaning ochilishi fikrimizning dalilidir.
Ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik munosabatlarini Islom Karimovning 2000 yil 1-3 may kunlari Hindistonga kilgan safari yanada yuqori pog‘onaga ko‘tardi. Safar paytida O‘zbekiston Prezidenti Hindiston Prezidenti va Bosh vaziri bilan muzokaralar olib borib, uning yakunida 10 ga yaqin hujjatlar imzolandi. Ular orasida xalqaro jinoyatchilik, terrorchilik, diniy ekstremizm, narkotik moddalar va qurol-yarog‘ kontrabandasiga qarshi birgalikda kurashga qaratilgan O‘zbekiston bilan Hindiston o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida Qo‘shma bayonot, jinoyat-qidiruv ishlarida huquqiy yordam va ekstraditsiya to‘g‘risidagi shartnoma muhim ahamiyatga ega. SHuningdek iqtisodiy, madaniy, ta’lim, axborot, bojxona sohalarida hamkorlik qilish bo‘yicha hujjatlar imzolandi.
O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasida o‘zaro manfaatli aloqalarga xizmat qiluvchi 40 ga yaqin hujjatlar qabul qilingan. O‘zbekistonda 2000 yilda Hindiston bilan hamkorlikda tashkil etilgan 30 ga yaqin qo‘shma korxona faoliyat ko‘rsatmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi tashqi siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan biri SHarq va Tinch okeani havzasi mamlakatlari bilan aloqalar o‘rnatish va rivojlantirishga qaratilgan. Bu mamlakatlar orasida Xitoy Xalq Respublikasi bilan davlatlararo aloqa o‘rnatish alohida ahamiyatga ega.
O‘zbekiston davlat mustaqilligini qo‘lga kiritgan dastlabki paytlardayoq O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatildi. 1992 yil 2-3 yanvar kunlari XXR tashqi iqtisodiy aloqa va tashqi savdo vaziri Li Lanzin Toshkentda bo‘ldi, shu kunlari ikki mamlakat o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatildi, elchixonalar ochishga qaror qilindi.
1992 yil 12-14 mart kunlari O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti I.Karimovning XXR ga davlat tashrifi ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikka asos soldi. Safar chog‘ida hamkorlikning turli sohalari bo‘yicha 20 ga yaqin hujjatlar imzolandi. Ular orasida ilmiy-texnikaviy hamkorlik to‘g‘risida, qishloq xo‘jaligida hamkorlik to‘g‘risida, sarmoyalarni rag‘batlantirish va o‘zaro himoya qilish to‘g‘risida bitimlar bor edi.
1994 yil 18-20 aprel kunlari XXR davlat Kengashining raisi Li Penning O‘zbekistonga davlat tashrifi paytida O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasida kredit, xalqaro iqtisodiy hamkorlik, havo transporti aloqalarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha hukumatlararo bitimlar imzolandi. Xitoy tomoni O‘zbekistonda tayyorlanayotgan IL-76 TD va IL-114 samolyotlarini xarid qiladigan bo‘ldi. 1994 yil 24-25 oktyabr kunlari O‘zbekiston Prezidenti Xitoyga ikkinchi marta safar qildi va muhim ahamiyatga molik bo‘lgan hujjat - «O‘zbekiston Respublikasi bilan Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasida o‘zaro munosabatlarning asosiy prinsiplari, o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish to‘g‘risida bayonnoma» imzolandi. SHuningdek, ikki davlat o‘rtasida konsullik shartnomasi imzolandi.
Islom Karimovning 1999 yil 8-10 noyabr kunlari XXRga uchinchi marta safari chog‘ida siyosat, iqtisodiyot, madaniyat, telekommunikatsiya sohalarida hujjatlar imzolandi. Ikki tomonlama aloqalar yanada kengaydi. O‘zbekistonda faoliyat ko‘rsatayotgan 78 ta O‘zbekiston – Xitoy qo‘shma korxonasi ikki mamlakat o‘rtasida hamkorlikning rivojlanib borayotganining dalilidir.
Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Xu Szintao davlat tashrifi bilan 2004 yil 14 iyun kuni O‘zbekistonga keldi. Ikki davlat boshliqlari uchrashuvida O‘zbekiston – Xitoy munosabatlariga doir masalalar muhokama qilindi. 2004 yil yanvar-aprel oylarida o‘zaro savdo hajmi 134 mln. AQSH dollariga etganligi, umumiy qiymati 100 mln. AQSH dollariga teng ikki tomonlama loyihalar amalga oshirilayotganligi qayd etildi. Ikki mamlakat to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi, mashinasozlik, kimyo, kommunikatsiya sohalarida hamkorlik aloqalarini o‘rnatgan. Muzokaralar yakunida O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasida sheriklik munosabatlari, do‘stlik va hamkorlikni yanada rivojlantirish va mustahkamlash to‘g‘risida Qo‘shma deklaratsiya imzolandi. Ikki mamlakat hukumatlari o‘rtasida narkotik vositalarining, psixotrop moddalarning noqonuniy aylanishi va suiste’mol etilishiga qarshi kurashda hamkorlik qilishga, texnikaviy- iqtisodiy hamkorlikka oid, Toshkentda Konfutsiy nomidagi institutni tashkil etish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risidagi bitimlar jami 10 ta hujjat imzolandi.
Xitoy rahbari ta’kidlaganidek, o‘zaro ishonch va hurmat, ikki tomonlama manfaatdorlikka tayangan O‘zbekiston – Xitoy munosabatlari xalqlarimiznig umumiy mulkidir.
2001 yilda O‘zbekistonda AQSH bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyihalar soni 70 tadan ortdi. AQSH sarmoyasi ishtirokida respublikamizda barpo etilgan 305 ta qo‘shma korxona sanoat, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik, gaz – kimyo, neft, oltin qazib olish, transport, kommunikatsiya va ta’lim sohalarida samarali faoliyat ko‘rsatmoqda. «Zarafshon – Nyumont», «O‘z – Teksako», «O‘z – keysmash», «O‘z – keystraktor», «O‘z – Eksayd», «BiEy Ay»ning Xo‘jaobod gaz ombori qurilishi, «ABB Lummus Global» bilan hamkorlikdagi SHo‘rton gaz – kimyo majmuasi shular jumlasidandir. O‘zbekistonning AQSH bilan savdo aylanmasi 300 mln. AQSH dollardan oshdi.
2001 yil 11 sentyabr kuni xalqaro terrorchilar AQSHda sodir etgan fojiali voqealar paytida O‘zbekiston birinchilardan bo‘lib AQSH hukumatining Xalqaro terrorizmga qarshi aksilterror kaolitsiya tuzish haqidagi taklifi tarafdori bo‘lib chiqdi. O‘zbekiston AQSH bilan birgalikda xalqaro aksilterror kaoliyasiyada faol qatnashdi. O‘zbekiston bilan AQSH o‘rtasidagi hamkorlik yanada mustahkamlanib, rivojlanib bormoqda. 1991 yildan 2001 yil sentyabrgacha tomonlar orasida davlat ahamiyati darajasida 28 ta tashrif qayd etilgan bo‘lsa, 2001 sentyabrdan 2002 yil apreligacha esa 20 taga yaqin ana shunday tashriflar amalga oshirildi.
2002 yil 11-14 mart kunlari O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov boshliq davlat delegatsiyasi Prezident Jorj Bush taklifiga binoan rasmiy davlat tashrifi bilan AQSHda bo‘ldi. AQSH Prezidenti J.Bush va martabali hukumat vakillari Islom Karimovni Oq uyda obro‘-e’tiborli mehmon sifatida kutib oldi. Tomonlar xalqaro ahvol, Markaziy Osiyodagi jarayonlar, xalqaro terrorizmga qarshi kurash, harbiy va harbiy- texnikaviy, iqtisodiy hamkorlik masalalarda fikr almashdilar. Tashrif yakunida «O‘zbekiston bilan AQSH o‘rtasida o‘zaro sheriklik va hamkorlik asoslari to‘g‘risida deklaratsiya», ilmiy-texnikaviy tadqiqotlar, yadroviy materiallar va texnologiyalar tarqalishining oldini olishda hamkorlik, moliya, qishloq xo‘jaligiga oid qator hujjatlar imzolandi.
AQSH ni sinovli damlarda qo‘llab-quvvatlagani uchun Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov Amerika jamoatchiligi tomonidan «Xalqaro miqyosdagi buyuk davlat arbobi» mukofoti bilan taqdirlandi. Bu mukofot Amerika xalqining O‘zbekiston xalqiga hurmat-e’tiborining timsolidir. SHunday qilib, O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlik tobora o‘sib bordi va mustahkamlandi. Bugungi kunda O‘zbekiston va AQSH strategik hamkor va sherik mamlakatlardir.
O‘zbekiston Respublikasining jahon hamjamiyatiga integratsiya- lashuvida Evropa Ittifoqi mamlakatlari bilan o‘zaro manfaatli aloqalarni yo‘lga qo‘yish va tobora chuqurlashtirish alohida o‘rin tutadi. 1996 yil 21 iyunda Florensiya shahrida imzolangan O‘zbekiston bilan Evropa Ittifoqi o‘rtasidagi «SHeriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim», uning 1999 yil 1 iyulda kuchga kirishi mamlakatimizning Evropa Ittifoqi mamlakatlari bilan o‘zaro munosabatlarining huquqiy negiziga aylandi.
O‘zbekistonning Evropa Ittifoqi mamlakatlari bilan siyosiy, iqtisodiy, ilmiy-texnik va madaniy-gumanitar aloqalari yildan-yilga rivojlanib, chuqurlashib bormoqda. Respublikamizda Evropa Ittifoqiga a’zo mamlakatlarning145firma va kompaniyasi vakolatxonalari akkreditatsiya qilindi. Evropalik sarmoyadorlar ishtirokida tashkil etilgan 491 ta korxona ishlayapti, ulardan 111 tasi yuz foizlik Evropa kapitaliga ega. 1995-2002 yillarda Evropa Ittifoqi mamlakatlarining firma va kompaniyalari respublikamizda umumiy qiymati qariyb 8 mlrd. AQSH dollarlik yirik sarmoyaviy loyihalarni amalga oshirishda qatnashdi. 2002 yilda O‘zbekistonning Evropa Ittifoqi mamlakatlari bilan mahsulot ayirboshlash hajmi 1 mlrd. 65,8 mln. AQSH dollarini, 2003 yil yanvar-oktyabr oylari yakunlari bo‘yicha esa 910,6 mln. AQSH dollarini tashkil etdi.
O‘zbekistonning Evropa Ittifoqining a’zosi, ulkan iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy salohiyatga ega bo‘lgan Germaniya bilan o‘zaro manfaatlialoqalari kengayib bormoqda. O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti I.Karimovning Germaniyaga 1993 yil 28 aprel kuni boshlangan va besh kun davom etgan rasmiy tashrifi O‘zbekiston bilan Germaniya o‘rtasida munosabatlarni yo‘lga qo‘yishda muhim ahamiyatga egadir. I.A.Karimov GFR Federal prezidenti Rixard fon Vayzenker va Federal kansler Gelmut Kol bilan samimiy, o‘zaro tenglik asosida, ishonch va qatiyat bilan suhbatlashdi. Ikki davlat o‘rtasida madaniy hamkorlik to‘g‘risida, sarmoyalar qo‘yishni amalga oshirish va o‘zaro himoya qilishga ko‘maklashish to‘g‘risida, ilmiy tadqiqotlar va mutaxassislar fondini tashkil etishto‘g‘risida O‘zbekistonning Evropa mamlakatlari bilan hamkorligi bitimlar imzolandi. «Doyche bank», «Mersedes-Bens» va «Simens» kompaniyalarining rahbarlari bilan uchrashuvlar bo‘ldi, ular bilan hamkorlik qilish haqida kelishib olindi. Safar natijalariga ko‘ra O‘zbek – Germaniya hamkorligi masalalari bo‘yicha hukumatlararo komissiya tuzildi. Toshkentda ikki – tomonlama savdo-iqtisodiy palata tashkil etildi, GFRning elchixonasi ochildi.
Germaniyaning «Geydelber» firmasi O‘zbekistonda nashriyot – matbaa sohasida hamkorlik qilayotgan yirik kompaniyadir. «Geydelber» firmasi asbob-uskunalari bilan YAngiyo‘l kitob fabrikasi, Toshkent va Nukus poligrafiya kombinatlari, Samarqanddagi «Tong» nashriyoti qayta jihozlandi. O‘zbekistondagi «Rastr» va «Groteks» nashriyotlari «Geydelber» firmasi texnologiyasi asosida ishlamoqda. Natijada maktablar uchun darslik, o‘quv qo‘llanmalari va boshqa turdagi nashriyot mahsulotlari ishlab chiqarish ancha yaxshilandi. 2001 yilda O‘zbekiston – Germaniya – Rossiya hamkorligidagi «Namangan qog‘oz» qo‘shma korxonasi qurilib ishga tushirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimovning 2001 yil 2-5 aprel kunlari Germaniya Federativ Respublikasiga, Germaniya Federal kansleri Gerxard SHrederning 2002 yil 9-10 may kunlari O‘zbekistonga qilgan rasmiy safarlari O‘zbekiston – Germaniya o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tardi.
Ikki mamlakat tadbirkorlari va rasmiy doirlari o‘rtasida aloqalar kengayib bormoqda. 1997 yilda O‘zbekistonda 55 ta Germaniya kompaniyasining vakolatxonalari faoliyat yuritgan bo‘lsa, 2001 yilda bu ko‘rsatkich 80 taga etdi. Ularning eng yiriklari «Xobas TAPO», «Xiva Karpet» va boshqalardir. 2003 yilda Germaniyalik sarmoyadorlar ishtirokida engil sanoat, oziq – ovqat sanoati, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, farmatsevtika sanoati, transport va boshqa sohalarda tashkil etilgan 138 ta korxona faoliyat ko‘rsatdi, ulardan 40 tasi yuz foizlik Germaniya kapitaliga ega. O‘zbekistonga kiritlayotgan Germaniya sarmoyalari hajmi 2001 yildayoq 1 mlrd. AQSH dollaridan oshdi. Ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo aylanmasi 2001 yilda 283,3 mln. AQSH dollarini tashkil etdi. Germaniya Federativ Respublikasi O‘zbekistonning Evropadagi eng yirik iqtisodiy hamkoridir.
O‘zbekiston tashqi siyosatida iqtisodiy omillar hal qiluvchi rol o‘ynaydi. Xorijiy mamlakatlardan respublikaga ilg‘or texnologiyalar, sarmoyalar kirib kelishi, ko‘plab qo‘shma korxonalarning qurilishi oqilona tashqi siyosatning natijasidir.
2003 yilda respublikamizda xorijiy sarmoya ishtirokida barpo etilgan 2087 ta qo‘shma korxona jahondagi 80 mamlakatdan kelgan sheriklari bilan birgalikda faoliyat ko‘rsatdi. Ular 386,7 mlrd. so‘m hajmida iste’mol mollari, eksport uchun sifatli tovarlar ishlab chiqardi, aholiga xizmat ko‘rsatdi. Jahondagi 80 dan ortik xorijiy bank bilan o‘zaro munosabatlar o‘rnatilgan.
Mustaqillik yillarida O‘zbekistonga kiritilgan chet el investitsiyalari 14 mlrd. AQSH dollaridan oshdi. Bir yilda taxminan 1 mlrd. AQSH dollari o‘zlashtirilmoqda. O‘zbekiston jahondagi 140 mamlakat bilan savdo-sotiq qilmoqda. Ilg‘or mamlakatlar kadrlar tayyorlashda, bank sohasida va boshqaruvda, axborot tarmoqlarini yo‘lga qo‘yishda, etakchi birjalar bilan aloqalar o‘rnatishda, qonunchilik tajribasini o‘rganishda respublikamizga ko‘maklashmoqdalar.
Xulosa qilib aytganda, O‘zbekistonda tarixiy jihatdan qisqa bir davrda xalqaro munosabatlarni yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish bobida asrlarga arziydigan ishlar amalga oshirildi. O‘zbekiston o‘zining tinchliksevar, yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro foydali hamkorlikka qaratilgan siyosati va faoliyati bilan butun dunyoga tanildi, jahon hamjamiyatida o‘zining munosib o‘rnini egalladi, uning mavqei yildan-yilga mustahkamlanib bormoqda.
Yüklə 127,82 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©www.azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin